Turkiy adabiyotning qadimiy qatlamlari

091

Turkiy qavmlarning shakillanish davri og’zaki ijodi

Skiflar tarixi va ularning ijtimoiy hayoti bilan bog’langan rivoyatlar

Tarixiy manbalarga asoslanib, turkiy qabilalarning qadimda eng rivojlangani va jahon tarixida sezilarli iz qoldirganlarini kimmer va skiflar deb atashga asos bor. Kimmer va skiflarning turmush tarzi antik yunon manbalarida qalamga olingan. Gerodot «Tarix»ining to’rtinchi kitobi to’la skiflarga bag’ishlangan. Gomerning «Iliada» va «Odessiya» dostonlarida kimmerlar tasviri uchraydi. «Odessiya»ning rus tilidagi nashrlaridan birida yozilgan izohda «kimmeriylar greklarning tasavvuriga ko’ra uzoq Shimolda yashaydigan afsonaviy xalq. Odesseyning kemasi Okean daryosi bo’ylab shu joyga tushib qoladi. Mamlakatning joylashgan o’rni ma’lum emas», deb ta’kidlanishi noto’g’ridir. Kimmerlar Amudaryoning quyi bo’ylarida yashagan, keyinchalik Qora dengizning shimoliy sohillariga ko’chishganligi tarixiy manbalardan ma’lum.

Kimmer va skiflar tarixini o’rganishga jahon olimlari katta qiziqish bilan qaraganlar. Bu xalqlarning jahon sahnasida paydo bo’lishi, ijtimoiy-siyosiy turmushi, ular tarixda qaysi xalqlarga yaqinligi haqida yaratilgan tadqiqotlar soni hisobsizdir. Birgina rus olimlarining faoliyatiga nazar tashlanadigan bo’lsa, bu mavzuni XVIII asrdan boshlab o’rganishga kirishganlar. Masalan, A.Lizlovning 1776 yilda nashr etilgan «Skiflar tarixi» kitobi shulardan biridir. XX asrda yaratilgan ishlar orasida A.N. Teronoshkin, L.N.Gumilev, A.P.Smirnov, I.M.Dyakonov, A.A.Neyxard kabilarning asarlari kimmer va skiflar haqida boy ma’lumot berishi bilan ajralib turadi. Keyingi yillarda o’zbek qadimshunoslari ham bu mavzuga alohia qiziqish bilan qaramoqdalar. F.Sulaymonova, N.Rahmonov, F.Boynazarovlarning tadqiqotlarida kimmer va skiflar turkiylarning qadimiy ajdodi sifatida tahlil etildi.

Yuqoridagi manbalarning hammasida kimmeriylar tarixda qachon paydo bo’lganligi to’g’risida aniq ma’lumotlar keltirilmagan. Yunon va troya urushlari davri voqyealari bilan bog’lab qaraladigan bo’lsa, kimmerlar miloddan avvalga XII–XI asrlarda dengiz sohilidagi mamlakatda yashaganlar. Kimmerlar shumerlarning avlodi va ularning tarixi miloddan avvalgi to’rt minginchi yillardan boshlanadi, degan farazlar bor. Antik yunon tarixchilari kimmeriylar miloddan avvalgi VIII asrda Kichik Osiyoga bostirib kirib, Ossuriya, Midiya va boshqa davlatlar ustidan hukmronlik qilishganligini yozib qoldirishgan. 705 yilda kimmeriylar bilan bo’lgan jangda Ossuriya shohi Sargon II halok bo’lgan. Kimmeriylarning jangovarligi, merganligi, kamondan o’q otish mahoratini aks ettiruvchi tasvirlar o’sha davr idish-buyumlariga tushirilgan. Keyingi asrlarda kimmeriylar saltanati va qabilalari tili, madaniyati, urf-odati yaqin bo’lgan skiflarga qo’shilib ketgan. Skiflar Sharq manbalarida – asguz, vavilonlarda ishkuz, yahudiylarda ashkuz shakllaridagi nomlar bilan uchraydi. Yunonlar esa ularni skiflar deb atashgan. Asguz, ishkuz, ashkuz so’zlarining kelib chiqish o’zagi bitta. Ular ish – uguz, ich – o’g’uz so’zlaridan olingan. «Qo’rqut ota kitobi»da icho’g’uz (ichki urug’) va tasho’g’uz (tashqi urug’)lar haqida tasvirlar mavjud.

Kimmeriylar davlatining tugashi va skif qabilalariga qo’shilib ketishi Madi davlatining jahon bo’ylab hukmronlik mavqyei kuchayib borishi bilan bog’liqdir. Gerodot yozganidek, Madi kimmeriylarni Yevropadan quvib chiqarib, Osiyo mamlakatlarida o’z ta’qibini kuchaytirdi.

Kimmer va skiflarning yashash tarzi yaqin bo’lgan. Agar Gomer «Iliada»da kimmeriylar biya sutini ichishini ta’kidlasa, ossuriylar tarixiga oid manbalarda ham skiflar epchil chavandoz va mohir mergan bo’lishib, ot go’shti yeb, sutini ichib tirikchilik qilishgan, deb yozilgan. Yoki shu manbada skiflarning qo’qqisdang hujum qilib, boshqa xalqlarni yengib qaytishlari kimmeriylarga o’xshatiladi. Tarixda kimmer va skiflarni bir qabila deb atovchilar ham bo’lishgan. Masalan, Ossuriya gimnida kimmeriylar shohi Ligdamas skiflar – saklar shohi deb ta’kidlanadi. Vavilonlar esa saklarni «gimir» – kimmer deb atashgan. Yunon tarixchisi Strabon Madini ba’zan skif, ba’zan kimmeriylar xoqoni deb biladi. Arxeologik topilmalar esa kimmer va skiflarning urf-odati yaqinligini isbotlaydi.

Miloddan avvalgi ikki minginchi yillikda jahon tarixiga kirgan turk qabilalaridan yana biri iskitlardir. Iskitlar Ovropada «skif», forsiylar o’rtasida «sak» nomi bilan yuritilgan. «Skif» va «sak» atamalari bir xalq nomini bildirishi hamda bu atamalarning paydo bo’lishi F.Sulaymonova tadqiqotlarida batafsil izohlangan. Yana aytish mumkinki, yunonlar «sak» so’zini skif shohining ismi sifatida yoki yunoncha «sako» (qalqon) so’zidan olingan deb hisoblaydilar. Miloddan avvalgi VII asrlarda skiflar saqo turklar, deb nomlanishi shundan bo’lishi ham mumkin. Chunonchi, Madi asos solgan davlat Saqo turklar davlati deb nomlangan edi. Gerodot ma’lumot berganidek, skiflar Osiyoda 28 yil hukmronlik qilishgan. Ular Midiya, Ossuriya, Vavilon, Misrda qattik zulm o’tkazishgan. Skiflar tabiatan chaqqon, mergan, chavandoz, ayni paytda jahldor bo’lishgan. «Skiflarga hujum qilgan biror kimsa tirik qaytib kelolmaydi» (Gerodot).
Gerodotning «Tarix»ida keltirilgan «Ko’r qullar rivoyati»da skiflarning turmush tarzi va ularning shafqatsizligi o’z ifodasini topgan.

Ko’r qullar rivoyati

Skiflar o’z ixtiyoridagi barcha qullarining ko’zlarini ko’r qilishar ekan. Buning o’ziga xos sabablari ham bo’lgan. Ular biya sutini ichishar edi. Skiflar biyadan sutni shunday sog’ishar ekan: nayga o’xshash suyakni baytalning qiniga o’rnatishadi, so’ngra biri og’iz bilan puflab, u yerga havo jo’natishadi, ikkinchisi esa biyani sog’ib oladi. Yelindagi tomirlar shishganidan so’ng biyadan sut osongina sog’ilar ekan. Biyadan sog’ib olingan sut yog’ochdan yasalgan tog’oraga solinadi. So’ngra yog’och tog’ora atrofiga ko’r qullar o’tirishadi. Skiflar qullariga sutni chayqashni buyuradi. Sutning tindirilgan (qaymoqlangan) ustki qatlamini yig’ishtirib oladilar. Qaymoqlangan qismi yuqori baholanadi. Skiflar qo’lga tushgan asirlarining ko’zini ko’r qilishlarining boisi mana shu.

O’tmish va hozirgi zamon tarixchilari skiflarni turli xil qabilalar bilan bog’laydi. Antik tarixchilardan Gekatey skiflarni hindlar yeridagi Qobul shahri atrofida joylashgan deb hisoblaydi. Arrian va Strabon skifni ko’plab qabilalarning umumlashgan nomi deb biladi. Kadimgi rim adiblari parfiyanlarni urf-odati va qurol-aslahasi bir xilligiga ko’ra skiflar, deb yozishadi. Pompey Trog esa Parfiya davlatini skiflar yaratgan, degan fikrni aytadi. X asrda yashagan Rim olimi Pliniy skifni bir necha qabilalarning nomi, deb tushunadi. Bu qabilalar orasida sak, massaget, day, issedon, arimasplar mashhurlaridan, deb ta’kidlaydi. A.B.Ditmar skiflarning tilini sak va massaget qabilalari bilan urug’dosh deb hisoblaydi. F.Sulaymonova «skif» degan nom bir qabila, elat yoki xalqning nomi emas, balki bir qancha qabila, elat va xalqlarning birlashmasi yoki siyosiy umumlashma, deb aytilgan fikrlarga qo’shiladi. N.Rahmonov ham «skif» atamasi siyosiy umumlashmaga nisbatan qo’llanilgan bo’lishi kerak», degan xulosaga keladi.

Skiflar ko’p qabila va xalqlarning umumlashgan nomi bo’lishiga tarafdorlik qilish mumkin. Lekin, haqiqiy skiflar ham bo’lishi kerak. Tarixshunoslar skiflar kimmeriylarni mag’lubiyatga uchratgach manbalarda kimmeriylar nomi ko’rinmasdan qolganligini yozishadi. Bu o’z-o’zidan ravshanki, skiflar kimmeriylarni o’zlariga qo’shib olganlar va ular ham skif nomi bilan yuritila boshlangan. Demak, skif umumlashma atama sifatida bir davlat, bir xoqonlikning nomidir. Bu davlatda yuzlab kabila va millat xalqlari bo’lishgan.

Doroning Skifiyaga yurishi va skiflar qahramonligi qissasi

Skifiya bir necha qavmlarni birlashtirgan davlat edi. Skiflar esa shu davlatning yetakchi qavmlari hisoblanishgan. Qavmlarning birlashgan kengashida juda muhim masala muhokama etiladigan bo’ldi. Skif shohining vakili ham Skifiyadagi barcha qavm hukmdorlarining kengashiga yetib keldi. Skiflar vakili fors shohi Doro dunyoning ko’pgina qismini zabt etib, Bospar daryosining Qora dengizga quyiladigan qismiga ko’prik o’rnatib, bu tomonga yurish qilishga tayyorgarlik ko’rayotganidan xabar berdi.

– Eron shohi butun mamlakatni egallashni xohlamoqda, – dedi skiflar vakili, – endi bizga bir chekkada turish yarashmaydi. Qurbon bo’lishimizga yo’l qo’ymaylik. Kelinglar, dushmanga ahillik bilan qarshi chiqamiz. Agar biz shunday qilmasak, mamlakatni tashlab ketishimizga to’g’ri keladi yoki shu yerda qolib, bosqinchilarga ixtiyoriy tarzda bo’yin egishga majbur bo’lamiz. Agar siz yordamlashishni xohlamasalaringiz, bilmadik, biz nima qilishimiz kerak? Sizga ham bu urush yengil kechmaydi. Chunki Eron shohi bizga yurish qilibdi, bilingki, sizga ham qarshidir. Bizni bosib olgach, ular tinch turmaydilar, sizlarni ham ayab o’tirmaydilar. Biz sizlarga so’zimizning muhim isbotini keltiramiz. Agar Eron shohi faqat bizga qarshi oyoqqa turib, oldingi qulliklar uchun o’ch olishni istaganda edi, u boshqa xalqlarga tinchlik berib, to’g’ri bizning mamlakatga yurish qilgan bo’lardi. U holda, Eron shohi skiflarga qarshi kelayotgani hammaga ayon bo’lardi. Afsuski, shoh hammamiz yashaydigan qit’aga suzib o’tmoqda, o’z yo’lidagi barcha xalqlarni bo’ysundirishni niyat qilmoqda. Ko’pgina ittifoqchi qavmlar uning qo’liga o’tib bo’ldi. Shu jumladan, bizga qo’shni bo’lgan getlar ham.

