Turkiy adabiyotning qadimiy qatlamlari

Abdurashid Abdurahmonov

Turkiy adabiyotning qadimiy qatlamlari.Birinchi qism.

Mustaqilligimiz sharofati bilan xalq va vatan tarixi, adabiy, ilmiy va madaniy merosning qadim-qadim zamonlarga borib taqaladigan ildizlarini chuqur va xolisona o’rganish imkoniyatlari maydonga keldi. Shuning natijasida turkiy xalqlarning qadimgi davrlarda yaratgan adabiy-badiiy yodgorliklarini izlash, ularning namunalarini aniqlash, tahlil va talqin qilish ishlari ham jadal sur’atlar bilan amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, turkiy xalqlarning qadimgi tarixi va madaniyati jahon turkiyshunos olimlarini anchadan beri qiziqtirib kelmoqda. Bu sohada turli tillarda qator tadqiqotlar amalga oshirilgan, mavjud bo’lgan, aniqlangan yodgorliklar nashr ettirilgan, tarjima ham qilingan. Shuning bilan bir qatorda turkiy xalqlar og’zaki ijodining go’zal namunalari bo’lgan rivoyat, afsona, doston va boshqa janrlardagi asarlari ham umumlashtirishni taqozo etadi.
Shunisi ham borki, turkiy xalqlarning qadimiy tarixiy va adabiy yodnomalarining ko’p qismi saqlanib qolmagan bo’lsa-da, ularning ayrimlari yunon, xitoy, arab, fors, german, rus, slavyan xalqlari tillarida bitilgan tarixiy-adabiy yodgorliklarda o’ziga xos tarzda ifodalangan holda saqlangan. Bularning hammasini o’rganish, tartibga solish, ma’lum bir xulosalarga kelish esa nihoyatda ko’p mehnat va uzluksiz izlanishlarni talab etadi. Bunday ishni amalga oshirish esa turkiy xalqlar qadimgi adabiyoti tarixini yaratishga qo’yilgan jiddiy qadam sanaladi. Ana shunday mas’uliyatli vazifani anglab, uni amalga oshirishga bel bog’lagan adabiyotshunos Abdurashid Abdurahmonov ko’p yillik izlanishlari natijasi bo’lmish «Turkiy xalqlar og’zaki ijodi» deb nomlangan o’quv qo’llanmanmasini yaratdi.

Mazkur qo’llanmanmada mumtoz adabiyotshunoslikdagi tazkira-bayoz tuzish an’anasi davom ettirilganday bo’lib tuyuladi. Chunki unda, bir tomondan, qadimgi turkiy adabiyot to’g’risida ma’lumot berish mavjud bo’lsa, ikkinchi tomondan, bu ma’lumotni tasdiqlovchi adabiy matnlar ancha mufassal tarzda keltiriladi. Bu matnlar esa muallif tomonidan turli manbalardan to’plangan bo’lib, hatto ayrimlarini o’zi o’zbek tiliga ham tarjima qilgan. Natijada turkiy xalqlarning qadimgi davrlardan tortib milodning VIII asrgacha yaratilgan boy adabiy meros matnlari bir joyda jamlangan. Bu esa, o’z navbatida, shu davr adabiyoti tarixini o’rganuvchi bakalavr, magistrlar uchun ham, maktab, lisey, kollejlarning o’qituvchilari uchun ham va umuman olganda, turkiy xalqlarning qadimgi adabiyoti tarixi bilan qiziquvchilar uchun ham ancha qulaylik tug’diradi. Chunki o’quvchi u yoki bu yodgorlik-adabiy matnni o’qish va tahlil qilish uchun turli manbalar, nashrlarni axtarib yurmaydi. Ana shu jihatdan qo’llanmada tarixiy-adabiy matnlarni keltirishga ko’p o’rin ajratilganini ma’qullash mumkin.

A.Abdurahmonovning mazkur qo’llanmasini ko’zdan kechirish shundan guvohlik beradiki, qadimgi turkiy adabiyot o’z qatlamlari, janrlar rang-barangligi, mavzularning turli tumanligi, tarixiy-badiiy obrazlarining o’ziga xosligi bilan diqqatni jalb etadi. Ularda turkiy xalqlarning qadimiy diniy va badiiy tafakkuri jarayoni o’ziga xos tarzda ifodalangan. Shuning bilan birga bunday diniy va badiiy tafakkurning boshqa qavm va xalqlar diniy hamda badiiy tafakkuri, adabiy merosi bilan mushtarak jihatlari va farqlari ham namoyon bo’lib turadi, badiiy muammolaridan ham mulohazalar yuritiladi.

Umuman olganda, A.Abdurahmonovning «Turkiy xalqlar og’zaki ijodi» qo’llanmanmasi islom sivilizasiyasiga qadar bo’lgan davrdagi turkiy xalqlar badiiy ijodining rang-barang mahsuli bo’lmish yodgorliklar bilan tanishish, ularning umumiy adabiy jarayon tarixida tutgan mavqyeini belgilashda o’z hissasini qo’sha oladi.

Albatta, mazkur qo’llanmani bu sohadagi ilk qadamlardan bo’lganidan unda hamma muammolar yechimini axtarish qiyin. Shunday bo’lsa-da, qo’llanma qadimgi turkiy adabiyot haqida ma’lum ma’noda ma’lumotnoma vazifasini o’taydi. Agar muhtaram o’quvchi o’z xohish-istaklarini bildirib, uni yanada mukammallashtirish uchun muallifga ko’mak bersa, nuran a’lo nur bo’lajak, deb o’ylayman.

B.VALIXO’JAYEV, akademik.

KIRISH

«Tarix – xalq ma’naviyatining asosidir». Xalqimiz ma’naviyatining shakllanishida tariximizning uzoq o’tmishida yaratilgan badiiy adabiyot alohida qadr-qimmatga ega. Jahondagi ko’plab xalqlar o’zining antik (lotincha «qadimiy») davr adabiyotiga ega. Qadimshunos olimlar «antik» so’zini yunon va rim adabiyotiga nisbatan qo’llasalar-da, aslida Misr, Eron, Xitoy, Hindiston, Bobil (Vavilon) kabi mamlakatlarning madaniyati ham yunonlardan oldinroq (2700-2800 yillar muqaddam) yuzaga kelgan. Turkiy adabiyotning ham antik davri bo’lganmi?

Islomgacha bo’lgan turkiy adabiyot ham o’zining qadimiy qatlamlariga ega. Bu davrda adabiyot asosan og’zaki shaklda paydo bo’lgan va rivojlangan deb hisoblash mumkin. Bu adabiyot tarixini o’rganish juda muhim masala bo’lib, lekin u o’ziga xos qiyinchiliklarga ega. Abu Rayhon Beruniy arab bosqinchilari qadimiy Xorazmni egallagandan so’nggi harakatlari to’g’risida shunday qayg’urib yozadi: «Qutayba Xorazm xatini yaxshi biladigan, ularning xabar va rivoyatlarini o’rgangan va bilimini boshqalarga o’rgatadigan kishilarni halok etib, butkul yo’q qilib yuborgan edi. Shuning uchun u (xabar va rivoyatlar) islom davridan keyin, haqiqatni bilib bo’lmaydigan darajada yashirin qoldi». Buyuk mutafakkirning bu fikri faqat Xorazmdagina emas, arablar Markaziy Osiyoning, umuman, bosib olgan barcha mamlakatlarning madaniyatini, tarixini, yozuvi, adabiyotini yo’q qildi. Shuning asoratidirki, islomgacha bo’lgan davrda turkiy xalqlar o’rtasida qanday ijtimoiy tuzum bo’lganligi, ularning adabiyoti, madaniyati va hatto diniy e’tiqodlari to’g’risida ham aniq fikrlar bayon etilmaydi, ziddiyatli qarashlar yuzaga keladi.

Turkiy xalqlar og’zaki ijodi tarixining ilk davrlari o’rganilganda turkiylar nomi bilan shuhrat qozongan ko’plab xalqlarning madaniyatiga murojaat qilish o’rinlidir. Chunki bugungi kunda mustaqil millat sifatida shakllangan o’zbek, qozoq, qirg’iz, boshqird, qoraqalpoq, turkman, uyg’ur, ozarbayjon, gagauz, usmonli turk, tatar, yoqut va boshqa xalqlar qadimgi turkiylarning avlodlaridir.

Qadimgi turkiylarning yuzaga kelishi muqaddas kitoblardan biri «Injil»da, shuningdek, ko’plab afsonalarda Nuh payg’ambarning farzandi Yofas nomi bilan bog’lanadi. «Injil»da Yofasning Go’mer, Ma’juj, Go’merning esa Ashkanoz ismli o’g’illari bo’lganligi ko’rsatiladi. Fanda Go’mer turkiylarning kimmer, Ma’juj – Gog va Mago’g, Ashkanoz – skif qavmlarining paydo bo’lishiga asos bo’lgani aytilgan. Tarix otasi Gerodot (miloddan avvalgi V asr) «Tarix» asarining to’rtinchi kitobida skiflar va ularga yaqin qavmlarning turmush tarzi, hayoti bilan bog’langan rivoyat hamda afsonalarni keltiradi, skiflarning forslar bilan urushlarini ko’rsatadi. Bu davr tarixchilarining asarlarida turkiy qavmlar skif, kimmer, sak, massaget kabi nomlar bilan yuritilgan. Qadimgi turkiylarning hayoti Kteziy (miloddan avvalgi V-IV asr), Xares Mitilenskiy (miloddan avvalgi IV asr), Polien (miloddan avvalgi II asr), Strabon (miloddan avvalgi I asr), Diodor (miloddan avvalgi I asr) va boshqa antik tarixchilarning kitoblarida yoritilgan, rivoyat hamda afsonalari keltirilgan.

Tarixda «turk» so’zi bir qavmga mansub ko’plab xalqlarning umumiy nomi sifatida shakllandi. V asrga oid xitoy manbalarida «turk» so’zi turonliklar, turklar ma’nolarida qo’llanilgan. Bu so’z ot ma’nosida kelsa «kuch – quvvat», sifat vazifasida kelsa «kuchli, quvvatli» ma’nosini bergan. Bundan tashqari, u «yetuk», «bilimdon», «dono» kabi tushunchalarni ham ifodalaydi. Eramizgacha Turk xoqonligi katta hududda hukmronlik qilgan. VII-II asrlarda Janubiy Sibiriyo, Enasoy (Enasoy) va Irtish daryosi bo’ylari, hozirgi Mojariston (Vengeriya) va Chexoslovakiya, Hazar dengizi bo’ylari, Eron, Iroq, Suriya va Turkiya davlatlari o’rnida sak – iskit imperiyasi barpo bo’lgan. Qadimgi turkiylar yashaydigan hududlar Sharq manbalarida Turon, yunon tarixchilarining kitoblarida esa Skifiya mamlakati deb yuritilgan.

Turkiy xalqlar og’zaki ijodining qadimgi davrlarini tiklash va o’rganish uchun yetarli asoslar bor.

I. Ijtimoiy–siyosiy aloqalar, tildagi so’z, ibora va atamalar, diniy tushuncha, tafakkurlarning yaqinligi hamda bir xilligi jihatidan antik davrdagi ayrim xalqlarning madaniyati va adabiyotida turkiylarga xos umumiy tipologik yaqinliklar bor. Shu nuqtai nazardan qaraganda, milodimizdan avvalgi uch minginchi yillarda Kichik Osiyoda yashagan shumerlarning diniy tasavvurlari, tili va adabiy qarashlarida mushtaraklik seziladi. Yoki hozirgi O’zbekiston hududida islomga qadar mesopotamiyaliklarning qishloqlari bo’lganligi to’g’risida arab tarixchilari yozib qoldirganlar ma’lumotlar ham qimmatlidir.

II. Eng qadimgi davrlardan islomgacha yashagan tarixchilarning asarlarida turkiylarning ajdodlari – iskit, kimmer, sak, massaget va boshqa qavmlarning tarix maydoniga kelishi, orzu-umidlari, qahramonligi va turli xil turmush urunishlari haqida saqlangan barcha asotirlar, afsona va rivoyatlar turkiylarga mansub millatlar uchun teng darajada xizmat qiladigan adabiy yodgorlikdir.

III. Antik davr adabiyoti, jumladan, yunon adabiyotida turkiy xalqlar hayoti yoritilgan asarlar ham mavjud. Shuningdek, bu adabiyotda turkiy xalqlar tomonidan yaratilgan rivoyat hamda afsonalardan ham foydalanish yoki turkiy adabiy syujetlarning ko’chib o’tishi an’analari seziladi. Hatto yirik eposlarning bir xil syujetga («Odissey» va «Alpomish») egaligi yoki turkiy qavmlar o’rtasida Prometey to’g’risida mavjud adabiy syujetlar yunon adabiyotida turli adabiy janrlardagi asarlar yaratilishiga asos bo’lishi qadimgi xalqlar adabiyotini qiyosiy o’rganish masalasini qo’yadi.

IV. Har bir xalqning o’ziga xos shakllanish jarayoni mavjud. Turkiy qavmlarning ham bir necha millat sifatida shakllanishi shunday xususiyatga ega. Qadimgi Xitoy yilnomalari, Urxun yodgorliklari, Rashididdinning «Jome’ ut – tavorix» (XIII asr), Mirzo Ulug’bekning «To’rt ulus tarixi», Abulg’ozi Bahodirxonning «Shajarai turk», «Shajarai tarokima», Hasan Ato Abushiyning «Turkiy qavmlar tarixi» kabi asarlarida bu masala tarixiy nuqtai nazardan chuqur yoritilgan. Turkiy xalqlarning ibtidoiy shakllanish davrlari – qavmlarga nom qo’yish, ularga dono urug’ boshlig’ining otalik qilishi ko’plab badiiy asarlarda ham o’z ifodasini topgan. Bu o’rinda «O’g’uznoma», «Qo’rqut ota kitobi», «Turk xoqoni Shu va Iskandar» (Mahmud Koshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» kitobida saqlangan syujet asosida) kabi dostonlar Turkiy xalqlar og’zaki ijodining qadimgi davrlarini yoritishda muhim adabiy manba sanaladi.

V. Miloddan avvalgi VII asrlarda skif-kimmerlarning hukmdorlaridan biri Prototey hisoblangan. Uning otasi Paritiy bo’lgan. Paritiy ossuriy tarixchilarining ma’lumotiga ko’ra Go’g (Gog)ning o’g’lidir. Go’g va Mago’g – Ya’juj – Ma’jujlar turkiy qavmlarning eng jangovar urug’laridan bo’lishib, shimoldagi davlatda hukmronlik qilishgan va VIII-VII asrlarda Kichik Osiyodagi deyarlik barcha davlatlarni o’zlariga bo’ysundirishgan edi. Yunon va ossuriy tarixchilari skiflarning ulkan sarkardasi sifatida tan olingan Madini Prototeyning o’g’li deb hisoblashadi. Madi esa uzoq asrlar davomida turkiy adabiyotda Alp Er To’nga, forsiy adabiyotda Afrosiyob nomi bilan tasvirlangan qahramonning tarixdagi prototipidir. Demak, bu qahramon faoliyati bilan bog’langan turkum rivoyatlar, afsonalar va dostonlar turkiy adabiyotning qadimgi davrlarini tiklashda boy yodgorlik sanaladi.

VI. O’rxun-Enasoy tosh bitiklarining topilishi qadimgi turkiy yozma adabiyot mavjud bo’lganligining beqiyos namunasidir. Bu bitiklarda aks etgan badiiy tasvir, g’oya halq og’zaki ijodida yaratilgan asarlar bilan hamohang turadi. Osmonni muqaddas tangri deb tushunish turkiylar uchun hamma davrlarga xos xususiyat bo’lgan va islomgacha bu ta’limot o’z qimmatini yo’qotmagan.

