Kategorier
Лотин алифбосида Фольклоршунос олимлар

Otlar ham yig’laydimi?

To’ra Mirzaev,folklorshunos olim

O’zbek adabiyoti taraqqiyotiga munosib hissa qo’shgan, uning rivojida beistisno katta iz qoldirgan iste’dodli yozuvchi Tog’ay Murod mening xotiramda hamisha o’qibo’rganishga chanqoq yosh ijodkor, hayotning ko’plar e’tibor bermaydigan ichki tomonlarini bilishga, kuzatishga doimiy ravishda harakat qilayotgan navqiron adib, shu orqali adabiyotda o’z so’zini aytishga jiddiy kirishgan, o’z yo’li, o’z uslubini tinmay shakllantirayotgan izlanuvchan nosir sifatida qolgan. Chunki mening quyidagi yodnomalarim uning yoshlik davrlari bilan, yozuvchi sifatida shakllanayotgan va shakllangan, adabiyotda qat’iy o’z o’rni va uslubini belgilay olgan yillari bilan bog’liq.

Gap shundaki, u o’tgan asrning 70-yillarida O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining folklor bo’limiga tez-tez kelib turar, hatto aytish mumkinki, bo’limning o’z xodimiga aylanib qolgan edi. O’sha yillari institut hozirgi Yahyo G’ulomov ko’chasidagi 70-binoning birinchi qavatida joylashgan bo’lib, folklor bo’limida tajribali folklorshunoslar bilan birga Asqar Musoqulov, Ibrohim Haqqulov, Rahim Otaev,Soriya Azizova kabi yosh adibning tengdoshlari ham ishlar edi. Bu holat ehtimol uning folklor bilan ko’proq bog’lanib qolishiga sabab bo’lgandir. Yanglishmasam, Tog’ay Murod birinchi marta bo’limga atoqli xalq san’atkori Po’lkan shoir haqida qo’shimcha materiallar istab keldi. Bu paytda uning bir necha hikoyalari matbuotda bosilib chiqqan, ancha tanilib qolgan boshlovchi yozuvchi edi. Tanishganimizdan keyin muddaosini bayon etdi.

Suhbatimiz davomida unga Po’lkan shoirning o’g’li Umarqul hali hayotligini, u ham otasi
izidan borib, zamonaviy mavzularda ancha termalar, hatto bir doston ijod qilganligini, shu kunlarda o’z termalaridan bir to’plam tayyorlayotganini, nevarasi Amirqul ham yaxshigina shoir bo’lib yetishib, bobosi haqida tadqiqotlar olib borayotganini aytdim. U yillarda hali Po’lkan shoir ijodi va dostonlari nihoyatda kam o’rganilgan,folklorshunoslikda ustozlarimiz, marhum folklorshunoslar Hodi Zarifning 1928 yilda e’lon qilingan bir maqolasi, Mansur Afzalning 1955 yilda bosilib chiqqan «Po’lkan shoir» risolasi mavjud edi, xolos.

Tog’ay Murod Folklor arxivida mavjud materiallarni astoydil o’rgandi. Amirqul bilan uchrashib, bobosi va otasi haqida qo’shimcha ma’lumotlar ham oldi. Oqibatda Po’lkan shoir va uning avlodlari haqida ajoyib bir radioocherk yaratdi va u Respublika radiosi orqali eshittirildi.

Keyingi suhbatlarimiz xalq qo’shiqlari, ayniqsa, marosim folklori va mehnat qo’shiqlari haqida bo’ldi. Bu haqda atoqli olima Muzayyana Alaviya bilan ham bir necha bor suhbatlashgani yodimda. Ma’lumki, institutning Folklor arxivida xalq ijodkorlaridan yozib olingan asarlar 1926 yildan beri jamlanib kelinadi. Materiallar to’plovchilarning yozib olganliklariga qarab,kollektsiyalar holida (doston va ertaklar bundan mustasno) alohida-alohida saqlanadi. Shuning uchun ham qo’shiq, topishmoq, maqol kabi janrlarga oid namunalar yozib olingan vaqti va yozib oluvchilarning daftarlariga joylashtirganiga qarab, bir necha kollektsiyalar va saqlov birliklarida sochilib ketgan. Bu hol undan foydalanuvchidan qo’shimcha mehnat qilishni, izlayotgan ayni folklor namunasini topish uchun bir emas, bir necha kollektsiyalarni ko’rib chiqishni talab qiladi. Chunki bir qo’shiq varianti faqat qo’shiqlardan tashkil topgan saqlov birliklarida saqlanishi bilan birga ular topishmoq, maqol, latifa, hatto dostonlar bilan aralash yozib olingan daftarlarda ham
mavjuddir. Bu yillarda folklorshunoslikda atoqli folklorshunoslar Elbek tayyorlagan «Ashulalar» (1933, 1934, 1935), Muzayyana Alaviya nashrga hozirlagan «Yangi qo’shiqlar» (1955), «O’zbek xalq qo’shiqlari» (1959), «Oq olma, qizil olma» (1972),Men qaytib kelaman (Tog’ay Murod zamondoshlari xotirasida) Hoshimjon Razzoqov tuzgan «Gulyor» (1967) kabi qo’shiq to’plamlari chop etilgan bo’lib, ulardan Tog’ay Murod izlayotgan mehnat qo’shiqlari va marosim folklori namunalari juda kam o’rin olgan edi. Shu sababli ham arxivda saqlanayotgan namunalarni jiddiy ravishda ko’rib chiqish zarur edi. Tog’ay Murod bu ishga bir folklorshunos yanglig’ kirishib ketdi.
Bu orada qashqadaryolik folklorshunos K.Ochilov Surxondaryo va Qashqadaryodan to’plangan folklor namunalari asosida yozilgan mehnat qo’shiqlari haqidagi nomzodlik dissertatsiyasi hamda mehnat qo’shiqlaridan maxsus tuzilgan to’plam qo’lyozmasini muhokama uchun folklor bo’limiga olib keldi. Bu materiallar bilan tanishib chiqqach, Tog’ay Murodga K.Ochilov to’plami qo’lyozmasining bir nusxasini berdim. Chunki ushbu to’plamdan Tog’ay Murod izlayotgan barcha materiallar joy olgan edi. Odatda hali nashr etilmagan to’plam qo’lyozmasi ikkinchi bir kishiga kamdan-kam holatlarda beriladi. Men esa, Tog’ay Murodning halolligiga, qandaydir yangi ijodiy izlanishlarga turtki bera oladigan hayotiy materiallar izlayotganligiga qat’iy ishonganimdan keyin shunday qildim.