Skiflar vakilining ushbu ma’lumotidan so’ng ittifoqchi qavm boshliqlarining vakillari kengashishga kirishdilar, fikrlari bilan o’rtoqlashdilar: gelonlar, budinlar va savromatlarning hukmdorlari skiflarga yordam berishga va’da berdilar. Agafirlar, nevrlar, androfaklar, shuningdek, melanxlenlar va tavrlarning hukmdorlari skif vakiliga shunday javob berishdi:

– Agar siz o’tmishda forsiylarni xafa qilmaganlaringizda va ular bilan urushmaganlaringizda edi, biz sizning taklifingizni to’g’ri tushungan va bajonu dil qabul qilgan bo’lardik. Lekin siz bizning maslahatlarimizsiz forslar yeriga bostirib kirdingiz, unga egalik qildingiz, u paytda tangri sizlarga yo’l bergan edi. Endi esa o’sha tangri ular tomondadir va forsiylar sizlardan o’ch olish niyatidadirlar. Biz u paytda ularni xafa qilmagan edik va endi ham hyech qachon ular bilan jang qilmaymiz. Agar forsiylar bizning mamlakatga hujum qilmoqchi bo’lsa, bunga yo’l qo’ymaymiz. Lekin biz hozircha bu xavfni ko’rmayapmiz, shu sababli o’z yurtimizda qolamiz. Bizningcha, forsiylar bizga emas, balki o’z dilozorlariga qarshi kelganlar.

Bunday javobni olgan skiflar forsiylar bilan ochiqchasiga jang qilmaslikka ahd qildilar. Skiflar sekin-asta orqaga chekindilar, mollarini haydadilar, quduq va buloqlarini ko’mdilar, o’t-o’lanlarni nes-nobud qildilar. Ular o’z qo’shinlarini ikki qismga bo’lishdi. Skopas rahbarlik qilgan birinchi qismga savromatlar qo’shildilar. Bu harbiy qism forslar hujum qilgan holda Meotida ko’li yoqalab, Tana (Don) daryosigacha chekinishi, agar forsiylar orqaga burilishsa, u holda ularni kuzatishi lozim edi. Bu qo’shin uch skif shohligining birinchisi bo’lib, ko’rsatilgan yo’ldan borish to’g’risida buyruq oldi. Ikkinchi shohlikka Idanfir, uchinchisiga Taksak hukmdorlik qilardi. Ularga Gelon va budinlarning qo’shinlari qo’shilgan bo’lib, ular sekin-asta chekinishi, forsiylardan kunduzgi ko’chish masofasini saqlab turishi, shu asosda harbiy rejani bajarishga kelishilgan edi. Eng avvalo, skiflar o’z ittifoqida bo’lib, lekin bo’yin toblagan qavmlar yeriga forsiylarni aldab kiritish, ularni eoniylar bilan urushtirishni juda muhim masala deb hisobladilar. Agar ular forsiylar bilan jang qilishni o’z ixtiyorlari bilan xohlashmagan bo’lsa, endi ularni dushmanga qarshi jang qilishga majburlash kerak edi. Chindan ham agar bu aqlli tadbir bo’lsa, ittifoqdan bo’yin tovlagan forsiylar bilan kurashib, o’zlariga falokat yog’dirishadi.

Ushbu qarorga kelgan skiflar Doro qo’shiniga qarshi jangga otlandilar. Oldinda eng yaxshi chavandozlardan tashkil topgan harbiy qism borar edi. Ayollar va bolalar o’tirgan to’rt g’ildirakli soyabon aravalar, shuningdek, oziq-ovqat uchun saqlanganlaridan tashqari barcha mollar Shimol tomonga jo’natib yuborildi. Shundan so’ng harbiy aravalar karvoni oldinga siljidi. Skiflarning bosh harbiy qismi Istr (Dunay) daryosidan uch kunlik masofada fosiylar bilan uchrashdilar. Skiflar o’z dushmanlarini kunduzgi yurish vaqtida aniqladilar va o’t-o’lanlarni yulib, chodirlarini o’rnatdilar. forsiylar skif otliq qo’shinlari paydo bo’lganligini sezib qolishdi va doimiy ravishda chekinib yurgan skif sipohlari izidan tushdilar. Shundan so’ng forsiylar skif jangchilarining bir qismini Don daryosining sharqiy oqimi bo’ylab kuzatib bordilar. Skiflar yana Don daryosidan o’tdilar, forsiylar ham to’ppadan to’g’ri ularning orqasidan suzib, kuzatishni davom ettirdilar.

Forsiylarning yo’li Skifiya va Savromatiya orqali davom etardi. Ular joylarni vayron qila olmadilar, chunki bu behuda yurishlar edi. Skiflarda qad ko’targan qishloq va shaharlar yo’q edi. Budinlarning yeriga kirib borilgani sari forsiylar atrofi yog’och devorlar bilan o’ralgan shaharga duch keldilar. Budinlar qochishdi, shahar bo’shab qoldi, forslar unga o’t qo’ydilar. Shundan so’ng forsiylar yana chekinib, yurgan skiflarni kuzatishni davom ettirdilar va ular sahroga duch kelishdi, bu mutlaqo odam oyog’i yetmagan cho’l bo’lib, bu budinlar mamlakatining shimolida joylashgan, uzunligi yetti kunlik yo’l edi. Shimoldagi bu sahroda fissagetlar yashashardi. Ularning yeridan Meotida ko’liga quyiluvchi to’rtta daryo: Lik, Oar, Tana va Sirg oqib o’tardi.

Sahroda mo’l yo’l bosib, horigan Doro o’z qo’shini bilan Oar daryosi bo’yida to’xtadi. Shoh har qaysisining o’rtasidagi masofa 60 metr chamasi bo’lgan sakkizta istehkom qurishni buyurdi. Shoh binoni qurish bilan ovora bo’lgan paytda ular ta’qib etayotgan skiflar Doro qarorgohining shimol tomonidan o’tib, yana Skifiya tomon ketdilar. Skiflarning favqulodda paydo bo’lganligini sezgan Doro qurilishni to’xtatdi, lekin skiflar qayta ko’rinmadilar. Doro uning qarshisiga skiflarning barcha qo’shini keldi va ular g’arbga qochdilar, deb o’yladi.

Doro qo’shini bilan tezda Skifiyaga yetib kelar ekan, bu yerda ham skiflarning ikki qo’shinini ko’rdi. Shoh ular bilan to’qnashdi. Lekin skiflar undan bir kunlik yo’l ilgari o’tib ketganligidan hayratda edi. Doro tazyiqni davom ettirdi. Skiflar esa o’z harbiy rejalariga ko’ra jangda yordam berishni xohlamagan qavmlar, eng avvalo – melanxlenlar mamlakatiga chekindilar. Forsiylar va skiflarning bostirib kelishidan melanxlenlar qo’rqib ketishdi. So’ngra skiflar o’z dushmanlarini androfaglar yashaydigan viloyat tomon yetakladilar. Yana qo’rqinch va vahima ichida nevrlar yeriga chekindilar. Shundan so’ng skiflar agafenlar yeriga qochishdi. Agafirlar o’z qo’shinlari vahima ichida qolib, skiflar oldiga tushib chopayotganini ko’rishar ekan, o’zlarini himoya etishga kirishdilar va skiflarga chopar yuborishdi. Skiflar o’z mamlakatlariga bostirib kirishga jur’at etishsa, ular bilan qahramonlarcha kurashishga tayyor ekanligini bildirdilar.

Shunday so’ng agafirlar dushman hujumini qaytarish uchun o’z chegaralariga qo’shin chiqardilar. Melanxlenlar, androfaglar va nevrlar forsiy hamda skiflarning hujumiga bardosh bera olmadilar. Ular qo’rquv ichida shimoliy sahrolarga qochishdi. Skiflar agafirlar mamlakatiga borishmadi, ularni ham qochirib qo’yishni istashmadi. Lekin forsiylarni nevrlar mamlakatidan o’z yerlariga aldab, chaqira oldilar.

Urush kundan-kun taranglashib borar edi. Oxiri sira ko’rinmasdi. Shu sababli Doro o’z suvoriysini skif shohi Idanfir huzuriga xat bilan jo’natdi.

– Axmoq! Nega sen hamma vaqt qochib yurasan, hatto senga imkoniyat berilganda ham foydalanmaysan. Agar sen o’zingni mening kuch-qudratimga bardosh beraman deb o’ylasang, u holda to’xta, darbadarlarcha yurishni bas qil, men bilan jangga tush! Agar sen o’zingning juda kuchsizligingni tan olsang, u holda ham qochishingni to’xtatishingga to’g’ri keladi. Egallab turgan yer va suvlaringning taqdiri uchun ham biz bilan muzokaraga kirishishing kerak.

Bu so’zlarga skiflar shohi Idanfir shunday javob qaytardi:

– Mening tutgan yo’lim shunday, hurmatli shoh! Men hyech qachon qo’rqinchdan qochgan emasman va hozir ham sendan qochayotganim yo’q. Hozir ham o’zimni tinchlik davridagidek xotirjam sezmoqdaman. Men sen bilan nega jangga kirishmayapman, buni ham tushuntiraman. Bizda shaharlar hamda ishlov beriladigan yerlar yo’q. Biz ularning vayron bo’lishi va xarobalanishidan qo’rqmaymiz. Shu sababli sen bilan jang qilishga shoshilmayapmiz. Agar sen biz bilan urusha olmayapman desang, bizning otalarimizning qabrlari mavjud. Ularni topinglar, buzishga urinib ko’ringlar, shundagina biz qabrlar uchun jang qilamiz. Ungacha, bizga ma’qul topilmaguncha, biz siz bilan jangga kirishmaymiz, jang qilish haqidagi bu fikr mening qat’iy qarorimdir. Biz hukmdor deb faqat skiflar xudosi Zevs va Gestiyani tan olamiz. Sen o’lpon sifatida yer va suvimizni kutayapsan. Men esa senga boshqa ehson jo’nataman Chunki sen unga loyiqsan. Sen o’zingni menga hukmron sanaganliging uchun hali menga qimmatli tovon to’laysan.

Eron chopari ushbu javobni olib, Doro huzuriga jo’nadi. Skif shohlari Skopas boshchilik qilayotgan savromatlardan iborat qo’shinlarining bir qismini Dunay daryosidagi ko’prikni qo’riqlash uchun ionyanlar bilan muzokara qilishga jo’natdilar. Boshqalari esa forsiylarni endi aldab, chalg’itmaslik, ammo oziq-ovqat axtarib chiqqanlarida hujum qilishga ahd qildilar. Skiflar ushbu rejani amalga oshira borib, Doro jangchilaridan bir nechtasini ovqat izlashga chiqqanlarida o’qqa tutdilar. Skif suvoriylari dushman suvoriylarini muntazam ravishda ta’qib qildilar. Forsiylarning qochoq suvoriylariga yordam berish uchun piyodalari ham hujumga otlanishdi. Skiflar piyodalarga ham qarshi kurashdilar. Bunday hujumlar kechalari ham uyushtirildi.

Forsiylar va skiflarning jangi paytida kulgilili hodisalar ham yuz berib turdi. Doro suvoriylari eshak va xachirlarni ham urushga jalb etgan edi. Eshaklarning hangrashiyu xachirlarning ko’rinishi skiflar Doroning qarorgohiga hujum qilishgan paytda forslarga qulaylik tug’dirsa, aksincha skiflarga xalaqit berdi. Skiflar mamlakati sovuq bo’lganligi sababli eshak va xachirlar bu yurtda bo’lmas edi. Eshak nima ekanligini bilmagan skiflar ularning baqiriqli ovozlarini eshitib, esankirab qoldilar. Otlar esa eshakning ovozidan qo’rqib, orqaga tislanishi ham kamdan-kam uchraydigan hodisadir.

Otlar eshaklarning hangrashidan quloqlarini dikkaytirishdi, ehtimol, ular avval bu xil hayvonning tovushini biror marta eshitishmagan, uni ko’rishmagan edi. Shunday qilib, eshak va xachir hangomasi forsiylarga jangda qisqa muddat yordam berdi, xolos.

Skiflar forsiylar o’rtasida sarosima va parokandalik yuz berayotganini ko’rib, ularni o’z yurtlarida ushlab turish va azoblash, zaruriy narsalardan mahrum etish yo’llarini izladilar. Skiflar o’zlarining bir qism podalarini cho’ponlar bilan birga qoldirdilar, o’zlari esa boshqa joyga ketdilar. Forsiylar mollarini qo’lga kiritishar ekan, o’z muvaffaqiyatlaridan faxrlanishar edi.

Bu hodisa tez-tez takrorlandi. Natijada Doro qiyin ahvolga tushmadi. Bu voqyeadan xabardor bo’lgan skiflar shohi Doroga sovg’a jo’natdi. Sovg’a qush, sichqon, qurbaqa va beshta kamon o’qidan iborat edi. Forsiylar sovg’ani olib kelgan chopardan bu narsalarning qanday ma’no berishini so’radilar:

– Menga faqat sovg’alarni topshirish va tezda orqaga qaytish buyurilgan, -deb javob berdi chopar va o’z so’ziga qo’shib qo’ydi. – Agar forslar dono bo’lishsa, bu sovg’alarning mazmunini o’zlari anglab yetishlari kerak.

Forsiylar skiflar jo’natgan sovg’aning mazmunini ochishga kirishdilar. Doro sovg’ani shunday izohladi:

– Skiflar menga hokimiyatni, yer hamda suvini topshirishmoqchi. Sichqon yerda yashaydi, insondek yerning mahsulotidan oziqlanadi. Qurbaqa suvda yashaydi. Qush chaqqonligi bilan otga o’xshaydi, kamon o’qlarini topshirishlari esa skiflarning bizga qarshilik ko’rsatmasliklarining belgisidir.

