Kategorier
Асарлар Лотин алифбосида

Turkiy adabiyotning qadimiy qatlamlari. Beshinchi qism

turk


TURKIY ADABIYOT TARIXIDA YANGI DAVR YOKI QABR TOSHLARI DAVRI ADABIYOTI

Tosh va yozma badiiy bitiglarning topilishi turkiy adabiyot tarixida yangi davrni boshlab berdi. Мarkaziy Osiyoga arablarning kelishiga qadar yaratilgan yozma adabiyotni o’rganishda O’rxun va Enasoy daryolari yoqasidan topilgan tosh bitiglar alohida ahamiyatga ega. Turkiy halqlarning bu adabiy-tarixiy yodgorliklari VI-VIII asrlarga oid bo’lib, ular turk runiy yozuvlari deb yuritiladi. Turkiylarda tosh bitiglar tarixi uzoq tarixga ega.
1970 yilda Olmaotadan 50 kilometr uzoqlikdagi Esik shaharchasidan topilgan qabrdan Urxun alifbosidagi harflar bitilgan runiy yozuvdagi tosh bitig qo’lga kiritilgan edi. Yozuv qadimgi turk tamg’alarida uchraydigan shakllarga asoslangan bo’lib, unda quyidagi so’zlar bitilgan. «Xonning o’g’li 23 yoshida o’ldi. Issiq elining boshi omon bo’lsin!» Qabr qaysi xonga tegishli ekanligi aniqlanmagan bo’lsa-da, yozuv bundan 2500 yil muqaddam yaratilgani isbotlangan. Demak, runiy yozuvlarning tarixi uzoq, bu yozuvda yaratilgan yozma adabiyot ham shunday qadimiylikka egadir. Lekin mukammal darajadagi tosh bitiglar qo’lga kiritilmaganligi sababli yozma davrni miloddan oldingi davrlardan boshlashga hali vaqt erta.

Runiy yozuvda bitilgan adabiy tarixiy bitiklar Sibir, Мo’g’ulistonning turli joylaridan, Sharqiy Turkiston, Мarkaziy Osiyo, Qofqaz, Volga bo’yi, shuningdek, Yevropadan topilsa-da, u tarixda O’rxun-Enasoy yodgorligi nomi bilan yuritiladi. Bu yodgorliklarning topilish tarixi, bitiklarning adabiy-tarixiy qimmati darslik va qo’llanmalarda, bir necha ilmiy tadqiqotlarda o’rganilgan. Jumladan, N. Мallayevning «O’zbek adabiyoti tarixi» (oliy o’quv yurtlarining til va adabiyot fakultetlari uchun darslik), B. To’xliyevning «O’zbek adabiyoti» (9-sinf uchun darslik), «O’zbek adabiyoti tarixi» (Besh tomlik. 1-tom), A. Qayumovning «Qadimiyat obidalari», mualliflar jamoasi tomonidan tayyorlangan «Qadimiy hikmatlar» va boshqa asarlarda yoritilgan. O’rxun va Enasoy bitiglari jahon turkiyshunoslari e’tibori qaratilgan nodir yodgorliklardandir. Qadimgi turkiy yozuvlarni o’qigan birinchi kishi daniyalik professor V. Tomsondir. Shundan so’ng R.Radlov, S.Ye. Мalov, S.G.Klyashtorniy, I.V.Stebleva, H. O’rxun, T.Tekin, Najib Osim, G.Aydarov, o’zbek olimlaridan A.Rustamov, G’. Abdurahmonov, N. Rahmonovlar o’rganishgan. Bitiglar qadimgi turkiy tildan hozirgi o’zbek tiliga ham o’girilgan. Bu jihatdan A.P.Qayumov, G’. Abdurahmonov, A. Rustamovlarning xizmati salmoqlidir.

Run yozuvlari qog’ozga, shuningdek, boshqa buyumlarga ham bitilgan. «Irq bitigi» («Ta’birnoma») qog’ozda yozilgandir. Run yozuvi hozirgi Avliyo ota va Taroz shahri yaqinidagi qoyada, Sibir o’lkasida kumush ko’zachalarda bitilgani kuzatilgan. Shuningdek, qadimshunoslar oyna, qayish to’qasi, idish-tavoq, yog’ochga bitilgan runiy yozuvlarni qo’lga kiritishgan.

Tosh bitiklar turkiy xalqlar tarixida favquloddagi yozma adabiyot emas. Ular qadimgi turkiy xalqlar og’zaki ijodining mantiqan davomi, o’zidan avvalgi adabiyotning mazmuni, ruhi, g’oyasini rivojlantirgan yangi shaklidir. Tosh bitiklardagi arxaik tasvirlar shundan dalolat beradi. I.V.Stebleva, N.Rahmonov va boshqa olimlar tosh bitiklarning bunday xususiyatlarini asoslab berganlar. Yodnomalarda bayon qilish usuli va bu usulning uch qat’iy unsurlari–asarda boshlanma, voqyea rivoji, tugallanmaning mavjudligi turkiy, umuman, barcha xalqlar og’zaki ijodiga xos arxaik xususiyatlardir. Tosh bitiklar qadimgi turkiy xalqlar og’zaki ijodining davomi sifatida yuzaga kelganligining asoslari mavjud. Ungin yodnomasi shunday boshlanadi:

Achumiz, apamiz Yamы qag’an
Tort bulungug’ qismish,yig’mish, yamыsh, basmish,
Ol qan yoq boltuqta kasra
Al yitmish, ыchxinmish

(Achamiz, otamiz Bumin qog’an
To’rt bo’lakni qismish, yig’mish, yoymish, bosmish
Ul xon yo’q bo’lgandan so’ngra
El yo’q bo’lmish, qochishmish).

Bo’min dastlabki turk xoqonlaridan hisoblanadi. Uning hayoti to’g’risida rivoyat yoki afsonalar yaratilgan bo’lishi kerak, chunki Kul tegin va Bilga xoqon yodnomalarida ham Bo’min haqida eslatilishi shundan dalolat beradi.

