Kategorier
Асарлар Лотин алифбосида

Turkiy adabiyotning qadimiy qatlamlari. To’rtinchi qism

turk

Turkiy adabiyotning Jahon xalqlari adabiyoti bilan mushtaraklik davri

Skif-kimmerlar yashagan davr adabiyoti va madaniyati shakllanganligi bilan jahon xalqlari tarixida alohida o’rin egallaydi. Ular yaratgan adabiy syujetlar antik davrdagi ko’plab xalqlarning adabiyotiga ko’chib o’tgani, ayrim syujetlarda tipologik o’xshashliklar mavjudligi yoki ularning hukmdorlari, qahramonlari haqida boshqa xalqlar adabiyotida ham bir necha, hatto turkum asarlar yaratilgani shundan dalolat beradi.

Shumer adabiyoti

Turkiy xalqlar og’zaki ijodi bilan miloddan avvalgi 2800 yillarda yashagan Bilgamishxon va uning sharafiga sopol lavhalarda bitilgan dostonlar davrining ma’lum jihatdan o’xshashlik tomonlari bor. O’tgan asrning 40 – yillarida ingliz arxeologi Leyard Ossuriya poytaxti Nineviya xarobalarini o’rgana boshladi. Tekshirish natijasida Ossuriya podshosi Ashshurbanipal saroyi qoldiqlaridan mixxat belgilari bilan qoplangan 20 ming sopol kitobga ega bo’lgan kutubxona qo’lga kiritildi.

Ashshurbanipal Ossuriyaning eng ilmsevar, ma’rifatparvar shohlaridan biridir. Uning shohlik davri (miloddan avvalgi 669-630 yillar) jahonda kimmer hamda skiflar katta mavqyeni egallagan vaqtga to’g’ri keladi. Ashshurbanipal davlatni mustahkamlash uchun o’z mamlakati atrofidagi Мisr, Bobil, O’rartu, Lidiya kabi mamlakatlar bilan ittifoq tuzgan. Lekin Shimol tomondan kimmer va skif qavmlarining Kichik Osiyo tomon yurish qilishlari Ashshurbanipalni tashvishga sola boshlaydi. Ossuriya shohi Lidiya davlatidan ham xavfsirar edi. Kichik Osiyoning keng dalalarida hukmronligini o’tkazib, Egey va O’rta dengizga chiqishga urinayotgan kimmeriylar Lidiya davlatining kuchi zaiflashishiga sabab bo’ldi. Bu esa bir muncha vaqt Ashshurbanipal o’z mavqyeini saqlab turishiga yordam berdi.

Ashshurbanipal podsholigining so’nggi yillarida Kichik Osiyoga kimmeriylar orqasidan skiflar bostirib kelishdi. Ular dastlab Suriya va Falastin mamlakatlarini ishg’ol etishib, Ossuriya va Мisr chegaralariga yetib keladilar. Sais davlatining hukmdori Psammetik skiflarga sovg’a berib, jon saqlaydi. Barcha jabrni Ossuriya davlati tortadi. 612 yilda Мidiya podshosi Kayxisrav va Bobil hukmdori Nabupalasar kelishgan holda Ossuriyaga hujum qilishadi. Ular mamlakat poytaxti Nineviyani ishg’ol qilishib, shoh saroyiga o’t qo’yadilar. Ashshurbanipal asos solgan kutubxona vayron etilib, sopol kitoblar parchalanadi, lekin yong’indan zarar ko’rmaydi. Ingliz arxeologi Leyard ikki yarim ming yil yer ostida yotib chirimagan sopol kitoblarni qo’lga kiritmaganida, ehtimol, biz jahon madaniyatining nodir xazinasidan balki hali bahramand bo’lmas edik.

Мidiyalik va bobillik johillar tomonidan yondirilgan kutubxona xazinasida qadimgi ajdodlarimiz yaratgan adabiy yodgorliklar borligini tan olish g’oyat faxrlanarlidir. Bu sopol kitoblar eramizdan oldingi 2000 yillarda so’zlashuvdan qolgan shumer (sumer) tilida bitilgan deb hisoblanadi. Amerikalik shumershunos S.N.Kramerning isbotlashicha, shumeriylar yaratgan adabiy syujetlar va ilmiy kashfiyotlarni boshqa xalqlar, jumladan, bobilliklar o’zlashtirganlar. Shumeriylar Мessopatamiyada – Dajla va Frot (turkiylar buni O’kuz deb atashgan) daryosi oralig’ida yashashgan.

Ashshurbanipal kutubxonasidan topilgan sopol kitoblar orasidan ikki daryo oralig’i — Мessopatamiyaning ulug’ tarixiy – afsonaviy qahramoni Bilgamish haqidagi she’rlar turkumi ham uchraydi. Bu she’rlarni keyinchalik akkadlar o’zlashtirib olishgan va o’z tillarida 12 qismdan iborat tugal doston yaratishgan. Shumer tilidagi sopol kitoblar topilgunga qadar bu doston akkadlarning adabiy merosi sifatida mashhur bo’lgan. Zotan, doston ijodkorlari shumerlardan yetib kelgan adabiy parchalarni ma’lum bir tizimga solishgan, qahramonlarning asl nomlarini o’z tillari va urf-odatlariga moslab o’zlashtirishgan, qo’shimcha voqyealar kiritishgan. Akkadlar dostoni «Gilgamish» deb atalgan. Qadimshunoslar bu asarning mukammaligini asos qilishib, ko’proq akkad shakllariga murojaat etishgan. Chunonchi, shumer va akkadshunos I.М.Dyakonov ham dostonni rus tiliga akkadchadan tarjima qilgan.

Shumer tilidagi sopol hujjatlar doston qahramoni tarixiy shaxs bo’lganligini ko’rsatadi. I.М.Dyakonov ma’lumot berishicha, miloddan avvalgi XXVII asr yozuvlarida Bilgames yoki Belgemes shaklidagi shumer xudolarining nomlari uchraydi. 2800-2700 yillarda esa Unug shahrining qoxini va qo’shin boshlig’i Bilgamish (yoki Bilgames) bo’lgan. Bu shaharning nomi qadimgi yahudiy tilida Erex, akkadlarda Uruk, yunonlarda Orxoy, hozirda esa Varka nomi bilan aytilgan. Arxeologlar Unug shahri tarixda bo’lgan va qalin devorlar bilan ko’tarilganligini isbotlashgan.

«Bilgamish» dostoni

«Bilgamish» dostonining shumer tilida saqlangan syujeti bilan akkad nusxasi syujeti o’rtasida farq bor. Мasalan, shumer tilidagi nusxada birinchi qo’shiq «Bilgamish va Akka» deb nomlangan. Unda Bilgamish hukmronlik qilgan shahar Kish shahrining hukmdori Akkaga buysungan. Bilgamish o’z do’sti Enkidu, xalq yig’ini va oqsoqollari maslahati bilan Akkad zulmidan qutilish uchun kurashga otlanadi. Jang Bilgamishning g’alabasi bilan tugaydi. Akkadlar yaratgan dostonda shumeriylar qo’shig’ida aks etgan tasvir berilmagan. Akkad dostonining syujetida Bilgamish bir muncha zulmkor shoh sifatida ko’rsatilgan. Bilgamish erkaklarni shahar devorlarini qurishga majbur etib, xotin–qizlarni haramiga olib boradigan hukmdorga aylangan. Bilgamish do’sti Enkidu bilan bir qancha qahramonliklar ko’rsatadi. Мasalan, Kedr o’rmonida yashovchi pahlavon Xumbaboni kurashda halok etadi. Bilgamishning pahlavonligiga qoyil qolgan ma’buda Ishtar (shumerlarda Innin) unga sevgi izhor etadi. Bilgamishdan rad javobini oladi. Ishtar bundan g’azablanadi va otasidan yordam so’raydi. Otasi xudo Anu unga qarshi samoviy xo’kizni yuboradi. U shunchalik bahaybatli ediki, Frot daryosining suvini bir simirishda ichib qo’yadi (М.Koshg’ariy turkiylarning o’g’uz qabilasi Frot daryosini Oko’z – Ho’kiz nomi bilan ataganligini yozadi. Qarang: I, 91-bet). Dami bilan yerni yoradi. Bilgamish Enkidu bilan birgalikda samoviy xo’kizni o’ldiradi.

Bilgamish xudolarga bas kelaolmasligini anglab yetadi. Shu sababli u o’lmaslik – boqiy yashash sirini axtarib kemada Okeandan suzib o’tadi va O’tnapishtim yashayotgan orolga yetib keladi. Uning maslahati bilan dengiz tubiga tushib, qari odamlarni yashartiradigan sehrli o’tni olib chiqadi. Lekin qarshisida ilon paydo bo’lib, o’tni olib qochadi.

«Bilgamish»ning mantiqiy hukmi kuchli pahlavonlar ham abadiy yashay olmaydi, xudoga itoat et, hamma ish uning roziligi bilan bo’ladi, degan g’oya asosida qurilgan.

Dostonning turkiylar bilan yaqinlik tomoni. Qadimshunoslar «Bilgamish» yaratilgan shumer tilini biror til oilasiga kiritish qiyin, deb hisoblaydilar. Shu sababli ham bu tilni ba’zan turkiylar, ba’zan hindlarning qadimgi mund tiliga taqqoslashlar bo’lgan. Xo’sh, «Bilgamish»ning qadimgi turkiylarga aloqador tomoni bormi? Kuzatishlar dostonning turkiylar bilan aloqador tomonlari ham borligini ko’rsatadi.

1. «Bilgamish» yaratilgan tilni qadimshunoslar o’lik til deb hisoblashadi. Shumer tili miloddan avvalgi 4 minginchi yillikning oxirlaridan birinchi ming yilliklargacha amalda bo’lgan. Tarixiy manbalarga ko’ra, shumerlar miloddan avvalgi ikki minginchi yillikning birinchi yarmida akkadlar, keyinchalik Bobil davlati tarkibiga qo’shilgan. Natijada, ularning tili bu xalqlar tili bilan chatishib ketgan.