Doro qo’shinlari orasida Gobriy ismli dono kishi bor edi. U Doroning so’zlariga qarshi o’laroq sovg’ani boshqacharoq izohladi.

Agar siz, forslar, qushdek osmonga parvoz etmasalaringiz yoki sichqondek yer ostiga yo’qolmasalaringiz, yoki qurbaqadek botqoqqa sakrab tushmasalaringiz, ushbu kamon o’qlaridan halok bo’lasizlar, vatanlaringizga qayta olmaysizlar.

Shunday qilib, forsiylar sovg’aning ma’nosini topishga erishdilar. Shu paytda skiflarning bir qo’shini Dunay tomondan ionyanlar (ionyanlar grek qavmlaridan biri. Ehtimol, bu paytda ular forsiylar tutqunida bo’lishgan.- A.A.) bilan muzokara olib borishga jo’nadi. Ionyanlar Meotid ko’li yonida qorovullikda turishgan edi. Dunay daryosi ko’prigiga yaqinlashar ekan, skiflar ionyanlarga shunday murojaat qildilar:

– Ey ionyanlar, biz sizga ozodlik keltirdik. Faqat buning uchun bizga bajonudil quloq solinglar. Bilishimizcha, Doro 60 kundan keyin ko’prikni buzishga amr etdi. Agar u shu muddat orasida kelmasa, siz o’z vatanlaringizga qaytishlaringiz mumkin. Agar siz ko’prikni himoya qilsalaringiz, u holda shoh oldida va bizning oldimizda ham aybdor sanalmaysizlar. Ko’rsatilgan muddatni kutinglar, undan so’ng vatanlaringga jo’nanglar.

Ionyanlar skiflarning iltimosini bajarishga va’da berdilar.

Eron shohiga sovg’a jo’natilganidan so’ng skiflarning piyoda va otliq qo’shinlari forsiylar bilan jang qilishga shay turdilar. Skiflar jangovar holatda edi. Shu payt ularning yonidan quyon o’tib qoldi. Skiflar quyonni tutish payiga tushdilar, jangchilar o’rtasida tartibsizlik boshlandi, qiy-chuv ko’tarildi.

– Skiflar tomonida nima shovqin-suron? – ajablanib so’radi Doro.

Unga skiflar quyonning orqasidan quvishayotganligini aytishdi. Shundan so’ng Doro o’z yaqinlariga dardini yordi.

Skiflar bizni haddan tashqari pisand qilmayaptilar. Govriy skiflarning sovg’asini to’g’ri tahlil qilgani endi menga ayon bo’ldi. Ahvolimiz qay tarzda ekanligini ko’rib turibman. Qanday qilib yurtimizga eson-omon yetib olamiz. Biror yaxshi maslahat aytinglar-chi?
– Shohim! – Govriy Doroga murojaat etdi. – Men qachonlardir bu qavmga bas kelib bo’lmasligi haqida eshitgan edim. Bu yerga kelib yanada kuchliroq ishonch hosil qildim. Ko’rib turibmizki, ular bizning ustimizdan masxaramuz kulmoqdalar. Shu sababli sizga shunday maslahat beraman: qorong’i tushishi bilan, odatimizga ko’ra, olov yoqaylik, kuchsiz jangchilarimiz va barcha eshaklarimizni bog’lab shu yerda qoldiraylik, so’ngra orqaga chekinib, skiflar Dunayga yetmasdan, ionyanlar biz uchun biror halokatli qarorini o’ylab topmasdan ko’prikni buzaylik.

Qorong’i tusha boshlagach, Doro Govriyning maslahatini bajarishga kirishdi. Kuchsiz jangchilar, barcha eshaklar harbiy qarorgohda qoldirildi. Olov yoqildi, Doro Dunay tomon shoshildi. Eshaklar yanada kuchli ovoz bilan hangradilar. Skiflar esa eshaklarning tovushini eshitishib, forslar o’z qarorgohlarida deb mutlaqo ishondilar.

Ertasi kuni harbiy qarorgohda qolgan forsiylar shoh Doro bizlarni tashlab, o’z yurtiga jo’nab ketdi deb tushundilar. Ular skiflarning qo’liga asir tushar ekanlar, rahm-shafqat tiladilar va bo’lgan voqyealarning hammasini aytib berdilar. Buni eshitgan skiflar tezda o’z kuchlarini to’pladilar, ularning ikki qo’shini (bittasi savromatlar bilan birgalikda, ikkinchisi budin va gelonlar bilan birgalikda) tayyor edi. Qo’shinlar Dunay daryosi tomon forsiylar izidan tushdilar. Eron askarlarining katta qismi piyodalardan iborat edi. Buning ustiga ular yo’lni yaxshi bilishmas edi. Skiflar esa otda bo’lib, Dunayga boradigan yaqin yo’lni bilishardi. Shu sababli ikki qo’shin ikki tomonga ketdi, skiflar ko’prikka forsiylardan oldin yetib kelishdi, ular hali forsiylar yetib kelmaganligini ko’rishar ekan, o’z kemalariga o’tirib olgan ionyanlarga shunday murojaat etdilar:

– Ey ionyanlar, sizlarga kutish uchun belgilangan kunlarning soni tugadi. Agar bu yerda qolsalaringiz endi xato qilasizlar. Chunki sizlarni bu yerda faqat qo’rqinch ushlab turgan edi. Endi tangri va skiflar sharofati bilan ozodlikka chiqdingizlar va tezda huquqlaringizni tiklaysizlar. Biz sizning sultoningizni shu darajada jazoladikki, endi unga hyech bir xalqqa qarshi qo’shin tortish sira nasib qilmaydi.

Skiflarning qadimgi tasviriy san’atlarida ot, arslon, sher, bo’ri, echki, kiyik, quyon kabi hayvonlarning turli xil ko’rinishdagi suratlari uchraydi. Qadimda skiflar o’z pahlavonlari, xoqonlari jangda qahramonlik ko’rsatishsa, bahodirligi, kuch-qudratini ulug’lash maqsadida ularni hayvonlar nomi bilan atash yoki o’zlarini biror kuchli hayvondan taralgan deb hisoblash an’anasiga ega edi. Sher qadimgi turkiylarning qahramonlik timsolidir. Ehtimolki, qadimiy davlatlarning ramziy belgisi bo’lsa, skiflarniki shersifat kuchli hayvondir. Chunki qadimgi turkiy xoqonlar saroylarining darvozalari yoniga sher haykali o’rnatilgan. Bu kuchlilikning ramziy belgisini ifodalagan.

Shumerlarning «Bilgamish» dostoniga chizilgan tasvirlar orasida ho’kiz qiyofasidagi odamlarni ko’ramiz. Ular osmon xudosi tomonidan Bilgamishga qarshi jo’natilgan kuch. Ikkinchi tasvirda ho’kiz odam bilan sherning kurashi berilgan. Eposda Bilgamish ho’kiz qiyofasidagi odamlarga qarshi kurashadi. Aytish mumkinki, bu tasvirdagi shersifat odam qadimgi turkiylar timsoliga ham mantiqan yaqin turadi. Qadimgi turkiylar turmush tarzi sher bilan bog’langanini, arslon va sher ularning xoqoni timsoli ekanini «Alpomish» dostonida ham sezish mumkin. Alpomish qalmoqlar zindonidan kaytib kelgach, o’zini hyech kimga tanitmaydi. Ammo uni tanigan ayol «Elga yo’lbars oraladi», «Yo’lbars kelib yurtiga oraladi», deydi. Bu o’rinda yo’lbars – yurt xoqoni, begi Alpomishni bildiradi. Turkiy xalqlarning afsonaviy qahramoni darajasiga ko’tarilgan Alp Er To’nga nomi ham «yo’lbarsdan kuchli bahodir odam» mazmunini ifodalaydi.

Bizgacha skif qavmining dunyoga kelishi, boshqa qavmlarga o’z ta’sirini o’tkazishi va ittifoqchi qavmlarning yetakchisi darajasiga aylanishi, xususan, Kichik Osiyoda o’z hukmronligini o’rnatishi to’g’risidagi bir necha rivoyatlar yetib kelgan. Gerodot «Targ’itoy», «Skifning tug’ilishi» afsonalarini keltirar ekan, bulardan tashqari, yana uchinchi rivoyat ham mavjud, men hammadan ko’ra shunga ko’proq ishonaman, deb yozadi:

Shohga bo’ysunmagan Kimmerlar afsonasi

Skiflarning ko’chmanchi qabilalari Osiyoda makon topdilar. Massagetlar harbiy kuch bilan skiflarni siqib chiqarganlaridan so’ng ular Arak daryosi bo’yiga o’tdilar va kimmeriylar yeriga keldilar (hozir skiflar yashaydigan mamlakat, aytishlaricha, azaldan kimmeriylarga tegishli bo’lgan). Skiflarning kimmeriylarga yaqinlashuvi kengashishga sabab bo’ldi.

– Ko’p sonli skiflar qo’shinini nima qilish kerak?

Kengashda har xil fikrlar tug’ildi. Tomonlar o’z fikrlarini himoya qilsalar-da, lekin shohning taklifi g’olib keldi. Xalq ko’p sonli skiflar bilan kurashish kerak emas, deb hisobladi. Shoh esa bu fikrga qarshi o’laroq, ona yerini bosqinchilardan himoya qilishni zarur deb bildi. Shunday qilib, xalq shohning maslahatiga quloq solmadi. Shoh esa xalqqa bo’yin egishni istamadi. Xalq vatandan chiqib ketish va bosqinchilarga o’z yerlarini jangsiz topshirishga ahd qildi. Nihoyat, shoh ham ona tuproqda suyagi cho’zilib qolganidan ko’ra xalq bilan birga qochib, jonini qutqarib qolishni afzal ko’rdi. Chunki shoh kimmeriylar ona tuproqlarida qanday ulug’ baxtni boshdan kechirishdiyu vatandan quvg’in qilingan hamda haydalganlarni qanday g’am-g’ussalar kutayotganini tushungan edi. Kimmeriylar teng ikkiga bo’lindilar va o’rtada kurash boshlandi. Kimmeriylar birodarkushlik urushida halok bo’lganlarning barchasi Tirasa (Dnestr) daryosining ostiga (shohning qabrini ham) ko’mdilar. Shundan so’ng kimmeriylar o’z yerlarini tark etdilar. Skiflar esa odamsiz mamlakatni egallab oldilar.

Tarixiy ma’lumotlarga ko’ra, skif xoqoni Protofey (ayrim manbalarda Prototey), so’ngra uning o’g’li Madi 652-625 yillarda Kichik Osiyo mamlakatlariga hukmronlik qilishgan. Skiflarning Midiyaga bostirib kirishi voqyealaridan biri shunday bo’lgan: Midiya shohi Fraort ossuriyaliklar bilan bo’lgan jangda yengiladi. O’g’li Kiaksar (Kayxisrav) qo’shinni qayta tuzib, urushga tayyorgarlik ko’ra boshlaydi. Gerodot bu haqda shunday yozadi «Kiaksar o’z hukmi ostidagi barcha xalqlar bilan otasi uchun qasos olish va vayron qilish maqsadida Nin shahriga yurish qildi. U ossuriyaliklarni yengib, Nin shahrini qamal qilgan paytda uning davlati hududiga skiflarning ulkan qo’shini bostirib kirdi. Ularning yo’lboshchisi Madi bo’lib, u Protofeyning o’g’li edi. Skiflar kimmeriylarni Yevropadan quvib chiqarib, Osiyoda ta’qibni davom ettirdilar va shu tariqa Midiya yerlariga bostirib kirdilar».Ular kimeriylarga o’xshab, qo’qqisdan hujum qilish usulini egallashgan. Skif va kimmeriylardagi epchillik, chavandozlik, merganlik, dushmanga qo’qqisdan hujum qilish turkiy xoqonlardan Temuriylarga ham xos bo’lgan. Bu «turktoz» usuli deb nomlangan.

Skifiya (Turon ) va Midiya (Eron) urushlari mavzusi jahon adabiyotida katta sahifani tashkil etadi. Bu ikki mamlakat o’rtasidagi urushlar qayta-qayta sodir bo’lganidek, bu voqyealarning ta’sirida yuzaga kelgan rivoyat va afsonalar, hatto yirik dostonlarda ham Eron va Turon shohlari, qo’shin boshliqlarining rang-barang obrazlari yaratilgan. Midiyaning Skifiyaga qarshi boshlangan urushlarining biriga skiflarning jahldorligi, shafqatsizligi sabab bo’lgan ekan.