VII. Milodimizning III asridan boshlab moniylik, VIII asrning ikkinchi yarmidan buddaviylik oqimidagi turkiy adabiyotning yuzaga kelishi yozma adabiyot shakllanishiga ham asos bo’ldi. Turk olimi Reshid Raxmet Aratning tasnifiga ko’ra, qadimgi turkiy yozma adabiyotga asos solgan shoirlarning hayoti va ijodi to’g’risida quyidagi ma’lumotlar saqlanib qolgan.

1. Aprinchur Tegin (ikki she’ri bilan taniqlidir.) 2. Kul Tarxon (Yolg’iz nomigina saqlangan). 3. Singku Seli Tutung (Turk o’lkalari va ularning ko’lami kengligidan bahs yuritgan mashhur Chin sayyohi Husn-Tsangning sayohatnomasini o’ninchi asrning birinchi yarmida turkchaga ustalik bilan tarjima qilgan shoirdir. Bu tarjima Parij milliy kutubxonasida saqlanadi). 4. Ki-ki (Burxan-Budda muhitida yetishgan bu shoirning ikki she’ri saqlangan). 5. Pratyan-Shiri (Sanskritchadan tarjima qilgan, lekin shoirning turkcha ismi saqlanmagan). 6. Asig Tutung (birgina to’rtlikning ichida nomi keltirilib o’tiladi). 7. Chusuya Tutung (Burxon muhitida yetishgan bu shoirning «Gevezelik Bo’yasi» bir she’ri mavjuddir).8. Kalim Keysi (Burxon rahbarlari avlodidan sanalgan bu shoirning birgina she’ri saqlangan). 9. Chuchu («Devonu lugatit turkda» nomi keltirilgan bu shoirning hyech qanday yodgorligi saqlanib qolmagan. Balki koshqarliklar tilidan yozib olingan ajoyib o’gut va o’rnaklarning bir qismi bu shoirga tegishlidir).

O’zbek adabiyotshunosligida turkiy adabiyotning antik davrini belgilash masalasiga birinchilardan bo’lib professor A.Fitrat kirishgan edi. U «O’zbek adabiyoti namunalari» kitobida o’zbek adabiyotining dastlabki davrini «Qabilaviy adabiyot» deb hisoblaydi. Uning fikricha, qabilaviy adabiyotning eng muhim ko’rinishi doston adabiyotidir. Bu o’rinda u «Chistoni Eligbek hikoyasi», «Alpomish» dostoni, Mahmud Koshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» kitobidan «Yoz o’yinlari» (6 ta to’rtlik), «Ovdan urushqa» (12 ta to’rtlik)ni ko’rsatadi. Ikkinchi davrni esa «Feodallik davri adabiyoti» deb nomlaydi va VIII asrdan islomiy adabiyotgacha bo’lgan davrni asos qilib oladi. Ikkinchi davr adabiyoti namunalari sifatida Urxun yozuvlaridagi adabiy parchalar, «Alp Er To’nga» marsiyasi (8 ta to’rtlik), «Yoz haqida» (5 ta to’rtlik) hamda «Qo’rqut ota kitobi» dostoni, shuningdek, «Devonu lug’otit turk»dan axloqiy – ta’limiy xususiyatga ega bo’lgan she’riy parchalar e’tiborga olingan. Fitrat o’zbek adabiyoti tarixining uchinchi davrini «Savdo sarmoyasi davri adabiyoti» deb ataydi hamda uning namunasi sifatida Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig», Ahmad Yugnakiyning «Hibbatul haqoyiq» va o’zbek mumtoz adabiyotida so’nggi asrlarda yaratilgan o’nlab asarlardan namunalar beradi.

Islomgacha bo’lgan turkiy xalqlar og’zaki ijodini alohida davr sifatida o’rganish dolzarb masaladir. Chunki bu davrda turkiylar o’rtasida diniy e’tiqodlar boshqachaligi, qavmlar shakllanish davrini o’taganligi, mifologik tasavvurlarda jahon xalqlari bilan umumiy o’xshashlik holatlari mavjudligi badiiy adabiyotdagi g’oyaviy yo’nalish o’ziga xos tarzda ro’y berganligini ko’rsatadi. Turk olimi Ahmed Qaboqli islomgacha bo’lgan turk adabiyotini to’rt davrga bo’lib o’rganishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi. U davrlashtirish tamoyiliga turk qavmlari va davlatlarining tarixda tutgan o’rni nuqtai nazaridan yondashadi:

1. Saka turklar davri (miloddan avvalgi VII-II asrlar).
2. Xun (Kun) turklari davri (miloddan avvalgi III va milodimizning II asri).
3. Ko’k turklar davri (552-745 yillar).
4. Uyg’urlar davri (745-840 yillar).

Bizning nazarimizda, turkiy adabiyotni bunday davrlashtirish, birinchidan, uning tarixiy qatlamlarini unutishga sabab bo’ladi, ikkinchidan, qadimgi davrlarda turkiylarning jahon xalqlari madaniyati, adabiyoti bilan mushtaraklik tomonlarini ochib berishga mone’lik qiladi.

Qadimgi turkiy adabiyot davri haqida fikr yuritilganda, albatta, Markaziy Osiyoda turkiy xalqlar bilan yonma–yon yashagan, bu hududdagi madaniyatni yaratishda birga xizmat qilgan boshqa xalqlarning turmush tarzi va adabiyotiga ham murojaat etish kerak. Masalan, «Avesto» zardo’shtiylik nuqtai nazaridan ko’p xalqlarga bir o’lchamda xizmat qiladi.

Fanda adabiyotlar tarixi ijtimoiy-siyosiy hayot va adabiy jarayondagi o’zgarishlarga tayanilgan holda turli davrlarga bo’lib o’rganilgan. Albatta, turkiy adabiyot tarixining qadimgi davrlari bo’yicha to’plangan adabiy manbalar ham uni turlicha davrlashtirish imkonini beradi. Uni shartli tarzda uch davrga bo’lish mumkin:

1. Turkiy qavmlarning shakllanish davri adabiyoti (miloddan avvalgi VII asrlardan tosh bitiklargacha) bo’lgan davr.
2. Turkiy xalqlar og’zaki ijodining jahon xalqlari adabiyoti bilan mushtaraklik, ya’ni miloddan avvalgi uch minginchi yillardan VIII asrlargacha bo’lgan davr.
3. Turkiy adabiyotda yangi, ya’ni Urxun–Enasoy yodgorliklari yoki «qabr toshlari» davri adabiyoti.

Mazkur qo’llanma yaratilishiga ana shu uch davr asos bo’ldi va bu davlarga tegishli adabiy matnlar 6 qismga bo’lib o’rganildi. «Turkiy xalqlar og’zaki ijodi»da adabiy matnlar ko’proq keltirildi. Chunki bu matnlarning ko’pchiligi shu paytgacha mavjud darslik – qo’llanmalarda uchramaydi. Ba’zilari esa to’ldirildi va yangicha tahlil etildi. Shuningdek, kitobda berilgan ayrim adabiy matnlar kam nusxada yoki jurnal variantida chop etilgani uchun talabalar to’la darajada boxabar emaslar. Shu jihatdan qaraganda, kitob o’ziga xos o’quv-xrestomatiya vazifasini ham o’taydi.

Turkiy xalqlar og’zaki ijodida yaratilgan asarlar orasida umumiy turkiy, shu bilan birga ma’lum bir turkiy xalqlar qahramonligi, orzu-umidlari natijasida yuzaga kelgan yetuk eposlar mavjud. Mazkur qo’llanma filologiya fakultetlarida «O’zbek adabiyoti tarixi» yo’nalishi bo’yicha olib boriladigan ixtisos kursi hamda tanlanma fanlari mashg’ulotlariga mo’ljallangan. Dars soatlari hamda qo’llanma hajmidan kelib chiqib, barcha turkiy xalqlar og’zaki ijodi to’g’risida keng ma’lumot berish imkoni bo’lmadi. Masalan, qozoqlarning «Er targ’in», xakaslarning «Oltin arig’», oltoylarning «Ay kuchin» dostonlari ham g’oyaviy-badiiy qimmatiga ko’ra yetuk asarlardir. Shu sababli qo’llanmaga tahlili yoki matni kiritilmagan boshqa eposlar ham mustaqil mashg’ulotlarda o’rganilishi ko’zda tutilgan.

Qo’llanma yuzaga kelishida o’zining xolisona maslahatlarini ayamagan akademik B.Valixo’jayev, professorlar N.Rahmonov, B.To’xliyev, I.K.Mirzayevlarga muallif o’zining samimiy minnatdorchiligini bildiradi.

BIRINCHI QISМ

QADIМGI TURKIYLARNING DINIY МAROSIМLARI VA ULARNING OG’ZAKI ADABIYOTDA IFODALANISHI

Milodimizdan avvalgi 2000 yildan oldinroq turkiy xalqlar Markaziy Osiyoda Oltoy-Ural tog’laridan Mo’g’ulistongacha bo’lgan kengliklarda yashashgan. Hozirgacha turkiy qavmlarning bosh bo’g’ini va o’z davlatchilik tarixiga ega bo’lgani skif – «iskit»lardir. Ularning davlati milodimizdan avvalgi VII asrlarda katta mavqye egallagan. Forsiy zabon xalqlar ularni «sak»lar deb atashgan. Skiflardan so’ng eramizning beshinchi yuz yilliklari orasida Arshakiylar davlati yuzaga keldi. Arshak – er sakning o’zgargan shakli bo’lib, jasur, mard, bahodir saklar ma’nosini beradi. Yevropa tarixchilari ularni kimmerlar deb atashgan. Arshakiylar davlati Eronning Sharqiy qismi, Turkmaniston, Anatoliya (Turkiya)ni o’z ichiga oladi.

Skiflar bilan bir davrda miloddan avvalgi VII asrlarda Kengaras davlati ham yuzaga kelgan. Bu davlat Samarqand, Kesh, Kushon, Toshkent, Buxoro, Xorazmni o’z ichiga olgan bo’lib, eramizning V asrlarigacha yashagan.

G’arbiy Yevropada esa turkiylarning xun imperatorligi yuzaga keldi. U tarixda Attila xunlari deb ham yuritiladi (374 yildan boshlangan). Uning birinchi hukmdori Balamirdir. Imperatorlikning so’nggi hukmdori Attilla (434-453 yillar) hisoblanadi. 367-560 yillarda Oq xun imperatorligi yuzaga keldi. Uning asoschisi Kun xon edi. Bu davlat tarkibiga Hindistonning yarmi, Afg’oniston va Turkistonning katta qismi kirgan. 386-557 yillarda esa Tabg’ach davlati yuzaga keldi. Uning asoschisi Shamoxon bo’lib, davlatining hududiga Markaziy Osiyodagi Qoshg’ar, Turfon viloyatlari, Urxun vodiysidagi jo’jan davlatining sharqiy bir qismi kirgan. Shundan so’ng islomgacha Eltarish xoqon, Bilga xoqon kabi turkiy hukmdorlar yashaganligi tosh bitiglar orqali ma’lum. Turk xoqonligining Oltoy, Janubiy Sibir va O’rta Osiyoning bir qismidagi hukmronligi VIII asrgacha davom etdi.
Turkiylar ulkan hududlarda yoyilib yashadilar. Islom dinini qabul qilganlarigacha ular turli diniy shakllar va oqimlarga amal qilishgan.

TOTEMIZM

TOTEMIZM (Shimoliy Amerika hindularining ojibve qabilasi tilidagi «totem» – «uning urug’i» so’zidan olingan) dinning insoniyat tarixida bundan 30-40 ming yil, balki bundan ham avvalroq yuzaga kelgan ilk shaklidir. Totemizmga sig’inuvchi xalqlar o’zlarini biror bir hayvon, o’simlik yoki jonsiz narsadan paydo bo’lgan deb tushunadilar. Turkiy xalqlar o’zlarining ota-bobolari ho’kiz, ot, ilon, bo’ri, it, bo’g’i kabi hayvonlardan kelib chiqqan deb tushunishgan va ularga e’tiqod qo’yishgan.
Gerodotning «Tarix» kitobida skiflarning birinchi ajdodlari dunyoga kelishi bilan bog’langan afsonalar totemizmning yorqin namunasidir.

TARG’ITOY AFSONASI

Ma’budlar ma’budi Zevs bilan Borisfenesa daryosining yarmi ilon, yarmi ayol qizidan birinchi odam tug’ildi. Kimsasiz cho’lda paydo bo’lgan bu odamning ismi Targ’itoy edi. Undan Lipoqsay, Arpaqsay, Qoloqsay degan uch o’g’il dunyoga keladi. Bir kuni osmondan omoch, arqon, bolta va tovoq yog’iladi. Ular oltindan yasalgan edi. Katta va o’rtanchi o’g’il ularni olishga yaqinlasha olmaydi. Faqat qichik o’g’il kelganida ulardan tarqalgan nur to’xtaydi va u oltinlarni uyiga olib ketadi. Shundan so’ng Qoloqsayga shohlik in’om etiladi. Bu skiflarning birinchi shohidir. Skiflar Targ’itoyning ana shu uch farzandidan tarqalishgan.

Gerodot yozishicha, Lipoqsayning avlodlari «Axvatovlar», Arpaqsayniki «Katiaram» va «Trasinam», Qoloqsayniki «Paralatam» nomi bilan shuhrat qozongan. Qoloqsaydan shoh-jangchilar, Lipoqsaydan kohin va din vakillari, Arpaqsaydan dehqon va chorvadorlar paydo bo’lishgan ekan.

SKIFNING TUG’ILISH AFSONASI

Gerakl Gelion buqalarini haydab, o’sha zamonlarda kimsasiz yurt bo’lgan, keyinchalik skiflar egallagan joylarga kelib qoladi. Gerakl sovuqdan o’zini saqlash uchun yo’lbars terisini yopinib olgan edi. Kunlardan bir kuni u qattiq uyquga ketganida, oti g’oyibona yo’qolib qoladi.

Gerakl otini qidirib ko’p ellarga boradi. So’ngra Galeyey degan joyga keladi. Bu yerda u odamsifat Ilon qizga yo’liqadi. Ilon qizning yuqori qismi ayol zotiga o’xshasa, quyi qismi ilonga o’xshaydi. Taajjubga tushgan Gerakl undan «Begona otga ko’zing tushmadimi?» deb so’raydi. Ilon qiz Gerakl agar o’zi bilan qovushsa, otini berajagini aytadi.

Chorasiz qolgan Gerakl Ilon qizning bu taklifiga rozi bo’ladi. Biroq Ilon qiz otni tezda qaytarib bermaydi. U Gerakl bilan yana tan mahramlikni davom ettirishni xoxlaydi. Gerakl undan otini qaytarib olib, tezroq o’z yurtiga ketish uchun qizning hamma shartlarini bajarishga rozi bo’ladi.

Nihoyat, qiz Geraklga otini qaytarib berar ekan, shunday deydi: «Sening oting biz tomonlarga kelganda, men uni ehtiyot qilib yashirib qo’ygandim. Evaziga sen meni mukofotlading. Endi men sendan uch o’g’il tug’aman. Aytchi, ular ulg’aygandan so’ng nima qilishi kerak?» Ilon qizning savoliga Gerakl shunday javob beradi: «Sen o’g’illaringga shunday shart qo’yasan, ulardan qaysi birisi bu yoyni men kabi kuch bilan torta olsa, unga mening qayishim bilan o’z yeringni berasan. Qolgan ikkisini bu yerlardan haydab yuborasan». Shunday qilib, Gerakl o’zining yoyi bilan oltin tovoqsimon tug’ali qayishini Ilon qizga qoldiradi.