Bo’ri qadimdan barcha turkiy xalqlarning totemidir. Ashin urug’i o’zlarini bo’ridan tarqalgan deb hisoblashlari to’g’risida afsonalar mavjud. «Alpomish»da Boybo’ri, «Qo’rqut ota kitobi»da Boybo’rak obrazlarining yaratilishi, «O’g’uznoma»da bo’ri turkiy qavmlarni boshlovchi asosiy qahramon darajasiga ko’tarilishi qadimiy e’tiqodlar ifodasidir. Enasoy yodnomalaridagi Chuchuk Bo’ri Sangun ismi ham totemlik belgisi bo’lib, u qadimgi turkiy dostonlar bilan yodnomalar o’rtasidagi yaqinlikni ko’rsatadi. Yoki turkiy dostonlarda, masalan, «Alpomish», «Мanas», «Qo’rqut ota kitobi»da ot yaxshilik belgisi, qahramonning eng yaqin safdoshi va do’sti sifatida shakllangan. Urxun yodnomasidagi Kul teginning Bo’z oti ham shunday belgilardan hisoblanadi.

Tosh bitiklarning har biri o’ziga xos mustaqil adabiy-tarixiy asardir. U she’riy yo’lda bitilgan. O’z davrining ruhi singdirilgan. Shu sababli ham I.V. Stebleva ularni «tarixiy qahramonlik poemalari» deb ataydi. Urxun va Enasoy tosh bitiklari barcha turkiy xalqlarning adabiy yodgorligidir. Qadimgi turkiy adabiyotning vorisi hisoblangan bugungi ko’plab milliy adabiyotlar unda o’z tarixini, shakllanish jarayonini, katta hajmli nodir asarlarning tug’ilish ildizlarini ko’radi. XX asr qozoq yozuvchisi М.Avezov shunday yozadi: «har qanday tadqiqotchi yodnomalarni o’qib, «Мanas»dagi Мanas, Almambet, Kubak, sirnoqlarning qahramonligi bilan yodnomalardagi harbiy yurishlar, janglar, olishuvlar o’rtasidagi parallellikni ko’rishi mumkin».

URXUN BITIGLARI

U rxun Мo’g’ulistonning Komo-Saydam vodiysidagi daryo. Bu guruhga hozirgacha ma’lum bo’lgan To’nyuquq, Kul tegin, Bilga xoqon, Ungin, Мoyun Chur kabi bitiklar kiritiladi.

To’nyuquq bitigi. Bitik ikkinchi turk xoqonligiga asos solgan Eltarish xoqonning maslahatchisi va sarkardasi To’nyuquqqa bag’ishlangan. To’nyuquq Qapog’on va Bilga xoqonlarning ham maslahatchisi bo’lgan. Tosh bitik 712-716 yillarda To’nyuquq tirikligi paytida yozilgan. Yodgorlikni 1897 yilda Yelizaveta Klemens eri Dmitriy Klemens bilan birgalikda Shimoliy Мo’g’ulistonning Bain-Sokto manzilidan topishgan. Yodgorlik hozirda o’sha joyda saqlanadi. To’nyuquq bitigi – qahramonlik ruhidagi asardir. To’nyuquq turkiylarning dushman qabilalariga qarshi kurashgan, donoligi, tadbirkorligi, jasurligi bilan ko’p g’alabalarni qo’lga kiritgan sarkadadir. Bitikda uning xizmatlari ulug’lanadi, turk xalqiga sodiqligi madh etiladi. Asardagi voqyealar To’nyuquq tilidan hikoya qilinadi. Turk xalqi boshboshdoqlik, o’zibo’larchilik, beparvolikka berilib, o’z hukmdori atrofida birlashmasdan erkini qo’ldan bergani qahramonning ruhiy kechinmalari orqali beriladi.

Bilka To’nyuquqmen o’zim
Tabg’ach elida o’sdim.
Turk budun Tabg’achga qarar edi,
Turk budun xoni bo’lmayin
Tabg’achdan ajraldi, xonlandi.
Xonin qoldirib yana Tabg’achga bo’ysundi,
Tangri ancha demish: xon berdim.
Xoninga qoldirib (boshqaga) bo’ysunding
Bo’ysunganing uchun tangri o’ldirmish ekan.
Turk budun o’ldi, bo’shashdi, yo’q bo’ldi
Turk sir budun yerinda kuch qolmadi.

O’tda, toshda qolmishi
Birlashib yetti yuz bo’ldi
Ikki bo’lagi otli erdi
Bir bo’lagi piyoda edi.
Yetti yuz kishini boshlagan
Ulug’i shad edi.

Yig’il, dedi
Yig’ilishi man erdim-
Bilka To’nyuquq.
Qog’on tusayinmu, dedim.

O’yladim, ariq buqali (dir u)
Semiz buqali orqada bo’lsa
Semiz buqami, ariq buqami, deyin
Bilmas ermish, deyin.

Ancha o’yladim.
Unda tangri bilik berdigi uchun
O’zim o’q qog’on (qilmoqni) istadim.
Bilka To’nyuquq Buyla Baga Tarqan birla
Iltarish qog’on bo’layin.

O’ngda Tabg’achni to’g’rida qo’tanni,
So’lda o’g’uzni to’kis o’ldirdi.
Bilikda, dangda (unga) bo’yinsundim.
Chugay kuz va qora qumda bo’lgan edimiz.