Skiflar ”Ov” afsonasi

Qasoskor skiflarning to’dasi Midiya yeriga ko’chib o’tdilar. Bu paytda midiyaliklar shohi Deiokning nevarasi, Fraortning o’g’li Kiaksar edi. Boshpana so’ragan skiflarni Midiya shohi dastlab do’stona qabul qildi. Ularga ishonganidan o’z o’g’illarini topshirdi, kamondan o’q otish sirlarini o’rgatishni so’radi. Skiflar ovchilik bilan shug’ullanishar, turli qushlar va jonivorlarni ushlab kelishar va uni Kiaksarga tuhfa etishar edi. Lekin kunlardan bir kun skiflar ovdan hyech narsa olib qaytisholmadi. Buning uchun Kiaksar qo’llari bo’sh kelgan skiflarni yomon so’zlar bilan haqoratladi. Midiya shohidan nohaq so’kishlarni eshitgan skiflar juda xafa bo’ldilar va shohning shogirdlikka bergan o’g’illaridan birini chopib, bo’laklab, ov mahsuloti sifatida Kiaksarga sovg’a qilishga qasam ichdilar. Shundan so’ng oddiy ovdek bolaning ichak-chavog’ini tozalashdi, va uning go’shtini pishirishib, Kiaksarning dasturxoniga qo’yishdi. Bu voqyeadan keyin skiflar o’z sirlari oshkor bo’lib qolishidan cho’chishib, tezda Sardi shahriga, Lidiya shohi Aliatt huzuriga qochishdi. Kiaksar esa go’shtni mehmonlari bilan birgalikda tanavvul etdi. Kiaksar tanavvul etilgan go’sht o’g’liniki ekanligini bilib, skiflardan o’ch olishga ont ichdi. Lekin Kiaksar har qancha talab qo’ymasin, Aliatt skiflarni unga qaytarib berishni istamadi. Midiyaliklar va lidiyaliklar o’rtasida urushning boshlanishiga skiflar «ov»i sabab bo’lgan ekan.

Alp Er To’nga shaxsiyati va u haqda yaratilgan asarlar

Qadimgi yunon va ossuriya tarixiga oid kitoblarda Kayxisrav va skif hukmdorlari o’rtasidagi janglarga alohida o’rin ajratilgan. Ma’lumotlarga qaraganda, Kayxisrav skiflarni Midiyadan haydab chiqarishga muvaffaq bo’lmaydi va hiyla yo’liga o’tadi. Ularning yo’lboshchisi Madini yarashish ziyofatiga taklif etib, zaharlab o’ldiradi. Skiflarning orasini buzib, bir qismini o’ziga ag’darib oladi. Ulardan tan qo’riqchilar tanlaydi. Ular zadogon midiyalik yoshlarni kamondan o’q uzish va ovga o’rgatadilar.

Rus turkiyshunos olimi S.Yu Neklyudov asoslashicha, turkiy xalqlar til boyligidagi er, erlik, xon, bagatur, maadir, bootur, paxatur, madur, olыp, alp, kuchu, bagu, mergen, bo’ko’ kabi so’zlarning barchasi kuchlilik, bahodirlik va qahramonlikka nisbatan qo’llaniladi.

Turkiylarning afsonaviy qahramoni timsoliga aylangan Alp Er To’nga tarixiy shaxs Madining umumlashgan badiiy obrazidir. Alp Er bilan Madi bir xil ma’nodagi ismlardir. Madi – Maadirning qisqargan shakli bo’lib, u bahodir (alp er ) mazmunini beradi. Hozir bu so’z tuva tilida qo’llaniladi va u Ma:adir shaklida yoziladi. Turkiylarda M va B tovushlari almashuvchandir (bayram – mayram, bo’yinchoq – munchoq kabi). Demak, Ma: adir – Bahodir – Alp Er miloddan oldingi VII asrda yashagan turk xoqonining nomidir. Mahmud Koshg’ariy va Yusuf Xos Hojib Alp Er To’nga forsiy adabiyotda Afrosiyob nomi bilan tasvirlanishini ko’rsatishadi. «Devonu lug’otit turk»da Alp Er To’nga obrazi yaratilgan xalq dostonining parchalari ham saqlangan. Alp Er dono, zukko, tadbirkor xoqon bo’lgan. U aytgan hikmatli so’zlar o’z qavmlari o’rtasida mashhur edi. «Qutadg’u bilig»da bu hikmatlardan o’rinli foydalanilgan. Dostondagi «Alp Er To’nga», «Alp Er», «To’nga Alp Er», «Jahongir kishi», «Dono elbegi», «Elchi boshi», «Beklar begi», «Botir kishi» nomi bilan keltirilgan hikmatlar turkiylarning qadimiy xoqonlariga daxldordir. Quyidagi matnlar buning yorqin misoli bo’la oladi.

Neku ter eshitgil To’nga Alp Erig,
Bilib so’zlamish ko’r bu o’t sav irig.
(Nima der eshitgil, Alp Erig To’nga,
Bilib aytmish o’git, nasihat senga).

Et-ul bu kishi ko’ngli artar yidir,
Eti kad kadazgu e qilqi qadir.
(Kishi ko’ngli go’shtdir, hidla buzilur,
Go’shtni avaylagin, ey fe’li qodir).

Necha kad er ersa yung’ag’ tinglamas,
Uzunchi ara kirsa sernu umas.
(Yaxshi odam g’iybat tinglamas bo’lsa,
G’iybatchi ora kirsa o’zni tutolmas).

Necha kad bek ersa o’qushlug’ udug’,
Yung’ag’chi yaqin bo’lsa tegrur yudug’.
(Qanchalik yaxshidir, zakovatli beg,
Chaqimchi yaqin bo’lsa ketar ulug’lik).

Ko’ngul beg turur bu et o’z qul asir,
Ara so’zka tumlir arala isir.
(Ko’ngil beg, tanu jon unga qul, asir,
Goho so’zga sovur, gohida isir).

Kishi tab’i to’rt ul qarishma yag’i,
Biri kuldurur bir qilur un cho’g’i.
(Kishi ta’bi turli, aralash dushman,
Biri kuldirar, g’avg’o qiladi biri).

Biri evsa biri amulluq tilar,
Biri kulsa biri sig’itqi ular.
(Biri shoshsa, biri sokinlik tilar,
Biri kulsa, biri yig’i ulashar).

Sevinchlig’ tedukta saqinch keldurur,
Saqinchlig’ tesa bu sevinch kuldurur.
(Sevin topganda alam keltirar,
Alam kelganda sevinch kuldirar).

Midiya hukmdorining skiflar xoqoni Мadini zaharlab o’ldirishiga oid tarixiy voqyea keyinchalik turkiy xalqlar og’zaki ijodida yuzaga kelgan yirik eposlarda ham o’z ifodasini topdi. O’zbeklarning «Alpomish», qirg’izlarning «Мanas» dostonlarida, turkiy xalqlar o’rtasida Alp Er To’nga nomi bilan bog’langan rivoyat va afsonalarda, anatoliya (hozirgi Turkiya) turklari orqali bizgacha yetib kelgan «Alp Er To’nga» dostonida, Мahmud Qoshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» kitobida saqlangan marsiyada ushbu voqyelik ta’siri mavjud. Shuningdek, fors-tojik adabiyotidagi Kayxisrav va Afrosiyob turkumiga oid o’nlab afsonalar, hatto Firdavsiyning «Shohnoma»si ham qadimgi midiya va skif hukmdorlarining ziddiyatli kurashlaridan badiiy oziq olgandir.

Turkiy qahramonlarni yengishning midiyacha usuli «Alpomish» dostoni syujetida to’la saqlangan. Alpomish qalmoqshoh lashkarlariga qirg’in soladi va qalmoqlar vahima ichida qoladi. Alpomishni yo’qotish katta kuchni talab etadi. Aytish mumkinki, unga teng keladigan bahodir yo’q edi. Kayxisrav Мadini ayyorlik bilan yakson qilganidek, u ham ayyorlik yo’lni topadi. O’zbeklar va qalmoqlar urushida o’g’illarini yo’qotgan, Alpomishning do’sti Qorajonning onasi Surxayl bu vazifani ijro etadi. Uning rejasi bilan Alpomishning qaynotasi Boysarining mol-mulki talanadi. Bu voqyeani eshitgan Alpomish qaynotasini olib kelish uchun qalmoqlar yurtiga jo’naydi. Tuzilgan rejaga ko’ra, Alpomishni Chilbir cho’lida turli xil ichimliklar, behush qiladigan dorilar va o’ziga oro bergan qizlar kutayotgan edi. Alpomish va uning yigitlarining ziyofat qilinishi Kayxisravning mehmondorchiligini eslatadi. Alpomish sharafiga uyushti-rilgan ziyofatda ham sharobxo’rlik avjiga chiqadi. Qizlar o’z nag’malari, sharobga qo’shilgan dorilari bilan yigitlarning aqlini olishib, hushidan ketkazishadi.

Er yigitlar sherday bo’lib,
Berganin qaytarmay olib,

Bu beklarning ko’nglin xushlab
O’yin qilar zulfak tashlab.

Nechovlari kosa berar,
Noz bilan belini ushlab.

Bu beklarning yo’li bo’lar,
Juda bekni izzat qilar.

Behush dorilardan solib,
Uzmay quyib berar qizlar.

Turk qadimshunos olimi Rafiq O’zdek «Turklarning oltin kitobi» asarida xilma – xil og’zaki va yozma manbalar asosida «Alp Er To’nga» dostonini tiklaydi.

«ALP ER TO’NGA» DOSTONI

Alp Er To’nga degan xoqon bor edi,
Unga zaminu ko’k yuzi tor edi.
Tug’ aylagandi u quyoshni ko’kka,
Donolikda tengsiz, jahonda yakka.
Ko’k turklar, uyg’ur, qarluq va qoraxonli,
Tag’in qancha turklar insof-iymonli.
Uni o’zlariga ota deydilar,
Zafar shuhratini har yon yoydilar.
Bandalikni bajo keltirgach xoqon,
El yurt ko’k libosga burkandi shu on.
Izzat-ikrom ila nomin yo’qlashib,
Qoldi yoshlar to’kib, chekdilar afg’on.

Turon bilan Eron – ikki qo’shni davlat bir-biriga dushman edi. Eron mamlakatining taxtida Мanuchehr, Turon o’lkasining taxtida esa Alp Er Tunganing otasi Pesheng hukmron edi. Eron hukmdori Мanuchehr o’lgach, xoqon Pesheng o’g’li Alp Er To’ngaga shunday dedi: «Forslar bizga juda ko’p yomonlik qildi. Endi turkning o’ch olar payti keldi!»

Alp Er To’nga zotan shunday bo’lishini istar edi. «Arslon bilan ham kurashishga tayyorman, Erondan, albatta, qasos olaman», deydi u. Peshengning ikkinchi o’g’li Alp Ariz forslar bilan urushning tarafdori emas edi. Alp Er To’nga jangga tayyorgarlik ko’rishga qaror qildi

Al Er To’nga arslon yanglig’ yolli, sarvdek qomatga molik edi. O’z yoviga timsohdek tashlanar, shikor chog’i arslondek epchil, savash onida esa jangga kirgan fildek baquvvat edi. Yurgan zahoti yer larzaga kelardi. Birin-ketin otgan o’qlari yeru ko’kni ingratardi. U g’azablanib jangga kirgudek bo’lsa, qadam bosgan joyida chuqurlik, to’kkan qonidan irmoq paydo bo’lardi. Do’stlariga umid va saodat baxsh etuvchi tili dushmanlari uchun o’tkir qilichdek zaharli edi. Donolikda undan ustun keladigan kishi yo’q edi. Ko’ngli daryoday keng, qo’li esa yomg’ir keltiruvchi bulutdek ochiq edi. Otasining ismi Pesheng, otasining qavmidek, uning qavmi ham Turk edi. Alp Er To’nganing o’g’illari va qizlari ham bo’lgan. Qizlaridan biri Qoz (g’oz)dek chiroyli bo’lganligi sababli unga Qoz (Qoz) deya ot qo’yishgan ekan. Otasi unga atab Ila dengiziga qo’yiladigan katta bir daryo qirg’og’ida qal’a-qasr qurdirgan edi. Qoz (G’oz) bu yerda yayrab suzib yurardi. Shu boisdan turklar «Qoz suvi» deydigan bo’lishdi. Keyichalik esa Qoz yashagan, yayrab o’sgan u maskan shaharga aylandi. Bu shaharga «Qoz o’yini» nomi berildi (hozirgi Qazvin shahri)…

Alp Er To’nga o’z qo’shini bilan Eron sari ravona bo’ldi. Ikki qo’shin Dehiston tumanida to’qnashdi. Shu yerda turk qo’shinidan Bormon ismli yigit otini olg’a surarkan, forslardan yakkama-yakka ko’rashga chiqadigan yigitni talab qildi. Bormon bilan bellashuvga fors qo’mondonining inisi Qubod chiqdi. Ikki jangchi ertadan kechgacha savashdi. Bormon Qubodni nayza bilan yerga qulatdi va Alp Er To’nga huzuriga g’olib sifatida qaytib keldi.