Kunlardan bir kuni Ilon qiz uchta o’g’il tug’adi. Ulardan biriga Agofir deb nom qo’yadi, ikkinchisini Gelon deb ataydi. Uchinchisi, eng keyin tug’ilganini Skif deydi. Uch o’g’lidan ikkitasi, ya’ni Agofir va Gelon otasi Gerakl qo’ygan shartni bajara olmagani uchun Ilon qiz ularni mamlakatdan quvib yuboradi. Eng keyin tug’ilgan kichik o’g’il Skif otasi Gerakl shartlarini bajargani uchun Ilon qiz unga tovoqsimon oltin to’qali qayish bilan bepoyon yerlarini beradi. Shundan buyon skiflar bu ellarda paydo bo’ladilar» (prof. F. Boynazarov tarjimasi).

Har ikki afsonada ham skiflarning dunyoga kelishi Ilon bilan bog’langan «Skifning tug’ilishi» afsonasida Skifga katta ishonch va hurmat bildirilgan. Geraklning o’g’illari orasida bahodiri, mergani, ya’ni otasidek pahlavoni Skifdir. Bu afsona asosida skiflar yunonlar bilan qarindosh degan qarashlar ham mavjud. Bu o’rinda Gerakl shaxsiyati haqida to’xtalib o’tish o’rinlidir. Yunonlarning afsonaviy qahramoni Gerakl tug’iladigan paytda xudolar Olimp tog’ida bazm qurib o’tirgan edi. Dunyo hokimi Zevs yerda, odamlar orasida bir farzand tug’ilishi, u kelajakda buyuk ishlarini qilib, qahramon bo’lishi va butun Yunonistonda hukmron bo’lishini bashorat etadi. Bu bola Fiva malikasi Alkmena va shohi Anditionning farzandi edi. Gerakl yunoncha «Gera (Zevsning xotini) maqtagan» degan ma’noni beradi. Zevs Alkmenani buyuk qahramonga ona qilib tayinlaydi. Biz Alkm – yenida turkiycha «Ena» so’zini his qilamiz. Gerakl nomi mazmun nuqtai nazaridan qaraganda, Ger – o’g’li ma’nosini beradi. Qadimgi lotin mifologiyasidagi Ger – kules, xristian mifologiyasidagi Geor – giy, turkiy mifologiyadagi Kor – o’g’li, Geor – o’g’li, Go’r – o’g’lining ma’nosi ham shunday xususiyatga ega.
Gerakl pahlavon bo’lib yetishar ekan, arslon terisini yopinib yurishi To’ng ibn Turk ibn Yofas alayhisalom davrida vahshiy hayvonlarning terisini libos qilib kiyish odat tusiga kirib qolganligini eslatadi. Geraklning yo’lbars terisini yopinishi yo’lbarsdek kuchliligining ramzi bo’lib, bu skif–turkiylarning o’z qahramonlaridagi bahodirlikni kuchli hayvonlar bilan tenglashtirish belgisiga yaqin turadi. Gerakl chaqaloqligida uning tagiga qo’chqor terisini – po’stakni to’shab qo’yadilar. Bu belgi ham chorvador skiflarga xos bo’lgan xususiyatlardan biridir. Geraklning birinchi qahramonligi arslonni o’ldirishdan boshlanadi. Arslon juda katta va og’ir edi. Gerakl u bilan olishar ekan, ko’tara olmaydi. Shunda arslonning terisini boshi bilan shilib oladi va o’zining ustiga yopadi. Geraklning bunday qahramonligi go’yo Alp Er To’nga – arslondan ham kuchli bahodir laqabiga sazovordek seziladi. Gerakl qilich, kamon va yoy bilan jangga otlanishida O’g’uz xoqon o’rmonda paydo bo’lgan odamxo’r, bahaybat yirtqichni yo’qotish uchun yo’lga tushishi yoki Alpomish bahodirligini ko’ramiz. Hayot haqiqatiga asoslanadigan bo’lsak, Geraklning kamonsozligi kimmeriy va skif merganlarining umumlashgan obrazini ham eslatadi. Mirzo Ulug’bekning «To’rt ulus tarixi» kitobida O’g’uzxonning o’z o’g’illariga kamon va o’q taqsimlashi voqyeasi ham keltirilgan.

Bo’ri totemi turkiy xalqlar og’zaki ijodida urug’ boshi, balo-ofatlardan saqlovchi madadkor kuch sifatida ulug’langan. Masalan, «O’g’uznoma»da bo’ri asar syujetini rivojlantiruvchi asosiy obrazdir. U qabilaga madadkor, g’amxo’r, ularni o’z panohida asrovchi kuch sifatida ko’ringan. Bunday tasvir o’zlarini bo’ridan kelib chiqqan deb hisoblovchi ashin urug’i bilan bog’lanadi. Hozirgacha xalqimiz o’rtasida aytilib kelingan «Cho’loq bo’ri», «Bo’ri qiz», «Bo’ri» kabi afsonalar va ertaklarda ezgulik g’oyalari ifodalangan.

O’z ajdodlarini hayvonlardan kelib chiqqan deb hisoblash yoki pahlavonlarini bolaligida kuchli hayvonlar tarbiyasiga olib, onalik qilishini tasvirlash skiflar mifologiyasiga xos bo’lgan xususiyatlardan hisoblanadi. Bunday mifologik tushuncha qadimshunoslikda skif-hayvonot uslubi deb e’tirof etilgan. Skiflar hayotiga tegishli qadimiy obidalarda ham hayvonlar tasviri kuzatilgan. Turkiy qabila va urug’lar tarixiga nazar tashlanadigan bo’lsa, tibetlar ota-bobolarimiz erkak maymundan va ayol o’rmon ruhidan, mo’g’ullar kulrang bo’ri va bug’udan, tulislar bo’ri va xun amaldorlarining qizidan, ashin urug’i xun shahzodasi va urg’ochi bo’ridan kelib chiqqanmiz, deb aytganlar. Enasoy afsonalarida yosh bolalarga bug’u onalik qilgan.

BO’RI URUG’LARI AFSONASI

G’arbiy dengiz qirg’og’ida yashagan turkiylarning ota-bobolari qo’shni qabilalar tomonidan qirib tashlandi. Faqat o’n yoshli bola yashirinib tirik qoldi. O’sha yerlarda yashaydigan urg’ochi bo’ri unga xotin bo’ldi. Ochlikdan qutqarish, dushmanlardan yashirinish uchun bo’ri o’sha bolani olib Turfon tog’lariga qochib ketdi. Tog’da bir g’or bor edi. U yerda urg’ochi bo’ri o’nta bola tug’di. Bolalarning otasi o’sha qutqarilgan turk edi. Bo’ri bolalari Turfondagi ayollarga uylandi. Har bir boladan bir urug’ kelib chiqdi. O’g’illaridan birining ismi Ashin edi. Uning nomi hamma qabila nomini anglatadigan bo’ldi. Ashin boshqa aka-ukalariga qaraganda qobiliyatliroq, ham aqlliroq edi. Shu sababli Ashin yangi qabilaning dohiysi bo’lib qoldi. Urug’ soni asta-sekin bir necha yuz kishiga yetdi. Ashinning merosxo’rlaridan biri, qabila dohiysi Asya shad bo’ri avlodlarini Turfondan Oltoy yerlariga olib keldi. Bo’ri avlodlari bu yerda jujanlarning fuqarosiga aylanib, ularga temir qazib berar edilar. Oltoyda ular turk nomini oldilar.

Turkiy xalqlar og’zaki ijodida ot totemiga ham alohida ahamiyat berilgan. Arxeologik qazishmalar davrida yarmi ot va yarmi odam shaklidagi tasviriy asarlarning topilishi ham otga e’tiqodning qadimiy ramzidir. «Go’ro’g’li» turkumidagi dostonlarda G’irot, «Alpomish»da Boychibor, qirg’iz eposi «Manas»da Oqula, oltoy turkiylarining eposi «Maaday Qora»da Karish Quloq kabi otlar obraziga katta e’tibor berilishi totemistik qarashlar natijasidir. Masalan, «Manas»da ot tasviriga («Manasning bug’doy berib Oqulani olgani») maxsus fasl bag’ishlanadi. No’yg’ut xoni Qaracha Manasga otini sotar ekan, uning fazilatini shunday ulug’laydi:

Qula tegsa qo’lingga,
Xayoling o’sar, quyular.
Badbaxtlik bari yo’yilar,
Baxt to’shalar yo’lingga.

Otda inson boshiga tushadigan baxtsizlikning yo’qolishi hamda baxtning kelishiga ishonish totemistik tushunchalardir. Quyidagi tasvirlarda esa otning qudrati jangda insonga uning o’zidan ham ko’proq matonat va jasorat ko’rsatishi ulug’lanadi. Dostonda Oqulaning tug’ilishi ham ilohiylikka bog’lanadi.

Tortiq tulpor, zap tulpor,
Quyrug’i soz, yoli soz,
O’zi gijing, bo’yni g’oz,
Shundog’am suluv jonivor…
Nayza ushlab, to’p buzib,
Duv-duvga minar ot –shu ot.
Yov kelsa suron turg’izib,
Shov-shuvga minar ot – shu ot.
Askar olib sakson lak,
Dovga minar ot – shu ot.
Lashkar olib to’qson lak,
Yovga minar ot – shu ot.
Popukli nayza sanchgani,
Yakkama-yakka yanchgani,
Maydonga minar ot – shu ot.
Qo’ltiqda qo’shqanot bor,
G’oyib tuqqan zot tulpor,
Qironga minar ot – shu ot!

Ot totemi oltoy eposlarida ham mavjud. «Ay kuchin» afsonasida saman ot va qulunning dafn etilishi shunday xususiyatga ega.
Totemistik tushunchalar ifodalangan afsonalarni qozoq xalq og’zaki ijodida ham ko’plab uchratamiz. Bunday ruhdagi afsonalarning bir nechtasini rus etnografi G.N.Potanin to’plab nashr etgan («Kazak – kirgizskaya i altayskaya pridaniya, legendы i skazki», Petrograd, 1917).

TABIATDAGI ULKAN NARSA

Tirik jonivorlar orasida eng kattasi – baliq, jonsizlar orasida – qamish; jonlida baliq ulkan, jonsizda qamish yo’g’on.

Dunyodagi eng katta tog’ – Kap-tau, eng katta suv Muhit, eng katta daraxt – qamish, hayvonlar shohi – sher, arslon, qushlardan semurg’dir. Semurg’ning ikki boshi bor. Bir boshi odamlarga xos gapiradi, ikkinchisi qushlardek kuylaydi. Eng katta ilon – ajdaho, eng katta baliq – jayin.

QO’RQMAS SIGIR

Qadim zamonlarda Surayyo o’n ikki yulduzdan iborat ekan. U paytlarda bahor, yoz bo’lmagan, faqat boqiy qish hukmronlik qilgan. Shunda hayvonlar Surayyoni tutish va uni yo’qotishga qaror qilishibdi. Ot to’rtta, tuya esa ikkita yulduzni ushlabdi va uni oyog’ining ostiga olib, majaqlab tashlabdi. Oltitasi esa sigirning tuyoqlari ostiga tushibdi. Ammo sigir yulduzlarni ezg’ilamabdi, oltovi ham sog’-omon qolibdi. Shundan beri qish olti oy davom etadigan bo’libdi. Shunda barcha hayvonlar ajablanishib, sigirdan so’rashishbdi.

– Nega yulduzlarni qo’yib yubording?
Sigir shunday javob beribdi:
– Issiqda qovjiragandan ko’ra, saharlab sovuqda yurgan yaxshi.
Shundan beri sigirlar sovuqdan qo’rqishmas ekan.

ANIMIZM

ANIMIZM (lat. Anima – jon, ruh) odamlarning tabiatga sig’inishi va unga itoat etishi asosida yuzaga kelgan din shakli hisoblanadi. Anima («jon» va «ruh») odam vafot etganidan so’ng uning joni tabiatdagi jonsiz narsalarga ko’chishiga inonishdir. Animistik tushunchaga ko’ra, inson tabiatdagi narsa-hodisalar bilan o’zini mushtarak holda tasavvur etadi, tabiat inson qiynalganida, u ojizlikka tushib qolganida unga jonli odamdek yordam beradi. Turkiy xalqlar o’rtasida saqlangan ko’plab afsonalarda animizm tushunchasi o’z ifodasini topgan. Masalan, o’zbek xalq og’zaki ijodidagi «Oq bilakxon» ertagida yigit toshga aylanishi, «Ochil-ochil qamishlar», «Yoriltosh»da qizlarning iltijolari, yolvorishlari natijasida mo’jizalar ro’y berishi buning yorqin misolidir.

Qadimgi turkiylar tabiat kuchlarida pinhoniy kuch va ruhning borligiga ishonishgan. Ularning fikricha, oy, quyosh, momoqaldiroq va chaqmoqlarning ham o’z ruhi mavjud. Go’yo ruhlar erkaklik va ayollik jinsiga mansub edi. Ayol ruh malikasi «O’may» deb atalgan. Mahmud Koshg’ariy ona qornidagi bolalarni O’may muhofaza qiladi deb hisoblashi ham uning ruhlarga bo’lgan ishonchini ko’rsatadi. Yer va suvni, ayniqsa, kuchli ruhga ega deb hisoblashgan. Bular turkiy qavmlar o’rtasida turlicha nomda «Yer-Su», «Yer-Sub», «Yer-Suv», «Suv-Yer», «Yir-Sub», «Sub-Yer» ) aytilgan. Qadimda turkiy qavmlar istiqomat qilgan Sibir (Sib-ir) vodiysining nomi ham ana shu muqaddas tushunchalar hosilasi bo’lgan degan farazlar mavjud.
Qadimgi turkiy xalqlarga mansub «Odamning yaratilishi» afsonasi ham animizm mahsulidir.

ODAMNING YARATILISHI

Qadim zamonda yomg’irdan hosil bo’lgan sellar Qoratog’chi degan bir tog’dagi g’orga loyni surib keltirdi va bu loylarni odam shakliga o’xshagan yoriqlarga to’kdi. Suv bilan tuproq bir muddat bu yoriqlarda qoldi. Quyosh saraton burjida edi, issiqligi juda ham kuchli edi. Quyosh, suv va tuproq o’sha narsani qizdirib pishirdi. Bu g’or xotinning qorni vazifasini bajardi. Suv, tuproq va quyoshning harorati unsurlaridan iborat bo’lgan bu uyumning ustidan to’qqiz oy muttasil shamol esdi. Shundan keyin to’rt unsur birlashdi. To’qqiz oydan keyin bu yaratilgandan inson shaklida bir maxluq chiqdi. Bu insonga turk tilida «Ay Atam» deb ism berildiki, bu «Oy ota» demakdir. Bu «Oy ota» degan kishi toza havoli, shirin suvli yerga tushdi. Kuchi kundan – kunga ortdi, o’sha joyda qirq yil qoldi. So’ngra sellar bir qancha vaqt oqdi, g’ordagi yoriqlarga yana loy to’ldi. Quyosh Sunbula burjida edi. Quyosh bu tuproqni pishirdi, buning oqibatida tuproqdan yaratilgan inson xotin kishi bo’ldi. Bu xotin kishiga «Ayva» oti berildi. Bu «Oy yuzli» demakdir. Oy ota bilan Ayva turmush qurdilar. Ulardan qirq bola dunyoga keldi. Yarmi erkak, yarmo ayol edi. Bolalar ham bir-birlari bilan turmush qurdilar. Ona va otalari vafot etganlaridan keyin ularning jasadlarini g’orga ko’mib, og’zini oltin eshik bilan yopdilar va eshikning yoniga gullar qo’ydilar.
Beruniy «Hindiston» asarida qadimgi turkiy shohlardan biri Barhategin tabiatdagi jonsiz narsadan mo’jiza topganligi haqidagi animistik afsonani keltiradi.

