Muhammadali QO‘SHMOQOV
filologiya fanlari nomzodi
Sirdaryoda ijodiy safarda edik, hamrohlarimizdan biri – yozuvchi Abduqayum Yo‘ldosh: “Go‘ro‘g‘lining o‘limi” degan qo‘lyozma dostonni o‘qib qoldim. Muallif o‘ttiz yillar avval yozgan, lekin turli sabablarga ko‘ra nashr ettirmagan ekan. Xalq dostonlarini yaxshi ko‘rib o‘qiyman. O‘zim Yo‘ldosh baxshining nevarasiman… Doston menga ma’qul bo‘ldi,” – deb qoldi. Shu mavzuga qo‘l urganim bor. “Qani, men ham o‘qib ko‘ray”, – dedim.
Taniqli shoir va publitsist Islom Hamroning “Go‘ro‘g‘lining o‘limi” asaridan uqish mumkinki, muallif xalq badiiy xazinasidagi asrlar davomida sayqallanib, barqaror shaklga kirgan, dostondan dostonga ko‘chib, fayz bag‘ishlovchi birikmalar, misralar, bandlardan unumli foydalanadi, fe’l qofiyalarni bosim qo‘llaydi, nasr va nazmni bir-biriga ulab boraveradi. Bir qaraganda, uning dostoni xalq dostonlarining soyasida qolganday… Lekin… Mayli, bu haqda keyin to‘xtalarmiz.
Avval taassurotlarimiz, kuzatishlarimizning ayrimlarini bayon qilaylik.
Muallif asar davomida Go‘ro‘g‘liga xos ulug‘vorlikni barqaror saqlashga intiladi. Har qanday raqibni bu vallamatning salobati bosadi. Go‘ro‘g‘lining ko‘ziga ko‘zi tushgan Rayhon arab qo‘rqadi. Darhaqiqat:
Xonning ko‘zi tushsa agar ko‘ziga,
Qo‘rqqanidan ko‘p dushmanlar o‘ladi.
Go‘ro‘g‘li xalq tasavvurida hamisha elning, ozodlik qal’asi – Chambilning timsoli bo‘lib kelgan.
Chambil she’rlariga xos insonparvarlik, vatanparvarlik, g‘urur ularning qilgan ishidan, o‘ylagan o‘yidan, aytgan so‘zidan nurday taralib turadi. Bu dostonda Avazxon, Hasanxon, Xoldorxon, Bek Qora ko‘rsatgan mardliklar ko‘ngilni to‘lqinlantiradi. Ularning shijoati bir on bo‘lsin susaymaydi. Hayoti qil ustida turgan Hasanxon Rayhon arabdan tap tortmay shunday deydi:
Qul bo‘lgandan avlo bildim o‘limni.
Yunus pari, Xoljuvon Chambil, uning bahodirlari g‘alabasini ta’minlash yo‘lida aqlu zakovat bilan ko‘rgan tadbirlar tahsinga loyiqdir.
Dostonda G‘irko‘k alohida e’tibor bilan tasvirlanadi:
Go‘ro‘g‘li o‘z qo‘li bilan egarlar ekan, uni erkalab aytgan so‘zlarida bu jangovar tulporning xislatlari, qadr-qimmati yaqqol anglashiladi:
Ham otamsan, ham enamsan, yorimsan,
Savashli kun o‘zing birodarimsan.
Ko‘zim ochsam, sen o‘zing ko‘rarimsan,
Yoshligimdan yo‘ldosh bo‘lgan G‘irko‘kim.
Doston voqealari davomida G‘irko‘k fazilatlari amalda namoyon bo‘la boradi. Hasanxon G‘irotni minib, jangga kiradi. Shunda raqibi unga nomardlarcha hujum qiladi:
Yangi kelgan Hasanni
Zangi aytmay uradi.
Nazarkarda shu G‘irko‘k
Tirp etmayin yotadi.
Tajang bergan zarbasi
Hech ziyonsiz o‘tadi.
Shunday qilib, G‘irko‘k Hasanxonning jonini saqlab qoladi.
Bu tulpor raqiblarga qarshi kurashda Hasanxonning ishonchli hamkori bo‘ladi, dushmanlarning dodini beradi:
Ostida G‘irko‘k oti,
Buyam tishlab otadi.