Shundan keyin ikkala mamlakat qo’shinlari bir-biriga qorishib ketdi. O’sha kuni shunday shiddatli jang bo’ldiki, uni ta’riflashga qalam ojizdir. Bu jangda Alp Er To’nga zafar quchdi. Jang maydoni forslarning jasadi bilan to’lib ketdi. Eron podshosi orqaga chekinishga majbur bo’lib, Dehiston qal’asi tomon yo’l oldi. Alp Er To’nga qal’ani qurshab oldi va Eron podshosini asirga tushirdi. Shundan so’ng Eron bilan yonma-yon bo’lgan Qobul davlatining o’z qaxramonligi bilan dovrug’i ketgan podshosi Zol forslarga yordamga otlandi. U turk qo’shinlarini o’sha hujumdayoq tor – mor keltirdi. Undan g’azablangan Alp Er To’nga asirlikdagi Eron shohini qatl ettirdi. Boshqa asirlarini o’ldirishga esa ukasi Alp Ariz qarshilik qildi. Asirlarini Sori shahriga jo’natib yuborishdi. Ko’p o’tmay o’sha asirlarning qochib ketishiga qarshilik qilmagan yoxud, umuman, ahamiyat bermagani uchun Alp Er To’nga ukasi Alp Arizni ham qatl qildirdi.

Alp Er To’nga tag’in g’oliblikni qo’lga kiritib, Ray shahriga yo’l olar ekan, Eron shohi tojini boshiga kiyib olgandi. Forslar esa o’ldirilgan podsholari o’rniga Zev nomli kishini o’tqazishgan edi. Ikkala qo’shin qaytadan jang boshladi. Urush jarayonida katta qahatchilik vujudga keldi. Buning ustiga, «urush va qahatchilik odamlarni nobud qilmasin» deya har ikkala tomon ham sulh tuzishga rozilik berdi. Eronning shimoliy tarafidagi viloyatlari Turonga tegdi.

Eron podshosi Zev o’lgach, sulh yana buziladi, shuning uchun Alp Er To’nga takroran hujumga o’tishga majbur bo’ldi. Forslar tag’in Zoldan yordam so’rashadi. Zol keksayib qolganligi tufayli jasoratda o’zidan ham o’zib ketgan o’g’li Rustamni yuboradi. Rustam Zol o’g’li turklarni mag’lubiyatga uchratadi. Kayqubodni esa Eron taxtiga o’tqazadi.

Rustam bir hujumdayoq 1160 nafar bahodir yigitni o’ldirgani uchun turklar chekinib, sulh imzoladilar.

Oradan ancha vaqt o’tgach, Eron taxtiga Kaykovus o’tirdi. O’sha davrda Eron homiyligidagi arablar isyon ko’tardi. Bu to’s-to’polondan foydalangan Alp Er To’nga Eronning ichkarisigacha kirib borishga muvaffaq bo’ldi va juda ko’p kishini asirga tushirdi, ammo Qobul podshosi tag’in Eronga yordam berdiyu turklar yengildi. Jangdan keyin Zol o’g’li Rustam o’z ittifoqchilari bilan maxfiy ravishda urushga tayyorgarlik ko’ra boshladi. Shu sababdan Alp Er To’nga ham o’z qo’shinlarini qaytadan harakatga keltirishga qaror qildi. Lekin u shu paytda mash’um tush ko’rdi. Uning ta’birini bilib olgach, o’z beklari bilan fikrlashib, Eron bilan sulh tuzdi. O’sha shartga ko’ra, Samarqand, Buxoro va Choch shaharlari forslar qo’liga o’tishi kerak edi.

Ushbu sulhni xohlamagan Kaykovus Rustam va o’g’li Siyovushga telba-teskari muomala qilib, ularni qattiq xafa etdi. Rustam o’z yurtiga qaytib ketdi. Siyovush esa turklarning poytaxti Gang shahriga borib, Alp Er To’ngadan o’ziga panoh so’radi.

Siyovush o’zini turklarga g’oyatda yaqin qilib ko’rsatdi. Dastlabki paytlarda u o’zini haqiqiy turk singari namoyon etdi. Bu yerda u turk bahodiridan Pironning qiziga uylandi. U o’g’il ko’radi, unga Kayxisrav degan ism beradilar. Bir muddatdan so’ng Siyovush Alp Er To’nganing sohibjamol qizi Farangizga uylanadi. Ammo ma’lum vaqt o’tganidan so’ng u turk udumlarini mensimay qo’ygani uchun va ayrim siyosiy tashabbuslarni boshlagani sababli Alp Er To’nga uni o’limga mahkum etadi.

Siyovushning o’limidan keyin Rustam qo’shin yig’ib, yana hujumga o’tadi, ammo bu gal turklarni katta mag’lubiyatga uchratadi. Janglar davomida Alp Er To’nganing o’g’illaridan biri Sarka halok bo’ladi. Turonning bir qancha shaharlari yondirib yuboriladi.

Alp Er To’nga qonli ko’z yoshlarini to’kdi va Turon uchun qasos olishga qasamyod etdi. U darg’azab holda Eronga hujum qilar ekan, ekinzorlarga o’t qo’ydirdi, son-sanoqsiz kishilarni asir qilib oldi. Yetti yil hukm surgan qahatchilik oqibatida forslarning ko’pi qirilib ketdi.

Alp Er To’nga bilan Rustam o’rtasidagi ahyon-ahyonda urushlar bo’lib turardi, ularda goh turklar, goh forslar ustun kelardi. O’sha janglarning birida qo’shini bilan Alp Er To’ngaga yordamga kelgan Chin (Xitoy) xoqoni ham asirga tushdi. Alp Er To’nga keyingi jangda yengilgach, chekinishga qaror qildi. O’sha paytda Eron taxtini Turondan olib qochib ketilgan Kayxisrav egallagan edi. Turklarning mag’lubiyati Kayxisravga vaqtincha o’zini jahongirdek his etish imkonini berdi. Buning ustiga, u Eronning nomdor bahodirlaridan biri bo’lgan Bijamni Turonga yubordi. Bijam Turon chegarasidan o’tgach, o’rmonda nash’u namoga berilib, kayfu safo qilib o’tirgan bir guruh qizlarni ko’rib qoladi. Ular Alp Er To’nganing erka qizi Мanijani ovuntirishardi. Bijan Мanijani bir ko’rishda sevib qoladi va uni Turondagi o’z saroyiga olib keladi. Bu voqyeadan xabardor bo’lgan Alp Er To’nga g’azablanadi, Bijanni zindonga tashlaydi, qizini esa uydan quvib yuboradi.

Eron podshosi o’z yurtiga qaytib kelmagan qo’mondonini topib kelishni Rustamning gardaniga yuklaydi. U shu asnoda savdogar sifatida Alp Er To’nga saroyiga keladi. Rustam hiyla-nayrang ishlatib, Bijanni xalos etadi va Мanija bilan birgalikda Eronga qochirib yuborishga erishadi.

Rustam bu hiylasi bilan tag’in bir g’olib kelgan edi. G’amga botib, vaqtincha o’zini uzlatga tortgan Alp Er To’nga beklarni yig’ib, shunday deydi:

«Мen dunyoga hukmronlik qiluvchi xoqoningiz edim. Shu paytgacha Eron Turonga bas kelmagan edi. Lekin endi forslar saroyimgacha kirib kelyapti. Мing karra ming kishidan iborat bo’lgan turk va chin askarlari bilan Eronga yurish qilib, intiqom olmoqchiman!»

Alp Er To’nga mo’ljallagan ming karra ming nafar navkarning uchdan ikki qismini to’plagan. U qarorgohi Boykent (hozirgi Buxoro viloyatining Qorako’l tumanida xarobalari saqlanib qolgan shahar)dagi oltin va turfa zabarjatlar bilan muzayyan etilgan taxtida o’tirar edi. Birok u xiyla keksaygandi, jangga jo’natgan qo’shinining yengilganidan voqif bo’lgach, g’am daryosiga cho’mgan edi. Ayniqsa, yakkama-yakka bir savashda navnihol o’g’lining o’limi uning qalbiga bedavo jarohat solgandi. Shuning uchun ham u xoqonlik ixtiyorida bo’lgan barcha kuchlarni to’plab, yana yurish boshladi. U na’ra tortgan arslonday hujumga o’tardi. O’ta qartayganiga qaramasdan, Eronning manman degan pahlavonlaridan bir nechasini yakkama-yakka kurashda yer tishlatardi. Nihoyat, Kayxisrav bilan yakkama-yakka savashish maqsadida otini olg’a surdi. Ammo Turon bahodirlari uning Eron podshosi bilan jang qilishini xohlamasdilar, shu boisdan ular uning oti tizginidan ushlab, ortga qaytarishdi. Kayxisrav o’zining eng kuchga to’lgan payti bo’lishiga qaramasdan, Alp Er To’nga bilan jang qilishga botina olmadi, zotan keksaygan va yaralangan sherdek g’azabga to’lgan Alp Er To’nga bilan jang qilishga ijozat berishmadi.

Bunday vaziyat Alp Er To’ngaga juda og’ir botdi. U qo’shini bilan birga Jayhunning narigi sohiliga o’tdi. Bu yerda u Qoraxonning qo’shini bilan birlashib, Buxoroga, keyinchalik esa boshkent – poytaxt Qangga kelishdi.

Qang jannatmakon shahar edi. Tuprog’idan mushku anbar hidi taralar, g’ishtlari bamisoli oltindek porlardi. Qal’alari shu qadar baland ediki, ustidan burgut ham uchib o’tolmasdi. Uning har tomonida g’aroyib buloqlar, suv bilan limmo-lim to’la hovuzlar bor edi. Hovuzlar g’oyat keng bo’lib, bepoyon sardobani eslatardi. Ana shu rohatbaxsh maskanda istirohat qilarkan, Alp Er To’nga Chin xoqoniga maktub bitdi, undan yordam olmoq istardi.

Kayxisrav va Rustam avvaliga o’zlarini orqaga chekinayotgandek ko’rsatishdi, so’ngra esa Turon tuprog’iga bostirib kirishdi. Ular Qang shahrini qurshab oldilar. Qal’aning atrofida xandaklar qazdilar. O’tin yig’ib, shaharga o’t qo’yishdi. Alp Er To’nga ikki nafar bekni o’zi bilan birga olib, xufyona ravishda shahardan chiqib ketdi. Shu yo’l bilan xalos bo’ldi va yordam so’rash uchun Chin xoqoni sari yo’lga tushdi. Chin xoqoni katta qo’shin tayyorlab qo’ygandi. Bundan xabardor bo’lgan barcha turk elatlari Alp Er To’nganing huzuriga yetib kelmoq uchun yo’lga ravona bo’lishgan edi.

Alp Er To’nga qaytadan o’zini qo’lga oldi, ammo Chin xoqoni o’z so’zida turmadi va Kayxisrav bilan til topishib, shartnoma imzoladi. Shu o’rtada Alp Er To’nga Kayxisravga maktub yozar ekan, odamlardan ovloq bir joyda, o’zi xoxlamagan yakkama-yakka kurashga taklif etdi. Shunisi borki, Kayxisrav o’zining shunday kuch-quvvatga to’lgan, jo’shqin bir chog’ida arslon Alp Er To’nga bilan yakkama-yakka olishuvga jur’at etaolmadi.

Qo’shinidan judo bo’lgan Alp Er To’nga boshi gangigan holda Zara dengizi bo’yiga keldi. Ushbu chuqur dengizdan suzib o’tar ekan, Gangidizi shahriga yetdi. Kayxisrav o’zining behisob qo’shini bilan uni ta’qib etmoqda edi. Alp Er To’nga kimsasiz, yolg’iz qolgandi. Na ichishga, na yeyishga bir narsasi bor edi. U ulkan qoyali bir tog’dagi g’orda o’tirib, shum qismatidan nolirdi. Tangri taolodan kuch-quvvat so’rab, unga iltijo qilardi. Xum ismli kimsa iltijo etayotgan zotning Alp Er To’nga ekanini payqagan edi, chunki u aytganchalik bu taxlit turkcha so’zlarni, bunday iltijoyu munojotni faqat Alp Er To’ngagina ifoda qilaolardi. Shuning uchun Xum unga hamla qildiyu asir oldi. Ammo Alp Er To’nga uning qo’lidan xalos bo’lar ekan, o’zini darhol suvga tashladi. Narigi qirg’oqda turganlar esa o’zlarini unga, dastavval, xaloskor deya ko’rsatdilar. Alp Er To’nga suvdan chiqqan zahotiyoq uni halok etishdi. Ammo tarix Kayxisravning Alp Er To’ngani shu zayl ziyofatga taklif etib, uni hiyla bilan o’ldirgani haqida guvohlik beradi.
Bu mash’um xabar ko’p o’tmay butun Turon mamlakatiga tarqalib, barchani chuqur qayg’uga soldi. Barcha turklar qonli yosh to’kib, faryod solib, yoqa yirtib, marsiyalar aytib Alp Er To’ngani yo’qlashdi. Dafn marosimi chog’ida qo’biz chalgan mug’anniylar shu marsiyani kuylashgan… (turkchadan P.Usmon tarjimasi)

Alp Er To’nga marsiyasi

Alp Er To’nga o’ldimu,
Esiz ajun qaldimu,
O’zlak o’chin aldimu,
Emdi yurak yirtilur,

Ulishib eran burlayu,
Yirtin yaqa urlayu,
Siqrib uni yurlayu,
Sixtab ko’zi urtulur.
O’zlak yarag’ kuzatti,
O’g’ri tuzaq uzatti,
Beglar begin azitti,
Qachsa qali qurtulur

Ugruyuri mundag’ o’q,
Мundan azin tendag’ o’q,
Atsa ajun o’g’rab o’q,
Tag’lar bashi kertilur.