BARHATEGIN AFSONASI

Hindlarning Kobulda turklardan podsholari bo’lgan. Aslida ular tibetliklar bo’lgan deyishadi. Ulardan birinchi bo’lib kelgan Barhategin edi. U hyech kim kirishi mumkin bo’lmagan bir g’orga chalqancha yotib, surilib kirgan va uning ichida suv bor bo’lib, u bir necha kunlarga yetadigan taomni ham shu joyga g’amlagan. Bu g’or hozirgacha ham ma’lum bo’lib, Var deb ataladi. Uni tabarruk deb ishongan kishi u yerga kirib, qiynalib bo’lsa ham, o’zi bilan birga o’sha suvdan olib chiqadi. G’or og’zida bir to’da dehqonlar ishlar edi. Chunki bunday ishlar, agar biron kishi bilan kelishilmasa va u kishi o’sha joyni odamsiz qolmasligi uchun odamlarga kecha-kunduz navbat bilan ishni davom ettirishni yuklamasa, bu mumkin ham bo’lmaydi. Ish yurishmaydi ham.

Barhategin g’orga kirganidan bir qancha vaqt o’tgandan keyin odamlar to’planishib turgan chog’da xuddi onadan yangi tug’ilgandek, g’ordan birov chiqib keladi va uni hamma ko’radi. U turklarga o’xshab egnida to’n, boshida do’ppi, oyog’ida maxsi kiygan va yarog’ taqib olgan edi. U kishi bir ixtirochi va podsholik uchun yaratilgan inson uchraydigan ta’zimga sazovor bo’ldi. Keyin o’sha yerlarni o’ziga qaratib, o’zini Qobul shohi deb atadi. Podsholik ancha vaqtgacha, oltmish yillar chamasi uning avlodi qo’lida turgan.

KO’K TANGRI

Ko’k tangri turkiy qavmlarning eng qadimiy dinidir. Ularning fikricha, ko’k yuzi Tangri bo’lib, u falakning, yerning hukmdoridir. Quyosh, oy va yulduzlar Tangrining atrofidagi ko’kning yuziga joylashgan muqaddas tushunchalardir. Ko’k Tangri zaminga hayot, odamlarga jon beradi, istasa qaytarib oladi. Hatto turk xoqonlari ham Ko’k Tangrining xohishi bilan taxtga o’tiradilar. Qul tegin toshbitiglarida shunday satrlar bitilgan:

1. Tangri toq. Tangridan bo’lgan
Turk Bilka qog’on bu yerga o’lturdim.

2 Yuzada Ko’k Tangri
Ostda qora yer qilindi
Ikkisi aro kishi o’g’li qilindi.

Birinchi parchada turkiylar Tangrining yagonaligiga ishonch bildirishi ularning milliy ongi yuqoriligini ko’rsatadi. Chunki qadimda shumer, yunon, rum va boshqa qavmlar ko’pxudolikni tasavvur etganlar. «Turk Bilga xoqon Tangridan bo’ldi» iborasida xoqonlar ham hokimiyatni Tangridan olishiga inonishdir. Turkiy qavmlar Tangri so’zini ko’k-osmon hamda Tangri, Xudo ma’nosida qo’llaganlar. Ikkinchi parchada shunday ma’no ifodalangan bo’lib, inson farzandi osmon va yer o’rtasida Tangri tomonidan yaratilganiga ishora etilgan.

Urxun-Enasoy yodgorliklarida «Tangri-tek-Tangri» birikmasi uchraydi, uning ma’nosi ham Tangrining tanholigini e’tirof etishdir. Tangri – tek-Tangri – osmondek Tangri yoki Ollohdek Olloh, Ollohga o’xshaydigan Olloh deyilishida Tangrining qiyofasi uchun hyech bir sifat, o’xshatish yo’q, u faqat Tangrining o’ziga o’xshaydi, degan qarash ifodalangan. Ko’kning Tangri sifatida qabul qilinishi, ko’k qobig’idagi osmoniy jismlarning ham muqaddasligini belgilaydi. Shu sababli ham turkiylar osmon jismlarida ilohiylikni sezadilar. Gerodotning yozib qoldirishicha, turkiylarning antik davrlarda yashagan qavmlaridan biri massagetlar Quyoshni yagona tangri deb bilganlar. Quyosh sharafiga otlarni qurbonlik qilishgan. Ularning tushunchasiga ko’ra, Tangriga qanchalik tez qurbonlik qilinsa, u borliqqa nurini shunchalik tez sochadi.

Osmon jismlariga Tangri sifatida sig’inish milodimizning III asrida alohida din sifatida ko’ringan. U Xitoyda 215 yilda tug’ilgan Moniy nomi bilan bog’langandir. Moniy «Shopurqon» asarida o’z diniy ta’limotining tamoyillarini bayon etgan. Beruniy «Hindiston» asarida keltirishicha, Moniy yozgan edi: «Boshqa xalqlar bizni Oyga va Quyoshga sajda qilib, bu ikkovini sanam o’rnida tutishimizni ayblaydilar. Oy va Quyosh bo’lsa bu olamga chiqishimizning yo’li va eshigidir. Iso ham shunday fikrda bo’lgan».

Ko’k Tangri dini moniylikdan mutloq farq qiladi. Moniylikning osmon jismlariga sig’inishi, ularni Xudo darajasida anglashi yangilik bo’lmay, bunday qarashlar qadimgi davrdagi Kichik Osiyo xalqlari, jumladan, shumerlar hayotida, xususan, adabiyotida o’z ifodasini topgan. Hatto turkiylarning massaget qavmi ham quyoshni yagona Xudo deb tan olishi ta’kidlandi. Ko’k Tangri dini esa butun osmon yuzini Xudo deb tushunadi. Tangrining osmonda ekanligiga ishonch bildiradi. Osmon Tangri hisoblangani uchun shu osmonda joylashgan Quyosh, Oy va Yulduzlar muqaddas sanaladi.

Turkiy qavmlarning Ko’k Tangri diniga e’tiqodi «O’g’uznoma» dostonida yorqin ifodasini topgan:

Kunlardan bir kun O’g’uz xoqon bir yerda Tangriga yolvorar edi. Qorong’u tushdi. Ko’kdan bir ko’k nur tushdi. Quyoshdan yorug’, oydan yorqinroq edi. O’g’uz xoqon u tomonga yurdi, ko’rdiki, o’sha yerning orasida bir qiz bor edi. Yolg’iz o’tirar edi.
Yaxshi, chiroyli bir qiz edi. Uning boshida otashga o’xshash yorug’ bir xoli bor edi, xuddi oltin qoziq yulduziga o’xshar edi. U qiz shunday chiroyli ediki, kulsa, ko’m-ko’k osmon kuladi, yig’lasa ko’m-ko’k osmon yig’laydi.

Bu parchada Ko’k Tangrining obrazi turkiy qavmlar tasavvuri darajasida chizilgan. O’g’uz xoqon Tangriga yolvorganda ko’kdan tushgan nur Tangrining mehri edi. Bu nur oldida Quyosh va Oy nuri ojizdir. Demak, turkiylar uchun ko’k mavjud ekan, Quyosh va Oy Tangri bo’la olmaydi. Badiiy adabiyotda Tangrini yor, ma’shuqa timsolida tasavvur etish an’analari mavjud. O’g’uz xoqonga nur orasida ko’ringa chiroyli qiz – bu Tangri edi. U shu qadar qudratli kuchki, kulsa osmonni (o’z makonini) kuldiradi, yig’lasa yig’latadi.

Dostonda O’g’uz xoqon o’ziga hamroh tutungan nurdan uch farzand ko’radi. Ularga Kun, Oy, Yulduz ismlari beriladi. Demak, bunday nomlanishda ham osmon jismlari Tangri emas, aksincha ular Osmon – Tangrining mehridan yuzaga kelgan muqaddas farzandlardir.

Professor N.Rahmonov «Ko’hna bitik toshlar» kitobida keltirishicha, «Sibirdagi turkiy va boshqa xalqlar tilida ham Tangrining ilohiy mazmuni va osmon ma’nosi saqlangan. Masalan, evenklar tangara deb osmon va xudoni aytadilar. Mordvalar esa tangri deganda faqat osmonni tushunadilar. Mo’g’ullarda ham tangrining faqat osmon ma’nosi bor, ilohiy mazmuni yo’q. Yoqutlarda ilk mifik ko’rinishi – keyingi davrdagi turli afsona qoldiqlari singdirilgan holda saqlangan.

Qadimgi turkiy muhitdagi tangri obrazi qorachoy-bolqor folklorida ham uchraydi. Qorachoy-bolqorlar qadimgi turkiy madaniyatga asoslangan mifologik tasavvurlarning katta qatlamini saqlagan. Qorachoy-bolqorlar mifologiyasidan bizgacha turk-mo’g’ul panteoni Tangriga bag’ishlangan uchta gimn-qo’shiq saqlangan. Ularning har biri o’ziga xos kuyga va ijro xususiyatiga ega. Tangri bu qo’shiqlarda yer osmonni yaratuvchi, yerdagi barcha jonzodlarning homiysi sifatida kuylanadi».

Qadimgi yunon va turkiylar tafakkurida xudo osmonda tasavvur etilishiga ko’ra mushtaraklik, shu bilan birga farqli tomonlar ham mavjud. Turkiylarda Ko’k deyilganda ikki ma’no – Tangri (ramziy) va osmon (asl) tushunilgan. Beruniy «Hindiston» asarida ko’rsatishicha, yunonlar ham Zevsni ramziy va tabiiy ma’noda tushunganlar. Miloddan oldingi V asrda yashagan yunon shoiri Kratos falakni Zevs deb atagan. Bu ramziy ma’nosidir. Zevs xudolar xudosi ekanligi uning tabiiy ma’nosi hisoblanadi. Turkiylarda Ko’k misolida Tangrining yagonaligi tan olinadi va ulug’lanadi. Yunon mifologiyasida esa ko’p xudolik targ’ib etiladi hamda xudolar odam shaklida tasavvur etiladi. Har bir xudoning o’z vazifasi bor. Ular o’lmasligi bilan odamlardan farq qiladi. Lekin xudolar odamlar ko’zidan uzoqda, hamisha bulutlar bilan qoplangan Olimp tog’ida yashaydilar. Qadimgi turkiylar ham Zevsni o’zlariga Tangri deb tushunishi va boshqa ma’budalarga ham sig’inishi ular ham diniy e’tiqodlarining ilk shaklida ko’p xudolikni tan olganligini ko’rsatadi. Tangrining yagonaligiga ishonish esa turkiylardagi diniy qarashlar asrlar davomida shakllanib borganligidan nishonadir.

Gerodot skif mifologiyasiga asoslanib, Gestiya, Zevs, Geya, ulardan keyin Apollon va Falak Afrotidasi, Gerakl va Aris, Poseydonlarni skiflar sig’inadigan xudolar deb ko’rsatadi. Tarixchi qadimgi yunon tilidagi xudolar nomining skifcha nomlanishini ham keltiradi: Gestiya – Tabiti, Zevs – Papay, Geya – api, Appolon –Toytosir, Falak Afrotidasi – Argimpasa, Poseydon – Fagimasad. Tabiti oila, olov xudosi nomi bilan ulug’lanadi va Zevsning xotini Geya bilan tenglashtiriladi. Unga «skiflar malikasi» nomi beriladi. Antik davr bilimdonlaridan biri D.S.Rayevskiy skif shohi Qoloqsay o’z hukmdorligini mustahkamlash maqsadida ma’buda Tabitiga uylangan, degan fikrni bayon etgan. F.Sulaymonovaning skif tilida Zevs Papay, Geya – Api deb nomlanishiga Papay turkiy tilda boboy, ota, Api – opa, ona deb izoh berishi ham e’tiborga loyiqdir. Bu so’zlarning hozirgi turkiy lug’otlarda o’rni saqlanib qolgan va iste’molda bor. Skiflar Gestiya – Tabitini xudolarning eng birinchisi deb bilishi va sig’inishi ehtimol otashparastlikning ta’siridir. Yunon mifologiyasida otash ma’budi–Gefest ikkinchi darajali ma’budlar qatorida turadi.

Markaziy Osiyo xalqlarining muqaddas yodgorligi «Avesto» ham yunon va Markaziy Osiyo xalqlari mifologiyasining ma’budlari o’rtasida yaqinlik borligini ko’rsatadi. Masalan, butun ma’budlar ma’budi Zevs vazifasini oliy shoh Ahura Mazda bajaradi. Olov ma’budi Gefest Zevsning, olov ilohi Arta esa Ahura Mazdaning o’g’li. Yunonlarda qonli urushlar ma’budi Ares, zardushtiylarda yovuz kuchlar ilohi Angra Manyu, Quyosh ma’budi yunonlarda Gelios, Markaziy Osiyo xalqlari mifologiyasida esa Mitra, yunonlarda barcha ma’bud va ma’budalar Olimp, Markaziy Osiyo halqlari mifologiyasida Xara tog’larida turib, olamni boshqaradilar.

GELIOS VA MITRA

Quyosh ma’budlari Gelios va Mitraning ilohiy qudratidagi yaqinliklar bu ikki ma’budning yaratilish ildizi bitta degan xulosani beradi. Gelios va Mitra ham otash aravada osmonda uchadilar. Yunon mifologiyasida Geliosning hayoti bilan bog’liq bir tasvir berilgan. Gerakl Qizil orolga kelib, Gerion podasini haydab ketishi kerak edi. U O’rta yer dengizi sohiliga kelib, narigi qirg’oqqa o’tishga qiynalib qoladi. Shu payt osmonda quyosh xudosi Gelios o’t aravasi bilan tushib kelayotganligini ko’radi. Gelios har kuni o’t aravasini shu yerda qoldirib, oltin qayiqda narigi qirg’oqqa suzib o’tar edi. Gelios Geraklning maqsadini anglab yetgach, uni qayig’iga o’tqazib oladi. O’t aravasini qirg’oqda qoldirishi bilan yerni qorong’ulik qoplaydi. Ertasi kuni yana o’t aravasida osmonga chiqadi. Kechqurun oltin qayiqda yana dengizning narigi qirg’og’iga suzib o’tadi. Gelios Geraklning iltimosiga ko’ra podasini yerga olib chiqish uchun unga oltin qayig’ini beradi. Qadimgi Markaziy Osiyo xalqlari mifologiyasida ham Mitra aravasi adolat, e’tiqod, haqiqat sari yo’l ochib boradi. Mitraning Geliosga yana bir yaqinlik tomoni shundaki, Mitra ham hududsiz yaylovda podalarga, sigirlarga yordam beruvchi ma’bud sifatida ko’rinadi. «Avesto»da Mitraning bu fazilatini yorituvchi shunday satrlar keltirilgan:

Qo’li kushod holatida kim
Eltar esa sho’rlik sigirni.
U podasin yodga oladir
Va madadga chorlar Mitrani:
«Qachon bizni olisda qolgan
Podamizga qaytarar Mitra.
Hududsizdir yaylovi uning,
Qachon bizni yolg’on hukmdan
Xalos etib qaytaradir u
Haqiqat tomon».