Buning otgan odami
Osmonda yo‘q bo‘lib ketadi.
U odamdan ham ziyrak, hushyor va chaqqon. Yov Hasanxon va Xoldorxonni kamon tashlab ushlaydi, lekin G‘irko‘k tepib, tishlab qutulib ketadi, Chambilga borib, Avazni yordamga chaqirib keladi. Bu esa mislsiz xizmat edi.
Avaz bilan Bek Qora jangdan horib chiqib, qattiq uyquga ketadi. Shunda yovlar ularni bandi qilib olishga intiladi, lekin G‘irko‘k Chambil botirlarini qo‘riqlaydi, g‘animlarga hamla qiladi:
Polvon zangi, ko‘ring, dod-voy etadi,
Siltaydi G‘irko‘k ot – ko‘kka otadi,
Shu siltovman zangi borib, yoronlar,
U dunyoda sheriklarin kutadi.
Dushman uxlab yotgan Avazni otib o‘ldirish uchun mo‘ljalga oladi, G‘irko‘k esa o‘qdan tez harakat qiladi:
Endi G‘irot bor ovozman kishnaydi,
Yomon qursin – yuraklarim pishnaydi.
O‘n sakkiz ming olam eshitdi ovozin,
Qabatida Bol Avaz eshitmaydi.
Qo‘rqoq g‘anim tosh ustiga yotadi,
Ko‘ksin ko‘zlab Bol Avazni otadi.
Ko‘ring endi nazarkarda G‘irotni,
Avazxonni tishlab bir yon otadi.
Alp uyqusida yotgan Avazxonni G‘irko‘k shunday avaylab-asraydi va uning uyg‘onishiga, eson-omon maydonga qaytishiga ko‘maklashadi.
Folklor qonuniyatiga ko‘ra, Go‘ro‘g‘li va Rayhon arab – epik olamning ikki qutbi; “ko‘zlari olovday yongan” Go‘ro‘g‘li ko‘klam (yoz), “echki tuyoq”, “jun bosgan” Rayhon esa qish timsoli (ismiga qo‘shilgan “arab” so‘zi uning millatini bildirmaydi). Binobarin, bu ikki alp podsho – bir-biriga munosib raqib va bir-birini taqozo etuvchi azaliy, abadiy hayotiy kuch-qudratning estetik sathdagi mujassami. Ular orasidagi kurash esa hayot va taqdir taqozosidir, zero, bu jarayonga boshqa hech kim aralasha olmaydi. Buni shoir ko‘ngil sezgisi bilan to‘g‘ri ilg‘aydi, Avazxon ta’qibidan qochayotgan Rayhon arab oxir-oqibat qutulib ketishi epik haqiqatga muvofiq kelishini hisobga oladi. Shu asosga ko‘ra, xalq dostonlarimizda puxta va qalblarni larzaga soladigan darajada yuksak mahorat bilan jonlantirilgan voqealar – G‘irko‘kning poygalarda o‘zidan ulug‘, qarindoshlik rishtalari bilan bog‘langan tulporlarni hurmat qilib, ulardan ilgari o‘tmasligi, juda noiloj qolganda esa, ruxsat so‘rab o‘tinishi motividan foydalanadi.
Qancha shiddat bersa, oti o‘tmaydi,
Bu ahvolga Avaz hayron bo‘ladi…
G‘irotning ko‘zida yoshni ko‘radi.
Nazarkarda ot barini biladi,
Rayhonning otiga bola bo‘ladi.
Otasini quvib o‘tmas esli ot,
Shu sababdan G‘irot ortda qoladi.
Bol Avaz ham uning holin biladi,
Rayhon yaratganga takya qiladi.
Ostidagi tulpor hurmati Rayhon
Tajan daryosidan o‘tib oladi.
Xalq dostonlarimizga xos bu go‘zal motiv muallifimiz o‘z ma’naviy maqsadini dramatik yo‘sinda, G‘irko‘kning ham, Avazxonning ham yuksak ezgu maqomini ta’kidlab, shu bilan birga, Rayhon arab va uning tulpori sharafini saqlagan holda badiiy ro‘yobga chiqarishi uchun zamin yaratgan.