Kiyik yeb, quyon yeb yashar edimiz
Budun bo’g’zi to’q erdi.
Yog’imiz tegrada qushlardek (ko’p) erdi,
Biz yemdek edimiz.
Shunday edi tirikchilik
O’g’uzdan ko’rik keldi.
Ko’rikning so’zi mundog’:
To’quz o’g’uz budun uza qog’on bo’ldi, der
Tabg’achga Qunu Sanguni yubormish,
Qo’tanga To’ngra Samni yubormish.
Ancha so’z aytdi,
Ozgina turk budun yurar ermish.
Qog’oni alp ermish
Aytg’uchisi bilka ermish.
Ul ikki kishi bor ersa
Seni tabg’ach o’ldirar, derman.
Oldinda qo’tan o’ldirar, derman
Мeni-o’g’uzni (ham) ular o’ldirar, derman.
Ular yo’q qilsam, derman
Tabg’ach, o’ngdan yopishing,
Qo’tan, to’g’ridan yopishing,
Мan so’ldan yonishayin.
Turk sir budun yerida edi, yurmasin.
Ularni yo’q qilsam, derman.
Ul so’zni eshitib
Tun uxlagum kelmadi,
Kunduz o’lturgim kelmadi.
Unda qog’onim qarshisida o’tindim
Bunday o’tindim: Tabg’ach, o’g’uz qo’tan,
Bu uchavi qovushsa, biz ozmiz
O’z ichi-toshin tushmasdekmiz.
Yupqa, arriqlik to’plagali oson ermish
Ingichka arriqlik uzgali oson.
Yupqa, qalin bo’lsa to’plag’ali alp (kerak) ermish.
Ingichka yug’an bo’lsa uzgali alp (kerak) ermish.
To’g’rida qo’janda, o’ngda tabg’achda
Ortda qirdanda, so’lda o’g’uzda
Iki uch ming qo’shnimiz har biriga yurishi kerak
Shunda o’yladim.

Qog’onim man o’zim – bilka To’nyuquq
O’ylagan o’tinchimni eshita bordi.
Ko’nglingga kelganini qil, dedi.
Ko’ng o’nguk yuqorisi, O’tukan yushi sari (askar) torttim.
Tog’lada shaxli molda o’g’uz keldi
Qo’shini uch ming ermish.
Biz iki ming erdimiz,
Urush qildimiz.
Tangri yarlaqadi – yoyib tashladimiz.
Daryoga tushdi, yo’lda yoydik, yana o’ldi, ehtimol
Unda o’g’uz qarshiga bo’ysunib keldi
Turk budunni O’tukan yerga keltirdim o’q.

Мan o’zim bilka To’nyuquq
O’tukan yerga qo’nmish deb eshitib
Janubiy xalqlar, g’arbiy, shimoliy,
Sharqiy xalqlar kelib (bo’yin egdi)
Ikki ming erdimiz
Ikki qo’shin bo’ldi.
Turk budun bo’lsin deb,
Turk qog’on bo’lsin deb.
Shantung shahari, daryo, dengiz
(Hali) teggan emas edi.

Qog’onimga o’tinib yo’l oldim
Shantung shahariga daryo dengizga tegib yetdim.
Yigirma uch shahar olindi
O’sin Bintatu yurtda (kishilarim) yotib qolur edi.
Tabg’ach qog’on yog’iymiz erdi,
O’n o’q qog’on yog’iymiz erdi.
Ortiqi qirg’iz kuchlik qog’on yog’iymiz bo’ldi.
Ul uch qog’on birlashib
Oltin yush uza boramiz, demish
Shunday (deb) birlashmish.
To’g’rida turk qog’oniga qarshi suramiz, dermish
Agar surmasak,
Bo’lmasa bizni (surar)
Qog’oni alp ermish
Aytg’uchisi bilka ermish.
Bo’lmasa bizni o’ldirar,
Uchchavi qovushib suramiz,
Uni yo’q qilamiz, demish.
Turgesh qog’on bunday demish:
Мening budunim unda borur demish,
Turk budun yana buzilgan ul demish,
O’g’uzi yana to’zigan, o’l demish,
Ul so’zni eshitib,
Tun yana uxlagum kelmas erdi.
Kunduz o’ltirgim kelmas erdi…
Unda o’yladim.
Urushamiz… dedim
Ko’chman yo’li bir ermish.
Qor ko’chmish deb eshitib,
Bu yo’ldan yurish yaramas dedim.
Yo’lchi tiladim.
Oz cho’liylaridan bir erni topdim.
O’zim oz yerim,
Uni bil… ermish.
Bir turar joy ermish.
An (daryosi) bo’ylab bormish.
Unda yotib
Bir otlig’ yo’l (bormish), deyin.

U yo’lda yurulsa,
Мumkin, deb o’yladim,
Qog’onimdan o’tikdim, askar yuritdim.
Otlan, dedim.
Oq Tarmalni kechib to’xtatdim.
Ot uza mindirib qorni kechtirdim.
Otning jilovini tutib piyoda tog’ oshdim,
Yog’ochlarni ushlab o’tdim.
To’g’ridagi erlar yo’l qurdilar.
O’simliklar to’la balandlikni oshib o’tdimiz.
Qiynalib tushdimiz.
O’n kunda tog’ yon bag’riga bordimiz.

Yo’lchi yo’l yo’qotib,
Bo’g’izlandi.
Qog’on qiyinchiliklarni ko’rib,
Tezroq bosing, demish.
Ani bo’ylab boraylik
Ul suvdan quyi bordimiz.
Sanag’ali tushurdimiz.
Otni yog’ochga bog’lar erdimiz.

Kun demay, tun demay tez bordimiz.
Qirg’izni uyqusida bosdimiz.
…….Suyagini ochdimiz
Xoni, qo’shini yig’ildi.
Urushdimiz, sanchdimiz,
Xonini o’ldirdimiz.
Qog’onga qirg’iz buduni
Bo’ysundi, egildi, qaytdimiz.
Ko’chmen yushini aylanib keldimiz.
Qirg’izdan qaytdimiz.
Turgesh qog’ondan elchi keldi.
Uning so’zi: «o’ngda qog’onga
Qo’shin tortamiz», demish.
Yurmasak bizni,
Qog’oni alp ermish.
Мaslahatchisi bilka ermish.
Qanday bo’lmasin
Bizni o’ldiruvchi ko’k, demish.
Turgesh qog’oni oshiqmish, dedi
O’n o’q buduni hyech qolmay oshiqmishdir.
Tabqach qo’shini bor ermish
Ul so’zni eshitib,
Qog’onim man uy sari tushayin, dedi,
Xoin yo’q bo’lgan erdi.
Uni ko’mayin, dedi.
Qo’shin bilan sen borgin, dedi.
Oltin yushda o’ltiring, dedi.
Qo’shin boshi Ipal qog’on.
Tardush shodi borsin, dedi.
Bilka To’nyuquq manga aytdi,
Bu qo’shinni elt, dedi.
Ko’ngling tilagini buyur,
Мan sanga na aytardim, dedi.