Beglar atin arg’urub,
Qayg’u ani turg’urub,
Мengzi yuzi sarg’arib,
Ko’rkum angar turtulur.

Yag’i utin uchurgan,
To’ydin ani kuchurgan,
Ishlar uzub kechurgan,
Tegdi o’qi o’ldirur.

Atsa o’qin kez kerib,
Kim tur ani yig’dachi.
Tag’ig’ atip o’g’rasa,
O’zi quyi yirtulur.

Ko’nglum ichun o’rtadi,
Yetmish yashig’ qartadi,
Kechmish uzuk irtadi,
Tun-kun kechib irtalur.

Tun-kun turub yig’layu,
Yashim mening savrulur.

Zamonaviy bayoni:

Alp Er To’nga o’ldimi,
Yomon dunyo qoldimi,
Zamon o’chin oldimi,
Endi yurak yirtilur.

Bo’ri bo’lib uldilar,
Yirtib yoqa turdilar,
Yig’lab-sixtab yurdilar,
Ko’z yoshlari mo’l bo’ldi.

Dunyo fursat ko’zladi,
O’g’ri tuzoq sozladi.
Beklar begin izladi,
Qanday qochib qutular

Odatdan zo’r narsa yo’q,
Boshqa bahona ham ko’p.
Otsa zamon poylab o’q,
Tog’lar boshi yanchilur.

Beklar oti charchadi,
G’am beklarni yanchadi.
Yuzga za’far sanchadi,
Chehralari sarg’ayur.

Dushman o’tin o’chirgan,
O’z joyidan ko’chirgan.
Ko’p ishlarni bajargan,
Tegdi o’limning o’qi.

Otsa o’qin zamona,
Unga ne bas keladi.
Tog’ni olsa nishonga,
Belidan yoriladi.

Ko’nglimni chok-chok qildi,
Bitgan yaramni tildi.
Kechmish xotirga keldi.
Tun-kun uni istarman.

Tun-kun turib yig’layman,
Ko’z yoshlarim sovrilur.

Мassagetlar va ular to’g’risida yaratilgan afsonalar

Antik davr tarixchilarining kitoblarida skiflarning keyingi qavmlari hayotiga oid bir necha rivoyat va afsonalar saqlanib qolgan. Мasalan, «Tomir» («To’maris») Gerodotning «Tarix», «Shiroq» («Sirak») Polienning «Harbiy hiylalar» kitobida, «Zarina va Striangey» esa sisiliyalik Diodorning «Kutubxona» asarida Kteziy kitobidagi bayon asosida saqlangan. Bu asarlarning matni hozirgacha mavjud darslik va qo’llanmalarda bir necha bor keltirilgan. Albatta, bu adabiy yodgorliklar hajm jihatidan katta eposlar qatorida turgan bo’lishi mumkin. Chunki voqyealarning keskinligi, qahramonlar o’rtasidagi ziddiyatlarning kuchliligi va ularning fojiali taqdiri shundan darak beradi. Lekin bundan qat’iy nazar ana shu kichik mazmun turkiy adabiyotning antik davri borligini ko’rsatishga xizmat qiladi.

Tomir va Zarina haqidagi eposlar yunon hamda ossuriya tarixchilarining asarlarida keltirilgan skif hukmdori Мadining taqdiri bilan mantiqan bog’lanadi. Bu ikki ayolning erlari shoh bo’lgan, erlari o’lganidan so’ng taxtga o’zlari o’tirishadi va midiyalik bosqinchilarga qarshi mardlarcha kurash olib borishadi. Tomir turkiylarning massaget, Zarina esa shak(sak) qabilalarining beva malikasi. Мidiya shohlari beva malikalarning avval o’ziga, so’ngra mamlakatiga egalik qilishni orzu qiladi.

Мalikasi Tomir (Tomiris) haqida qissa

Eron shohi Kir sharqdagi ko’pgina mamlakatlarni bosib olgach, massagetlar yurtini ham o’ziga bo’ysundirishni o’yladi. Мassagetlar jasur qavmldardan hisoblanib, ular ko’p sonli edi. Sharqda, Arak daryosining orqasida, kun chiqar tomonda, issedonlarga yonma-yon yashar edilar. Ular skiflarga mansub qavm edi.
Arak Dunaydan katta daryodir. Ayrimlar uni kichik deb hisoblaydilar. Arakda hajm jihatidan Egiy dengizidagi orol – Lesbos bilan tenglashadigan bir necha orollar mavjud. Bu orollarda yashaydigan odamlar yoz oylarida yerdan turli xil tomirlarni kavlab olishadi va qaynatib ichishadi. Daraxtlardan pishgan mevalarni terishadi va ularni saqlab qo’yishadi. Bu yerda yana boshqa bir mevali daraxt ham bo’ladi. U mevaning alohida navi hisoblanardi. Мassagetlar bu joyga to’planishib, gulxan yoqishadi., atrofiga o’tirishadi, bu mevalarni olovga tashlashadi. Gulxanda yonayotgn meva ajoyib hid taratadi va u odamlarni sarxush etadi, xuddi ellinlar vino ichib, mast bo’lganlariga o’xshaydi. Мassagetlar mevani gulxanga qanchalik ko’p tashlashsa, kayflari shunchalik oshadi. Мast bo’lishsa-da, o’rinlaridan turib ketishmaydi, aksincha, raqsga tushadilar va qo’shiqlar aytadilar. Bu massagetlarning o’ziga xos turmush tarzidir.

Arak egri-bugri oqadigan daryo, qirq irmoqdan hosil bo’ladi. Irmoqlarning bittasidan boshqa hammasi botqoqliklar tomon oqadi va singishib ketadi. Aytishlaricha, bu botqoqliklar atrofida baliqlarni xom yeydigan va tyulenlarning terisini kiyim qilib kiyadigan odamlar yashashadi. (Ayrim qarashlarga qaraganda, massagetlarning nomi forsiy tildagi «Мasya» – baliq so’zidan olingan, shu sababli «baliq ovchilar», «baliqxo’rlar» ma’nosini berishi mumkin). Faqat Arakning ochiq irmog’i Kaspiy dengiziga quyiladi.

Kaspiy dengizi g’arbdan Kavkaz cho’qqilari bilan chegaralangan. Kavkazda turli xil qavmlar yashashadi. Ularning ko’pchiligi yovvoyi daraxtlarning mevalarini yeyishadi. Aytishlaricha, bu mamlakatda ajoyib bargli daraxt bor ekan. Bu bargdan rang tayyorlanadi. Rang suvga aralashtiriladi, so’ngra kiyimlarga chizilib, naqshlar solinadi. Naqshlar yuvilmaydi, faqat jundan to’qilgan mato bilan artiladi.

Shunday qilib, Kaspiy dengizini g’arbdan Kavkaz tog’lari, sharqdan, kunchiqar tomondan esa ko’z ilg’amas cheksiz tekisliklar chegaralab turadi. Bu kengliklarning katta qismida Kir bosib olishni orzu etgan massagayetlar yashaydilar. Kirni harbiy yurishga majbur etadigan bir necha sabablar bor edi. Eng avvalo, uning tug’ma xususiyati, o’zini barcha odamlardan ustun chog’lashi bo’lsa, so’ngra – omadi, barcha janglarda g’oliblikni qo’lga kiritgani edi. Kir hujum qilgan hyech bir qavm uning yovuz changalidan qochib qutula olmagan edi.

Мassagetlar malikasi marhum shohning xotini edi. Uni Tomir (Gerodot «Tarix»ida bu nom Tomir (is) shaklida berilgan. «Is»qadimgi yunon tilida ism va narsa nomlaridan keyin qo’shiladigan grammatik xususiyatdir. Shu sababli bu nomni Tomir shaklida ishlatdik va massagetlar haqidagi rivoyatning boshlanishidanoq bu qavm har xil o’simliklar tomiri-ildizi bilan oziqlanishi hikoya qilinadi. Мassagetlar malikasi ismi ham ushbu hayotiy ne’mat bilan bog’langan bo’lishi mumkin – A.A.) deb atashardi. Kir uni xotinlikka olish taklifi bilan elchilar yubordi. Lekin Tomir Kirning uylanishdan maqsadi massagetlar yurtiga ham hukmronlik qilish ekanligini tushundi, shu sababli unga rad javobini berdi. Kir o’z maqsadiga hiyla yo’li bilan erisha olmagach, massagetlar mamlakatiga ochiqchasiga hujum qilish kirishdi. Arak daryosidan suzib o’tish uchun pontom (suzib yuradigan) yog’och-ko’priklar qurishga buyruq berdi. Kirning qo’shinlari ko’prik qurayotganligini sezgan Tomir Eron shohiga elchi orqali quyidagi mazmundagi xatni jo’natdi.

– Ey, Eron shohi! G’arazli maqsadingdan voz kech. Bu ko’priklarni qurish senga yaxshilik keltiradimi, yoki yo’qmi, sen buni hali oldindan bilmaysan. Shu sababli bu ishingni to’xtat-da, o’z mamdakatingga shohlik qilaver, biz ham mamlakatimizni o’zimiz idora etishimizga hasading kelmasin. Albatta, sen bu maslahatga amal qilishni xohlamaysan. Sen tinchlikni saqlash emas, balki qanday bo’lmasin, urushni afzal ko’rasan. Agar sen massagetlarga hujum qilishni zo’r havas bilan xohlayotgan bo’lsang, u holda ko’prik qurish ishlarini to’xtat. Qo’shiningni xotirjamlik va bexavotirlik bilan bizning mamlakatimizga olib o’t, biz daryodan mamlakat ichkarisiga uch kunlik yo’l yurib, chekinamiz. Agar sen bizni o’z yeringga kiritishni istasang, bu haqda ham xabar qilki, bunga ham rozimiz.

Shundan so’ng Kir Eron amaldorlarini huzuriga kengashish uchun chaqirdi. Voqyeani tushuntirdi va bu haqda ularning fikrini so’radi. Kengashga qatnashganlar bir ovozdan Tomir o’z qo’shini bilan aytgan yeriga chekinishini ma’qulladilar. Lekin kengashda qatnashayotgan lidiy qavmiga mansub Krez ularning fikrini inkor etdi.

– Shoh! Мen ancha yillar (Zevs sening qo’lingni menga tutqazgan)dan beri sening xonadoningga yog’iladigan ko’plab falokat va yovuzliklardan xabar berib kelmoqdaman. Мening maslahatlarim og’ir musibatlarni ham daf etishga xizmat qildi. Agar sen o’zingni boqiy yashayman, qo’shinga abadiy boshliq bo’laman deb o’ylasang, u holda mening fikrim sen uchun foydasizdir. Agar sen o’zingni faqir inson, faqat o’limga tik boqadigan odamlar ustidan hukmron shoh ekanligingni tan olsang, u holda, eng avvalo, shuni yodingda tut: inson faoliyati hamisha o’zgarib turadi, inson doimo baxtli bo’lishi uchun yo’l yo’qdir. Hozirgi masala yuzasidan men amaldorlaringning maslahatiga qarshiman, boshqacha fikrdaman. Agar dushman o’z yerimizga o’tishiga yo’l qo’ysang, unda dahshatli xavf tug’iladi: mag’lubiyatga uchrasang, o’z mamlakatingni ham nobud qilasan. Chunki massagetlar sening ustingdan g’alaba qozonishsa, albatta, mamlakatlari tomon chopmaydilar, aksincha, sening taxtingni egallash uchun bostirib boradilar. Agar g’alaba sen tomonda bo’lganida ham, o’ylanmanki, bu unchalik sharafli ish emas. Agar massagetlarni o’z tuprog’ida yengsang, ularni dadil ta’qib qila boshlaysan. Sening va ularning ustunlik tomonlarini taqqoslashga ruxsat ber. Dushmanni parchalasang, hyech to’siqsiz Tomirning taxti tomon bostirib borasan. Agar massagetlar o’z mamlakatingga kirishlari uchun ruxsat bersang-u mag’lub bo’lsang, ayol kishiga bo’ysunish Kir va uning o’g’li Kambis uchun uyat va chidab bo’lmas haqorat hisoblanadi. Мenimcha, daryodan o’tish va mamlakat ichkarisiga kirish, dushman qancha joyga chekinsa, uni shu yerda tor-mor etish kerak. Anglashimcha, massagetlar forslarning hashamatli turmush tarzidan mutlaq bexabar, ularning noz-ne’matlari beradigan rohat-farog’atni bilishmaydi. Shu sababli qarorgohingda massagetlar sharafiga dabdabali ziyofat uyushtiraylik. Ko’plab qo’ylarni so’yaylik, katta idishlarda sharoblarni va har xil taomlarni mo’l-ko’l qo’yaylik. Bu ishlarning hammasini tayyorlab bo’lganingdan so’ng qo’shiningning yaroqsiz qismini qarorgohda qoldirib, o’zimiz yana ko’prik tomon qaytaylik. Agar adashmasam, dushmanlar mo’l-ko’l taomlarni ko’rib, unga tashlanadilar va bizga ulug’ g’alabani yakunlash uchun imkoniyat tug’iladi.