Shoir Go‘ro‘g‘lining qirq yigitiga bag‘ishlangan termani o‘ziga xos tarzda qayta yaratadi. Qirq yigitning: Xoldorxon, Beksara, Shodmonbek, Asadbek, Ahmadbek, Qandahor, To‘lak, To‘raqul, Jortiboy, Berdiyor, Asqarjon, Farhodbek, Jo‘raqul, Xoliyor, Soqi, Yunusshoh, Qorabotir, Olangir, Solangir, Jahongir, Mustafo, Bekto‘ra, Muhammad, Temirxon, Qoplonbek, Axtarbek, Nodirbiy, Saribiy, Yodgorbek, Qalmiqbek, To‘qlibek, Doniyor, Sherali, Jonibek, Bolibek, To‘lagan, Samandar, Farmonbek, Kamolbek, Ziyodbeklarning har biriga alohida ta’rif beradi.
“Go‘ro‘g‘li” dostonlarida qirq yigitning har biri to‘g‘risida esdan chiqmaydigan tasvirlar uchraydi. Jumladan, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li “Xoldorxon” dostonida Beksara haqida shunday ma’lumot-izoh beradi:
“Yusuf, Ahmad Misrni olgani borayotganda, Go‘zalshohning ustiga borib qoladi, Go‘zal qochadi. Uch sarkarda navbatma-navbat boradi. Oxirida Chaqqonbek Safobek o‘g‘li, yoshi yuz yigirmaga kirgan, avvalgi ikki sarkardadan bandini, o‘ljani ko‘p oladi. Shunda Taka-Yovmit beklari qoyil bo‘lib: – Bobo, siz hunarni kimdan o‘rgandingiz, – deganda, Chaqqonbek Safobek o‘g‘li aytadi: –
Go‘ro‘g‘libekdan, Bol Avazxondan, Hasanxondan, Xoldorxondan o‘rgandim, – deb Go‘ro‘g‘lining qirq yigitining barchasining ismini aytadi. Bir bayti shul:
Chordarada Asqar tog‘ni joylagan,
G‘azo kuni ot-anjomni shaylagan,
To‘qqiz manzil dushman yo‘lin boylagan,
Chaman o‘g‘li Beksaradan o‘rgandim.
Beksara shul yigit, Go‘ro‘g‘libek qirq yigitining biri”.
Go‘ro‘g‘lining o‘limi haqidagi xalq dostonlari – shahidnomalar folklorshunoslarimiz tomonidan bir necha baxshilardan yozib olingan. Bu variantlarning har biri o‘ziga xosliklarga ega. Zero, Rahmatulla shoir Yusuf o‘g‘li aytganidek, muayyan dostonning “bir-ikki xilda kuylanishi” folklor estetikasining tug‘ma xususiyatidir. Shu barhayot siymo aytgan va o‘z qo‘li bilan yozib topshirgan “Go‘ro‘g‘lining o‘limi” (Go‘ro‘gli: O‘zbek xalq dostonlari/ Aytuvchi Rahmatulla shoir Yusuf o‘gli; Nashrga tayyorlovchilar: T. Mirzayev va Z.Husainova. – Sharq, 2006. – 448 b.) an’anaviy dostonini eslaylik:
Go‘ro‘g‘li adolatli sulton, faqirga yo‘ldosh, musofirga do‘st-yor bo‘ladi. “Boshqa yurtlarda ezilgan g‘arib-bechoralar ham Chambilga kelib, bilmagan narsasini bitirib, davo bo‘lmagan hojatni ravo qilib ketar edi”. Parrandayu darrandalar, qo‘yingki, barcha jonivorlar arzini Go‘ro‘g‘liga aytar va, albatta, uning “adolatidan mamnun bo‘lib qaytar edi”.