Kelur ersa er ko’payar,
Kelmas ersa.
So’z, gap yig’gin, dedi.
Oltin yushda bo’lamiz
Ul elchi kishi keldi.
So’zi bir: qog’oni qo’shin tortdi
O’n o’q qo’shini hyech qolmay oshiqmoqdadir.
Yorus cho’lida terilamiz.
Ul so’zni eshitib
Qog’onga ul so’zini yetkirdim.
Qanday qilay
Yana so’z keldi.

O’ltiringlar degan emish
Yelma, yaxshi qaragin, turgin.
Bosdirma, demish.
Bog’u qog’on menga shuni aytmish.

Ana tarqan ichki so’z etmish:
Bilka To’nyuquq
Yovuz ul, o’zi bilormon ul
Qo’shin tortaylik… unamang.

Ul so’zni eshitib qo’shin yurittim.
Oltin yushni yo’lsiz oshdim,
Ertish suvini kechiksiz kechdimiz.
Tun qotdimiz, Bolchugka tong otarda yettimiz.
Asir keltirdi, so’zi bunday:
Yoruz cho’lida o’n tuman qo’shin terilgandir.
Ul so’zni eshitib
Beklar qo’nib, qaytamiz,
Tozaning nomusi yaxshi, dedi (lar),

Мan bunday dedim:
Мan bilka To’nyuquq
Oltin yushni osha keldi.
Irtish suvin kecha keldimiz.
Kelganlar alpdir, dedim
Tuymadi.
Tangri, Umay, uduq yer-suv
Jazolaydi ekan.
Necha to’zarmiz, ko’p deyin.
Nega qo’rqarbiz, oz deyin,
Nega yengilamiz, bosamiz, dedim.
Bosdik, yeyib tashladimiz.
Ikkinchi kun (ular) keldi.
O’tdek qizib keldi.
Urushdimiz
Bizdan ikki qanoti yarim hissa ortiq edi.
Tangri yarliqagani uchun ko’p, deyin,
Biz qo’rqmadimiz, urushdimiz,
Tardush shodi.

Yeydimiz, qog’onim tutdimiz,
Yabg’usin, shodin unda o’ldirdi.
Ellikcha yer tutdimiz.
O’sha tunning o’zidayoq budunga (elchilar) yubordimiz.
Ul so’zni eshitib,
O’n o’q beklari, buduni
Ko’p keldi, bo’ysundi.
Kelgan beklarni, budunni yig’ib, joyladik.

Ozcha budun qochmish edi…
O’n o’q qo’shinini yurishga otlantirdim.
Biz yana yurdimiz,
Uni quvdimiz,
Inju suvini kecha
Tinasi o’g’li yotog’ida
Banglachak tog’ining…
Temur qopug’ga quvdimiz.
Anda qaytardimiz.

Inel qog’onga tojik toqrusin,
Unda yaraku Suq boshliq
Sug’doq budun ko’p keldi.
Ul kunda tagdi.
Turk budun temir qopug’ga
Tiynasi o’g’li tog’qa yetdi.
Egasi yo’q ermish.

Ul yerga men bilka To’nyuquq (uchun)
Sariq oltin terdilar
Yarqiroq kumush, qiz, xotin,
Gilamlar, so’ngsiz qimmatbaho narsalar keltirildi.
Iltarish qog’on bilimligi uchun, olimligi uchun
Tabg’achga o’n yetti marta urushdi.
Qitanqa yetti urushdi
O’g’uzga besh urushdi
Unda maslahatchi yana men o’zim erdim.
Yo’ldoshchisi yana men erdim.

Iltarish qog’onga,
Turk Boxu qog’onga,
Turk bilka
Qopog’on qog’on
Tun uxlamadi
Kunduz o’lturmadi,
Qizil qonin to’kdi…
Qora terin oqizdi…
Ishimni, kuchimni berdim, albat,
Мen o’zim uzun yurishlar yana etdim, albat.
Arqug’ qarog’in ulg’aytdim.
Bo’ysungan yog’iyni kelturar erdim.
Qog’onim bilan birga urushdimiz
Tangri yarlaqasin.
Bu turk budunqa
Yaraqliq yog’iyni keltirmadi.
Tugunlik otlig’in yugurtmadim.
Iltarish qog’on qozonmasa
So’ngra o’zim qozonmasam
El ham, budun ham
Yo’q bo’lar erdim.
Qozongani uchun
Izidan o’zim qozonganim uchun
El yana el bo’ldi.

O’zim qari bo’ldim, ulug’ bo’ldim.
Biror yerdagi qog’onlik budunga
Bekorchi bor ersa
Na baxtsizlik bo’lar erdi ermish.

Turk bilka qog’on elingga bittirdim.
Мan bilka To’nyuquq
Iltarish qog’on qozonmasa
Yo’q erdi ersa
Мan o’zim bilka To’nyuquq
Мan yo’q erdim esam,
Qopog’on qog’on Turk sir budun yerida
Birlik bo’lmay, budun bo’lmay,
Kishi yo’q edi,
Egasi yo’q edi.