Ma’bud va ma’budalar ilk daf’a qaysi xalqning tafakkurida paydo bo’lganligini isbotlash qiyin. Lekin aytish kerakki, yaratilgan miflarda ma’budalarning ma’budi osmon bilan bog’lanadi, ularning turadigan joyi yerdan balandda – tog’da, osmonda ko’rsatiladi.

Miloddan oldingi ikki minginchi yillarda Kichik Osiyo xalqlari, chunonchi hatti, xett, akkad, palay kabi xalqlarning yozuvlarida momaqaldiroq, quyosh, oy xudolari to’g’risida miflar keltirilgan. Bu xalqlarning adabiyoti ko’proq shumer xalqining mif va afsonalarga boy hamda osmon jismlarini xudo deb tushungan diniy ta’limoti asosida yaratilgandir. Quyosh qadimgi turkiy qabilalar orasida massagetlarning yagona xudosi hisoblangan. Xett va xurrit tillari orqali bizgacha yetib kelgan «Quyosh gimnida» massagetlarning ovozini eshitish mumkin. Gimnda Quyosh xudolar orasida eng muqaddasi bo’lib, unga ulug’ hokimiyat berilganligi kuylanadi. Quyoshga sig’ingan xalq o’zini qul deb hisoblaydi, Quyosh uchun qurbonlik qilishni zarurat deb biladi.

SHOMONIYLIK

SHOMONIYLIK (Evenk tilida shaman – ruhoniy) qadimgi turkiylarning diniy e’tiqod shakllaridan hisoblanadi. Uning asosini yovuz va ezgu ruhlarning inson hayotiga ta’sir etishiga ishonish tashkil etadi. Shomoniy ruhoniylar – shamanlar odamlar huzurida ruh bilan aloqaga kirishganlar va bo’lajak voqyealarni oldindan aytib berganlar. Gerodotning ko’rsatishicha, shomonlikning tarixi miloddan avvalgi XI asrlarga borib taqaladi.

Arab tarixchisi Juvayniy shunday yozadi: «Mo’tabar mo’g’ullardan eshitdimki, qora qishda yalangoyoq bo’lib, tog’larga chiqib ketgan bir kishi bor edi. U: «Tangri bilan gaplashdim. Buyurdiki: yer yuzini Timuchin va o’g’illariga berdim, aslini Chingizxon qo’ydim», deydi. Bu odamga Tab Tangri deyishardi». Tab Tangri – shomon bo’lib, u kelajakdan xabar beruvchidir. «Qo’rqut ota kitobi»da Qo’rqut ota turkiylar qavmini jipslashtirish, ularning turmush tarzini yaxshilashga rahnamolik ko’rsatgan ulug’ siymodir. Shu bilan birga u o’z qavmining kelajagini ayta olish qobiliyatiga ko’ra shomonlikning vakili sifatida ham namoyon bo’ladi.

Shomonlik turkiy qavmlar o’rtasida qom deb yuritilgan. Qomlar bola dunyoga kelishi bilan uning qismatidagi voqyealardan xabar bergan. Qo’rqut ota o’z qavmida tug’ilgan bolaga «ismini men berdim, umrini Tangri bersin» deb, duo qilishi shomonlik vazifasini o’tashidir. Eron tarixchisi Juvayniy keltirishicha, qom ilmidan xabardor uyg’urlar shaytonlarga ham hukmini o’tkazishga harakat qilganlar.

Qomlar qor va yomg’ir yog’dirish sehrini ham egallashgan. Mahmud Koshg’ariy «Devonu lug’otit-turk» kitobida bu voqyeaga shohid bo’lganligini eslaydi: «Bir tosh (yat-yada) bilan kohinlik qilinadi, shamol va yomg’ir chaqiriladi. Bu hol turklarda juda keng tarqalgan bo’lib, men ham uning shohidi bo’ldim. Yozda katta bir yong’in chiqqan edi. Uni o’chirish maqsadida Ollohning izni bilan qor chaqirildi va u yog’ib, yong’in so’ndi».

Qomlar yada toshlari sehri bilan yomg’ir yoki qor yog’dirishi to’g’risida ko’plab rivoyat, afsona, tarixchi olimlarning esa hayotiy kuzatishlari bitilgan xotiralar yetib kelgan. Yada toshlarining paydo bo’lishi Nuh payg’ambarga bog’lanar ekan. Turk olimi Usmon Turon shunday rivoyatni keltiradi: Nuh payg’ambar Turkistonni o’g’li Yofasga berganida, u bu suvsiz o’lkada nima qilishini so’raydi. Ota unga yomg’ir yog’dirish qudratini baxsh etib, ustiga duo (ismi a’zam) yozilgan bir tosh (tilsim) beradi. Ya’ni ehtiyoj bo’lganda, shu tosh bilan Ollohga duo etib, yomg’ir yog’dirilar edi. Toshni «yada, toshi» (yada – jada, jodugarlik demakdir – A.A.) deyishardi. Rivoyatlarga ko’ra, tosh o’g’uzlar qo’liga o’tgani uchun unga ega bo’lish maqsadida qorluq, hazar va boshqa turklar o’rtasida urushlar bo’lgan. Turklarning ajdodiga Olloh yomg’ir yog’dirish qobiliyatini bergani haqidagi rivoyatlar Xitoy, islom va nasroniy manbalarda ham ko’p marta zikr etilgan.

Ahmad bin Yusuf al-Tifoshiy Ahmad bin Abu Xolidning «Kitob ul-Axjar» asari asosida yada toshlari bilan bog’liq rivoyatni keltiradi: «Xorazmshoh (Alouddin Muhammad)ning qo’shinida bir turk istagan paytda yomg’ir yog’dirgan. Yog’ingarchilik vaqtida Surxob nomli bir qush paydo bo’lib, tuxumdek keladigan toshlar tashlagan. Ular to’planib, hukmdor xazinasida saqlangan va kerak bo’lganida ulardan yomg’ir yog’dirish, dushmanga qarshi bo’ron turdirish maqsadida foydalanilgan…

Keksa bir turk chodir ichida yomg’ir yog’dirishga kirishganda, biz ham xazina boshchilar bilan birga usti ochiq bo’lgan o’zga bir chodirda edik. U oldiga suv to’la bir idish qo’ydi. Keyin uch dona qalin qamishni suvning o’ngu so’liga tiqib, oxirgisini ko’ndalang qilib qo’ydi. Ingichka va qizil yada toshi rangidagi ilon dumini ko’ndalang yotgan qamishga yonma-yon yotqizib, boshini suvning tepasida tutdi. Keyin ikkita yada toshini suvga solib, bir-biriga ishqadi. Bu ishni yetti marta takrorlar ekan, unga shogirdlari yordam berib turdi. Nihoyat, yadachi boshi ochiq, sochlari to’zg’agan, yuzi asabiy va ko’pchigan holda boshini ko’kga qaratdi-da, ikki soat davomida yomg’ir duosini o’qidi, nihoyat, osmonni bulut qopladi va qattiq jala quydi».

Shomonlar yaxshi turmush tarzini orzu etishganlarida ezgu ruhlardan madad olganlar. Oltoy turkiylari ezgulik ruhini tog’ timsolida ko’radilar va u bilan muloqotga kirishadilar.

Quyosh aylanmas po’lat tog’,
Oy aylanmas po’lat tog’
Ona o’rmonlarining yopinchig’i

Muqaddas buyuk tog’.
Otalarimiz, buyuklarimiz senga topindilar
Bu biror yaxshilik keltiradi-mi?

Abadiy yashayajak urug’imizga foyda beradi-mi?
Qo’limizdan tutib yetaklaydi-mi?

Ey, beshik ruhini yaratgan,
Suruvlarimizga barokat ber!
Yurtimizga yashash baxsh etgin!

Shomonlar turkiylarning kelajakdagi hayotini bashorat qiladilar. Turk olimi A.Qaboqli «Turk adabiyoti» kitobida shomoniylikning bu xil vazifasi aks etgan ikki she’riy parchani keltiradi Telenget shomonlari oxir zamon ko’rinishini shunday bashorat qiladilar:

Oxir zamon kelganda,
Osmon temir bo’lib qolur.
Yer bokir bo’lib qolur
Xoqon xoqonga yopishar.
Qattiq tosh maydalanur.
Ota o’g’ilni tanimas,
O’g’il otani tanimas.
Pogir o’ti qimmatlanur.
Ot boshidek katta oltin,
Bir tavoq oshga arzimas.
Oyoq ostidan oltin chiqar,
Uni oluvchi yo’q bo’lur.
Qora yerga o’t yog’ilar.
Qayra xonla Xuday ota (Tangrilar)
Bunga tutar qulog’in.
Bu han1gomadan dunyo buzilar.
Dengizlar chayqalar.

Oltoy shomonlari ham oxir zamon belgilarini oldindan aytadilar:

Qora suv qon bo’lib oqadi,
Yer guldirar, tog’lar o’rnidan siljir.
Ko’k qimirlar, parchalanar,
Dengizlar oqar tagi ko’rinib.
Dengiz tubida to’qqiz qo’lli qora tosh,
To’qqiz yeridan parcha-parcha bo’lur.
U yerdan to’qqiz temir otli kishi chiqar,
Ular mingan otlar,
Yirik, sariq, urushqoqdir.
Daraxtlarga tegsa uni sindirar,
Jonivorga tegsa tilka-pora qiladi.
(O’sha lahzada) oyning yorug’i yo’q bo’ladi,
Daraxtlar tomiri bilan sug’iriladi.

MAGIYA

MAGIYA yoki so’zning sehr-jodu kuchiga ishonish shomonlikning shakli hisoblanadi. Ibtidoiy davrlardan boshlab odamlar tabiatdagi narsalardan qo’rqib yashaganlar. Qo’rqish esa ularning taniga turli xil kasalliklar keltirgan. Yoki inson vujudidagi ayrim modda almashishlarining noto’g’ri bo’lishi ham har xil kasalliklarga sabab bo’lgan. Qadimgi xalqlar bu hodisalarni yomon ruhlarning inson taniga o’rnashib olishi bilan bog’laganlar. Shu sababli ularni inson tanidan quvib chiqarish yo’llarini tanlashgan. Go’yo ezgulik ruhlari yomon ruhlarni yo’qotish uchun odamlar orasidan iqtidorli shaxslarni tanlaganlar va homiylik qilganlar.

Turkiy qavmlar o’rtasida kasallangan odamlarni qadim zamonlardan boshlab so’zning sehr-jodu qudrati orqali davolash bilan maxsus shug’ullanuvchi shaxslar bo’lgan. Gerodot «Tarix» asarida skiflar qavmi o’rtasida sehrgarlik bilan shug’ullanuvchilar ko’p bo’lganligini ta’kidlaydi. Ayrim manbalarda, masalan, Narshaxiyning «Buxoro tarixi» kitobida Turon mamlakati hukmdori Afrosiyobga ta’rif berilar ekan, «u jodugar Nuh podshoning bolalaridan» deb ko’rsatiladi. Sehrgarlik Nuhga va Afrosiyobga bog’lanishi turkiy qavmlarning bosh bo’g’iniga mansub hukmdorlar ham sehr-jodu ishlarini bilishiga ishoradir. Tabariyning «Tarixiy Tabariy» asarida esa Afrosiyobning o’g’li Shad sehrgar bo’lgani va Eron lashkarlariga xavf tug’dirganligi keltirilgan.

So’z sehri bilan yomon ruhlarga qarshi kurashish jarayonida yuzaga kelgan matnlar sekin-asta janr xususiyatini ola boshlagan. Turkiy xalqlar o’rtasida islomdan so’ng ham so’z magiyasi rivojlangan, ular afsunlar (arabcha sehr-jodu) deb yuritilgan. Bu afsunlar hozir ham mavjud bo’lib, ular mullalar tomonidan o’qiladi. Afsunlarning matnlari asosan islom dini ta’limotiga aloqadordir. Shu sababli ular turkiy adabiyotning namunasi hisoblanmaydi.

So’z magiyasi matnlari orasida qadimgi turkiylar tomonidan yaratilganlari ham saqlangan. Markaziy Osiyoda yashovchi o’zbek, qozoq, qirg’iz, qoraqalpoq xalqlari o’rtasida badik marosimlari mavjud. Mahmud Koshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» asarida «badik» so’zi «titroq», «larza» ma’nosi bilan izohlanadi. Bu so’zning «bezgak» ma’nosi ham mavjud. Badik inson tanida suvchechak, qizilcha, eshak yemi kabi toshmalar chiqsa, unga qarshi so’z kuchi orqali kurashiladigan marosimlardir. Badik matnlari yomon ruhlarnii quvishga qaratilgan. Professor B.Sarimsoqov o’z tadqiqotlarida bu matnlarning turkiy xalqlar o’rtasida saqlangan parchalarini keltiradi.
O’zbeklarda:

Ko’ch-ko’ch ko’chasan
Ko’char yering men aytsam,
Qizib yotgan go’rga ko’ch,
O’lik yotgan mozorga ko’ch,
O’li bilan mo’liga ko’ch,
Bor, javobing beraman,
Tegirmonning do’liga ko’ch.
Iyiq bilan biyikka ko’ch,
Tovda yurgan kiyikka ko’ch.
Qizil egar naqshiga ko’ch,
Boqolmagan baxshiga ko’ch.

Qoraqalpoqlarda:

Ko’sher bolsang, ko’sh bedik,
Taylarga ko’sh,
Tayding artin jaylagan
Baylarg’a ko’sh.
Onnan jaylay toppasang
Men aytayin,
Qara basin oylag’an
Xanlarga ko’sh.
Ko’sh, ko’sh.

Qozoqlarda:

Badik, badik degende bastay keldik,
Barsha shapa basina jastay keldik,
Osi auilda bir badik bar degenge,
Yetin alip, suyegin tastak keldik.
Ko’sh! Ko’sh! Ko’sh!
Degenge burma badik, burma badik,
Buralip bosag’ada turma, badik,
Buralip bosag’ada turma, badik,
Keledi uyisine ulken kadik,
Ko’sh! Ko’sh! Ko’sh!

So’zning magik qudratidan kinnachi (suq, hasad, kek, o’ch, xusumatni qaytarishga kurashuvchi)lar ham foydalanishgan. Ular aytgan matnlar ham yomon ruhlarni quvish ruhida yaratilgan. Badikchilar va kinnachilarning sehr-joduli so’zlarida buyruq ohangi birinchi o’rinda turadi. So’zning butun kuchi, ezgulik ruhi homiylik qilayotgan kishining qahr-g’azabi yomon ruhni inson tanasidan haydashga qaratiladi.

BUDDIZM YOKI BURHONLIK

BUDDIZM YoKI BURHONLIK (Budda nomidan olingan. Sanskritcha buddha – nurlangan) miloddan avvalgi VI–V asrlarda paydo bo’lgan va jahon xalqlari o’rtasida keng tarqalgan dinlardan biridir. Buddizmning asoschisi Siddhartta Gautama (623-544)dir. Bu din ta’limotiga ko’ra ruh ko’chib yuradi, u qayta tug’iladi, jonli va jonsiz narsalar shakliga kiradi. Qadimgi turkiylar ham budda dini aqidalariga ishonishgan. Hozirgacha buryat, qalmoq, tuva va Sibirda yashaydigan boshqa turkiy qavmlar o’rtasida buddaga e’tiqodlilari mavjud.