Urganch mamlakatida bir kambag‘al yigit sevgan qizini olib qochadi. Qiz tomonning ham, o‘z qarindoshlarining ham ta’nayu malomatlaridan qutulish uchun to‘y qilib, ustma-ust katta ziyofatlar berib, o‘rtadagi gina-kuduratni ko‘tarish kerak. Bu ishni esa mol-dunyosiz qilib bo‘lmaydi. Noiloj qolgan yigit suyuklisini yetaklab, Go‘ro‘g‘lining yurtiga ketadi. “Bola-chaqali bo‘lib: ”Endi og‘aynilar ham indamas”, – deyishib Urganchga qaytdilar. Bu ikki bechora avval yigitning ovuliga kelib, bir-ikki kun turib, undan keyin qizning ovuliga bormoqchi, to‘rtta farzandni yuzlik qilib, ikki yoqning ham ta’nasidan qutulib, yorug‘likka chiqmoqchi bo‘lgan edilar. Ammo aytganlari bo‘lmadi. Birinchi kuniyoq qizga zahar berishdilar. Shuytib, kutmaganda yigitning ma’shuqasi halok bo‘ldi. Og‘aynilari jo‘rttaga yigitga ta’ziya bildirib, qizni joyiga qo‘ydilar. Yigitga qattiq musibat tushib, bolalarini olib, sut emadiganlarini ko‘tarib, qolganlarini iyartib, tag‘i turkmanga qaytib ketdi”. Ota-bolalarga ovchi suratida o‘z yurti chegaralarini kuzatib yurgan Go‘ro‘g‘li duch kelib, jonlariga oro kirib, ko‘ngillarini ko‘tarib, ro‘shnolik sari yetakladi:
Ildayga qadam qo‘y, aqling ol yig‘ib,
Har na bo‘lsa, o‘tgan gapni eslama.
Orqaga qayirma umid shoxini,
Har na bo‘lsa, o‘tganingni eslama.
Go‘ro‘g‘li o‘zi bosh bo‘lib yigitni uylantirdi. Lekin go‘daklarga ona suti zarur edi. Ikki go‘dakning o‘lmay qolishini istab, Go‘ro‘g‘li doya chaqiradi:
Xohi odam bo‘lsang, xohi parizod,
Oldimga yetishgin hozir misli bod.
Ko‘nglim bo‘lsin bunday tashvishdan ozod,
Emdirishga suti boring kelgin-a.
Ayni da’vatni eshitib, bir kiyik yetib keladi. U Go‘ro‘g‘lining huzurida bu go‘daklarni ham o‘z qo‘zilari qatorida emizib katta qilishni bo‘yniga oladi.
“Shunday qilib, Go‘ro‘g‘li sulton ham kiyikning bu ishidan ko‘ngli to‘lib, mehmonxonaga qaytib ketdi. Borsa, mehmonxonasida Xizr bobosi o‘tiribdi. Shunda Xizr bobosi: “Endi shashting nihoyasiga yetdi. Bo‘lmasa odamning chorlaganiga kiyik keladimi? Nima desa, og‘zidan chiqmay bo‘ladimi? Bularning bari sening shashting nihoyasiga yetganining belgisi – bilsang. Kosa ham to‘lsa to‘kiladi. Mesh shishsa yirtiladi. Hovlining qirq yil obodligi bo‘lsa, qirq yil vayronligi degan. Shuytib, endi sen ham dunyoga ustun bo‘lmaysan. Avvalda ot tilab, zot tilamagan eding. Agar zot tilaganingda, bola-chaqang bo‘lib, Chambil buzilmas edi. Endi o‘zing bo‘lsang, ko‘hnargan lattaday fido bo‘lib, balki ado bo‘lib kelayapsan”, – deb Go‘ro‘g‘li sultonni biroz xafa qilib chiqib ketdi”.
Agar “Go‘ro‘g‘li” turkum dostonlarini bir boqiy ashulaga qiyoslasak, bu tasvir undagi baland avjlardan – o‘n sakkiz ming olamni o‘zida birlashtirib yangraydigan baland avjlardan, har biri o‘n sakkiz ming olamdan ham keng ko‘ngillarni sel qiladigan, balqitadigan nolalardan. Bir vaqtning o‘zida Xizrni ham, Go‘ro‘g‘lini ham yaqqol namoyon qiladigan oynai jahonnoma – bu.
Xizrning aytganlari bo‘ladi. Tafsilotlarini qoldirib, lo‘ndasini so‘zlasak, Go‘ro‘g‘li Xunxorshoh askarlari qo‘lida o‘ladi. G‘irko‘k egasining jasadiga boshini qo‘yib jon beradi. Dushmanlari ko‘pligini hisobga olib, Go‘ro‘g‘li sulton bilan G‘irko‘kni Badbaxt tog‘ining ustida, “tog‘ning kamaridagi bir do‘lananing tagiga maxfiy dafn qiladilar. Aslida bu do‘lana Go‘ro‘g‘li sulton o‘n to‘qqiz yoshida kelib, G‘irko‘kni izlab topib, olib ketgan do‘lana edi”.