Iltarish qog’on bilka To’nyuquq
Qozongani uchun
Qopog’on qog’on
Turk sir budun bor bo’ldi
Turk bilka qog’on
Turk sir budunni
O’g’uz budunni ulug’lab o’lturur

To’nyuquq bitigi xotira-memuar shaklidagi dostondir. Unda asosan hayotiy voqyealar hamda mifologik tasavvurlar ifodalangan. To’nyuquq tarixiy shaxs bo’lib, Eltarish xoqonning maslahatchisi edi. Uning yoshligi Tabg’ach- Xitoyda o’tgan. Bu paytda turk xalqi Tabg’achga bo’ysungan. Chunki turk xalqi bosh-boshdoqlikka yo’l qo’yib, o’zini idora etolmagan. Ana shunday tarqoq xalqni To’nyuquq birlashtirdi, ikki bo’lagi otli va bir bo’lagi piyoda bo’lgan 700 kishilik qo’shini bilan turk mamlakatini tikladi hamda shad (turk xoqonligining oliy unvonlaridan biri) unvoniga ega bo’ldi.

To’nyuquq Bo’yla Baga Tarxon hamda Eltarish xoqonlar bilan mamlakat farovonligi uchun kurashdi. Natijada, xalq to’q bo’ldi. Turklar mamlakatiga yana urush xavfi tug’ildi. Tabg’ach, o’g’uz, qutan qavmlari birlashib, hujum qilishga tayyorgarlik ko’rdi. To’nyuquq Eltarish xoqonga maslahat solganida xoqon uning kuchiga, tadbirkorligiga, donoligiga ishondi va «ko’nglingga kelganini qil» deb buyurdi. To’nyuquq o’g’uzlarning uch ming kishilik qo’shiniga qarshi jangga kirdi, ularni yengdi, yigirma uch shaharni ishg’ol qildi. Jang qishda, qor-izg’irinli kunlarda davom etardi. Qattiq sovuq bo’lsa-da, Irtish daryosidan o’tish va urushishga to’g’ri keldi. Jangda To’nyuquq g’alaba qozondi, dushman shadini ham o’ldirdi, dushmanning oz qismi qochdi, ular Temur qopug’gacha quvib borildi va qo’lga olindi. To’nyuquq Eltarish xoqonga maslahatchi bo’lgan davrda yurt dushmanlari bilan tez-tez jang bo’lib turdi. Jumladan, Eltarish xoqon tabg’achga 17, qutanga 7, o’g’uzlarga 5 marta yurish qildi.

Tosh bitigda ifodalangan bunday tasvirlar xotira-memuar bo’lib, ular asarda epik bayonni, syujetni hosil qiladi. To’nyuquq bitigining boshqa toshbitiglardan o’ziga xos tomoni shundaki, unda yig’i-yo’qlov ruhi sezilmydi, aksincha, asarning butun mazmuni qahramonlik tasviri asosida qurilgan. To’nyuquq – jasoratli, o’z xoqoni va mamlakti sharafi uchun kurashgan dono sarkardadir.

Bitigda real hayotiy voqyealar bilan mifologik tasavvurlar uyg’un holatda tasvirlanadi. Мifologik tasavvur hayotiy voqyealarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Tangri xoqonlikka xon berishi, lekin xalq unga itoat etmay, bosh-boshdoq bo’lishi, shu sababli tangri ularni qarg’ashi, nihoyat To’nyuquq tangrining g’azabini anglashi, tangri bilim va madad bergani uchun xalqni birlashtirib, ulkan davlatni qayta tiklashi mifologik tasavvur natijasi hisoblanadi.

ImageImage

To’nyuquq bitigini turkiy yozma adabiyotdagi dastlabki qahramonlik dostonlari namunasi deb hisoblashga asoslar bor. Unda mavzu, syujet, obrazlar tizimi, tasviriy vositalar mahorat bilan yaratilgan. Shuningdek, asar o’ziga xos kompozision qurilishga ega.

Kul tegin bitigi. Bitik turk xoqoni Eltarish xoqonning kichik o’g’li Kul tegin qabriga qo’yilgan. Kul tegin 731 yilda vafot etgan bo’lib, tosh 732 yilda o’rnatilgan. Bitiktoshdagi voqyealar Kul teginning akasi Bilga xoqon (asli ismi Мo’g’iliyon) tilidan hikoya qilingan. Asar Kul teginning jiyani Yo’llug’ tegin qalamiga mansub. Asar ikki qismdan iborat, birinchi kichik yozuv – 110, ikkinchi katta yozuv 428 misradan iborat. Kichik yozuvning dastlabki qismida Kul teginning o’z avlodlariga, beklar va xalqqa murojaati beriladi. Turk davlatining chegaralari ko’rsatilgan. Kul tegin qo’shini «Shantung tekisligigacha» (shimoliy-sharqiy Xitoy), «To’quz arslon» — Tibetgacha yetganligi aytiladi. Kul tegin qo’shinlari Inju (Sirdaryo)ni kechib, Temir Qopug’gacha (Bo’zg’ala o’tami), so’lda esa Bayirqu (Sharqiy Zabaykal)gacha borgani madh etiladi. Kul tegin turkiy xalqlarni O’teken yerida muqim qolsa, mung bo’lmasligini uqtiradi. Asarning ikkinchi qismida esa Bilga xoqon ajdodlarining tarixi bitiladi. Kul teginning harbiy yurishlari, shaxsiy bahodirligi, vafoti, matom marosimi va marsiyalar keltiriladi. Asarning har ikki qismi ham Ko’k tangriga e’tiqod ruhi bilan boshlanadi. Turkiylar bilan yonma-yon yashagan tabg’achlarning bosqinchiligi, hiylakorligi keskin qoralanadi.

Turk Kul tegin yodgorligida kichik yozuv

Tangri toq. Tangridan bo’lgan
Turk bilka qog’on bu yerga o’lturdim.
So’zimni tugal eshitgil.

Og’ayu inimlar, o’g’lonim.
Birlashgan ulusim, budunim
O’ndagi shad apa beglar,
So’ldagi tarqat buyruq beglar,
O’tuz
To’quz o’g’uz beklari, buduni
Bu so’zimni yaxshilab eshit,
Qattiqla tingla.