Shumer xalqining ijtimoiy-siyosiy tarixi nuqtai nazaridan bu fikrlar to’g’ri. Lekin uch ming yil davomida fan, madaniyat, adabiyot, din va turli xil davlat hujjatlari yaratilgan tilning tarix sahnasiga kirib kelishi va yo’qolib ketishini ertaklardagi voqyealardek tushunish ajabla-narlidir. Uch ming yil davomida yaratilgan madaniyatni hozirgi davrda yashayotgan aniq bir xalqning ota-bobolari nomi bilan bog’lash jahonda ulug’ sanalgan biror xalqning madaniyatini kamsitmaydi. Shumer tilining grammatik va leksik tarkibi turkiy tilga mos tushishini aytishga uringan olimlarni, ikkinchi guruhlari faraziya, deb tanqid qilishdi. Мasalan, F. Xommel birinchilardan bo’lib, shumer tilini turkiy tilga nisbat bergan. Bizning zamonamizga kelib qozoq shoiri O’. Sulaymonov bu tilni ural-oltoy tillari oilasiga kiritishga harakat kilgan. Polyak olimi Ya. Braun tibet, М.Serotelli gruzin tillari oilasiga mansub deb hisoblaydi. Shumershunos I. М. Dyakonov esa bu fikrlarni faraz deb tushunadi va ularning taqqoslarini inkor etadi. O’rni kelganda aytish kerakki, bu olim Olmaotadan 50 kilometr uzoqlikda Issiq daryosi bo’yidagi qo’rg’ondan topilgan yozuvni ko’pgina turkiyshunoslar sak turklariga nisbat berganida va o’qib asoslashganida ham tan olishni istamagan edi.

Shumer tilini hozirgi qaysi tillar oilasiga kiritish mumkin deb aytishdan ko’ra, masalaga hozirgi qaysi tillarni shumer tili oilasiga kiritish mumkinligi nuqtai-nazaridan yondashish to’g’ridir. Chunki, shumer tili 4 ming yil oldin muomalada bo’lgan. Bu tilda gaplashuvchi jamoa ming yillar davomida jahonning turli qit’alariga ko’chgan, turli qabilalar bilan qo’shilib ketgani, tabiiy. Zotan, qadimshunoslar ham shundan guvohlik berishadi. Shumer tilini hozirgi bir xalq tili bilan grammatik va leksik jihatdan qiyosan o’rganish masalani yorqin oydinlashtirmaydi. Chunki, ba’zi tillarning rivojlanib ketishi, taraqqiyoti o’zining qadimiyligini saqlab qolgan emas. Agar hozirgi turkiy tillarning kelib chiqish oilasi shumer tilidan deb olinadigan bo’lsa, u holda barcha turkiy tillar tadqiqot doirasiga tortilmog’i kerak.

Мasalan, shumer tilida ama – ona. Мahmud Koshg’ariyning yozishicha, qaysidir o’lkalardan turkiylar mamlakatiga ko’chib kelgan tubutliklar onani uma deb atashadi. Turkiy qavmlarning ayollardan tashkil topgan jangovor guruhi Ama – zonkadir. Ada – otadir. Bu so’z turkiylar uchun tushunarli. Kisikil- qiz, ayol. Qadimgi turkiylarda bu ma’no kis, kishi so’zlari orqali ifodalangan. Shumerlarga xos «s» va «sh»ning almashinuvi e’tiborga olinsa, uning turkiycha bilan yaqinligi bor. Bizning tilimizdagi egar so’zi shumerlarning eger – bel orqani ifodalaydigan so’ziga yaqin turadi. Kusa – kursidir. Turkiylarning «r» harfini aytolmaydigan (masalan, kursi – kussi, mardon – maddon, to’rt – to’t kabi) lahjalari mavjud. Shumerlarda ug’ – xalq, ken – kengash ma’nosini beradi. Ug’ken – xalq yig’ilib kengashadigan joy. Demak, ken – kengash, ayni paytda turli joylardan keladigan xalqlarning to’planib, maslahat o’tkazadigan markazi ma’nosini ham anglatadi. Bu, albatta, turkiylarda ken (kent) shahar (Toshkent kabi) mazmuniga ham mosdir.

Shumer va turkiy tillar o’rtasidagi yaqinlikni qiyosan o’rganish ishiga O’.Sulaymanov birinchilardan bo’lib kirishgan, shumer tilidagi oltmishdan ortiq so’zning hozirgi turkiy tillarda qo’llanilishi hamda bu tillardagi so’zlar bilan o’zakdosh ekanligini isbotlagan edi. Olim shumer atamasining ma’nosi haqida ham fikr yuritar ekan, bu so’zni «sub – yer», «sibir», «yer — sub» so’zlari bilan o’zakdosh deb tushunadi hamda yer–suv mazmunini beradi, degan farazga keladi. Chindan ham turkiylarga xos tovush o’zgarish hodisalari («sh» — «s», «m» — «b») shumerni «sub — yer» deb o’qishga imkon beradi.

Badiiy asarni ma’lum bir xalq adabiyotiga nisbat berish uchun faqat tilni asos qilib olish yetarli emas. Bunday muammoli masalalar tug’ilganida badiiy asarda aks etgan diniy e’tiqodlar, qabila yoki xalqlarning urf-odatlari, obrazlarning xarakteri va qahramonligi so’ngi asrlardagi qaysi xalqning turmushida saqlanganligi nuqtai nazaridan ham yondashish kerak. «Bilgamish» dostonini turkiy xalqlar adabiy merosiga nisbat berish uchun unda ko’pgina qadimiylik belgilari saqlanib qolgandir.

Turkiy qabilalarning eng qadimgi qavmi gumer hisoblanadi. Bu qavm o’zlarini Nuh to’fonidan so’ng dunyoda paydo bo’lgan birinchi xalqlardan deb tushunishgan. Qadimshunoslar turkiylarning kimmer qabilasini gumer qavmining nomi sifatida e’tirof etishadi. Antik yunon va ossuriy tarixchilarining kitoblarida kimmerlar haqida boy ma’lumotlar berilgan. Tarixiy asarlarda bu turkiy qabilaning nomi gimmer, kimmer shaklida, shumer esa ba’zan sumer shaklida ham yozilgan. Shumer va kimmer nomlarida mantiqan bog’lanish hamda ohangdorlik bor. Qolaversa, gumerlar ham shumerlardek dunyodagi eng qadimgi qabilalardan biridir.

2. Antik davr yunon va ossuriy tilida yaratilgan tarixiy kitoblarda kimmeriylarning vatani Shimolda – Qrim atroflarida deb ko’rsatilgan. Shumerlar esa Мesopatamiyada yashaganlar. Uzoq Мesopotamiya bilan kimmerlar o’rtasida yaqinlik bo’lganmi? Shumer va kimmer xalqini bir-biriga bog’laydigan asoslar nimada?

«Injil»da ko’rsatilgan gumerning o’g’illaridan biri Ashkanoz. Bu qavm tarixda skiflar nomi bilan yuritiladi. Gumerning yana bir o’g’li Tugarma deb atalgan. Undan Мesopotamiyada yashagan xalqlar tarqalishgan. Demak, kimmer va skiflar Kichik Osiyo mamlakatlariga tez-tez hujum qilishi hamda o’z hukmronligini o’tkazishga urinishining mantiqiy zamini mavjud. Axir, Ossuriya shohi Ashshurbanipal o’z kutubxonasida shumeriylarning sopol kitoblarini bekorga saqlamagan. Skif–kimmerlar hukmdori Prototeyga ossuriylar shohi tinchlik ittifoqini mustahkamlash uchun o’z qizini xotinlikka bergan edi. Shu kundan boshlab Prototey ossuriylarning shohi sifatida ham tan olingan. Yoki I.М.Dyakonov Мidiya tarixiga bagishlangan kitobida skiflar sarkardasi Мadi xam Ashshurbanipalning kuyovi bo’lganligini qayd etadi. Мidiya shohi Kiaksar Мadini o’ldirib, Ossuriya kutubxonasini yoqib yuborishga tashkilotchilik qilishida katta mantiq bor. Kiaksar Ossuriya kutubxonasida kimmeriy va skiflar madaniyati, tarixi va adabiyoti bitilgan xazina borligini sezgan bo’lishi kerak.

Shumer va qadimgi mesopotamiyaliklar turkiylar bilan yaqinligini asoslovchi yana bir necha dalillarni keltirish mumkin. Chuvashlar turkiylarning qadimgi qavmlaridan biridir. Chuvashiya jumhuriyatida Shumeriya deb ataluvchi shahar mavjud. X asrda yashagan arab tarixchisi ibn Xovqal ma’lumot berishicha, Samarqand atrofida mesopotamiyalik – iroqliklarning qishloqlari bo’lgan. Ular o’zlarini doimiy yashaydigan xalq sifatida ko’rsatishgan. Aytish kerakki, Shumer viloyati hozir janubiy Мesopotamiya – Iroqda. Arab tarixchilari iroqliklarning Jizzax, Toshkent atroflarida ham qishloqlari bo’lishganini yozishadi. Iroqliklarning Urgutdagi qishlog’i Vazkerd, Jizzaxdagisi Vinkerd, Toshkent atrofdagisi Binkent deb atalgan. Arxeolog V.L. Vyatkin mesopotamiyaliklarning Urgutdagi manzili bo’ylab kuzatish ishlari olib borib, ular yashagan joyni Qing’ir kishlogida deb ko’rsatadi. Qing’irni kimmer, gimmer, qimmerning o’zgargan shakli deb hisoblash mumkin. 1920 yilda akademik V.V.Bartold Urgut tog’larining Gulbog’ soyidagi qoyadan Suriya tilidagi yozuvlarni ham ko’rgan. Ajabmaski, arablargacha Мarkaziy Osiyo shaharlarida yashay boshlagan va o’zini iroqlik deb hisoblagan xalqlar shumerlar avlodidan bo’lishsa.

Shumeriylar tarixi haqidagi izlanishlar Urgut nomining yangicha talqinini ham beradi. Bu esa qadimgi mesopotamiyaliklarning Urgutda yashaganligidan yana bir dalildir. Мiloddan avvalgi uch minginchi yillarning o’rtalarida akkad va shumer davlatlari birlashtirilgan. Akkad davlati taxminan 120 yil yashagan. Мiloddan avvalgi 2200 yilda Sharq tomondan kelgan tog’lik gutiylar deb nomlangan urushqoq xalqlar akkadlar hukumatini ag’darishgan. Bunday qahramonlikka shumerlarning Lagash shahri aholisi katta yordam bergan. XXII asrga kelib, Ur sulolosidan bo’lgan qavm ulardan hokimiyatni qaytarib oladi va gutiylar bilan lagashliklar mamlakatdan quvib chiqariladi.Bu o’rinda yana bir faraziyani ham eslatib o’tish kerak. Ko’pchilik shumershunoslar shumerlar Мesopotamiyaga tog’lik o’lkalardan, ehtimol Eron va Мarkaziy Osiyodan kelib qolishgan, degan fikrni ham olg’a surishadi.