Rahmatulla shoir dostonni shunday yakunlaydi:
“Men eshitganman, Urganchga to‘rt kunlik yo‘lda Chambil vayronasi bor, deb… G‘irko‘kning oxiri shuncha balandki, hozirgi odamlar ot ustidan turib qamchisini uzatsa, zo‘rg‘a oxirning labiga yetadi. Ammo ikkita kaptar doim vayrona devorga qo‘nib o‘ltirgan bo‘ladi. Sayohatchilar kechasi shu vayronada yotsa, o‘zidan o‘zi oldiga bir tovoq taom bilan odamiga yarasha musallas hozir bo‘ladi… Asli kaptarlar Og‘a Yunus bilan Misqol parilar bo‘ladi. Ular shuytib har doim Go‘ro‘g‘li sultonga ixlosmand odamlardan xabardor bo‘lib yuradi. Og‘a Yunus pari bilan Misqol parilar mening bu kitobni yozganimni ham biladi. Gap – fayz qo‘nishda”.
Barhayot baxshi-qissaxon talqinidagi mazkur an’anaviy doston zamirida, yuqoridagi naqlda va asrlar osha yashab kelib, odamlar ko‘nglida mustahkam qaror topgan ishonch-ixlosda Islom Hamro “Go‘ro‘g‘lining o‘limi” dostonini tahlil qilishda biz suyanishimiz mumkin bo‘lgan estetik mezonlar mavjud. Shularga asoslanib, quyidagi fikr-mulohazalarni o‘rtaga tashlashni istardik:
Avvalo, muallif o‘zbek folklori namunalari, jumladan, “Go‘ro‘g‘li” dostonlari kitoblar shaklida tarqalgan va ayni paytda og‘zaki an’analar kundalik turmush sharoitida muayyan darajada davom etayotgan muhitda tug‘ilib, voyaga yetgan, ta’bir joiz bo‘lsa, tanglayi folklor bilan ko‘tarilgan. “Bu asar 108 yoshida dunyodan o‘tgan momom Hayitgul Daminovaning aytimlari asosida dunyoga kelgan”, – deb minnatdorlik bilan ta’kidlaydi u. Islom Hamro “Ko‘zimizga to‘tiyo kunlar” badiasida Hayitgul momoning xotiralarini, Mustaqillikka alqovlarini, xalqimizga, yurtimizga, yosh avlodga duolarini (“Iloyo yo‘ling bexatar bo‘lsin. Yomonlarning yuzi teskari bo‘lib, yurtimiz mamlakatobod bo‘lsin!..”) keltirgan, bu dono onaxon jonli, shirali xalq tilida, bir-ikki og‘iz so‘zda muayyan davrning, ma’lum shaxsning aniq qiyofasini jonlantirib bera olganini tasvirlagan. Asrlar davomida xalqimizning boy, qadimiy va hamisha navqiron ma’naviy va madaniy merosi, shu jumladan, badiiy-estetik xazinasi yosh avlod ko‘ngli va ongiga buva-buvilar, ota-onalar, oila va mahalla, umuman, jamiyat tomonidan doimiy ravishda singdirib borilgani hech birimizga sir emas.
Xalq dostonlarida istisno hollarda insonlar va parilar taqdiri qo‘shiladi, ularning ko‘kda qiyilgan nikohi yerda o‘qiladi. Lekin inson umri tugagach, pari o‘z azaliy muhitiga qaytadi. Go‘ro‘g‘li o‘limidan so‘ng, Yunus pari bilan Misqol pari Ko‘hi Qofga, Bog‘i Eramga borib-kelib yuradi, Chambilni, Go‘ro‘g‘li qo‘yilgan tuproqni butunlay tark etib ketmaydi. Shahidnomalarning ba’zi variantlarida “Go‘ro‘g‘li” dostonlarini Yunus pari bilan Misqol pari yaratadilar va kuylaydilar, ulardan cho‘ponlar eshitib o‘rganadilar, el ichida yoyadilar.