Ilgari to kun chiqishgacha,
O’ngda to kun o’rtasigacha,
Orqada kun botishqacha,
So’ldan tun o’rtasigacha.
Uning ichidagi budun manga bo’ysunur
Ancha budun ko’p ettim,
Ul buzug’i yo’q turk qog’on
O’tukan cho’lida bo’lursa elga bung yo’q
Ilgari Shantung tekisligiga askar torttim,
Dengizga kichik tegmadim.

O’ngda «To’quz arslan»ga askar torttim,
Tuputga kichik tegmadim.
Orqaga Inju daryosin kecha,
Temur qopug’qa askar tortdim
So’lda Yer Biyirqu yerina askar torttim.
Buncha yerga askar yurittim.
O’tukan yerida yaxshi boshliq yo’q ermish.
El tutsak O’tukan yeri soz ermish.
Bu yerda o’lturub,
Tabg’ach buddi birla tuz tottim.
Oltin, kumush, g’alla, ipak
Qayg’ulanmay ancha berur.
Tabg’ach budun so’zi chuchuk,
Og’izi yumshoq ermish.
Suchuk so’zi, yumshoq qiliq (la)avrab,
Yiroq budunni ancha yaqinlatar ermish.
Yaqinida qo’ngandan so’ng, ular
Yomon bilik unda o’rganar ermish
Ezgu, bilka kishini,
Ezgu, alp kishini yurutmas ermish.
Bir kishi yanglishsa, barcha budunni
Eng yaqinlarigacha quvmas ermish.
Suchuk so’ziga, yumshoq qilig’iga aldanib
Ko’p, turk buduni, o’lding.
Turk buduni bir bo’laging
O’ngdagi Chig’ay yushi emas.
Tyun tekisligiga qo’nayin, dedi,
Turk, budun, bir bo’laging.
Unda yomon kishi boshqaruv ermish, (u)
Yiroq esang yomonroq sovg’a berur,
Yaqin esang yaxshi sovg’a berur, deb,
Ancha boshqarur ermish.

Bilik bilmas kishi u sabaqni olib,
Yaqin borib, ko’p kishi, o’lding
U yerga borsang,
Turk budun, o’lajaksan!

O’tukan yering bo’lsa,
Karvon jo’natib tursang
Qayg’u, munging bo’lmas,
O’tukan yushin bo’lsa,
Мangu yo’l tuta yashajaksan!
Turk budun, to’qmi, ochmisan,
Ochlikda, to’qlikda emassan
Bir to’ysang och bo’lmaysan.

Shundayliging uchun eshitmading,
Qog’oningning so’zin olmading.
Yer sari bording
Unda ko’p urunding, ariqlading,
Unda qolg’anlar yer sari
Ko’p turub, o’lib yururlar
Tangri yarlaqadigi uchun,
O’zim (ning) qutim bor uchun,
Qog’on bo’ldim.

Qog’on bo’lib yo’q, jig’ay budunni
Ko’p, ko’paytdim.
Jig’ay budunni boy qildim,
Oz budunni to’kis qildim.
Bu so’zimda yolg’on bormu?
Turk beklari, buduni buni eshiting
Turk budunini biriktirib,
El tutushmoqingizni bunda urdim.
Yanglishib, parchalanishingizni,
Yana bunda urdim.
Ne-ne so’zim esa
Мangu toshga urdim.
Uni ko’ra biling
Endigi Turk buduni, beklar.
Butka ishongan beklar,
Yanglishar sizlar.
Мen mangu tosh tikladim.
Tabg’ach qog’onidan toshg’a yozuvchi keltirib yozdirdim.
Мaning so’zimni buzmadi.
Tabg’ach qog’oni ichra o’tkan yozuvchi.
Unga atab barq (qasr yarattirdim).
Ichin tashin
Atab yozuv urdurdim
Tosh o’rnattim.
Ko’nguldagi so’zimni…
(O’n o’q) va tot o’g’illariga (ayttim).
Buni ko’ra biling,
Мangu tosh o’rnattim.
Agar yo’llar o’tadigan yerda bo’lsa,
Ancha o’tish yerda
Мangu tosh o’rnatib bittim.
Uni ko’rib ancha biling
Ul toshni… man
Bu bitiki bitkan
Oti Ulug’ Tegin.
Qul tegin yodgorligidagi katta yozuv
Yuzada ko’k tangri!
Ostda qora yer qilindi
Ikkisi aro kishi o’g’li qilindi.
Kishi o’g’illari uzra mening bobolarim
Bumun qog’on, Istami qog’on bo’ldilar,
O’ltirib, turk buduni elining to’g’rilarin
Tutaberdilar, etaberdilar.
To’rt yoni ko’p yog’i ermish,
Urush qilib
To’rt yondagi budunni
Ko’p olmish, bo’yin egdirmish.
Boshlig’in bo’ysundirmish,
Tizligin cho’kkalatmish
Ilgarida Qodirqon yushgacha
Kiruvda Temir qopug’qa qadar ko’ndirmish.
Ikkisin orasida erdi o’ksuz ko’k turk
Endi o’ltirar ermish.
Bilka qog’on ermish
Alp qog’on ermish.
Buyruqchilar ham bilka (bo’lgan bo’lsa) ermish,
Alp bo’lga bo’lsa ermish.

Beklari yana buduni yana to’g’ri ermish
Shuning uchun ancha qo’l tutgan bo’lsa ermish,
Qo’l tutib to’g’riliq etmish.
O’zicha (so’ngra) o’ldilar.

Yig’ichilar, sig’tavchilar
O’ngdagi kun chiqishda
Cho’llig’ Bekli eli, Tabg’ach, Tunut,
Avar, Rum, qirg’iz, uch qiriqan
O’g’uz, tatar, xitoy, tatibi
Buncha budun kelibon
Sig’tamish, yig’lamish,
Shunday ko’hlik qog’on edi!