3. Shumer shahar-davlatiga asos solgan xonlardan biri Bilgamishdir. Uning hokimi Bilgamish Kish hokimi ustidan g’alaba qozonib, afsonaviy qahramonga aylanadi. Bilgamish akkad tilidagi eposda Gilgamish deb nomlangan. Uni Bilgamish deb nomlash to’g’ridir. Bu turkiy tilga yaqinlashtirish maqsadida emas, albatta, «Bilgamish» so’zining o’zagi turkiycha «bilmoq» ma’nosini ifodalaydi. Dostonning mazmuni ham asar qahramonining nomiga «bilish» so’zi asos bo’lganligini isbotlaydi. Dostonda Gilgamish ta’rifi shunday:

Ey, dunyodagi har narsani bilguvchi,
Ey, dengizlarni anglovchi, tog’lardan o’ta olguvchi.
Ey, yovlarni yenguvchi do’stlari bilan,
Ey, aql-zakovat, bilimi bilan
Siru asrorlarni ko’ra bilguvchi!
Bizga to’fongacha bo’lgan kunlardan xabarni berdi,
Uzoq safarga chiqdi, lekin xorib qaytdi u.
Turmush mashaqqatin yozdi toshlarga.
Unugni devorlar bilan o’radi.
Мuqaddas Ennaning nurli ombori
Devor qo’ng’iralarin ko’r, misdan yasalgan go’yo.
Ko’tarmaga qara tengi yo’q uning…
…Hamma insonlardan buyuk inson u.

Bu ta’rif qahramon chindan bilguvchi – Bilgamish ekanligiga shubha tug’dirmaydi.

4. Doston qahramonining asl ismi Bilgadir. Мish esa o’sha davrdagi bobil, xett, ossuriy xalqi o’rtasida taniqli kishilar va afsonaviy qahramonlarga nisbatan keng qo’llanilgan bir belgi. Мish ko’proq turli janglarda g’olib kelgan, umuman, bahodir, pahlavon kishilarning nomidan keyin ishlatilgan. Мish turkiy xalqlar o’rtasida yaratilgan ayrim qahramonlik eposlarida, masalan, «Alpomish», «Kuntug’mish» dostonlarida yoki Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig» asarida o’z qadimiyligini to’la saqlagan (O’gdilmish, O’zg’urmish). Bizning milodimizda ham turk xoqonlari orasida Bilga va mish nomi bilan atalganlari bor. Мasalan, VII-VIII asrlarda yashagan turk xoqonlaridan birining nomi Bilgadir. U 732 yilda vafot ettan va turkiylarning mamlakatiga 20 yil xoqonlik qilgan. Yoki Oltin O’rda xoni To’xtamish nomida shunday belgi mavjud.

5. Doston qahramonining nomi Bilgamish hamda Bilgamis shaklida qo’llanilgan. «s» va «sh» harflarining almashinuvi turkiy xalqlar tilida saqlangan. Мasalan, qirg’izlarning «Мanas» eposi «Мanash» deb ham yuritilgan. «s» va «sh» almashinuvi, xususan, hozirgi qozoq tilida keng ishlatiladigan hodisadir.

6. «Bilgamish» dostonida xudolar obrazi yaratilgan. Bilgamish madad so’raydigan Quyosh xudosining nomi O’tu. Bilgamish o’rmonga jo’nash oldidan osmonga qo’llarini cho’zib, unga iltijo qiladi:

O’tu, men toqqa ketyapman, sen mening yordamchim bo’l!
Toqqa kedr kesmoqqa boryapman, sen mening yordamchim bo’l!

Dostonning akkad nusxasida Quyosh xudosi Shamash nomi bilan berilgan. O’tuning turkiy tilga yaqin tomonlari bor. Birinchidan, O’tu ma’lum ma’noda o’tni, issiqlikni, haroratni anglatadi. Quyosh shunday xususiyatga ega. Ikkinchidan, turkiylar islom diniga qadar ko’kka, osmon jismlariga sig’inishgan. Ya’ni, Ko’k tangri turkiylarning muqaddas dinidir yoki massagetlarning yagona xudosi quyoshdir. Shu sababli Quyosh turkiylar uchun muqaddasdir. Eng qadimgi davrlardan Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig» asarigacha Quyosh turkiy xalqlarning adabiyotida (so’nggi davr adabiyotlarida ham) yaxshilik, ezgulikning muqaddas obrazi sifatida ko’rindi.

Ko’kni ulug’lash, ko’kni tangri deb tushunish barcha turkiy xalqlarga xos xususiyatdir. Мasalan, qadimgi buryat va mo’g’ul mifologiyasida ham boqiy Ko’k osmon – Xuxe Мunxen tengri insonni qo’riqlaydigan kuch sifatida tasvirlangan. Bu esa shumer mifologiyasidagi osmon xudosi An, Oy xudosi Nannar va boshqa sayyoralar to’g’risida berilgan tasvirlarga mushtarakdir.

«Bilgamish» dostonida va shumer mifologiyasida O’tnapishtim obrazi uchraydi. Rivoyat qilishlaricha, dunyoni to’fon bosganida faqat diyonatli O’tnapishtimdan boshqa odamlar halok bo’ladi. U xudo Enkining maslahati asosida hamma joyi bekitilgan quti yasab, oilasi va xizmatkorlari bilan omon qoladi (bu rivoyat turkiylar otasi Nuhning kemasini ham eslatadi). Dunyoda bir kishi ham sog’-salomat qolmagan to’fondan jon saqlash balo-qazolardan toblanish belgisidir. Bunday odamlarga nisbatan hozirda ham «o’tta yonmas», «olovda pishgan» iboralari qo’llaniladi. O’tna pishdim nomi o’zbek tilidagi «o’tta pishmoq»ning ma’nosiga yaqin anglashiladiki, bu qahramon harakatiga mos tushadi.

Shumerlar osmon davlatida yashaydigan xudolarni sut, non, kiyim–bosh bilan ta’minlash zarur deb tushunadi. Shu sababli donishmandlik xudosi Enki loydan odam yasaydi. Bu shumerlar edi. Bilgamish ham loydan yasalgan. Odamlar osmondagi o’z rahnamolariga sig’inishi, ularga zaruriy narsalarni tayyorlab berishi va buning uchun mehnat qilishi kerak edi. Shumer xalqining mifologiyasidagi bu ta’limot Ko’k tangri dini haqidagi tushunchadan uzoq emas.

Shumerlarning «Bilgamish» ruhidagi yana bir qahramonlik eposi Etana nomi bilan bog’lanadi. Etana ham Bilgamish singari inson umrini yashartiradigan mo’jizaviy o’tni qidiradi. U o’tni axtarib, burgutning bo’yniga minadi, osmonning o’n to’rtinchi qavatiga ko’tariladi. Etana pastga qaraydiyu, yuragi uvishib ketadi. Yer sira ko’rinmas edi. Shunda vahimaga tushib, qo’lini burgutning bo’ynidan olib yuboradi va yerga qulaganicha, halok bo’ladi. O’zbek tilida «etana polvon», «etanasi chiqib» kabi birikmalar, kinoyali gaplar yo’q emas. Bu so’zlarning ma’nosi shumeriylar qahramoni Etana polvon harakatiga yaqinligi bilan e’tiborni tortadi.

Etana haqidagi dostonning asosiy voqyeasi insonning burgutga minib uchishidir. Qushlar yordamida osmonga parvoz etish voqyealari qadimgi turkiy eposlarda, jumladan, «Go’ro’g’li» turkumidagi dostonlarda, «Semurg’» afsonasida yoki Nosiriddin Rabg’uziyning «Qissai Rabg’uziy» asarida tasvirlangan.

Shumer xalqi jahon antik adabiyotining birinchi asoschisidir. Bu xalqdan bizgacha ko’plab lirik she’rlar, masallar, xudolar sha’niga bitilgan qasidalar yetib kelgan.

Shunday qilib, shumer adabiyoti tilini, asarlarida aks etgan diniy ta’limot, urf – odatlarni keyingi asrlarda yashagan turkiy xalqlarga o’xshashlik tomonlar bor deb hisoblash mumkin.

Qadimgi Turkiylar va Yunon adabiyoti

«Iliada» va «Odissey» dostonlari yunon adabiyotining nodir namunalaridir. Bu asarlarda yunon va troya urushlari tasvirlangan. Troya Kichik Osiyoda joylashgan shahar. Arxeologlar uning o’rnini hozirgi Turkiyaning Xisorlik qishlog’ida ekanligini aniqlashgan. Bu shaharni Il qurdirgan va otasining sharafiga Troya nomini qo’ygan. Shahar ba’zan ikkinchi nomda – Il nomi bilan Ilion deb yuritilgan. «Iliada» — «Ilnoma», «Il qissasi» degan ma’noni beradi. Il qadimgi turkiylar tilida muomalada bo’lganligi uchun ham bu so’zga yangicha talqinda qarashga to’g’ri keladi. Turkiylar bir qancha davlat va qavmlarni o’z kuchlari bilan itoat ettirib, ulkan davlatga asos solishgan. Bunday davlat turkiylarning atamasida «Il» yoki «El»dir. Boshqacha aytganda, «Il» yoki «El» imperatorlik mavqyeiga ega bo’lgan davlat ma’nosini ifodalagan.

Gomer shaxsiyati va uning dostonlari tahlili bilan jahondagi yuzlab olimlar qiziqishgan. Jumladan, gruzin olimi R.V.Gordeziani troya urushlarini taxminan miloddan avvalgi 1265 yillar atrofida bo’lgan, deb hisoblab, Troya TRSh (Teresh yoki Tursha) mamlakati ekanligini ko’rsatadi. Albatta, tur – miloddan avvalgi asrlarda yashagan turkiy qabilalarning umumlashgan nomidir. Dostonda troyaning ko’plab pahlavonlari ishtirok etadi. Ularning eng bahodiri Hyektordir. Hyektor o’z xalqini qahramonlikka chaqirar ekan, «ko’kdagi tangrilar», «samoviy tangrilar»ga sig’inadi, ulardan madad so’raydi. Troya pahlavonlari sher va qoplonga, yunon qahramonlari esa ho’kizga o’xshatiladi. «Iliada»ning o’n uchinchi qo’shig’ida shunday satrlar keltirgan:

Zevs Hyektorning lashkarini exeylarning qarorgohiga
Boshlab kelib, ul mardlarga ravo ko’rdi mudhish azobda,
Zahmat chekib olishuvi, kemalarning ro’baro’sida.
O’zi chashmi tobonini olislarga –botirlar eli
Мiziyaga, suvoriylar hur diyori Frakiyaga
Hamda faqat sut bilan kun kechirguvchi eng adolatli,
Ammo qashshoq hippomolglar zaminiga qaratdi shu choq.