Islom Hamroning dostoni shahidnoma emas. Uning talqinida Go‘ro‘g‘li shahid bo‘lmaydi, Chambil buzilmaydi, el rizqini izlab, boshqa yurtlarga ko‘chmaydi. Go‘ro‘g‘li Chambil, elning tinch-totuv, farovon hayoti bardavomligini ta’minlovchi barcha chora-tadbirlarni amalga oshirgan holda, Chambil taxtini – o‘z o‘rnini Avazxonga topshirib, Hasanxonni o‘ng qo‘l vazir, Bek Qorani chap qo‘l vazir qilib saylab, ular zimmasiga yurtni adolat bilan boshqarish mas’uliyatini yuklab, hamma bilan rozi-rizolik tilashib, keyin vaqti-soati yetganda, omonatini egasiga topshiradi.
G‘irko‘k qismati ham an’anaviy o‘zanda emas, muallifning ma’naviy maqsadi mantiqiga binoan badiiy namoyon bo‘lib, folklorga emas, yozma adabiyotga xos estetik sathda poyoniga yetadi. Lekin G‘irko‘k Chambil taqdirida qanday mavqe va ahamiyatga ega edi? Buni Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi vakillari yuksak badiiy mahorat bilan ko‘rsatib beradilar. Ergash Jumanbulbul o‘g‘li aytgan “Dalli” dostonida Hasanxon G‘irko‘kni ta’riflab, jumladan, shunday deydi:
Chilton bobom o‘ng yolingdan silagan,
Bektosh arab qirq ming tilla tilagan,
Bermakchi bo‘lganda otam Go‘ro‘g‘li,
Nomi turkman uvvos tortib jilagan,
Elatning orini olgan bedovsan.
Dah deganda qator toldan xezlagan,
Chirgiligin chilton bobom sozlagan,
Shamoliga oqqan daryo muzlagan,
Falakdan yashinday engan bedovsan.
Epik an’ana muhitida G‘irko‘k Go‘ro‘g‘li jasadini yetti marta aylanib, uning boshiga boshini qo‘yib, jon beradi. Islom Hamro boshqa badiiy yechimni taqdim etadi. Ya’ni Go‘ro‘g‘li vasiyatiga ko‘ra, G‘irko‘k, xuddi o‘zi kabi, Chambilning nomus-ori bo‘la olguvchi tulporni – o‘z vorisini keltiradi, uni Go‘ro‘g‘li sulton adolatli hukmronligining davomchisi Avazxonga ataydi, shu tariqa Go‘ro‘g‘li – G‘irko‘k – Chambil yo‘lchi yulduzi so‘nmaydi, balki Avazxon – Tarlonbo‘z – Chambil yo‘lchi yulduziga aylanib, nur sochib yarqiraydi. Muallifimiz aytmoqchi:
Tarlonni iyartib bul ko‘ldan chiqdi,
Yana yashnar bo‘ldi Chambil Chortog‘i.
Noiloj qolgan Avazxon o‘z boshini o‘zi kundaga qo‘ygan chog‘ida, G‘irko‘k uning joniga oro kiradi, Tarlonbo‘zni boshlaganicha yetib keladi:
Bek og‘ziga so‘z olgandi, yoronlar,
Ot kelmasa, Bolli Avaz o‘ladi.
Endi shul payt zo‘r taloto‘p bo‘ladi,
Yovmit elin qora to‘zon oladi.
Ikki bedov ko‘kdan kelib, yoronlar,
Chambil shahrin dalasiga qo‘nadi.
G‘irko‘k egasining bu vasiyatini ado etgach, uning boshqa vasiyatini ham bajaradi – o‘zini Go‘ro‘g‘lining yiloshiga, qurbonlikka bag‘ishlaydi.
Yiloshiga faqat o‘lik kelmadi,
Kimning joni bordir keldi, qolmadi.
G‘irning ta’rifini hamma biladi,
Biror kishi og‘ziga go‘sht solmadi.
Irim bilib ot go‘shtini oldilar,
Yemay bari yonlariga soldilar.
Uylariga olib ketib xaloyiq,
E’zoz qilib uy to‘riga ildilar.