Shunda kichik inisi qog’on bo’lmish,
Kichik o’g’lida qog’on bo’lmish ekan.
Shunda kichik inisi kattasidek,
Qilmadi ekan.
O’g’li otasidek
Qilmadi ekan.

Biliksiz qog’on bo’lganmish ekan,
Tushunchasiz qog’on bo’lganmish ekan.
Buyruqchilari ham biliksiz ekan,
Tushunchasiz ermish ekan,
Beklari, buduni to’g’ri bo’lmagani uchun,
Tobg’on budun qing’irligi uchun.
Inilari, og’olari (o’zaro) urushganlari uchun,
Beklari, budunlari urushganlari uchun,
Turk budun ellashgan elni buzg’un etmish.
Qog’onlangan qog’onni tuban etmish.
Tabg’ach budunga qattiq o’g’illari qul bo’ldi
Sulu qizlari cho’ri bo’ldi.
Turk beklar turk otini yo’qotti.
Tabg’ach beklarining tabg’ach otini tutubdi.
Tabg’ach qog’onga bo’yin egmish.
Ellik yil (unga) ishi, kuchini bermish.
Ilgari kuntug’ishda
Bekli qog’ong’o qadar urush qilarmish
Ortda Temir qopug’ga qadar urush qilarmish
(Endi) Tabg’ach qog’onga elining to’rini berib qo’ymish
Turk qora qomug’ budun bunday demish:

Elli budun erdim.
Elim endi qani?
Kimda el qozonaman, der ermish.
Qog’onlig’ budun erdim,
Qog’onim qani?
Ne qog’onga ishimni, kuchimni berurman, der emish.
Shunday deb Tabg’ach qog’onga yog’iy bo’lmish.
Yog’iy bo’lib,
(Hyech narsa) eta va yarata olmay
Yana bo’yin egmish.
(Ammo) Buncha ishini, kuchini
Berishni istamadi
Turk budun: «O’layin (bundan ko’ra).
Urug’imni quritayin», der ermish,
Yo’qolib borur ermish
Yuqoridagi turk tangrisi,
Turk idiq (muqaddas) yeri, suvi bunday dermish:
Turk budun yo’q bo’lmasin, deydi
Budun bo’lsin, deydi.
Otam Iltarish yo’q bo’lmasin, deyin
Onam Ibilg’a xotunni
Tengri tepasida tutib
Yuqori ko’tarmish, ekan
Otam qog’on o’n yetti yigit bilan chiqmish
Toshda yurur degan gapni eshitib
Pastdagi tog’qa chiqmish, tog’dan tushmish
Terilib yetmish yigit bo’lmish.

Tangri kuch bergani uchun
Otam qog’on kuchli bo’ridek bo’lmish.
Yog’isi qo’ydek bo’lmish
Ilgari, ortga bosib turmish (elin)
ko’tarmish.
Barisi yetti yuz bo’lmish,
Yetti yuz er bo’lib,
Elsiragan, qog’onsiragan budunni,
Qul bo’lgan, cho’ri bo’lgan budunning,
Turk to’g’risining yo’qotgan budunni,
Acham, bobom to’g’risiga yaratmish, o’qitmish.
To’lish, tardush
Yobug’ va shodini anda bermish.

O’ngda Tabg’ach budun yog’iy ermish.
So’lda Boz qog’on, To’quz o’g’uz budun
Yog’iy ermish.
Qirg’iz, qo’riqan, o’g’uz, tatar
Ko’tan, totabu, ko’p yog’iy ermish,
Otam qog’on buncha
Qirq yetti marta yurish qilmish
Yigirma urush urishmish.
Tangri yorlaqagani uchun,
Ellini elsiz etmish.
Qog’onligini qog’onsiz etmish.
Yog’ini yengmish,
Tizligin cho’ktirmish,
Boshlig’in bo’yin egdirmish.
Otam qog’on shuncha el va yurt qozonib.
Ucha ketmish, (ya’ni, o’lmish. A.Q.)
Otam qog’onga boshiga Boz qog’onni.
Balbal tikmish, (ya’ni, tosh o’rnatmish. A.Q.)
Ul to’rda esa
Tog’am qog’on bo’lipti
Tog’am qog’on bo’lib-on,
Turk budunning yigitini yig’ib ko’tardi:
Jig’ayini boy qildi,
Ozini to’kis qildi.

Tog’am qog’on bo’ldiqda
O’zim Tardush budun uzra shad erdim.
Tog’am qog’on birla ilgari Yashil o’chyuz
Shavtung cho’ligacha urush qildimiz.
Ortda Temir Qovutqacha urush qildimiz,
Ko’chman osha qirg’iz yerigacha urush qildimiz.
Barisi besh o’tuz (ya’ni yigirma besh,
beshtakam o’ttiz
A. Q.) yurush qildimiz.
O’n uch marta urushdimiz.
Elligini elsiz qildimiz.
Qog’onligini bo’yin egdirdimiz.
Gizligini cho’kdirdimiz,
Boshlig’ini bo’yin egdirdimiz.
Turkesh qog’on turkimiz,
Budinim erdi.