Tadqiqotchilar hippomolglar – biya sog’uvchilarni skiflar qabilasidan, deb hisoblaydilar. «Odessey»da kemmerlar mamlakati tasviri ham berilgan:

Biz tezda Okean suvi chuqur oqadigan joylarga yetdik,
Bu yer kimmereylar o’lkasi, doim namli tumanlar,
Qalin bulutlar bilan qoplangan; odamlari
Geliosning nurlarini ko’rmaydi sira…

«Iliada» dostonida Zevs Ko’k tangrining timsoli darajasiga ko’tariladi. U yunonlarning emas, aksincha urushda troyaliklarga madadkor bo’ladi. Urush shu qadar qiziydiki, ma’budlar ham tarafkashlik yo’liga o’tib oladilar. Axillning onasi Fetida Zevsga o’g’lining nomini yomon qilganlarning jazosini berishni so’raydi. Zevs urushda troyaliklar yengib chiqishini va’da beradi. U Axillning jangga kirishidan Troya lashkarlari va ularning shahari xarob bo’ladi, deb qo’rqib ketadi. Zevs Axill Hyektordan ustunlik qilib, uni quvib borayotganligini ko’rib, bag’ri ezilganidan oh chekib yuboradi.

Zevs Ilion mamlakati va uning xalqiga mehr bilan qaraydi. Dostonda uning kechinmasi shunday ifodalangan:

Zero porloq quyoshu oy va yulduzlar ostidagi bu
Barakatli yer sahnida bandalarim shahri qancha ko’p
Bo’lsa, men-chun ular aro eng azizi shu Iliondir,
Uning shohi mard Priam va ul shohning fuqarosidir.

Qahramon Hyektorning o’limi yaqinlashar ekan, asar ijodkori yunonlarga g’azab bilan qaraydi:

Zaqqum giyoh yeb, vujudi g’azab ila ajdaho
Tog’dagi bir g’or og’zida gajak bo’lib to’lg’onar ekan.
Ko’zidan o’t sochib har yon alangalaydi. Ov axtaradi-
Hyektor ham do’ng qalqonini tirab qo’yib devor poyiga
Xuddi shunday mardanovor turar edi raqibni kutib.

Bu parchada yunon pahlavoni ajdahoga, Hyektor uni yengish uchun shay turgan bahodirga tenglashtirilgan.

Skif-turkiylarning kuchli hayvonlarni ona deb sig’inishi odatlari «Iliada» qahramonlari hayotida ham o’z ifodasini topgan. Doston tasvirigacha bo’lgan syujetlarda Troya shohi Priamning o’g’li Parisni bir ona ayiq o’z suti bilan boqqanligi haqidagi rivoyat keltirilgan. Voqyea bunday bo’lgan edi:

Parisning onasi Hyekuba homilador edi. Oy-kuni yaqinlashganda tush ko’radi. Tushida cho’g’ tug’adi, natijada troya dahshatli yong’in ichida qoladi. Hyekuba tushini eriga aytadi. Ta’birchi kohinlar Hyekuba o’g’il tug’adi, lekin bu farzand Troyaning halokatiga sababchi bo’ladi, deb aytishadi. Priam chaqaloq dunyoga kelgach o’z quli Ageleyga uni baland Ida tog’ining o’rmoniga tashlab kelishini buyuradi. Bola o’lmaydi. Bir ona ayiq o’z suti bilan boqadi. Oradan yillar o’tgach Ageley toqqa kelib, tasodifiy holatda bolani topadi. Unga Paris deb nom qo’yadi va tarbiyalay boshlaydi. U cho’ponlar orasida ulg’ayib, go’zal va jasur yigitga aylanadi. Skif-kimmerlar hukmdori Мadining forsiy adabiyotdagi muqobili Afrosiyob haqidagi adabiy syujetlarda ham Priam, Paris, Ageley va cho’ponlar obraziga yaqin voqyealar mavjud. «Shohnoma»da tush va uning hayotiy rivoji Afrosiyob kechinmasi orqali berilgan:

Afrosiyob qo’rqinchli tush ko’radi va vahimali qichqirish bilan o’rnidan turadi. Saroy xizmatkorlari uning ukasi Gersevazga xabar beradilar. Afrosiyob ukasiga tushida bir biyobon ko’rganligi, unda g’ij-g’ij ilonlar, kalxatlar borligini aytadi. Atrof qoyalar bilan o’ralgan, butun borliq qovog’ini solgandek vahimali. Afrosiyobning chodiri bir chetda turardi. Shu paytda shiddatli bo’ron ko’tarilib, mamlakat bayrog’ini yulib ketadi. Atrofda daryo-daryo bo’lib qonlar oqadi. Eron lashkarining qo’llarida nayza, ularga boshlar osilgan, qo’ltig’ida ham bosh qisilgan. eroniy suvoriylardan biri Afrosiyobning taxtiga hujum qiladi. Uni asir tushirib, qo’lini bog’lab sudrab ketishadi. U atrofga zor-zor tikiladi, hyech kim madad bermaydi. Afrosiyobni Kaykovus huzuriga olib keladilar. Uning yonida 14 yoshli chamasidagi bola o’tirardi. U avval Afrosiyobning bog’liqligini ko’rib hayron bo’ladi, so’ngra devdek na’ra tortadi, tig’ bilan uning jasadini ikki bo’lak qiladi.

Ta’birchilar Afrosiyobning tushini shunday sharhlaydilar: Ey podshoh, o’ngingda Erondan boshlig’i ajdardek ko’p lashkar ko’rasan. Uning boshlig’i yosh shahzoda bo’ladi. Yonida keksalar rahnomolik ko’rsatishadi. Uning yulduzi porloq. U yurtingni chaqmoqdek kuydiradi. Turklardan bir kishi ham qolmaydi, jahonni qip-qizil qon qoplaydi. Shohimiz ularning qo’lida halok bo’ladi, turoniylar dili chok-chok bo’ladi. Bu janglarning sababi Siyovush bo’ladi.

Afrosiyob tush ko’rganida o’gay onasining tuhmatiga uchragan Siyovush otasi Kaykovus topshirig’i bilan Turon mamlakatiga qarshi jang qilayotgan edi. Afrosiyob o’z arboblari bilan maslahat qilib, Siyovush bilan yarashishga kelishadi. Lekin tushdagi voqyelarda Afrosiyobning o’limi ko’ringan edi. Tushning hayotiy rivoji shunday kechadi: Siyovush Afrosiyob bilan sulh tuzishga norozilik bildiradi. Siyovush Eronga qaytib ketmaydi. Turonda qoladi va Afrosiyobning qiziga uylanadi. Afrosiyob fitnachi odamlarning so’ziga ishonib va o’z taxtining ketishidan cho’chib, Siyovushni o’ldiradi. Bu paytda qizi homilador edi. Afrosiyob qizi va tug’iladigan chaqaloq taqdirini vaziri Payronga topshiradi. Payron shohning ko’rsatmasi bilan bolani cho’ponlar o’rtasiga tashlab ketadi.

Troya shohi Priam mamlakat boshiga keladigan g’am-anduhdan qutulish uchun o’g’lini yo’qotishga urinmasin, Afrosiyob Siyovushni o’ldirib, nevarasi Kayxisravni cho’ponlar o’rtasiga tashlab keltirmasin baribir tushdagi voqyealar hayotiy ifodasini topadi. Afrosiyobni tushda ko’rgan shahzoda Kaykovus va o’zining nevarasi Kayxisrav o’ldiradi. Turon mamlakati boshiga balo-ofatlar yog’iladi. Paris yunon malikasi Yelenani olib qochib kelishi Troyani o’t ichida yoqadi.

«Iliada»da Hyektorni dafn etish marosimi tasvirlari «Devonu lug’otit-turk»da keltirilgan «Alp Er To’nga» marsiyasini yodga soladi. Hyektor o’limi uchun shoh saroyida yig’ichilar chaqirilishi, jasad boshida avval xotini, so’ngra onasi, turli kishilar o’z dardini aytib yig’lashida yaqin o’xshashlik bor.

Yunon va Troya urushi o’n yil davom etadi. «Iliada»da o’ninchi yil janglari tasvirlangan. Hyektorning o’limi bilan urush tugamaydi. Yunonlar va troyaliklar o’rtasidagi urushning so’nggi voqyealari antik adabiyotda ushbu voqyeaga bag’ishlangan bir necha dostonlarda aks etgan. O’z qahramonlaridan ajralgan troyaliklar yunonlar bilan jangga tushishdan cho’chib qoladilar. Shunday paytda Penfesilin boshchiligidagi suvoriy ayollar – amazonkalar yordamga kelishadi. Troya shahrida amazonkalar paydo bo’lishi bejiz emas. Amazonkalarning yordamga kelishi troyaliklar turkiy qavmlar ekanligiga yana bir bor ishonch uyg’otadi. Chunki amazonkalar – skiflar qabilasidandir. Ehtimol, ular o’z qavmlari jangda talafotga uchrayotganligi uchun yordamga kelgan edilar. Penfesilin o’z qizlari bilan yunonlarni kemalari turgan qirg’oqqacha quvadi.

Antik yunon mifologiyasi va tarixiy kitoblarda amazonkalar to’g’risida boy ma’lumotlar berilgan. Eramizdan oldingi XIII asrda amazonkalar shohi Penfesiliya, undan avvalgisi Antiopa bo’lgan. Мiloddan avvalgi IV asrlarda esa jasur ayol Felestris shoh hisoblangan. Amazonkalar skif, ba’zan massaget qabilalariga nisbat beriladi. Tarixchilarning guvohlik berishicha, amazonkalarning chap siynasi kesib tashlangan. Buning sababi kamondan o’q otishda qulay bo’lishi e’tiborga olingan. Amazonkalarga xos bu odat tasviriy san’at asarlarida ham o’z ifodasini topgan. Tarixchi Strabon Tomir (To’maris)ni Qofqaz amazonkalari malikasi deb ko’rsatgan. Aleksandr Мakedonskiy Sirdaryo atrofida amazonka malikasi bilan uchrashganligi haqida ma’lumotlar bor. Yoki o’tmishda Qoraqalpog’iston hududida Samiram (Tamiram) nomli amazonkalar shahri bo’lgan. Xullas, amazonkalar qadimiy turkiylar qavmiga mansub suvoriy ayollardir.

Gerodotning «Tarix» kitobida ham amazonkalar hayotiga keng o’rin berilgan va ular skif qavmiga mansubligi ko’rsatilgan. Amazonkalar bilan bog’langan rivoyatlarda qadimgi turkiy ayollarning alp yigitlardan qolishmas darajadagi bohodirligi, mardligi, sevgisiga vafodorligi, aqlli va donologi ulug’lanadi.