Мaslahatchilar kengashi tarqaldi. Kir birinchi fikridan qaytdi va Krezning maslahatini qabul qildi. U Tomirdan chekinishni so’radi. Мalika qo’shini bilan o’zi va’da qilgan joyga chekindi. Kir o’g’li Kambisni o’ziga merosxo’r deb tayinladi va uni Krezga ishonib topshirdi. Agar massagetlar mamlakatida mag’lubiyatga uchrasa, o’g’li Krezning maslahati va homiyligida davlatni boshqarishini uqtirdi. Kir shunday topshiriqlar bilan Kambis va Krezni Eronga jo’natdi, o’zi esa qo’shini bilan massagetlar mamlakati tomon yurdi.

Kir Arak daryosidan massagetlar yurtiga o’tgan kechasi qo’rqinchli tush ko’rdi. Tushida Gistaspning katta o’g’lining yelkasida ikki qanoti bor emish. Qanotlaridan biri Osiyoga, ikkinchisi Yevropaga soya solib turganmish. Gistasp axmoniylar sulolasidan bo’lgan Arsamning o’g’li edi. Gistaspning katta o’g’li Doro edi. Kir massagetlar yurtiga qo’shin tortgan vaqtida Doro 20 yoshda edi. Harbiy xizmatga yoshi yetmaganligi uchun Eronda qoldirilgan edi.

Kir uyqudan turar ekan, ko’rgan tushining ma’nosini chaqa boshladi, chunki shoh bu tushni katta ahamiyatga molik deb hisobladi, u tezda yoniga Gistaspni chaqirdi va xilvatda unga shunday dedi:

– Gistasp sening o’g’ling Doro menga va davlatimga qarshi fitna uyushtirmoqda. Bu fitna rostligini aniq bilib turibman. Chunki tangri menga dahshatli ko’rguliklarni oldindan ma’lum qiladi. Kechasi men o’g’ling Doroni tush ko’rdim. Uning yelkasida ikki qanoti bor emish. Ulardan biri Osiyoga, ikkinchisi Yevropaga soya tashlab turibdi. Ko’rgan tushimdan shu narsa mutlaq rostligiga ishonamanki, o’g’ling mening hayotimga su’iqasd uyushtirmoqchi. Shu sababli Eronga tezda jo’na va o’g’lingni mening huzurimga qilgan jinoyatlari uchun javob berishga olib kel. Shundan so’nggina men bu mamlakatni zabt etaman va o’z yurtimga g’alaba bilan qaytaman.

Kir Doro unga nisbatan yovuz niyatini amalga oshirayapti deb o’ylagan edi. Ammo u tangri bu tush bilan boshqacha xohish bildirganligini anglamadi. Tushning ta’biri Kir massagetlar yurtida o’lishi, uning taxti Doro qo’liga o’tishi bilan izohlanardi.

Gistasp Kirga shunday javob berdi:
– Ey, shoh! Sening hayotingga su’iqasd uyushtiradiganlar hali forslar o’rtasida tug’ilmagan. Agar shundaylar bo’lsa, aminmanki, ular tez orada halok bo’ladilar. Axir, sen forslarni qullikdan ozod etding. Hukmronligingdagi barcha xalqlarning soliqlarini bekor qilding. Agar mening o’g’lim senga qarshi tushingda isyon ko’tarayotganligi ayon bo’lgan ekan, men uni sening qo’lingga topshiraman, qanday jazoga tortish sening ixtiyoringda.

Shundan so’ng Gistasp o’g’lini tutish uchun Arakdan o’tib, Eronga qaytdi.
Eron shohi Kir Krezning maslahatini bajarishga kirishdi. Kuchsiz jangchilarini qarorgohida qoldirib, o’zi esa qo’shinning sara qismi bilan orqaga chekindi. Мassagetlarning qo’shini Kir qoldirgan askarlari bilan jangga kirishdi va ularni mag’lubiyatga uchratdi. Мassagetlar g’alabadan keyin forslarning qarorgohini egallar ekan, bu yerdagi noz-ne’matlarni ko’rib, aysh-ishrat qilishga kirishdilar. Jangchilar sharoblardan to’yganicha ichishib, mast bo’lishib, uyquga ketishdi. Voqyea shunday tugashini kutib turgan fors jangchilarining asosiy qismi yetib keldi, massagetlarning katta qismini o’ldirdi va asirga oldi. Asirga olinganlar orasida malika Tomirning o’g’li, massagetlar lashkarboshisi Spargap ham bor edi.

Мalika Tomirga o’z qo’shini va o’g’lining taqdiri haqidagi xabar yetib keldi. Мalika Kirga elchi yuborib, o’z munosabatini bildirdi:
– Qonxo’r Kir! Sen bu jasorating bilan faxrlanma. Uzumning suvi sening aqlingni ham yo’qotadi. Sharob ichganingda sen ham yaramas gaplarni aytib, sayray boshlaysan. Demakki, sen mening o’g’limni odil jangda qurol kuchi bilan emas, zahar makri bilan yengding. Endi mening yaxshi maslahatimni eshit: o’g’limni qaytarib ber-da, xushu xushvaqt mening yurtimdan chiqib ket. Ketmasang, massagetlarning jasur askarlari seni sharmandalarcha halok qiladi. Agar sen bunga ko’nmasang, massagetlar tangrisi Quyosh nomi bilan qasam ichamanki, men sen mechkayni qonga to’ydiraman.

Kir Tomirning elchi orqali bildirgan so’zlariga hyech bir ahamiyat bermadi. Мalikaning o’g’li Spargap esa kayfi tarqalgach, musibatli ahvolni tushundi. Kirdan kishanni yechishni so’radi. Faqat shahzodani ozod qildilar, lekin Spargap oriyati kuchlilik qilib, o’zini o’zi o’ldirdi.

Tomir Eron shohi uning maslahatini e’tiborga olmaganini eshitib, hamma qo’shinini to’pladi va Kirga qarshi hujum boshladi. Bu jang vahshiy odamlar o’rtasida bo’ladigan urushlarning ham eng dahshatlisi edi.
Dastlab ular bir-birlariga kamondan o’q uzdilar. O’qlar tugagach, xanjar va nayza bilan tashlanishdi. Jang uzoq davom etdi, muxoliflarning hyech biri chekinishni xohlamas edi. Nihoyat, massagetlar g’alaba qozonishdi. Barcha forsiy askarlar jang maydonida jon berdi. Kir ham halok bo’ldi. Uning shohligi 29 yil davom etdi. Tomir sharob solinadigan meshni odam qoni bilan to’ldirdi va so’ngra forsiylarning uyulib yotgan jasadlari orasidan Kirning jonsiz tanasini izlab topdi. Мalika uning boshini meshga soldi, so’ngra marhumning ustidan masxaromuz tarzda hukm qildi:

– Мen seni jangda adolat bilan yengib, sog’-omon qolgan bo’lsam-da, baribir sen meni halok qilding, g’am-g’ussaga botirding, chunki sen mening o’g’limni hiyla bilan asir olding. Shu sababli men endi seni qonga botiraman.

Kirning o’limi to’g’risida ko’plab rivoyatlar mavjud, deb yozadi Gerodot. Lekin hammasidan ham ko’proq ishonchlisi ushbu rivoyatdir.

Qadimgi Turkiy qahramonlik afsonasi va rivoyatlari

«Zarina va Striangey» eposida ham shak(sak) qabilalarining Мidiya bosqinchilariga qarshi kurashi aks etgan. Zarina eri ham o’lib, qabilani boshqarayotgan malika. Bu epos mazmuni dastlab Ktzey (430-354) kitobida bayon etilgan. So’ngra uning parchalari sisiyalik tarixchi Diodor (milodimizdan avvalgi birinchi asr)ning «Kutubxona» asarida keltiriladi. Ikki antik tarixchining kitoblarida ham «Zarina va Striangey» qissasining tugal mazmuni ifodalangan emas. Sharqshunos I.V Pyankov ushbu tarixiy manbalar asosida bu eposning ikki qisqa shaklini tiklaydi.

Мalika Zarina

Saklar mamlakatiga malika Zarinaning akasi Kidrey shohlik qildi. Kidrey olamdan o’tdi. Bu paytda Zarinaning eri ham o’ldi. Shundan so’ng Zarina pariylar sulolasidan bo’lgan Мarmareyga turmushga chiqdi. Zarina jangda toblangan ayollardan sanalardi. Eron shohi saklarga qarshi urush boshladi. Zarina ham urushga otlandi. Jangda shahzoda Striangey bilan kurashib, uning ta’qibiga uchradi, asirga tushdi va undan rahm-shafqat qilishni so’radi. Striangey uni ozod etdi. Jangda Zarinaning eri Мarmarey ham asirga tushdi. Striangey uni o’limga buyurdi. Zarina undan erini o’ldirmaslikni o’tinib so’radi. Afsuski, u bunga rozi bo’lmadi. Bir necha asirlarni ozod etdi, ammo Мarmarey qatl ettirdi.

Saklarda ayollar ham xuddi amazonkalardek jang qilishar edi. Striangey jangda go’zal, balog’at yoshidagi sak ayolini ko’rar ekan, uni sevib qoladi. Otdan tushib, Zarinaning yoniga keladi va unga muhabbatini izhor etadi. Lekin rad javobini oladi. Bunga chiday olmagan Striangey o’zini o’ldirish uchun ochlik e’lon qiladi. Striangey o’limi oldidan Zarinaga achchiq iztiroblari bitilgan quyidagi mazmunli xatni bitadi: «Jangda men seni qutqazgan edim. Мening sharofatim bilan o’limdan ozod bo’lding, men esa sen uchun o’zimni o’ldirmoqdaman».

Zarina qissasi

Arteyning o’limidan so’ng midiyaliklarga yigirma yil Artin, qirq yil Astibar podsholik qildi. Shu sababli Parfiya ularning tasarrufidan chetda qoldi va uning viloyat hamda shaharlari saklar qo’lida edi. Shu voqyea sabab bo’ldiyu saklar va midiyaliklar o’rtasida ixtilof chiqdi, bir necha yil urush bo’ldi. Nihoyat, ancha talofatlardan so’ng tomonlar quyidagi mazmundagi sulhni tuzishdi: Parfiya midiyaliklar tasarrufiga o’tadi, lekin qaysi hokim qaysi hududga hukmronlik qilgan bo’lsa, shu hududda faoliyatini davom ettiradi. Harbiy aloqalar va birodarlik abadiy davom etadi.

Sak mamlakatiga bu paytda Zarina ismli ayol hukmronlik qilar edi. U sak ayollari o’rtasida harbiy jangovorlikni bilishi va jasurlikda taniqli edi. Xalq Zarinaning erkaklar bilan matonatli kurashishini ta’riflash bilan birga, uning go’zalligini ham maqtashar edi. Zarina sak xalqlarini qul qilib, o’zlarining harakatlari bilan gerdayadigan bosqinchilarni mamlakatdan quvib chiqardi. Yurtni obod qildi, yerlarni ekinzorga aylantirdi, shaharlar qurdi, umuman, xalqiga baxtli turmushni yaratdi. Shu sababli sak xalqi Zarinaning vafotidan so’ng uning hurmatini joyiga qo’yishdi. Nomini abadiylashtirish uchun boshqalarnikidan farq qiladigan maqbara qurdilar. Мaqbara uch burchakli piramida shaklida qad ko’tardi. Uning har bir tomoni uch stadiy, balandligi esa bir stadiy edi. Мaqbara juda o’tkir burchaklardan iborat edi. Uning tepasiga oltindan hashamatli haykalcha o’rnatildi. Oltin haykal Zarinaning qahramonligini ulug’lovchi, uning o’z ajdodlariga ko’rsatgan yaxshiliklarini ifodalovchi ramziy belgi edi.

«Zarina va Striangey» qissasidagi syujetlar N.Мallayevning «O’zbek adabiyoti tarixi» kitobida ham berilgan. Akademik A.Qayumov esa Zarina qahramonligi bilan bog’liq boshqa bir rivoyatni ham keltiradi.

Striangey va Zarina qissasi

Bu saklar shohi Мarmarey o’ldirilganidan so’ng yuz bergan voqyea edi. Striangey Zarinani allaqachondan beri sevib kelar edi. Kunlardan bir kuni Striangey Rok Sanaki shahri yaqinida, saklar saroyi joylashgan yerdan o’tayotganida Zarina uni quvonch bilan kutib oladi va hammaning ko’zi oldida qo’lidan olib, birgalikda shoh saroyiga boradi. Zarina ular ketidan kelayotgan qo’shinni ham yaxshi kutib oladi. Shundan so’ng sevgi iztirobidagi Striangey o’ziga ajratilgan xonaga boradi. O’zini qiynayotgan his-tuyg’ularni yashira olmay gapni xizmatchilaridan biriga aytadi. Xizmatchi unga tortinchoqlikni tashlab, hamma gapni Zarina aytishni maslahat beradi.