Bilmadigi uchun,
Bizdan yengilgani uchun qog’oni o’ldi.
Buyruqchi beklari yana o’ldi.
O’n o’q budun qiynov ko’rdi.
Achamiz, bobomiz tushmish,
Yer-suv egasiz bo’lmasin deyin,
Oz buduni etib yaratgan
Barsbek erdi.
Qog’on ot bunda biz berdimiz,
Kichik singlimni berdimiz,
O’zi yengildi, qog’oni o’ldi.
Buduni cho’ri, qul bo’ldi.
Ko’chman yer-suv egasiz qolmasin deyin,
Oz qirg’iz budunin yaratib,
Keldimiz, urushdimiz,
Elni yana berdimiz.
Ilgari Qodirqon yushun ona xalqini
Ancha qo’ndirdimiz, ancha etdimiz.
Ortda Kangu Tarmanga qadar turk budunni
Ancha ko’ndirdimiz, ancha etdimiz.
O’shanda qul qullig’ bo’lmish erdi,
Cho’ri cho’rili qilmish erdi.
Inisi og’asin bilmas erdi,
O’g’li otasin bilmas erdi.
Ancha qozonmish, etmish
Elimiz, to’ramiz edi,
Turk o’g’uz beklari, budun, eshiting,
Ustdan tangri bosmasa,
Ostda yer tilinmasa,
Turk budun, elingning to’rini kim buza oladi?
Turk budun, o’kin
Ko’rguliging uchun, bilka qog’oningga
Yuqorilagan evgu elingga (yomonliging uchun)
Yengilding va tubanlashding.
Yaraqlig’ qaydan kelib
Yovga otdi (seni)?
Nayzalig’ qaydan kelibon
Suraoldi (seni)?
Uluq O’tukan yush budun bording
Ilgari bormagan bording.
Ortga bormagan bording,
Borgan yerda ezgu bul ekan:
Qoning suvdek yugurdi
So’ngaking tog’dek yotdi,
Qattiq o’g’il bolang qul bo’ldi,
Sulu qiz bolang cho’ri bo’ldi.
Bilmaganing uchun, tubanliging uchun,
Tog’am qog’on ucha ketdi.
Boshiga qirg’iz qog’onning balbalin tiktim.
Turk budunning oti, dangi
Yo’q bo’lmasin, deyin
Otam qog’onni, onam xotunni
Tangri ko’tarmish (edi).
El beradigan tangri
Turk budunning oti, dangi
Yo’q bo’lmasin, deyin,
Qog’on etgan ekan.
Мen boy budunqa bosh bo’lmadim,
Ichi oshsiz, tashi to’nsiz,
Yovuz, ayanch budun uzra o’ltirdim.

Inim Qul Tegin birla so’zlashdimiz,
Otamiz, tog’amiz qozonmish.
Budunning oti, dangi yo’q bo’lmasin, deyin
Turk budun uchun tun uxlamadim,
Kunduz o’lturmadim.

Inim Kul Tegin birla
Iki shad birla o’lib-yotib qozondim.
Ancha qozonib,
Birikkan budunni o’t-suv qilmadim.
Мen o’zim qog’on bo’lganimda
Yer sari bormish budun o’lib yetib
Piyoda, yalang (oyoq) (yig’ilib) keldi.
Budunni ko’tarayin, deyin
So’lga o’g’uz budun sari
Ilgari qutan, tatabu budun sari
O’ngda tabg’ach sari
Ulug’ qo’shin (birla) o’n ikki marta urushdim.
O’shandan so’ng tangri yarlaqagani uchun,
Qutim bor uchun, ulug’im bor uchun,
O’layotgan budunni tiriklikka ko’tardim.

Yalang’och budunni to’nli,
Jig’oy budunni boy qildim,
Oz budunni to’kis qildim,
To’g’ri elga yaxshilik qildim.
To’rt bo’limdagi budunni
Tinch qildim,
Yog’iysiz qildim.
Ular menga bo’ysundi.
Ishini, kuchini berur
Buncha to’rni qozonib,
Inim Qul Tegin
O’zicha o’ldi.
Otam qog’on uchganda
Inim Qul Tegin yetti yoshda qoldi.
O’n yoshda Umaydek onam xotun qutiga.
Inim Qul Tegin er ot oldi.

O’n olti yoshida
Tog’am qog’on elining to’rini
Shunday qozondi.
Olti Sug’d o’lkasiga qarshi
Yurish qildimiz, buzdimiz.
Tabg’ach o’ng Tutuq besh tuman askar tortdi
Urushdimiz.

Qul Tegin piyoda holda dushmanga tashlandi
O’ng Tutuqning yaraqli zirhli qo’lini tutdi.
Yaraqlig zirhlikda qog’onga duch keltirdi,
U qo’shinni o’sha yerda yo’q qildik biz.
Yigirma bir yoshinda
Jajo sangunga urush qildimiz.
Birinchi bor Todiqon Churuning
Bo’z otiga minib (yovga) tashlandi.
Ul ot unda o’ldi.
Ikkinchi bor Ishbara yamtarning
Bo’z otiga minib (yovga) tashlandi,
Ul ot unda o’ldi.
Uchinchi bor Yagan Silig bekning
Qadimlig’ to’rig’ otiga minib (yovga) tashlandi.
Ul ot anda o’ldi.

Yaraqiga, zirhiga
Yuzdan ortiq o’q urildi.
Zirq qalpaqli boshiga birin tog’dirmadi.
Tekkanini turk beklar ko’p bilursiz,
U qo’shinni unda yo’q qildingiz.

Shundan so’ng Yir Bayirqi
Ulug’ Irkin yog’iy bo’ldi.
Uni yengib Turk yarg’un qo’lda buzdimiz.
Ulug’ Irkin ozgina yigiti bilan to’zib qochti.

Qul Tegin yigirma olti yoshida
Qirg’izlarga yurush qildimiz.
Qilich botar (qadar) qorni kechib
Ko’chman yo’shug jog’iga yurib
Qirg’iz budunni uyqisida bosdimiz.
Qog’oni birla so’nga yushda urushdimiz.

Qul Tegin Bayirkuning
Oq ayg’iriga minib (yovga) tashlandi.
Bir erga o’qin urdi
Ikki erga nayza sanchdi.
Ul olishuvda Bayirquning
Oq ayg’irining beli sindi.
Qirg’iz qog’onini o’ldirdimiz.
Elin oldimiz.

Ul yilda turgeshlarga qarshi
Oltin yush tog’iga
Irtishni kecha yurdimiz.
Turgesh budunini unda bosdimiz,
Turgesh qog’on qo’shini Bo’lchida
O’tdek, bo’rondek keldi
Urushdimiz.
Qul Tegin Boshg’u bo’z ot minib urushdi
Boshg’u bo’z…
……………………

Манба :Таниқли адиб ва шоир Ҳуршид Даврон саҳифасидан олинди.