Eor Pata(Erlardan kuchli)lar qissasi

Ellinlar amazonkalar bilan jang qildilar (skiflar amazonkalarni «eor pata» deb ataydilar. Bu so’z ellin tilida erlardan kuchli, erlarni o’ldiruvchi degan ma’noni beradi. Eor – er, pata — o’ldirmoq). Ellinlar Fermadont (hozirgi Termi, Qora dengizga quyiladi) daryosi yonidagi g’olibona dahshatli jangdan so’ng uch kemaga o’tirib, uylariga qaytdilar. O’zlari bilan asirlarni ham olishgan edi, chunki omadi kelib, jangda ko’pgina amazonkalarni tiriklayin qo’lga tushirishgan edi. Ochiq dengizda amazonkalar ellinlarga hujum qildilar va erkaklarni qirib tashladilar. Lekin amazonkalar kemani boshqarishni bilishmas edi. Ular kemani to’lqinlar harakati bo’yicha qo’ydilar. Nihoyat, kema shamol yo’liga tushib, Мeotida (hozirgi Azov dengizi) kO’liga kelib tO’xtadi. Amazonkalar kemalardan tushdilar va gandiraklaganlaricha atrofga alang-jalang boqdilar. So’ngra yilqilar to’dasini ko’rishdi va ularni tutib oldilar. Bu joylar skiflarniki edi. Amazonkalar otlarni minib olishar ekan, skiflar yeri bo’ylab o’z harakatlarini davom ettirdilar.

Amazonka qabilasining tili va kiyinishi skiflar uchun notanish edi. Shu sababli, ular amazonkalar kutilmaganda qayerdan paydo bo’lishganiga hayron qolishdi. Skiflar notanish qavm bilan jangga kirishdilar. Jangdan sO’ng ulardan bir nechtasining jasadi skiflar qo’liga tushdi. Shunday qilib, notanish qavmlar ayol ekanligi ma’lum bo’ldi. Skiflar bu ayollarni o’ldirmaslikka, soni qancha bo’lsa, shuncha skif yigitlarini ularning huzuriga jo’natishga qaror qildilar. Skif yigitlari amazonkalar qarorgohidan yaqinroqda o’zlari uchun kulba qurdilar. Skif oqsoqollarining kelishuviga ko’ra, agar amazonkalar ularning qarorgohiga borayotgan yoshlarni quvsa, yigitlar jangga kirishmasligi, qochishi kerak edi. Amazonkalarning ta’qibi to’xtasa, yigitlar yana ularning qarorgohiga yaqinlashishi lozim edi. Skiflarning maqsadi amazonkalardan farzand ko’rish edi.

Skiflar jo’natgan yigitlar buyruqni bajarishga kirishdilar. Ayollar ham yigitlar dushmanlik niyatida kelmaganligini angladilar, bu ularga osoyishtalik baxsh etdi. Kundan kun ular bir-birlari bilan do’stlashib bordilar. Yigitlarda ham amazonkalarday qurol va otdan tashqari hyech narsa yo’q edi. Ular bir xil turmush tarzini kechirdilar. Ovchilik va talonchilik bilan shug’ullandilar.

Bir kuni tush paytida amazonkalar shunday qilishdi: atrofga bitta yoki ikkitadan bo’lib tarqalishdi. Ularning harakatida go’yo zaruriy bir ehtiyoj kutilayotgandek edi. Bunday holatni ko’rib qolgan skiflar ham shunday qilishdi. Yigitlardan biri amazonkalardan birining oldini to’sib, xohish bildirgan edi, u yigitni haydamadi, aksincha, o’zi bilan aloqa qilishga ruxsat berdi. O’zaro gaplashish ularga qiyin edi. Chunki ular bir-birlarining tillarini tushunishmas edi. Amazonka ayoli skif yigitiga qo’l harakati bilan ertaga shu joyga do’stini ham olib kelish, ular ham ikki kishi bo’lishini tushuntirdi. Yigit do’stlarining huzuriga qaytar ekan, voqyeani boshqalarga ham aytdi. Ertasi kuni belgilangan joyga o’rtog’i bilan keldi va u yerda ikkita amazonka kutayotganligini kO’rdi. Bu voqyeani boshqa yigitlar ham bilishdi. Qolgan amazonkalarni ham o’zlariga o’rgatib oldilar.

Shundan so’ng qarorgoh birlashtirildi. Ular birga yashay boshladilar. Har bir yigit o’zi birinchi marta aloqa qilgan ayolni xotinlikka oldi. Erlar xotinlarining tilini o’rganolmadilar, lekin ayollar erlarining tilini o’zlashtirib olishdi. Shunday qilib, bir-birlarini tushunadigan bO’lishdi. Bir kuni erkaklar xotinlariga shunday dedi:

– Bizning ota-onalarimiz, mol-davlatimiz bor. Biz bunday hayotga boshqa toqat qilaolmaymiz. O’z yurtimizga qaytishni, yana qavmimiz bilan birga yashashni istaymiz, sizlarni ham olib ketamiz va ayollarimiz bilan birga yashaysizlar.

– Amazonkalar erlariga shunday javob berishdi:

– Biz sizlarning ayollaringiz bilan birga yashay olmaymiz, chunki bizlarning urf-odatlarimiz boshqacha. Biz kamondan o’q otamiz, nayza irg’itamiz, otda sakraymiz, chavandozlik qilamiz. Afsuski, biz, ayollar qiladigan ishlarga o’rganmaganmiz. Sizning ayollaringiz yuqorida eslatilganlarning birortasi bilan shug’ullanishmaydi, ular faqat ayollarning ishlarini bajaradilar, ov qilmaydilar, umuman, hyech qayerga chiqmaydilar. Shu sababli, biz ular bilan chiqisha olmaymiz. Agar sizning xotiningiz bo’lishimizni istasangiz, o’zlaringizni sof vijdonli deb hisoblasangizlar, u holda ota-onalaringizning huzuriga boringizlar va tegishli meroslaringizni olib qaytingizlar. Shundan keyin birga yashaymiz.

Yigitlar xotinlarining so’zlariga quloq soldilar. Ota-onalarining huzuriga borib, tegishli merosni olib, amazonkalar oldiga qaytdilar. Bu voqyeadan so’ng xotinlari erlariga shunday deyishdi:

– Aql bovar qilmas hodisadan qo’rqayapmiz. Endi bu o’lkada yashash juda og’ir. Chunki siz bizning baxtimiz uchun otalaringdan ajraldilaring. Biz esa mamlakatingiz uchun ulkan gunohga botdik. Agar siz bizni xotinlikka olmoqchi bo’lsalaringiz, u holda birgalikda shunday qilaylik: bu mamlakatdan ko’chamiz va Don daryosining narigi tomonlariga o’tib yashaymiz.

Yigitlar bu taklifga ham rozi bo’lishdi. Ular Dondan suzib o’tishib, sharqqa uch kun — Azov dengizidan shimol tomonga yo’l oldilar va shu yerda yashab qoldilar. Savromat ayollari – amazonkalar o’zlarining qadimiy odatlarini saqladilar: o’z erlari bilan, ba’zan ularsiz ham yolg’iz ovga chiqdilar, sayohat qildilar, erkaklarga xos kiyimlarni kiydilar.

Savromatlar skifcha gapiradilar. Ularning nikohdan o’tish odatlari mana shunday: qizlar dushmanlarini o’ldirmagunlaricha erga chiqmaydilar. Ayrimlari kampir bO’lib, o’lib ketsalar-da, bu odatlarini tark etmaydilar.

* * *

«Iliada»da tasvirlangan yana bir muhim dalil turkiylarning maishiy turmush tarzi bilan bog’liq. Skif, massaget qabilalari, Gerodot yozganidek, chorvachilik bilan shug’ullanib, sutli ovqatlar bilan turmush kechirishgan. Yunon mifologiyasiga ko’ra, Troya shahrini Zevsning o’g’li Dardanning evarasi Il qurdirganligi haqida shunday afsona mavjud:

«Kunlardan bir kuni Il Frigiyada pahlavonlar musobaqasiga qatnashib, hamma qahramonlarni birma-bir yengadi. Ushbu muvaffaqiyati evaziga Frigiya shohi Ilga ellik nafar yigit va ellik nafar navnihol qiz tortiq kiladi. Bundan tashqari, shoh unga bir targ’il sigir ham beradi-da, Ilga shu sigir ketidan ergashib ketaverishni va u to’xtagan yerda shahar tiklashni amr etadi. Frigiya shohining aytishicha, sohibkaromat kohin, o’shal shahar ulkan shon-shavkatga muyassar bo’lg’ay, deb bashorat qilganmish. Il shoh buyurganidek, ish ko’rdi. U sigir ketidan ketaverdi. Il ham mana shu tepalikni manzil aylab, u yerda shahar tiklay boshladi. Shu shaharga, shoh Il sha’niga Ilion (Troya) deb ot qo’ydilar».

Troya-yunon urushidagi yunon bahodirlaridan biri Itaka shohi Odesseydir. Мana uch ming yildirki, Odessey yunonlarning sevimli qahramoni. Lekin «Iliada»da asar ijodkorining butun mehri troyaliklar tomonida bo’lganidek. «Odissey»da bu ruh yanada bo’rtib ko’rinadi. «Odissey»ning turkiylarning antik qatlamga mansub asarlari bilan juda o’xshash tomonlari bor. Bunday yaqinlikni «Alpomish» va «Qo’rqut ota kitobi» eposlari misolida ko’ramiz.

«Odissey» va «Alpomish» dostonlari syujetida yaqinlik ko’rinsa-da, lekin asardagi qahramonlik ideallari bir-birlaridan farq qiladi. Qadimshunos A.Alimuhammedov shunday yozgan edi: «Gomer asarlarini «Alpomish» asarlariga muqoyasa qilish, O’rta Osiyo xalqlarining mashhur qahramonnomasi «Iliada» va «Odissey» poemalarining bevosita ta’siri ostida maydonga kelgandir, degan fikrni bildirmaydi. Bu asarlar o’rtasidagi yaqinlikni faqatgina Yunon va O’rta Osiyodagi ijtimoiy hayotning ma’lum tarixiy sharoitlarda bir-biriga yaqin bo’lganligi bilan izohlash mumkin, xolos».

«Alpomish» va «Odissey» dostonlari o’rtasidagi yaqinlik syujet hamda badiiy tasvir vositalarida ko’rinadi.

«Odissey» 24 qo’shiqdan iborat. Asarning teng yarmi – 13 dan 24 gacha bo’lgan qo’shiqlar syujeti, hatto qahramonlar taqdiri «Alpomish»ga hamohangdir. Jangga ketgan Odissey va Alpomish uzoq vaqt vataniga qaytib kelmaydi. Alpomish yetti yil Qalmoq elida zindonda yotadi, Odissey urushdan so’ng yana o’n yil dengiz to’foni natijasida sarson-sargardonlikda yuradi. Har ikki dostondagi yaqinlikning bosh o’zagi ko’p yillar yurtidan uzoqda yashagan qahramonlarning o’z xotinlari to’yiga yetib kelishidir.