Budda (burhonlik) dinining ta’limoti turkiylarning badiiy adabiyotida ham aks etgan. A.Qaboqli «Turk adabiyoti» kitobida burhonlik ifodalangan she’rlardan birini keltiradi:

Taqdirda ochlik va qahatchilik bo’lgani uchun
uch-to’rt ofat kelur.
Shu onda yomonlik ketib, sukunat bo’lur.
Boshqa besh dunyodagi maxluqlar ham,
Istisnosiz, hammasi birdan bir joyga qavushadi.
Onam va otam boshqa bo’lganligi uchun
barcha jonlilar,
Har vaqt dunyoga kelish ne’matidan bahramand bo’lur.
Butun avlodlar abadiy emasligini bilib,
Burhon saodatini unutmasinlar.
Ushbu ezgulik va ezgu amal qarshisida,
Burhon saodatini topdim, men Kamala Anantashira,
Oyoqda yurgan kishilarning o’g’illariga
Ruh ko’chganda huzur-halovatga erishtirayin.

Ananta buddizm tarixidagi muqaddas ibodatxonadir. Unda oltin va bronzadan yasalgan budda haykallari bo’lgan. Shu sababli ham burhonlik ruhi sug’orilgan asarlarda Anantaga murojaat etish ruhi kuchlidir. Turkiylar budda butlarini «Burhon», ibodatxonalarini esa «Burhon uyi» deb atashgan. «Oltin yoruq» asari ham burhoniylik ta’limotining nodir namunalaridan biri hisoblanadi.

Budda dining paydo bo’lishi miloddan avvalgi 623-544 yillarda yashagan Siddhartha Gautama nomi bilan bog’langan. Budda – sanskritcha nurlangan degan ma’noni beradi. Uning asl mohiyati insoniyatni azob-uqubatlardan qutqazishdan iboratdir. «Oltin yoruq»dagi Mag’astvi o’z jonini qurbon qilishdan maqsad ham ana shu ta’limotga, bu dunyodagi azob-uqubatlardan qutulishga qaratilgan. «Oltin yoruq» turkiy tilga xitoychadan tarjima qilingan. Buning boisi, budda ta’limoti Osiyo mamlakatlari orasida birichilardan bo’lib Xitoyga, milodimizning I asrlarida, kirib kelgan. IV-VI asrlarda esa Xitoy orqali Koreya, so’ngra Yaponiyaga o’tgan.

Demak, budda ta’limotining Markaziy Osiyoga kirib kelishi, unga e’tiqod qo’ygan kishilar o’rtasida budda g’oyalari singdirilgan badiiy asarlarni o’qishiga ehtiyoj tug’dirgan. «Oltin yoruq»da budda ta’limotiga asos bo’lgan to’rt dunyoqarash – «haqiqat» singdirilgan: 1) turmush azob – uqubatlardan iborat; 2) azob – uqubatlar yuzaga kelishining sababi – odamlarning istak va nafslari; 3) bu azob uqubatlardan qutulish uchun odamlar o’z istak va nafslarini tiyishi kerak; 4) budda kashf etgan aqidalarga amal qilish azob – uqubatlardan ozod qiladi.

Mag’astvi – hayotda o’z istak va nafsiga erkinlik bergan, ammo o’z xatosini anglagan kishilarning umumlashma obrazidir. U faqat bir davrda yashagan odamlarning emas, balki, insoniyat nomidan gapirar ekan, yuz ming yillar davomida yaxshi turmush kechirib, gunohga botgan shaxslarning umumlashmasidir. Mag’astvi o’zlikni yo’qotib, lazzatli umr kechirish, mol – mulk to’plashga berilishni keskin qoralaydi. Mag’astvi bunday hayotni kechirilmas gunoh, azob – uqubat, tanning chirkin holatga tushishi deb tushinadi va o’z jonini qurbon qilish bilan undan xalos bo’ladi. O’z akalari ham azob – uqubatdan qutilishning bunday yo’lini tushunishlarini istaydi. («Oltin yoruq» asari haqida qo’llanmaning «Turkiy adabiyotda badiiy tarjima» faslida batafsil ma’lumot berilgan.)

MONIYLIK

Moniylik ta’limoti xitoylik Moniy ibn Fatak (216-276) nomi bilan bog’lanadi. Uning ta’limoti koinotda nur bilan zulmat o’rtasida kurash bo’lishiga asoslanadi. Shu sababli ham nur – Quyosh, Oy, ya’ni nur taratuvchi osmon jismlari muqaddas sanaladi va ularga tangri nomi bilan sig’iniladi. Nur va zulmat o’z mantig’ini yaxshilik va yomonlik kurashida topadi. Moniylik VIII asrda uyg’urlar o’rtasida asosiy din sifatida tarqalgan. Tarixiy ma’lumotlarga ko’ra, Buguxon 762 yilda Chin (Xitoy)ga safar qiladi. U yerda Moniy rohiblari bilan tanishadi, mamlakatiga qaytishida rohiblarni o’zi bilan birga Qorabolg’asun shahriga olib keladi. Moniylik turkiy adabiyot rivojiga ta’sir ko’rsatgan dinlardan biridir. Bu oqimning ta’sirida turkiy adabiyotda «Xuastuanift» («Moniylar tovbanomasi») asari yuzaga kelgan. Uning qadimgi turkiy tildagi uchta nusxasi ma’lum. Ulardan London va Berlin nusxasi moniy, Sankt-Peterburg nusxasi esa eski uyg’ur yozuvida bitilgan. Asarning yaratilish davri V.V.Radlov fikricha, taxminan V asr, S.Ye.Malov xulosasiga ko’ra VII asrga to’g’ri keladi. O’zbek olimlaridan professor N.Rahmonov tadqiqotlarida «Xuastuanift»ning g’oyasi, tuzilishi, ahamiyati keng o’rganilgan. Asar moniy jamoasi a’zolarining madhiyasi, ayni paytda nizomi ham hisoblanadi. «Xuastuanift» 15 bo’limdan iborat. Kitobning ikkinchi bo’limida Kun va Oy tangrilarning moniylikdagi vazifalari ko’rsatiladi hamda ularning haqiqiyligini tan olishga chaqiriladi. S.Ye.Malovning «Qadimgi turkiy yozma yodgorliklar» kitobida ham moniylarning tangriga tovba-tazarrulari bitilgan ibodatlaridan parchalar keltirilgan.

avesto

«MONIYLAR TAVBANOMASI»

Besh turli tirik mavjudotga nisbatan, birinchidan, ikki oyoqli insonlarga, ikkinchidan, to’rt oyoqli tirik mavjudotlarga, uchinchidan osmonda parvoz etadigan mavjudotlarga, to’rtinchidan suv ostidagi tirik mavjudotlarga, beshinchidan, sudralib yuruvchi tirik mavjudotlarga nisbatan gunohlarga botib, ushbu besh turli tirik mavjudotlarni buyugidan to kichigigacha xo’rladik, nobud qildik, ozor yetkazdik. O’zimiz gunohli bo’la turib, ey, xudo, endi gunohlarimizdan ozod qilishingni, bizni kechirishingni sendan iltijo qilamiz.

Ey, xudo, biz so’zda va amalda o’n turli gunoh sodir etdik, biz gunohsizlarga tuhmat qildik, yolg’on qasamyodlar aytdik, yolg’onlar to’qib, insonlarni qatl ettirdik, jodu ishlari bilan shug’ullandik, nochorlarning bizga ishonib topshirgan omonatlarini o’zimizniki qilib oldik, jonzotlarni o’ldirdik, qatl etdik va ko’pgina Oy va Quyosh xudolariga yoqmaydigan ishlar qildik va, umuman, yashash hayotimizda ko’pgina xatolar sodir etdik, ayollarnikiga o’xshash uzun liboslar kiydik, yoshligimizda yovuzlikka qo’l urib, ushbu gunohlarni sodir etdik. Endilikda gunohimizdan o’tishingni, bizni kechirishingni iltijo qilamiz…

Har kuni Oy xudosiga, muqaddas bitik va payg’ambarlarga gunohlarimizdan kechishini so’rab ibodat qilishimiz kerak edi. Mana endi o’zimiz bilgan va bilmagan holda, turli sabablarga ko’ra, ushbu aytilganlarni bajara olmadik. Gunohlarimizdan kechishingni so’rab, sendan yolvoramiz, gunohlarimizni kech!

Yilda yetti marta qurbonlik keltirish qonuni mavjud edi. Yana ibodatxonada o’tirib, har bir qurbonlik uchun ro’za tutish kerak edi va yana har bir iloh oldida sidqidildan ibodat qilib, gunohimizdan o’tishini iltijo qilishimiz kerak edi. Ey, xudo, ushbu aytganlaringga rioya qilmaganimiz uchun kechirishingni iltimos qilamiz!

Qanchalik yomon xayollarga borishimiz bilan, qanchalik madaniyatsiz va yomon so’zlarni aytishimiz bilan, qanchalik biz qilish kerak bo’lmagan ishlarni qilganimiz bilan o’z mavjudligimizni yanada qiyinlashtirishimiz, yana besh ilohning nuri bilan oziqlanib, o’z tanimiz va ruhimiz bilan iblisni sevamiz va o’zimizni pastga, yer (do’zax)ga tortamiz. Shuning uchun ey, xudo, bizning gunohlarimizdan o’tishingni so’rab iltijo qilamiz va bu gunohlarimizdan qutulish uchun ibodat qilamiz, bizning gunohlarimizni kechirgin!

Moniylik she’rlari orasida muallifi noma’lum ehtimol xalq og’zaki ijoi namunasi hisoblangan «Tong tangrisi» alohida ahamiyatga ega. Uning tuzilishida naqarotning mavjudligi ushbu she’r moniylar o’rtasida keng tarqalgan va ommaviy tarzda aytiladigan madhiya darajasiga ko’tarilgan bo’lishi mumkin degan xulosani beradi. Madhiyaning asosiy mazmuni Kun va Oy tangrilarga murojaat etish orqali ularni ulug’lashga qaratilgan.

Tong tangri (si) keldi,
Tong tangrisining o’zi keldi.
Tong tangri keldi
Tong tangrisining o’zi keldi.
Turinglar, barcha beklar, qarindoshlar,
Tong tangrisini madh etaylik.
Ko’ringan Quyosh tangrisi,
Siz bizni asrang,
Ko’ringan Oy tangrisi,
Siz bizni qutqaring.
Tong tangrisi
Go’zal hidli, xushbuy hidli,
Porlagan, yaltiragan.
Tong tangrisi,
Tong tangrisi.

Jahondagi ko’pgina xalqlarning diniy e’tiqodlari va mafkurasi muqaddas kitoblar «Avesto» va «Bibliya»da umumlashgan. Qadimgi turkiy xalqlarning diniy e’tiqodi va mafkurasi ham bundan mustasno emas.

ZARDUSHTIYLIK

Zardushtiylik dini miloddan avvalgi VI-V asrlarda yuzaga kelgan. Bu din Zaratushtira (ba’zi manbalarda Zardusht yoki Zardo’st) nomi bilan bog’liqdir. Zardushtning shaxsiyati to’g’risida ikki xil qarashlar mavjud. Ayrim tadqiqotchilar Zardushtni miloddan avvalgi 589-512 yillarda yashagan ilohiyatchi faylasuf, tabiatshunos va shoir deb hisoblaydilar. U Eronda yashagandir. Bunday fikr tarafdorlari zardushtiylik qadimgi Eronda keng tarqalgani va bu dinning muqaddas kitobi «Avesto» eron-pahlaviy tilida yaratilganligini asos qilib oladilar. Boshqa olimlar esa Xorazmni zardushtiylikning vatani deb hisoblaydilar. Ularning fikricha, birinchi marta muqaddas olov «Atarxurra» yongan joyning jo’g’rofiy o’rni va iqlimining tavsifi Xorazmga to’g’ri keladi.

AVESTO

«Avesto» eramizdan oldingi VII asrning oxiri va VI asrning boshlarida yaratilgan. Uning qadimgi qismlari miloddan avvalgi 2000-1000 yillarga taalluqli, deb qaraladi. «Avesto»ning bizgacha yetib kelgan nusxalarida Eron shohi Kayxisrav va Turon shohi Franhrasyan (Afrosiyob) o’rtasidagi munosabatlar ifodasini topgan. Bunday tarixiy voqyelik miloddan avvalgi 620 –yillarga to’g’ri keladi.

«Avesto» zardo’shtiylik dinining muqaddas kitobidir. Uning yaratilish vatani – Markaziy Osiyo. Shu sababli bu kitob Markaziy Osiyo xalqlarining mushtarak yodgorligidir. Avesto o’z davrining tarixi, fani, madaniyati, urf-odatlari, adabiyoti, iqtisodiy-ijtimoiy hayoti to’g’risida ma’lumot beruvchi qomusiy asardir. «Avesto» yaratilgan vaqtda 30 nask – kitob (qismdan) iborat bo’lganligi haqida ma’lumotlar bor. Markaziy Osiyoga turli bosqinchilarning kirib kelishi, zardo’shtiylik diniga sig’inuvchilarning ta’qib qilinishi natijasida kitobning ko’p qismi yo’qolib, oz qismi saqlanib qolgan. Bu xususda Beruniy «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida shunday yozadi: «Podshoh Doro ibn Doro xazinasida «Avesto»ning o’n ikki ming qoramol terisiga tilla bilan bitilgan bir nusxasi bor edi. Iskandar otashxonalarni vayron qilib, ularda xizmat etuvchilarni o’ldirgan vaqtda uni yondirib yubordi. Shuning uchun o’sha vaqtdan beri «Avesto»ning beshdan uch qismi yo’qolib ketdi. «Avesto» o’ttiz nask edi. Ma’jusiylar qo’lida o’n ikki nask chamasi qolgan».

«Avesto»ning qisqargan shakli «Zand Avesto» deb nomlangan. U pahlaviy, sanskrit (qadimgi hind) tiliga tarjima qilingan va sharhlar bitilgan. U bir necha marta Yevropa tillariga, jumladan, rus tiliga ham ag’darilgan. «Avesto»ni o’zbek kitobxonlari A.Mahkam, M.Isoqov va boshqalar tarjimasida o’qishmoqda.

Yaxshilik va yomonlik o’rtasidagi kurash «Avesto»ning bosh g’oyasidir. Yaxshilik ramzi – yakka xudo Axura Mazda, yomonlik ramzi – Ahramandir. Hozirgacha «Avesto»ning ikki varianti mavjud. Birinchisi faqat «Avesto»ning o’zidan iborat. Ikkinchisi esa pahlaviy tilidagi sharhli tarjimadan tashkil topgan bo’lib, u bir necha qismlarga ajratilgan. Ular quyidagilar: 1. Vendidot. Axura Mazda bilan Zardushtning savol-javobi tarzida bitilgan. Jami 22 bob. 2. Visparad. Ibodat qo’shiqlari berilgan. Jami 24 bob. 3. Yasna. Qurbonlik qo’shiqlari, xudolar madhiyasi hamda diniy marosimlar tavsifi berilgan. U 72 bobdan iborat bo’lib, 17 bobi gotlar – madhiyalar deb atalgan. 4. Yasht. 22 qo’shiqdan iborat. Qo’shiqlarda zardushtiylik xudolari va ma’budalari madh etilgan. 5. Kichik Avesto. Quyosh, Oy, Ardvisura, Varxra kabi xudo va ma’budalar madh etilgan ibodat qo’shiqlari beriladi.

«Avesto» o’zbek ilm-fanida, xususan, N.Mallayev, F.Sulaymonova, B.To’xliyev, T.Mahmudov, N.Norqulovlarning tadqiqotlarida tahlil etilgan.