Shu-shu, Tog’ay Murod biror yillar ko’rinmay qoldi va adabiyotda uning «Yulduzlar
mangu yonadi» qissasi paydo bo’ldi. K.Ochilovning to’plami esa, ancha keyin, 1984 yilda
professor O.Safarov tuzgan bolalar folklori namunalari bilan birgalikda «Boychechak»
nomida nashr etildi.

«Yulduzlar mangu yonadi» qissasi adabiyotshunoslikda ijobiy baholandi. Bu holat yosh yozuvchini yangi-yangi ijodiy marralarga yo’llagani shubhasiz. Yangi asarlariga materiallar to’plash maqsadida u bo’limga yana kelib qoldi. Bu gal uni folklorda otning tasvirlanishi masalalari qiziqtirayotgan edi. Yozuvchi atoqli folklorshunos Hodi Zarifning (1905-1972) «O’zbek xalq dostonlarida jangovar ot obrazi», «Ot asboblari» tadqiqotlari bilan tanishib chiqdi. Unga jangovar ot tarbiyasi, uning turli holatlari tasvirlangan «Alpomish»,«Go’ro’g’lining tug’ilishi va bolaligi», «Xushkeldi» kabi dostonlarni sinchiklab o’qishni maslahat berdik. Suhbatlarimiz davomida kutilmaganda: «Otlar ham yig’laydimi?» — deb so’rab qoldi.

Biz unga xalq orasida ot bilan bog’liq turli-tuman tasavvur va afsonalar ko’pligini, hatto ot egasi vafot etganda, otni egar-abzallab,egasining etigini egar qoshiga ilib, ayollarning otni o’rtaga olib yig’i berish odatlari mavjudligini, folklor asarlaridagi shunday holatlarda otning yig’laganligi tasvirlarini so’zlab berdik. Shundan keyin yozuvchining «Ot kishnagan oqshom» qissasi paydo
bo’ldi.Yuqoridagi xotiralarni keltirish bilan biz yozuvchi faqat folklor asarlari asosida qissa
va romanlar yaratgan ekan-da, degan fikrni ilgari surmoqchi emasmiz, balki yozuvchining har bir asarni yaratishga jiddiy tayyorgarlik ko’rganligini, o’zining tasvir ob’ektiga har tomonlama yondashganligini, folklor uning uslubiy izlanishlarida ko’pdanko’p badiiy omillardan biri bo’lib qolganligini alohida ta’kidlamoqchimiz. Chindan ham u o’zbek adabiyotida xalq dostonlari nasriga yaqin o’ziga xos tasvir yo’sinini yaratdi. Birikki misollar keltiraylik:

«Birodarlar, Momosuluv tushimda cho’lpon edi, hushimda oy edi, qo’ynimda oftob bo’ldi».
Yoki:
«Birodarlar, necha-necha qorabayirlar ketiga qarab-qarab ketdi.
Necha-necha jayronlar kishnab-kishnab ketdi.
Necha-necha samanlar go’sht bo’lib ketdi.
Qishloqda otlar kishnamay qoldi.
Saharlarda ko’chalarda ot tuyoqlari tikillamay qoldi.
Oqshomlari otlar tarsillatib yer tepinmay qoldi.
Adirlarda otlar dupur-dupur chopmay qoldi…

Chavandozlar emchakdoshi urushdan qaytmagan bo’zbola misol mung’ayib qoldi».

Men qaytib kelaman (Tog’ay Murod zamondoshlari xotirasida)
Bu tasvirlar qanchalik xalq dostonlari nasriga yaqin bo’lsa, shunchalik original, o’ziga xosdir. Adabiyotda Tog’ay Murod yaratgan tasviriy-uslubiy yo’ldir…

Ziyouz.com