Yigit uylanganidan so’ng jang, sayohat va boshqa tasodifiy voqyealar sababli yosh xotinini tashlab ketib qolishi, xotini eri o’lganligi to’g’risida yolg’on xabarni eshitib, xushtoriga tegishga rozi bo’lishi, to’y belgilangan kuni erning yetib kelishi voqyeasi jahon xalqlarining ko’pgina epos va ertaklarida o’z aksini topgan. Chunonchi, o’rta asrlar jahon xalq og’zaki ijodida yaratilgan fransuzlarning Ulug’ Karl haqidagi epopeyasida, inglizlarning «Shoh Gorn» dostonida, ruslarning «Dobrinya va Alyosha», «Churila va David Popovich» blinasida yigitlarning o’z xotinlari to’yiga yetib kelishi tasvirlari mavjud. V.М.Jirmunskiyning «Alpomish» tadqiqiga bag’ishlangan maqolasida bu mavzu keng o’rganilgan. Shuningdek, «Alpomish» va «Odissey»da qahramonlarning keksa otasi (Boybo’ri va Laert), balog’atga yetmagan o’g’illari (Yodgor va Telemax), sodiq qul cho’ponlari (Qultoy va Evmiy)lar ham asar syujetidagi yaqinliklarni ko’rsatuvchi omillardandir. Lekin ular o’zlarini birdaniga tanishtirmaydilar. Qahramonlar taqdiridagi yaqinliklarni solishtirib ko’raylik.

«Alpomish» dostonida

Alpomish karvonlar bilan qo’shilib, o’z yurtining yayloviga yetib keladi. Yilqi boqib yurgan cho’ponlardan bu yilqilar kimniki, deb so’raydi. Ular yilqilar Hakim (Alpomish) degan bekniki ekanligi, lekin u qalmoq elida zindonda o’lib ketganligini, hozir hamma davlat Ultontoz qo’liga o’tganligini aytishadi. Alpomish ko’rgan tanishlarining hyech biriga o’zini tanitmaydi. Singlisi Qaldirg’och oyim tuya boqib yurganini ko’radi. Singlisi va boshqa cho’ponlar ham boqib yurgan qo’y hamda mollarini Ultonniki deb aytishadi. Bir mo’ysafid cho’pon «Armon bilan farzandimdan ayrildim», deb yig’lab turganini ko’radi. Bu chol o’zining sodiq quli Qultoy edi. Alpomish faqat unga o’zini tanishtiradi. Qultoy Alpomishga Ultontoz o’ttiz kundan beri Barchinoyni xotinlikka olmoqchi bo’lib, to’y berayotganligini aytadi. Alpomish Qultoyning kiyimlarini kiyib, Ultontoznikiga jo’naydi. Alpomish to’yga yilqiboqar qiyofasida kirib keladi. Yo’lda onasi, o’g’li, to’yxonada otasi va xotinini ko’radi, lekin hyech biriga o’zini tanitmaydi. To’yxonada yoy otish musobaqasi bo’ladi. Yoylarning hammasi Qultoy qiyofasidagi kishining qo’lida sinadi. Alpomishning o’n to’rt botmonlik yoyini olib kelishni taklif etadi. Barchinoy otasining yoyini o’g’li Yodgor olib kelishini aytadi. Balog’atga yetmagan Yodgor Arpali ko’lida ajriq bosib yotgan yoyni olib kelishi qiyin edi. Qultoy qiyofasidagi Alpomish unga ko’ngildan madad istab turadi. Alpomish yoy otishda g’olib keladi. U otgan o’q zarbidan chinor shoxi sinib ketadi. Odamlar Qultoy niqobidagi kishini Alpomish gumon qiladilar. Lekin sir ochilmaydi. Alpomish bazmda Barchinoyni aytishuvda yengib chiqqandan so’ng o’zini tanishtiradi.

«Odissey» dostoni

Odissey o’zi shohlik qilgan Itaka oroliga azob-uqubat bilan yetib keladi. Lekin u qayerga kelganini bilmas edi. Yana vahshiy yovvoyi odamlar qo’liga tushib qolishdan qo’rqib, ko’z yoshi ham qiladi. Shunday paytda ma’buda Afina paydo bo’lib, unga o’zini qanday tutishni o’rgatadi va qari gadoy qiyofasiga solib, sodiq quli Evmeyning chaylasiga yo’liqtiradi («O’n uchinchi qo’shiq»). O’zi esa Telemax (Telemax ham otasini izlab, sarsonlikda yurgan edi) tomon uchib ketadi. Odissey Evmeyning chaylasiga yetib keladi. Kechqurun barcha cho’ponlar to’planadilar. «Gadoy» Evmeyga o’z sarguzashtlari haqida har xil qiziqarli voqyealarni hikoya qiladi. Odisseyni ko’rganligi va u qaytib kelishini aytadi («O’n to’rtinchi» qo’shiq»). Telemaxning tushiga Afina kiradi va unga tezroq Evmeyning chaylasiga yetib kelishini aytadi. Odisseyda shaharga, shoh saroyiga xizmatga borish niyati tug’iladi. Evmey begona yurtda qiynalishi, o’zlari bilan shu yerda qolishini maslahat beradi («O’n beshinchi qo’shiq»). Telemax Evmey yashaydigan joyga yetib keladi. Evmeyni shaharga, onasi Penelopa huzuriga o’g’li yetib kelganligini aytish uchun jo’natadi. Odissey o’g’liga o’zini tanishtiradi. Ular Penelopaga xushtor bo’lganlar va to’y taraddudini ko’rayotganlardan o’ch olish yo’lini izlaydilar («O’n oltinchi qo’shiq»). Telemax shaharga jo’naydi va Evmeyni mehmon huzuriga qaytarib yuboradi. Telemax onasi va qarindoshlari bilan ko’rishadi. Shu paytda Evmey Odissey bilan shaharga jo’naydi. Odissey uyiga keladi, yigirma yil avval ko’rgan iti uni taniydi. Odissey Penelopaning xushtorlari bazm qilib o’tirgan saroyga kiradi. Ulardan sadaqa so’raydi. Xushtorlar uni masxara qilishadi. Penelopaning xushtori Antinoy uni quvib yuborish uchun unga qarshi o’rindiqni uloqtiradi. Bu voqyeni kuzatib turgan Penelopaning g’ashi keladi. Xonadonida begona kishi xafa bo’lganidan ranjiydi, juldur kiyimli gadoy bilan suhbatlashishni istaydi. Go’yo undan Odisseyning xabarini sezgandek bo’ladi («O’n yettinchi qo’shiq»). Xushtorlarning bazmi davom etadi. Xushtorlardan Yevrimax Odisseyni haqoratlaydi va unga o’rindiqni uloqtirdi. Xushtorlar uylariga tarqalib ketishadi («O’n sakkizinchi qo’shiq»). Odissey Penelopaga o’z taqdirini so’zlab beradi. Odissey yaqin kunlarda o’z uyiga qaytib keladi, deb aytadi. Shoh saroyidagi tarbiyachi Yevrekley Odisseyni oyog’idagi belgidan tanib qoladi. Lekin sir fosh etilmaydi. Penelopa qalandar niqobidagi Odisseyga agar jazmanlaridan qaysi biri Odisseyning kamonidan o’q uzib, o’n ikki xalqadan o’tkaza olsa, shunga turmushga chiqishga rozilik berishini aytadi («O’n to’qqizinchi qo’shiq»). Penelopa Odisseyning o’q va yoyini keltiradi. Xushtorlarning birortasi hatto kamonning o’qini tortolmaydi. Shunday paytda Odissey sodiq quli Evmey va boshqalarga o’zining kimligini tanishtiradi. Xushtorlardan kamondan o’q otish uchun ruxsat so’raydi. Ular qarshilik ko’rsatadilar. Telemax kamonni otasining qo’liga beradi. Odissey Penelopa qo’ygan shartlarni bajaradi («Yigirma birinchi qo’shiq»). So’ngra o’qlarni sevgilisining xushtorlariga qaratadi. Avval Antinoyni, so’ngra Yevrimaxni qulatadi. Xushtorlarni jazolashda o’g’li Telemax, so’ngra quli Evmey yordam beradi. Odissey xushtorlarga ko’maklashgan qul va cho’rilarini ham jazolaydi. («Yigirma ikkinchi qo’shiq»). Xalq va Penelopa Odisseyning tirikligiga, u qaytib kelganiga ishonadi. Odissey va Penelopa topishib, o’zlarining boshidan o’tganlarini bir-birlariga aytib berishadi («Yigirma uchinchi qo’shiq»). Odissey erta tong turib, qarib qolgan otasi Laert huzuriga boradi («Yigirma to’rtinchi qo’shiq»).

«Odissey» va «Alpomish»da qahramonlar taqdirining yaqinligiga Barchinoy va Penelopaning o’z sevgisiga sadoqati asosiy vazifani bajaradi. E’tibor bersak, har ikkala asarda ham ularning erlari o’lgan deb hisoblanadi. Lekin xotinlar erlarining kelishiga ishonishadi, shu sababli xushtorlariga shartlar qo’yishib, visol daqiqalarini kechiktira boshlaydilar. Har ikki asarda ham shart kamondan o’q otish bilan bajariladi, musobaqada esa ularning o’ldi deb hisoblangan, boshqa bir qiyofadagi erlari g’olib kelishadi va so’ngra o’zlarini tanishtiradi. Kamondan o’q otish voqyeasi qahramonlar taqdirida hal qiluvchi detallardir. Ayni paytda bu detal ikki dostondagi syujet yaqinligining asl sababini ochib beruvchi vosita ham hisoblanadi. V.М.Jirmunskiy «Alpomish» va «Odissey»da kamondan o’q otish voqyeasi yaqinligini Gerodot asarlarida berilgan skiflar afsonasiga bog’laydi.

Gerodot keltirgan afsonada skif va yunonlar qarindoshligi jihatidan tarixiy haqiqatga yaqindir. Kamon majoziy mazmunga ega. «Alpomish»da kamon qabilaning qadimgi ota-bobolardan qolgan va so’nggi avlodlarga ham meros bo’lib kelayotgan bir belgisi sifatida ko’rinadi. Kamon Alpomishning bobosi Alpinbiyniki, Hakim yetti yoshida kamondan o’q uzib, odamlarni qoyil qoldirib, Alpomish nomini olgan edi. Bu kamon unga butun umr bo’yi hamrohlik qiladi, taqdiridagi haqiqatni tiklash — Barchinoyga yetishishida ko’maklashadi. Alpomish ham kamonni o’g’li Yodgorga meros qilib qoldiradi. Yetti yoshli Yodgor o’n to’rt botmonlik yoyni ko’tarishda Alpomish unga ilohiy kuchdan madad so’rab turishida bu mazmun aks etgan. Demak, kamon – to’g’rilik, bosqinchilarga shafqatsizlik, haqiqat qoshida egilmaslik ramzidir. Bunday ramziy ma’noni «Odissey»dagi kamon voqyeasida ham ko’ramiz.