«Avesto» diniy kitob bo’lish bilan birga, eng avvalo, u nodir adabiy yodgorlikdir Asar she’riy yo’l bilan yozilgan. Qadimda yashagan xalqlarning og’zaki adabiy merosi berilgan. Kayumars, Yima, Gershasp, Arjasp, Mitra haqidagi asotir hamda afsonalar qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklardir.

«Avesto»da osmon jismlarida ilohiylik belgilarining ko’rsatilishi turkiy xalqlarning diniy e’tiqodlariga yaqin turadi. Jumladan, quyosh xudosi Mitra haqidagi tasavvurlar shunday xususiyatga ega. «Avesto»da qadimgi turkiy qavmlar va ularning hukmdorlari, qahramonlarining badiiy tasvirlari ham ifodasini topgan. Unda turkiylar tur nomi bilan beriladi. Turkiy va forsiy xalqlar adabiyotida Afrosiyob, Siyovush, Kayxisrav haqida yaratilgan turkum rivoyat va afsonalarning dastlabki namunalari «Avesto»da yaratilgan.
«Avesto»dagi mifologik obrazlar o’zbek xalq og’zaki ijodi taraqqiyotiga ham sezilarli darajada ta’sir ko’rsatgan. Buni o’zbek xalq og’zaki ijodida mavjud ayrim obrazlarning tug’ilishi zardo’shtiylik bilan bog’langanligi misolida ko’rish mumkin.

GAYA MARTA

«Avesto»da ilk foniy odam – Gaya Marta haqida rivoyatlar keltirilgan. U zardo’shtiylikda yer yuzida yashagan birinchi odam sifatida tasavvur etiladi. O’rta asr manbalarida uning nomi Gavomard, Gayomat, Gopat shoh, Qo’bodshoh, Kayumars tarzida bitilgan. Gaya Marta ikki vujudli, ho’kiz va odamdan tashkil topgan. Uni ezgulik xudosi Axura Mazda Dantiya daryosining bo’yidagi Ar’yana Vejada yetmish kun mobaynida yaratgan. Daryoning chap sohilida odam, o’ng qirg’og’ida ho’kiz turgan. Gaya Marta insoniyat dushmani Axriman tomonidan o’ldirilgan.

Gavomard – Buqaodam yoki sigir, echki, qo’yga xos ayri tuyoqli odamlar haqidagi afsonalar o’zbek xalqi o’rtasida keng tarqalgan. Gerodot «Tarix» kitobida qadimgi turkiylar qavmi issidonlar haqida yozar ekan, unga tog’da echki tuyoqli odamlar yashashi haqida hikoya qilganligini aytadi. «Go’ro’g’li» turkumidagi dostonlarning qahramonlaridan Rayhon arab ayri tuyoq deb ta’riflanadi. Turk olimi Abdulqodir Inon XIII asrda mo’g’ullar o’lkasida sayohatda bo’lgan Plano Karpini o’z xotiralarida it boshli, sigir oyoqli qavmlarni ko’rganligini yozgan. Xorazm ertaklaridan «Gul uzuk»da yarmisi odamga, yarmisi qo’tosga o’xshaydigan odamlar haqida hikoya qilinadi.

O’zbek xalqi o’rtasida Jo’mard qassob, Jonmardi qassob, Gavmard nomi bilan bog’langan rivoyatlar ham «Avesto»dagi Gaya Marta obraziga bog’lanadi. Rivoyat qilishlaricha, odamlarga go’sht yeyishni birinchi marta o’rgatgan kishi Jo’marddir. U Anushirvon davrida yashagan bo’lib, kunduzi qassoblik, kechasi podshohlik vazifasida o’tirgan va yomon odamlarni jazolagan. Jo’mard Ho’shamshohning o’n yettinchi avlodidan hisoblangan. Ho’shamshoh mol terisidan kiyim tikish, jundan mato to’qish, egar yasash kabi hunarlarga ega bo’lgan. Devlar unga ho’kiz terisini yopib, abadiy qolishni buyurgan.

Folklorshunos M. Jo’rayev Jo’mard qassob nomining kelib chiqishini mifologik afsonalar asosida shunday izohlaydi: «Qadim zamonlarda Gavmard ismli kishi bo’lgan ekan. Uning Baqar (Ho’kiz) degan do’sti ham bor ekan. U bir kuni ertalab uyqudan uyg’onib qarasa, hamma yerlar ko’m-ko’k ekan. Shunda u qari kishilardan: «Bu qanday hol?» deb so’rabdi. Qariyalar: «Bu – navro’z, u qish fasli tugaganidan darak berayapti», – debdilar. Shu payt shayton kelib vasvasaga solibdi, Gavmard o’z do’stini o’ldirib, go’shtini pishirib, dasturxonga tortibdi. Boshqa odamlar bo’lsa, yerda ko’kargan o’tlardan ovqat tayyorlab, dasturxonga qo’yibdilar. Gavmardning qilgan ishidan xabar topgan odamlar: «Iloyo juvonmarg bo’l!» – deb qarg’abdilar. Shundan so’ng uning nomi Juvonmarg bo’lib, keyinchalik Jo’mard deb atala boshlangan ekan. Navro’z bayramini nishonlash, dasturxonni ko’katlardan tayyorlangan taomlar bilan bezash va go’shtni iste’mol qilish o’sha vaqtdan qolgan deydilar. Jo’mardni bo’lsa, qassoblar o’zlariga pir deb bilishar ekan».

Bu afsona o’zbek xalq og’zaki ijodi mahsulidir. Lekin unda «Avesto»da Angro Maynyu boshchiligidagi yovuz kuchlar Dantiya daryosining chap sohilidagi odam Gaya Marta va o’ng qirg’og’idagi Buqaga qilgan xuruji ma’lum darajada o’z ifodasini topgan. Bu voqyea zardo’shtiylik taqvimi bo’yicha ilk bahor kunlariga to’g’ri keladi.
Odam boshli, ho’kiz qiyofasidagi haykalchalar O’zbekiston (jumladan, Samarqand shahri yaqinidagi Tali Barzu tepaligi, Xorazm viloyatining Shovot tumani hududi)dan topilgan.

TISHTAR

«Avesto»dagi mifologiyaga ko’ra, yerdagi barcha suvlarning manbai Tishtar yulduzida saqlanadi. Yovuz kuch Axraman suvli yulduzlarni egallash uchun ularga qarshi parilarni yo’naltiradi. Lekin Tishtar parilarga shikast berib, Farog’kart daryosi bo’yigacha quvib yuboradi. Zardo’shtiylik mifologiyasida Tishtar zaminni suv bilan ta’minlaydi. «Avesto»da Tishtar qasidasi (Tiyr yasht) keltirilgan. Qurg’oqchilik yillarida odamlar Tishtarga yomg’ir yog’dirishni so’rab, iltijolar qilishgan, balki maxsus marosimlar ham o’tkazilgan bo’lishi mumkin. Chunki bu marosimlar zardo’shtiylikning muqaddas an’anasi sifatida o’zbek xalqi o’rtasida hozirgi kunlargacha yetib kelgan.

Tisht – xalq o’rtasida asrlar o’tishi davomida «Sust» nomi bilan o’zgargan. O’zbek xalq og’zaki ijodidagi «Sust xotin» qo’shiqlarida Tishtar obrazi yaratilgan. Qurg’oqchilik kelgan yillarida dehqonchilik bilan shug’ullanadigan odamlar Tishtar – yomg’ir tangrisidan yordam so’raganlar. Bu marosim o’ziga xos ko’rinishda o’tkazilgan: dehqonchilik bilan shug’ullaniladigan joylardagi ayollar to’planishib, odam shaklidagi qo’g’irchoqqa kampirning ko’ylagini kiygizishib, «Sust xotin» qo’shig’ini aytishgan va o’z qo’ni-qo’shnilarinikiga kirishgan. Uy egalari qo’g’irchoqqa suv sepishgan, «Sust xotin» qo’shig’ini aytganlarga xayr–sadaqa berishgan. Quyidagi parchada yaratilgan Sust xotin obrazi «Avesto»dagi suv xudosi Tishtar mifologiyasiga bog’lanadi.

Sust xotin-o, Sust xotin,
Ko’lankasi maydon xotin, Sust xotin.
Dehqonlarni g’am bosdi, Sust xotin.
Omochini chang bosdi, Sust xotin.
Havo yog’sin sevalab, Sust xotin.
Bo’ri qochsin tebalab, Sust xotin,
Bug’doy bo’lsin zarchalab, Sust xotin,
Sag’ir – sug’ir qolganlar, Sust xotin,
Nonni yesin parchalab, Sust xotin,
Sust xotin-o, Sust xotin,
Ko’lankasi maydon xotin, Sust xotin.

Turkiylarning o’ziga xos suvga topinish mifologiyasi bo’lgan. Bu mifologiya ularning boshqa xalqlardan farq qiluvchi mafkurasi mahsulidir. Turkiylar o’zlariga tangri tomonidan sehr–jodu amali berilgan deb hisoblaydilar va ulardagi bunday qobiliyatni tarix ham e’tirof etadi. Turkiylar sehr yo’li bilan yomg’ir yoki qor yog’dirish quvvatiga ega bo’lganligi to’g’risida o’nlab rivoyatlar mavjud.

O’zbek mifologiyasida suv xudosi haqida bitilgan afsonalarning boshqa namunalari ham mavjud. Adabiyotshunos N.Mallayev «O’zbek adabiyoti tarixi» darsligida suv xudosi va kishilarni halokatdan qutqaruvchi qahramon Xubbi obrazi yaratilgan quyidagi mazmundagi afsonani keltiradi:

Juda qadim zamonlarda Farudin va hatto Jamshid zamonasidan burun Amudaryoda Xubbi degan bir yigit bo’lgan ekan. U bir qo’li bilan baliq tutar, ikkinchi qo’li bilan uni quyoshga tutib turar, baliq bir zumda pishar ekan. Xubbi shu xilda baliq yeb, Amudaryoda yetti yuz yil yashabdi, daryoni qo’riqlabdi, biroq yomon ruh, hattoki chivin ham daryoga yaqin yo’lashga botina olmabdi. Xalq suvga ma’mur bo’lib, shad– xurram yashar ekan. Biroq Jamshid zamonasiga kelib Xubbi g’oyib bo’libdi. Kishilar uni osmon suvlarining hukmroni bo’lgan qiz o’g’irlab ketgan deb faraz qilibdilar. Xubbi g’oyib bo’lganidan keyin Amudaryoga uning onasi kelibdi. U birinchi bo’lib qayiq yasabdi, kishilarni qayiqda suzish va dushmanga qarshi suvda jang qilishga o’rgatibdi. Biroq kunlardan bir kun Xubbining onasi ham g’oyib bo’libdi. Lekni kishilar o’z xomiylarini, Xubbi va uning onasini unutmabdilar. Ular qayiqlarda Xubbining onasi qiyofasini tasvirlabdilar.

Demak, «Avesto» faqat diniy kitob emas. U turkiy xalqlarning ham adabiy yodgorliklari va e’tiqodlari ifodalangan, qadimgi o’zbek xalq og’zaki ijodi shakllanishiga samarali ta’sir ko’rsatgan nodir yozma asardir.

XRISTIANLIK

Xristianlik dini milodimizning boshlarida paydo bo’lgan. Iso Maseh (Iisus Xristos) bu dinning asoschisidir. Isoga Maseh so’zini qo’shib aytadilar. Maseh yahudiy tilidan olingan bo’lib, «silangan, siylangan» ma’nolarini beradi. Yunonlarda esa bu ma’no «Xristos» so’zi bilan ifodalangan. Sharq adabiyotida Maseh, Masih, Masiho Iso payg’ambarning laqabi sifatida qo’llaniladi va Iso o’z nafasi bilan o’likni ham tiriltiraolish qudratiga egaligi aytiladi. Shu sababli xristianlik ba’zan Masihiylik, ham deb yuritiladi. Nasroniylik deyilishiga sabab, Iso Nazaret (Nazroniyya) qishlog’ida tug’ilganligidir.

Xristianlik ta’limoti Markaziy Osiyo xalqlari o’rtasiga III asrlardan boshlab kirib kelgan. Tolos, Samarqand, Ma’ruf, Hirot, Xorazmda xristianlarning ibodatxonalari, bu ta’limotni targ’ib etuvchi diniy – hududiy jamoalar bo’lgan. X asrda yashagan arab tarixchisi Xovqal Samarqand, Jizzax, Toshkent atroflarida xristianlarning qishloqlari bo’lganligini yozadi.

IV-VIII asrlarda xristianlik Kavkazdagi xalqlar, xususan, Ozarbayjon va Janubiy Dog’istonda hukmron din hisoblangan. Xristianlik ta’limoti uyg’urlar o’rtasida ham keng tarqalgan. Xristianlik mazmuni qadimgi uyg’ur tilidagi matnlarda ham ifodalangan. Ularning ayrim parchalari S.Ye.Malovning «Qadimgi turkiy yozma yodgorliklar» kitobida keltiriladi.

«BIBLIYA»

Xristianlikning muqaddas kitobidir. Bibliyaning asosiy mavzusi – yagona Xudoning fazilatlari va odamzod bilan aloqasi haqidadir. Bibliya ikki qismga – Qadimgi Ahd va Yangi Ahdga bo’linadi. «Ahd» – yagona Xudovandning insonlar bilan aloqasini bildiradigan tushunchadir. Qadimgi Ahd – «Tavrot» va «Zabur» milodimizdan avvalgi davrlarda, ya’ni Iso Masih tug’ilishidan oldin yaratilgan. Yangi ahd – «Injil» – eramizning birinchi asrida, ya’ni Iso Masih tug’ilganidan keyin yaratilgan. Qadimgi Ahd ibriy va aramiy (eski yahudiy), Yangi Ahd esa yunon (qadimgi grek) tilida yozilgan. Bibliyani tuzishda bir yarim ming yil mobaynida qirqqa yaqin muallif ishtirok etgan.

«Vahiy» Injilning oxirgi kitobidir. U aziz Pir Yuhannoga Xudo yo’llagan bashoratdir. «Vahiy»da oxir zamonda yuz beradigan musibatlar, Iso Masihning olamga qaytishi, Ya’juj-Ma’juj, Dajjol, Qiyomat, Jannat va Jahannam haqidagi tushunchalar ifodalanadi. «Vahiy»da xudoning osmon saltanati tasvirlangan. Osmon saltanati tasvirida turkiylarning Ko’k tangri dini ifodasining umumiy o’xshashlik tomonlari bor: Osmonda bir Taxt – Arshi a’lo. Unda olmos va la’lga o’xshash yaltiroq bir siymo o’tiradi. Uning tevaragida yana yigirma to’rtta taxt bor. Bu taxtlarda boshlarida oltin toj va oq kiyim kiygan yigirma to’rt oqsoqol o’tiradi. Arshi a’lo oldida xudoning yetti ruhi bo’lgan yettita mash’al yonib turadi. Uning o’rta qismi va atroflarida to’rtta jonzot ham bor edi. Birinchi jonzot arslonga, ikkinchisi buzoqqa o’xshar edi, uchinchi jonzotning yuzi odamsimon, to’rtinchisiniki esa uchayotgan burgutga o’xshar edi. Yigirma to’rt oqsoqol ham, jonzotlar ham barhayot siymo – tangriga shukronalar qiladi.