Avaz sho‘rlik ot taqasin oladi,
Darvozaga mixlab mahkam qiladi.
O‘sha zamon odati bu, yoronlar,
Taqali eshikda omad bo‘ladi.
Shu tariqa Go‘ro‘g‘li va G‘irko‘k ruhlari – ularning o‘limlaridan keyin ham – bir butunligini yo‘qotmay, el birligi va jipsligini mustahkamlovchi ma’naviy kuchga evriladi. Faqat bu, – an’anaviy xalq dostonchiligiga nisbatan, – boshqa estetik sathda, o‘zga hayotiy yo‘sinda ro‘y berdi.
Endi:
Avaz xonlik qilib, javlon etadi.
Xullas, endilikda Chambil zaminida Go‘ro‘g‘li – G‘irko‘k an’analari Avazxon – Tarlonbo‘z qahramonliklari zamirida yashab, ularni qo‘llab-quvvatlab turadi. Binobarin, shoir, – uning o‘z so‘zlari bilan aytganda, – qon-qonimizga singib ketgan “Go‘ro‘g‘lidek xalq qahramonlari o‘lishi mumkin emas” degan ishonchni bilvosita badiiy namoyon qiladi.
Islom Hamro Yunus pari obrazi tasvirida ham folkloriy emas, adabiy yo‘ldan boradi. “Muhabbat qanday ulug‘ narsa, yoronlar! – deb lirik chekinish qiladi u. – Bechora Yunus parining Go‘ro‘g‘liga muhabbati shunday zo‘r ekan, “voy, to‘ram” degan so‘zi bilan birga joni chiqib ketdi. Sho‘rlik Yunus parining ruhi to‘rasining ruhiga chirmashib ketdi. Parilar o‘lmaydi deyishguchiydi, bu pari bo‘lsayam begining orqasidan dunyodan o‘tdi”. (“Misqol pari-chi? U qayerda qoldi?” – deb so‘rovchilarga javoban, folklor shaydolariga tanish, Rahmatulla shoir Yusuf o‘g‘li “Go‘ro‘g‘lining o‘limi” dostonida qulog‘imizga esdan chiqmaydigan qilib quygan ushbu: “Asli Og‘a Yunus pari bilan Misqol pari bir pari edi. Og‘a Yunus pari chindakisi bo‘lsa, Misqol pari uning haqiri edi. Shuytib bular ikkitaga o‘xshab yurar edi. Shuytib endi gapimizning uchini toptirdik”, – degan badiiy dalolatini yodga olish bilan kifoyalanamiz). Shunday qilib, inson va pari o‘rtasidagi muhabbat nisbati hisobga olinmaydi, bashar farzandlarining o‘zaro muhabbati estetik mezonlari asosida ish ko‘riladi.
Bu asarda “Go‘ro‘g‘li” turkum dostonlari voqealari ro‘y beruvchi Chambil, Shirvon, Ko‘hi Qof, Bog‘i Eram, tulporlar makoni – tog‘ ustidagi ko‘l namoyandalari – asosiy ishtirokchilar: Go‘ro‘g‘li va G‘irko‘k, Rayhon arab va uning tulpori, Shoyimardon, qirq chilton, Yunus pari, Misqol pari, Hasanxon, Avazxon, Xoljuvon, Go‘ro‘g‘lining Hasanlari, Rahmat pari (Yunus parining otasi), Tarlonbo‘z va boshqalar jamlanadi.
Yuqoridagi tahlillar, qiyoslar, xulosalardan so‘ng, haligi chala qolgan fikrimizni tugallab qo‘ysak bo‘lar:
Bir qaraganda, bu asar xalq dostonlarining soyasida qolganday, lekin unda mohiyat yangilangani diqqatga sazovor: Go‘ro‘g‘li – G‘irko‘k – Chambil zavolga uchramaydi, munosib vorislar – yangi avlodlar maydonga chiqishi ular abadiyatini ta’minlaydi. Shoir Islom Hamroning bu ijodiy tajribasi kitobxonlarni befarq qoldirmaydi, muallifni esa navbatdagi, yanada baland parvozlarga ruhlantiradi, deb umid qilamiz.
Manba : Тaniqli shoir va adib Xurshid Davronning adabiy sahifasidan olindi.