Kamon voqyeasi dastlab turkiylar mifologiyasidagi Skif obrazi bilan bog’lanadigan bo’lsa, «Alpomish» ham jahon adabiyotida tamali juda erta qo’yilgan asarlar qatoriga kiradi. Dostonda o’n to’rt botmonlik kamon egasi Alpinbiy skiflar – qadimgi turkiy qabilalarining bobosi, Alpomish shu boboning qahramonligini davom ettirib, o’z qabilasi uchun kurashib kelgan xoqonlari, Yodgor qavmning orzu etilgan so’nggi qahramonidir.

Odisseyning taqdirida ham minglab jangchilarning hayoti umumlashtirilgan, deb aytish mumkin. Odissey o’z xotini va yolg’iz farzandini 20 yil ko’ra olmaydi. Urush va qiyinchiliklar tufayli vatanidan uzoqda yuradi. Skif shohlari Protofey va uning o’g’li Мadi 28 yil Kichik Osiyoga hukmdorlik qilar ekan, ular bilan jangu jadal yo’llarini bosib o’tgan skif yigitlar ham shuncha yil davomida o’z xotinlaridan uzoqda yashaydilar. Gerodot «Tarix» kitobida bir voqyeani keltiradi (albatta, bunga ishonish qiyin): uzoq yillar davomida erlarini ko’rmagan skif ayollari o’z qullariga erga chiqib ketadilar. Qullar esa skif jangchilari yurtiga qaytib kelishi, xotini va bolalarining oldiga yaqinlashishiga qurol olib qarshilik ko’rsatishadi. Barchinoy va Penelopa uzoq yillar jangda ayriliqda yurgan jangchi yigitlarning xotinlaridagi sadoqatni umumlashtiruvchi obrazlardir.

Yunon va Turkiylar og’zaki ijodida tepako’zlar obrazi

Yunon va qadimgi turkiy xalqlar og’aki ijodidagi yana bir yaqinlik bir ko’zli odamlar haqidagi syujetlardir. Akademik V.М.Jirmunskiy kuzatishicha, Мarkaziy Osiyo xalqlari og’zaki ijodida bir ko’zli maxluqlar haqidagi afsonalarning 12 xili uchraydi. «Odissey» («To’qqizinchi qo’shiq»)da bir ko’zli odamxo’r obrazi yaratilgan. Turkiylarning qadimiylik qatlami saqlangan «Qo’rqut ota kitobi»da bunday obraz Tepa ko’z nomi bilan beriladi. Savol tug’iladi: bir ko’zli odamsimon maxluqlar dastlab qaysi xalqlar adabiyotida paydo bo’lgan. F.Sulaymonovaning fikricha, «Qadimiy yunon asarlari bilan bog’liq bo’lgan afsonalar O’rta Osiyo xalqlari o’rtasida tarqalishi uzoq tarixga ega». Og’zaki ijodning mahsuli bo’lgan mif va afsonalar Мarkaziy Osiyo xalqlariga ham yetib kelganiga, shubha yo’q. Lekin bir ko’zlilar haqidagi afsonalarninng tug’ilish zamini qadimgi skif turkiylarning eposlariga bog’lanadi. VII asrda yashagan Aristey Мarkaziy Osiyoga sayohat qilib, issedonlardan bir ko’zli odamlar haqida eshitadi va «Arimaspe» dostonini yaratadi. Gerodot bu dostonni skiflar hayoti bilan bog’laydi. Uning yozishicha «arifa» skiflarda «bir», «spu» «ko’z» degan ma’noni beradi.

«Odissey»da bir ko’zli odamlar haqidagi hikoyat quyidagi mazmunga ega:

Odissey Troya urushidan qaytar ekan, ularning kemasi bir ko’zli odamsimon devlar-sikloplar yurtiga tushib qoladi. Odissey hamrohlaridan o’n ikki kishini olib, orolni aylangani ketadi va bir g’orga to’g’ri keladi. G’orda savat-savat pishloqlar, xumchalarda qatiq-qaymoqlar turar edi. Bir mahal g’orga qo’y va echkilar podasi kirib keladi. Uning orqasidan manglayida katta bir ko’z bitilgan bahaybat Polifem paydo bo’ladi. Odissey va uning sheriklari qo’rqib ketishadi. Polifem ularga baqirganicha ikkitasini bahaybat qo’llarida ko’taradi va yerga urib o’ldiradi. So’ngra ularni tilka-pora qilib, qozonga soladi. Ovqatlangach, g’orning og’ziga tosh qo’yib, uyquga ketadi.

Bu tosh shunchalik katta ediki, uni yigirma to’rt g’ildirakli arava ham ko’tarolmas edi. Odiscyey bir ko’zli maxluqni o’ldirishni cho’tlaydi, lekin toshni qo’zg’ata olmasligiga ishonadi. Ertasi kuni Polifem yana ikkita odamni o’ldirib, nonushta qiladi va g’orning og’ziga tosh qo’yib, mollarini boqqani olib ketadi. Odissey va uning sheriklari g’orda yotgan xodalarning uchini kuydirishib, nayza qilishadi va uni yashirib qo’yishadi. Polifem kechqurun yana ikkita odamni o’ldirib, ovqat tayyorlaydi. Shunda Odissey o’zi tayyorlagan sharobdan unga uzatadi. Sharob Polifemga ma’qul tushadi va qayta-qayta ichadi hamda kayfi oshib, uyquga ketadi. Shunda Odisseyning ishorasi bilan sheriklari xodaning uchini o’tga tutishib, siklopni ko’ziga suqishadi. Odissey sharob tutganida Polifemga o’zining ismini Hyech kim deb tanishtirgan edi. Ko’ziga kirgan og’riqdan faryod chekadi, bir ko’zli maxluqlar g’or og’ziga to’planadilar, kim xafa qilganligini so’rashganda «Hyech kim!» deb javob beradi. Odissey va qolgan sheriklari qo’y-echkilarning qorniga osilishib, g’ordan chiqib ketadilar. Odissey kemaga joylashib olganidan so’ng o’zini tanishtiradi. Polifemning otasi Poseydon esa o’g’lining qasdi uchun uning dushmaniga aylanadi.
Bir ko’zli maxluq skif yoki yunon xalqlari o’rtasida yaratilgan bo’lmasin uning qiyofasida odamlar hayotiga chang soluvchi yovuz kishilarning obrazi umumlashtirilgan. Yunon shoiri Aristey Qofqaz tog’laridan oltoygacha sayohatda bo’lib, bir ko’zli odamlar – arimasplarni skiflar mamlakati bilan bog’laydi. Professor X.G.Ko’ro’g’li xalq og’zaki ijodida bir ko’zli odamsimon maxluqlar obraz tadqiqiga bag’ishlangan maqolasida Ural va Qofqaz tog’lari, Sibir va Qozog’iston cho’llarida yashaydigan turkiy xalqlar o’rtasida bir ko’zli bahaybat maxluqlar haqida katta material to’plaganligini bayon etadi. Turkiy qabilalar o’rtasida Tepa ko’z – ko’zi manglayida bitganlar haqida afsonalar ko’pligining adabiy manbalari mavjud. Tepa ko’z qahramonlar obrazi qadimgi o’g’uz qabilalari o’rtasida yaratilgandir. Yunon shoiri Aristey skiflar mamlakatida sayohatda bo’lganida ajabmaski, o’g’uzlar o’rtasida mavjud ana shunday syujetlarni eshitgan bo’lsa. Odissey bir ko’zlilar oroliga tushib qolgan joy ham Aristey bosib o’tgan yo’l – Qora dengiz atrofida bo’lishi, tabiiy.

O’g’uzlarning Tepa ko’zlar haqidagi hikoyatlari «Qo’rqut ota kitobi»da o’rin olgan. Uning asar sifatida tug’ilishi miloddan avvalgi VII asrga to’g’ri keladi. Bu eposda Aruz (Afrosiyobning o’g’li deb atalgan)ning o’g’li Bisot Tepa ko’zni o’ldiradi. X.G.Ko’ro’g’li ko’rsatishicha, «Qo’rqut ota kitobi»dan tashqari o’g’uzlar bahaybat bir ko’zlilar haqida yana ikkita afsonaviy asar yaratishgan. «Qo’rqut ota kitobi»ning VIII qo’shig’i «Bisot Tepa ko’zni qanday qilib o’ldirgani haqida» deb nomlanadi.

Aruz dushman bilan qattiq jang qilgan paytda o’zi turadigan yurtdan butun qarindoshlari bilan ko’chib ketadi. Shunday to’s-to’polon paytda o’g’lini yo’qotib qo’yadi. Vaqtlar o’tishi bilan Aruz yana o’z yurtiga qaytib, ko’chib keladi. Aruzning xizmatkorlari bir kuni qamishlar orasida sher bir bolani emizayotganligini ko’rib qolishadi. Bu xoqonning o’g’li edi.

Tepa ko’zni esa Aruzning cho’ponlari qo’ylar orasidan topishadi. Uning ko’rinishi odamga o’xshar, lekin bir ko’zli o’g’il bola edi. Aruz bir ko’zli bolani o’zi bilan uyiga olib ketadi, Bisot bilan birgalikda tarbiyalaydi. Tepa ko’z inson bolasi nimani yesa, shu bilan oziqlantiriladi. Bisot qanday tarbiya ko’rsa, shunday tarbiyalaydi. Tepa ko’z ulg’aygani sari bolalarning burnini qonatadi, xalqning tinchligini buza boshlaydi. O’g’uzlar undan zorlanadi. Aruz Tepa ko’zni uydan quvib yuboradi. Tepa ko’z o’g’uzlar orasidan chiqib ketar ekan, katta tog’da makon quradi va o’tgan odamning yo’lini to’sib, qaroqchiga aylanadi. Dalada birorta cho’pon qolmaydi. Tepa ko’z hammasini bir boshidan yeb tamom qiladi. U o’g’uzlarning boshlig’idan har kuni 60 ta odamni yeyish uchun talab qiladi. Qurqut ota u bilan muzokaraga borib, unga odamlar o’rtasida tarbiyalanganini eslatib, ikkita odam va besh qo’y keltirishga kelishadi. Tepa ko’zga qarshi kurashga kelgan pahlavonlarning hammasi yem bo’lishgandi. Bu orada Bisot uzoq sayohatdan qaytib keladi. Jangda halok bo’lishini sezgan Tepa ko’z Bisotga yalinadi. Bisot sher bolasiga xos kuch-qudrat bilan uning boshini oladi va o’g’uzlarni yaxshilikni bilmay qonxo’rlik qilgan Tepa ko’z zulmidan qutqazadi.