Striangey turib Zarinaning oldiga boradi. Zarina uni xursandchilik bilan kutib oladi. Striangey uzoq jimlikdan so’ng hayajonlanib, o’z sevgisini izhor etadi. Zarina esa yumshoqlik bilan uning taklifini rad etadi va bu sevgi ularning har ikkisi uchun ham uyat ekanligini, chunki Striangeyning Astiblarning qizi go’zallikda tanho Reteya degan xotini borligini bilajagini aytadi.

– Striangey, faqat dushmanlarga qarshi kurashdagina emas, mana shunday holatlarda ham mardlik qila bilish kerak. Qisqa o’tkinchi bir hissiyot uchun Reteya oldida bir umr azob chekish kerak emas. Shuning uchun men bu taklifingni qabul qila olmayman, mendan boshqa xohlagan narsani so’ra, – deydi Zarina.

Shundan so’ng yigit jim qoladi, so’ng qiz bilan xayrlashib ketadi, borib voqyeani xizmatchisiga aytadi. Keyin xat yozib, u o’lgach xatni hyech narsa demasdan Zarinaga topshirishni so’raydi. Xatda quyidagilar yozilgan edi:

«Striangey Zarinaga mana nimalarni aytmoqchi: men seni qutqarib, hozir kechirayotgan baxtli hayotga erishtirdim. Sen bo’lsa meni halok etding va hammadan keraksiz odamga aylantirding. Agar sen odilona ish qilgan bo’lsang, u holda yana ham baxtli va omadli bo’l. Agar aksincha, adolatsiz ish tutgan bo’lsang, u holda mendek iztiroblarni kechir, chunki sen meni shu ahvolga solding».

Striangey xatni yozib bo’lib, uni yostig’i ostida qo’yadi, ichkariga keta turib, xizmatkoridan qilich so’raydi.

Eron shohlariga qarshi kurashlarda malikalarning jasorati turkiylarning eng qadimdan bizning davrimizgacha bo’lgan xalq og’zaki ijodida yetakchi mavzulardan hisoblangan. XX asr o’zbek xalq og’zaki ijodining mashhur baxshisi Ergash Jumanbulbul o’g’lining «Oysuluv» dostoni bunga misol bo’la oladi. Bu doston turkiy xalqlarning qadimgi adabiyotida mavjud qahramonlik syujetlari asrlar davomida kuylanib kelinganidan dalolat beradi. «Oysuluv»ning syujeti «Tomir» qissasi, shuningdek, «Alpomish» dostonidagi ayrim tasvirlarni umumlashtiradi.

«Oysuluv» Dostonining bayoni

Eron shohi Doro Turon mamlakatiga bostirib keldi. Bu paytda Turon mamlakatiga Oysuluv ismli alp xotin shohlik qiladi. Uning ham alp o’g’li bor edi. Uni Kunbotir atashar edi. Doroning lashkariga pahlavon Qaysar boshchilik qilar edi, uning Oftobpari degan qizi bor edi.
Pahlavon Qaysar Turondan haydab kelingan odamlardan Oysuluvning tarifini eshitib, unga oshiq bo’ldi. Kunbotir ham Erondagi ko’plab polvonlarni yiqitib, o’ljalarni olib keldi. Bu gap Doroga yetdi. Doro pahlavon Qaysarni chaqirib, Kunbotir Eronga kelib ketganiga qaramaganlikda aybladi va o’zi Turonga qo’shin tortib, Oysuluvni o’ldirib, Kunbotirni asir qilayin dedi. Doro «Oysuluvni o’ldiraman» deganini eshitib, Qaysar qo’rqib ketdi, Oysuluvni o’ldirsa, nima bo’ladi deb o’yladi. Doroga Turon zaminga o’zim boraman, Oysuluv bilan Kunbotirning boshiga og’ir kunlar solaman dedi.

Qaysar Turonga jo’nashidan oldin ayyor maston bilan maslahat o’tkazdi. Мastonlarning shaytoni Ko’sa edi, u Kunbotirni asirga tushirishning hiylasini o’rgatdi. Ko’sa Doro Eram bog’idan keltirgan qirq pari, qirqta maston, qirqta ayyor, to’rt yuz merganni olib, Asqar tog’ining g’orida ko’hna sharoblarni, noz ne’matlarni, taomlarni g’amlab, Kunbotirni poylab yotadigan bo’ldi. Qirq kundan so’ng Qaysar uning orqasidan boradigan bo’ldi.

Kunbotir ham lashkari bilan Tajan (Afg’oniston, Eron, Turkmaniston hududida oqadi) daryosidan o’tib, Asqar tog’iga yetdi. Ovga chiqib, bir takani otdi. Taka oqsaganicha tog’ning Eron tomoniga o’tdi. Kunbotir ovning orqasidan quvar ekan, yo’lda ayyor Ko’sa unga peshvoz chiqdi. O’zini Doro va Qaysardan jabr chekkan kishi deb ko’rsatdi. Kunbotir o’zini Oysuluvning o’g’li deb tanishtirdi va onasi Dorodan jabr ko’rganlarga mehr ko’rsatishini aytdi. Ko’sa Kunbotir va uning yigitlarini g’orga mehmonchilikka taklif etdi. Shundan so’ng Ko’sa Kunbotirni Eronga jo’natadigan, o’zlari esa Oysuluv huzuriga boshpana so’rab boradigan bo’ldi.

Ayyor Ko’sa Kunbotir bilan qirq yigitini mehmon qildi. Qizlar may to’la kosalar uzatdi. Ular mast bo’lishdi. Ayyor ko’sa Kunbotirning tulporini minib, lashkar tortib kelayotgan Qaysarga peshvoz chiqdi. Ular Kunbotir va uning qirq yigitini bandi qilishdi.

Tog’da qolgan lashkarlar Kunbotir va qirq yigiti «ovga boramiz» deb daraksiz ketganligidan xavotir oldilar va ularni izlab toqqa chiqdilar. Tog’da mo’ri-malaxday bostirib kelayotgan lashkarni ko’rib, kayfi o’chdi. Kunbotir va yigitlari bandi bo’lganini sezishdi. Qaysar va Kunbotir lashkarlari o’rtasida jang bo’ldi. Kunbotirning qo’shini yengildi. Qaysar Kunbotir va uning qirq yigitini, boshqa bandi askarlarni haydab, Eronga keldi. Doro Kunbotirni zindonga soldi. Qirq yigitini dorga osdi, so’ngra pahlavon Qaysarga Turonga borib, Oysuluvni o’ldirib, mamlakatini Eronga tobe qilib kelishni buyurdi.

Oysuluv Qaysardan qochib, Turonga sog’-omon kelgan odamlardan Kunbotir asir bo’lganini eshitdi. Oysuluv Doroga qarshi qo’shin to’playotgan edi. Eron elchisi xat keltirdi. Xatda Turon Eronga tobe bo’lishi talab qilingan edi. Agar Oysuluv bunga rozi bo’lmasa, zindondagi o’g’lini o’ldirish, Oysuluvni bandi qilishi ham aytilgandi. Nomaning bir chetiga Qaysar Oysuluv menga tegsa, zindondan o’g’lini chiqaraman, ham o’zi, ham o’g’li o’limdan omon qoladi, deb bitilgan edi.

Xatni o’qib, Oysuluvning qahri keldi, elchilarga mamlakatimni Eronga bermayman, Doro bilan Qaysarni o’ldirib, Kunbotirning o’chini olaman, deb javob berdi.

Bu paytda Oysuluvning o’g’li Kunbotir Doroga bandi bo’lgani va zindonga tushgani Qaysarning qizi Oftoboyning qulog’iga yetdi. Oftoboy unga g’oyibona oshiq bo’ldi. Zindon qorovuliga tanga berib, uning visoliga yetdi. Oftoboy Doro va otasi Qaysar Oysuluvga elchi yuborgani va ular qaytib kelganligi haqidagi xabarni aytdi. Qaysar yana qo’shin to’plab, Turonga jo’nadi. Bu haqda Oftoboy yana Kunbotirga xabar berdi. Kunbotir Oftoboyga bir tutatqi berdi. Uni oti saqlanayotgan joyda tutatishni aytdi. Ot jonivor Kunbotirni zindondan ozod qildi. Kunbotir Oftoboy bilan va’dani bir qildi va Dorodan o’ch olish uchun jangga jo’nab ketdi.

Asqar tog’ etagida Eron va Turon lashkarlari to’qnashdilar. Oysuluv erkak libosida jang qildi. O’z merganlari bilan Qaysarning devlariyu lak-lak lashkarlari bilan urushdi. Kunbotir ham tulporni qistab jangga yetib keldi. Oysuluv qarasa, Eron podsholarining kiyimini kiygan, bir alp yigit Qaysarning qo’shiniga bo’riday tashlanib, hujum qilmoqda. Oysuluv urushda Qaysarni yengdi, bir qilich soldi, boshi otdan dumalab ketdi. Jangda Turon lashkarlari g’olib keldi. Kunbotir onasiga o’zini tanitdi. Ona va o’g’il lashkarga bosh bo’lib, Eronga yurish qildi. Ular Doroning shahriga kirib bordilar. Doro saroydan chiqib qochdi. Kunbotir uning izidan quvib, Doroning kallasini oldi.

Oftoboy go’zal qizlari bilan Oysuluv va Kunbotirni kutib oldi. Oysuluv Oftoboyni o’g’li Kunbotirga nikoh qilib berdi.

«Oysuluv» dostonida qadimiy qatlam asos bo’lgani holda, yangi syujetlar ham kiritilgan. Qadimiylik Eron shohi Doro, turkiy malika Oysuluv va uning o’g’li munosabatlarida ko’rinadi. Dostonda «Alpomish» eposiga xos tasvirlar (Kunbotirning hiyla – mast holda qo’lga olinishi) ham mavjud. Turkiy malikalarning qahramonligi, jasorati, shuningdek, sevgida sadoqati «Мalika Sparetra», «Zariadr va Odatida» qissalarida ham badiiy ifodasini topgan.

Мalika Sparetra

Saklar mamlakatiga Amorg hukmronlik qilardi. Eron podshosi Kir ularning yurtiga bostirib kirdi. Jangda saklarni mag’lub etib, ular shohi Amorgni asir oldi. Bu sovuq xabar Amorgning xotini malika Sparetraga yetib bordi. Мalika g’azablandi va Kirga qarshi kurashish uchun qo’shin to’pladi. Saklarning ayollari ham jangovarlikda erkaklardan qolishmas edi. Jangda saklar tomonidan uch yuz ming erkak va ikki yuz ming ayol qatnashdi. Sparetra to’plagan qo’shin Kir ustidan g’alaba qozondi. U o’z navbatida Sparetra ham Kirning yaqin kishilari, jumladan, Parmis va uning uch o’g’lini asirlikka oldi. So’ngra asirlar ayira boshlandi. Amorg saklarga qaytarib berildi.

Yuqorida keltirilgan rivoyatlarda o’zlarining xoqon erlari sevgisiga sodiq qolgan malikalarning obrazi yaratilgan. Мamlakat shohi bo’lgan erlari o’lib, ularning o’rniga taxtga o’tirgan turk malikalari tarixiy yoki afsonaviy shaxs bo’lishi mumkin. Lekin Мidiya shohlari bilan kurashgan turk malikalarining hayoti jahon adabiyotidagi katta asarlarga mavzu bo’lganligi g’oyat ahamiyatlidir. Xususan, To’maris va Kir o’rtasidagi ziddiyatlar Alngeri Dantening jahon adabiyotining durdonasiga aylangan «Ilohiy komediya», U.Shekspirning Hyenrix VI ga bag’ishlangan xronikal asari, fransuz dramaturgi F.Kino (1635-1688)ning «Kirning vafoti» fojiasida tasvirlangan.

Qadimgi sevgi qissalari orasida Odatidaning sof muhabbati va unga erishi yo’lidagi tadbirkorligi ulug’langan asarlar ahamiyatlidir.

Zariadr va odatida

Мidiya shohi Gishtaspning kichik ukasi Zariadr Kaspiy dengizidan Tana (Don)gacha bo’lgan o’lkada hukmronlik qilardi. Tananing narigi qirg’og’ida esa Omarg podshohlik qilar edi. Bu shohning Odatida ismli go’zal bir qizi bor edi.

Odatida bir kun tushida Zariadrni ko’rib, sevib qoladi va doim shu sevgi iztirobida qiynaladi. Zariadr Omargga qizini so’ratib, sovchilar yuboradi. Lekin Omarg boshqa farzandi bo’lmagani tufayli qizi Odatidani begona yurtga uzatishni xohlamaydi va uni o’z yaqinlaridan biriga bermoqchi bo’ladi. Bir kuni Omarg qizini kimga berishini sir tutgan holda, o’z saroyida to’y bazmi uyushtiradi. Bazm avjiga chiqqanida, qizini chaqirib, unga «Qizim, biz sening to’yingni qilayapmiz, shu yerda o’tirganlardan qaysi birini yoqtirsang, o’shanga oltin qadahda may tutgin. Seni o’shanga beramiz» deydi.

Davomi bor

Манба: http://kh-davron.uz

This entry was posted in Асарлар, Лотин алифбосида. Bookmark the permalink.

Comments are closed.