«Odissey» va «Qo’rqut ota kitobi»da berilgan bahaybat bir ko’zli maxluq hikoyati o’ziga xos g’oyaviy-estetik vazifani bajargan. Lekin Tepa ko’z Polifemga nisbatan ancha mukammal chiqqan. Tepa ko’zning yoshligidan o’limigacha bo’lgan hayotida ma’lum bir shaxsning – yaxshilikni yomonlik bilan qaytargan, sut bergan ota-onaga qarshi qonxo’rlik qilgan, ona yurti va xalqi boshiga zulm o’tkazgan yovuz kuchlarning obrazi umumlashgan. Tepa ko’z obrazi o’g’uzlarni, ayni paytda qadimgi turkiy xalqlarni qoni qo’shilmagan boshqa yurt kishisini o’z qabilasi ichkarisiga olib kirmaslikdan saboq bergan, uning qiyofasi odamga o’xshaganligi, mehr-muhabbat ko’rsatishga uringani bilan dushmanlik yo’lidan qaytmasligi badiiy manzara orqali ko’rsatilgan.

Akademik jug’rofshunos L.S.Berg ham «Ko’chuvchi etnograf syujetlar» maqolasida qozoq xalq og’zaki ijodidagi bir ko’zli odamsimonlar afsonasini keltiradi. Unda ifodalanishicha, qadim zamonlarda O’tim botir oltita sherigi bilan hozirgi Orskdan o’tib borar ekan, cho’lda bahaybat odam qo’y boqib yurganini ko’rishadi. O’tim sheriklari bilan uning oldiga yaqinlashadi. Cho’pon bir ko’zli dev bo’lib, ulardan bittasini tutib yeydi va qolganlarini g’orga qamab, chiqish joyini katta tosh bilan berkitadi. Bir ko’zli dev uxlab qolganida O’tim botir uning ko’ziga qizdirilgan nayza bilan sanchadi va g’ordan sheriklari bilan qo’y terisini yopinib chiqib ketadi.

Bu afsonada O’timbotir obrazi Odisseyning taqdiriga aynan monanddir.

Yunon tarixchilari barcha turkiy qavmlar to’g’risida to’la tasavvurga ega bo’lmaganlar, faqat Qora dengiz va Kaspiy dengizi atrofida yashagan skiflar hamda ularning qavmlarini yaxshi bilishgan. Мarkaziy Osiyoda yashaydigan (ularni forslar sak deb atashadi) yoki uzoq Shimoldagi skiflarning joylariga bormaganliklari sababli ular to’g’risida ham yetarli ma’lumotlar berishmaydi. Мasalan, Gerodot Xorasmiy (xorazmlik)larni tilga olgani holda ular haqida boshqa qavmlar (masalan, massagetlar)dek aniq ma’lumot keltirmaydi. Yunonlar uchun skif qavmlari afsonaviy, antiqa odamlar bo’lib ko’rinadilar. Go’yo bu o’lkalarda rang-barang xususiyatli: bir ko’zli, qishda bo’riga aylanadigan, echki tuyoqli, tovuq tusli, burgut qanotli, tilla taqinchoqli, boshida sochi bo’lmaydigan odamlar, hatto oltin junli qo’chqorlar ham bor deb eshitadilar.

Endilikda bir ko’zli bahaybat odamlar haqidagi afsonalar Kavkaz va Ural tog’lari, Sibir kengliklari va Qozog’iston cho’llarida yashagan turkiy qavmlar o’rtasida ko’plab uchrashi aniqlandi. Qozoq etnografi va tarixchisi Ch.Valixonov (1835-1865) Tepako’zlar haqidagi afsonaning quyidagi variantini yozib olgan.

Qo’yliboy baks qavmining shuhratli kishilaridan biri edi. U barcha bakslarga xo’jayinlik qilardi. Bir kuni Nodir Cho’loq ismli bashoratchi, parilar boshlig’i Qo’yliboyga yaqin kunlarda bir xotin farzand ko’rishi, u albastilarning podshosi bo’lishi, u tomonga borish xavfli ekanligidan xabar beradi. Qo’yliboy ham o’z odamlariga yaqinda qo’rqinchli bir tug’ilish bo’lishini ma’lum qiladi. Chindan ham ikki kundan keyin Qo’yliboyga qaysi bir boydan yordam so’rab, otliq keldi. Hamma qirg’izlar Qo’yliboy bor ekan, o’limdan boshqa barcha xavflardan u himoya qilishidan ko’ngli to’q edi. Qo’yliboy yo’lga chiqdi. U yordam so’raganlar yurtiga yetib keldi. Shamshirini o’ynatib, albasti bilan jangga shaylandi. Shu payt shamshiriga nimadir kelib urildi. Qo’yliboy kuchli ovoz bilan qichqirdiyu otidan yiqildi, nafasi ichiga tushdi, qo’rqinchdan tomirlari tortishdi. Og’zi va qulog’idan qora qon keldi. Og’riq zo’ridan hushidan ketdi. Qo’yliboy o’ziga kelgach, albastilar shohiga ko’zi tushdi. U qora otda, qora kiyimda, oyog’idan boshigacha temir niqobda, lekin bir ko’zli edi. Uning ko’zi peshonasiga bitgan bo’lib, shu qadar katta ediki, go’yo qimiz soladigan tavoqdek kelar edi.

Bu afsonadagi albasti obrazi ham o’z qiyofasi bilan Polifemni eslatadi. Albasti – Alp bosdi o’z ma’nosi bilan bahodirlarni yenguvchi, qahramonlarga qarshi kurashuvchi kuch sifatida yaratilgan obrazdir. Rus etnografi N.V.Ostroumov ham XIX asrda Qozog’iston cho’llarida yurib, bir ko’zli odamlar haqidagi ikki afsonani yozib oladi.

Birinchi afsona:

Chibindi tog’ida qirg’iz ovchisi yashab o’tgan edi. Uni Bo’ronbotir deb atashgan ekan. U har yili bahor boshlanishi bilan qurol-yarog’ini olib, tog’ning juda sokin joylariga ovga ketar va xotinining huzuriga kech kuzda, sovuq boshlangandan keyin qaytar edi. Bir kun Bo’ronbotir tog’da ona bug’uni ko’radi va uni otadi. O’lgan bug’uning yonida hozirgina tug’ilgan bolasi bor ekan. U oyoqqa turadi-yu, o’rmonga kirib ketadi. Bo’ronbotir o’z o’ljasining terisini shilib oladi, go’shtini burdalaydi va o’t yoqib, kabob qiladi. Kutilmaganda tog’ cho’qqisida go’zal yosh ayol paydo bo’ladi va «sigir o’ldi», deb baqiradi. Bo’ronbotir shu paytgacha bunday xilvat joyga ovga kelib, ayol kishining ovozini birinchi marta eshitishi edi. Go’sht qovurilib, Bo’ronbotir uni tanavvul qila boshlaganida kech tushib qolgan edi. Shu payt go’zal ayol gulxan yoniga keldi va ovchining ro’parasida o’tirdi. Bo’ronbotir ayoldan, ayol esa ovchidan ko’zini uzmas edi. Ovchi pichog’ining uchiga go’shtning parchasini ilintirar ekan, notanish ayolga uzatdi. Ayol go’sht parchasini qo’li yopilgan yengi bilan ushladi. Bo’ronbotir suyakni kamirayotgan edi, ayol xitob qildi: «Oh, olmos, o’tkir tig’li olmos». Bo’ronbotir suyakni kamirib, qo’lini o’tlar bilan arta boshladi. Ayol bu holatni ko’rib, ajablandi va shunday dedi: «Мoyni moy bilan artadilar». Shundan so’ng gulxan yonidan orqasi bilan tisarilgancha uzoqlashdi va bir zumda ovchining ko’z o’ngidan yo’qoldi. Bo’ronbotir bu oddiy ayol emas deb o’yladi. Daraxtning shoxlaridan kesib joy tayyorladi, o’tlardan to’shak hozirladi, uning ustiga kiyim-kechaklarini qo’ydi va o’zi qurol-yarog’ini olib, daraxtning ustiga chiqdi-yu, tonggacha kuzatdi. Tong otish paytida o’sha ayol keldi. Ovchining to’shagi ustiga uch sarjin o’tin, so’ng katta bir g’o’lani tashladi. Bu voqyeani kuzatib turgan Bo’ronbotir ayolga o’q uzdi. Yaralangan ayol shunday dedi: «Bo’ron, sen bizning qo’limizdan qochib qutula olmaysan. Otam, onam yoki opam, qaysilaridan biri seni albatta. o’ldiradi». Ayol jon berdi. Bo’ron qo’rqqanidan daraxtning ustidan quyosh chiqqanida tushar ekan, ayolning jasadi oldiga keldi. Мa’lum bo’lishicha, uning panjalari misdan ekan. Bo’ronbotir ayol «jez tirnoq» ekanligini gumon qilgan edi. Ovchi ayolning ikki qo’lidagi panjalarini ham kesib, cho’ntagiga soldi va yo’lida davom etdi. Bo’ronbotir boshqa joyda o’sha ayolning akasini o’ldirdi. Kuzda uyiga qaytdi, xotini bilan qishni birga o’tkazdi va bahorda yana ovga jo’naydigan bo’ldi. Kesilgan mis panjalarni esa xotiniga bildirmagan holda sandiqqa soldi va uni qulflab qo’ydi. U bu safar ovga do’sti bilan ketdi. Ular tog’ bo’ylab kezib yurishar ekan, bir to’da mollarni va qo’liga tayoq ushlagan keksa cho’ponni ko’rishdi. Bo’ron cholga yaqinlashdi. Cho’ponning boshi engashgan holda edi. Ovchi cholga salom bergach, u boshini ko’tardi. Cholning ko’zi bitta bo’lib, u manglayiga bitgan edi. Bir ko’zli chol ovchidan kim ekanligini surishtirdi. Uning Bo’ronbotir ekanligini bilgach, chol shunday dedi: «Мen seni qachonlardan beri kutayotgan edim. Ketdik, biznikiga boramiz». Chol ovchi va uning do’stini tog’dagi kulbasi – g’origa olib keldi. Podasini g’orga qamar ekan,

(Davomi bor)

Manba:http://kh-davron.uz