Muqaddas kitobdagi bu tasvirni turkiylar turmush tarzi nuqtai nazaridan ham izohlash mumkin: Arshi a’lodagi barhayot siymo – turkiylarning Ko’k tangrisi. Yigirma to’rt oqsoqol – turkiylarning yigirma to’rt qavm boshliqlari ruhi. Yigirma to’rt oqsoqol turkiylar hayotida, davlat tuzumida alohida o’rin tutgan. Umuman, yigirma to’rt soni turkiylar uchun o’ziga xos ahamiyatga ega. Turkiylarning Xung-nu eli yigirma to’rt urug’dan kelib chiqqan. Yigirma to’rt oqsoqol xunlarning siyosiy hayotida, davlatni boshqarishida katta mavqyega ega bo’lgan. Yigirma to’rt oqsoqolning davlatni boshqarishi To’xtamishxon davrlarida ham saqlanib qolgan. Sharqiy xunlar, ya’ni Xung-nular miloddan oldingi ikkinchi asrlardayoq mustahkam mamlakatga ega bo’lgan turkiy qavmlardan hisoblanadi. Ular Markaziy Osiyoda ilk davlatlarini qurganlarida mamlakatni yigirma to’rt qo’mondon idora etgan.

Yetti mash’al turkiylarning yetti bahodiri ruhi. Qofqaz turkiylari mifologiyasiga ko’ra Tangri yerga to’fon yuborishidan oldin faqat bir qari cholni ogohlantiradi. Chol sandiqsimon qayiqda o’z oilasini saqlab qoladi. Qayiq Qazbek cho’qqisiga ko’tarilgach, to’fon to’xtaydi. Cholning farzandlari dunyo bo’ylab tarqaladi. U yana yetti o’g’il ko’radi. Ular bir kuni ovga chiqishadi, ammo ularni yashin urib o’ldiradi. Tangri yetti bahodir ruhini ko’kka olib chiqadi. Bu ruh yetti yulduz bo’lib porlaydi.

Tangri atrofidagi hayvon va qushlarga monand tasvirlar ham diqqatga sazovordir. Ulardan birinchisi arslonsifat shohning ruhidir. Arslon va sher turkiylarning mudofaa, shuningdek, harbiy sarkardalari timsolidir. Turkiylar miloddan oldingi VII asrda yashagan xoqonlari Alp Er To’nga timsolida arslondan ham kuchli bahodir kishi siymosini ko’rishadi. «Vahiy»da arslonsifat ruhga hurmat bilan qaraladi. Tangrining qo’lida yetti muhr bilan muhrlangan bir kitob bo’lib, uni ochish va yechishga qodir kishilardan biri arslon ismli odamdir. Muhrlarning buzilishi bilan tangrining yonida o’tirgan to’rt jondor – to’rt shohning qiyofasi ochiladi. Birinchi muhrning buzilishi bilan arslonsifat shohning ruhi jonlanadi va hayotga qaytadi. U oq otga minib, boshida toj, g’oliblik uchun yo’lga otlanadi va unga g’alaba buyuriladi.

Muqaddas kitobda Ya’juj-Ma’jujlar haqida ham so’z ketadi. Shayton Iso Masehning tirilish kuni ularni aldab, zindondan chiqaradi va xudoning aziz xalqiga qarshi jangga otlantiradi. Tangri o’t yog’dirib, ularni qirib tashlaydi. Ya’juj-Ma’juj turkiylarning jangovar urug’laridan hisoblanishi haqida tarix xabar beradi. Beruniy Iskandar Zulqarnaynning tarixiy faoliyati haqida so’z yuritar ekan, u qo’shni xalqlarni Ya’juj-ma’jujlar hujumidan himoya qilish uchun devor qurdirganligini uqtiradi. Ya’juj-ma’jujlar beshinchi va oltinchi iqlimda yashovchi sharq turklarining bir sinfi deb ta’riflangan. Tarixchi Muhammad ibn Jarir at – Tabariy esa ozarbayjon hukmrondori Ya’juj-ma’jujlar yerini fath etganini yozadi.

«Tavrot»da jahondagi barcha millatlarga mansub xalqlarning mushtarak tuyg’ulari, e’tiqod va tushunchalarini ifodalovchi rivoyat hamda afsonalar mavjud. Shulardan biri Olloh tomonidan yerga to’fon jo’natilishi hodisasiga bag’ishlangan. Bu voqyea muqaddas diniy kitoblardan tashqari, ko’plab tarixiy – badiiy, jumladan, Rabg’uziyning «Qissasi Rabg’uziy», Alisher Navoiyning «Tarixi anbiyo va hukamo» kabi asrlarida ham o’z ifodasini topgan. «Bibliya»da to’fon hodisasi haqida quyidagi rivoyat keltirilgan.

TO’FON

Xudovand Nuhga: «Sen butun xonadoning bilan kemaga kiringlar. Chunki bu nasl orasidan, Mening nazarimda, solih bo’lgan yolg’iz seni topdim, – dedi. – Halol bo’lgan har bir chorva tuyog’ining erkak va urg’ochi jinsidan yettitadan, harom bo’lgan chorvaning erkak va urg’ochi jinsidan esa ikkitadan olib, o’zing bilan kemaga kirgizgin. Osmondagi parrandalarning ham erkak va urg’ochi jinsidan yettitadan olib kirgizgin, toki butun yer yuzida yashovchi har xil jonivorlardan tirik qolganlar bo’lsin. Chunki yetti kundan keyin Men yerga qirq kechayu qirq kunduz davom etadigan yomg’ir yog’diraman. O’zim bunyod etgan barcha mavjudodni yer yuzidan qirib tashlayman».

Nuh esa Xudovand keltirgan hamma narsani bajo keltirdi.

Nuh umrining olti yuzinchi yili, ikkinchi oyining naq o’n yettinchi kunida ulkan tubsizlik buloqlari bari qaynay boshlab, osmon qopqalari ochilib ketdi. Ketidan yer yuziga qirq kechayu qirq kunduz yomg’ir yog’di.

Ana shu kunning o’zida Nuh va uning o’g’illari Som, Xom va Yofit (Yofas), Nuhning xotini bilan uchta kelini hammasi birga kemaga kirdilar. Ular bilan birga barcha yovvoyi hayvon, chorva va yerda qimirlovchi mayda jonivorlar turlari, shuningdek, barcha parranda turlaridan xilma-xil patli qushlar kemaga kirdilar. Hayot ruhiga ega bo’lgan har bir maxluqdan juft-juft bo’lib, Nuhning oldiga, kemaga kirdilar. Xudo Nuhga buyurganidek, kemaga kirgan har bir maxluqning erkak va urg’ochi jinsidan bor edi. Oxirida Xudovand Nuhning ketidan eshikni yopib qo’ydi.

Qirq kun davomida yer yuzini to’fon bosib, suvlar toshib, kemani yerdan yuqoriga ko’tardi. Yer yuzini bosayotgan suv toshqini tobora kuchayib borar ekan, kema suv yuzida suzib yurar edi. Yer yuzidagi suv toshqini behad kuchayib, osmonu falak ostidagi baland tog’larning hammasini qoplab oldi. Suv toshqini tog’u tepalikdan o’n besh gaz yuqoriroq ko’tarilib, hamma yoqni ko’mib tashladi. Yer yuzida harakat qiluvchi har bir maxluq – parranda ham, chorva ham, yovvoyi hayvonlar ham, yerda qimirlovchi mayda jonivorlar ham, odamlar ham birdan halok bo’ldilar. Quruqlikda yashovchi dimog’ida hayot nafasi bor bo’lgan har bir jonzot o’lib ketdi. Yerda bor bo’lgan butun mavjudot qirildi.

Odamdan tortib chorvagacha, yerda qimirlovchi maxluqdan tortib, ko’kda uchuvchi qushgacha bari yer yuzidan qirildi. Faqat Nuh va u bilan birga kemada bo’lganlar tirik qoldilar. Yer yuzidagi suv toshqini bir yuz ellik kun davom etdi.

Demak, «Tavrot» qadimgi turkiylarning ham e’tiqodi, tasavvurlari hamda tarixini o’rganishda muqaddas yodgorliklardan sanaladi. Shu bilan birga qadimgi turkiy xalqlar ijodida ham to’fon mavzusiga oid rivoyatlar yaratilgan.

To’fondan avval yer yuzining hukmdori Dengiz xon bor edi. U zamonda Nama ismli mashhur bir odam bor edi. Tangri Ulgen bu odamga dunyo to’foni bo’lajagini, inson bolalarini va hayvonlarni qutqarish uchun sinalgan sandal daraxtidan kema yasashni buyurdi. Namaning Suzunul, Sarul va Baliqcha ismli uchta o’g’li bor edi. Nama bu o’g’illariga, tog’ tepasida kema yasanglar, deb buyurdi. Kema Ulgen o’rgattaniday va ko’rsatganiday yasaldi. Nama Ulgenning buyrug’i bilan insonlarni va hayvonlarni kemaga oldi. Namaning ko’zlari yaxshi ko’rmas edi. Kemadagilardan so’radi: «Biror narsa ko’ryapsizlarmi?» Ular «Yer yuzini tuman qopladi, mudhish qorong’ulik bosdi», – deb javob berdilar. Shu payt yerning ostidan, daryolardan, dengizlardan quruqlikka suvlar pishqirib chiqa boshladi. Osmondan yomg’ir yog’a boshladi. Kema suza boshladi. Osmon va suvdan boshqa biror narsa ko’rinmasdi. Nihoyat, suvlar pasaya boshladi. Tog’ cho’qqilari ko’rina boshladi. Kema Ko’mguday va Tulutti tog’laridagi quruqlikka o’tirdi. Suvning chuqurligini bilish uchun Nama quzg’unni jo’natdi. Quzg’un qaytib kelmadi. Qarg’ani jo’natdi, u ham qaytib kelmadi. Zag’izg’onni jo’natdi, u ham qaytib kelmadi. Nihoyat, kaptarni jo’natdi. Kaptar tumshug’ida bir shoxni olib orqaga qaytdi. Nama kaptardan «Quzg’un, qarg’a bilan zag’izg’onni ko’rdingmi?» – deb so’radi. Kaptar «Ularni ko’rdim, uchovi ham o’limtikka qo’nib, chuqilab yuribdi», – dedi. Nama «Ular qiyomatgacha o’limtiklar bilan kun kechirsin, sen mening sadoqatli xizmatkorim bo’lding, qiyomatgacha mening himoyam ostida yasha», – dedi. To’fondan keyin Nama Yaratuvchi va Yoyiq (To’fon)xon ismi bilan tangrilar qatorida yashadi. Keyingi nasllar unga qurbonlik keltirdilar.

«To’fon»ning «Tavrot» va turkiy xalqlar og’zaki ijodida yaratilgan variantlari syujeti hamda g’oyasida yaqinliklar bor. Dunyoda to’fon bo’lish, shu sababli inson farzandi va jonli narsalarni saqlab qolish har ikki rivoyatdagi bosh ezgu maqsaddir. Turkiy xalqlar og’zaki ijodidagi to’fon tasviri bilan bog’langan obrazlar o’zining juda qadimiy qatlamlariga ega. Tangri Ulgen pok ruhlar xudosi bo’lib, uning obrazi qadimgi Oltoy turkiylari og’zaki ijodida Qurbo’ston nomi bilan tasvirlangan. Ikki rivoyatdagi xaloskor kuchlar: Nuh – Nama, ularning farzandlari: Som, Xom, Yofas – So’zunul, Sarul, Baliqchadir. Turkiylar afsonasida Nama yanada ilohiylashtiriladi, u buyuk xizmatlari uchun tangrilar qatoridan joy oladi. To’fonning og’zaki shakli juda qadimiy diniy tasavvurlar mahsulidir. Chunki undagi ko’p tangrilik tushunchalari, insonning tangri darajasiga ko’tarilishi shundan dalolat beradi.

Sak turklari davrida boshqa qavmlarning diniy urf-odatlari, marosimlarini o’zlashtirish qoralangan, hatto, o’lim jazosi bilan cheklangan. Gerodotning «Tarix» kitobida saqlangan rivoyatda elga, uning urf-odatlariga hurmat va aksincha, unga xiyonatning tarixiy namunasi tasvirlanadi.

ANAXORS VA SKILNING JAZOLANISHI

Skiflar o’z urf-odatlarini qattiq hurmat qilishardi. Boshqa xalqlarning urf-odatlarini o’zlashtirishdan o’zlarini chetga tortishar, xususan, ellinlarning tamoyillaridan uzoq yurishardi. Bu Anaxors va Skil taqdirida yaqqol ko’rindi. Anaxors ko’pgina mamlakatlarni ko’rgan va u yerda o’zining buyuk donoligini namoyish etgan ilmli kishi edi. U orqaga – skiflar mamlakatiga qaytishida Geliskoli orqali suzib o’tib, Kizikka to’xtaydi. Kiziklar xuddi shu paytda Ma’budlar bayramini tantanali o’tkazishayotgan edilar. Anaxors ma’buda qoshida shunday niyat qildi:

– Agar yurtimga sog’-salomat qaytib borsam, kiziklarda ko’rganim kabi sening sharafingga qurbonlik qilaman, bayramlar o’tkazaman.

Anaxors Skifiyaga qaytgach, yashirin tarzda Gileyaga jo’nadi va Kizikda ko’rgan urf-odatlarning barchasini o’tkazdi. Anaxors bino peshtoqiga ma’budaning kichik tasviri tushirilgan haykalchani ham osdirdi. Skiflardan biri bu tantananing o’tkazilayotganligini kuzatib turdi va bu haqda o’z hukmdori Savliyga xabar berdi. Shoh voqyea joyiga o’zi yetib keldi. Anaxors nishonlayotgan bayramni o’z ko’zi bilan ko’rdi va uni kamon o’qi bilan otib o’ldirdi. Anaxors Elladada bo’lib, ularning urf-odatlarini skiflar hayotiga joriy etishga uringani uchun qurbon bo’ldi (Hasan Ato Abushiy ta’kidlashicha, Anaxors Afinaga borib, yunonlarning mashhur yetti faylasuf-hakimlaridan biri Sulun (mil.av. 640 yilda tug’ilgan)dan ta’lim oladi. Afinadagi qonunlarni skiflarga o’rgatmoqchi bo’ladi, lekin maqsadiga erisha olmaydi). Tarix guvohligiga ko’ra Savliy Anaxorsning tug’ishgan akasi edi. Ular skif shohi Idarferning o’g’illaridir.

Ajnabiy xalqning urf-odatini qabul qilgan va ellinlar bilan munosabatda bo’lgan Skilning hayoti ham fojiali tugadi. Skif shohi Ariapifning bir necha o’g’illari bor edi. Ulardan biri Skil shohning skif ayolidan emas, balki ajnabiy xotinidan tug’ilgan edi. Onasi uni ellin tilida gapirishga va yozishga o’rgatdi. Bir necha vaqt o’tgandan so’ng Ariapif agafirslar shohi Spargapif tomonidan makkorona o’ldirildi. Taxtga uning o’g’li Skil vorislik ildi. Shu bilan birga o’ldirilgan otaning xotinlaridan biri ham unga xotinlikka berildi. Ayolning ismi Opiya edi. U skif ayollaridan bo’lib, Ariapifdan Orik ismli o’g’li bor edi. Skil skiflarga shohlik qilsa-da, ammo bu xalqning turmush tarzini sira yoqtirmas edi. Yoshligida kuchli tarbiya topganligi uchun ellinlar urf-odati oldida tiz cho’kardi. Shunday voqyea yuz berdi:

Borisfeniylar shahridan skif shohining qo’shinida xizmat qilish uchun vakillar kelishdi. Shoh mulozimlarini shahar davrvozasining oldida qoldirdi va bir o’zi shaharga qaytib kelib, darvozani qulflashni buyurdi. So’ngra Skil o’zining skifcha kiyimlarini yechib, ellinlarning urf-odatiga xos liboslarini kiydi. Shoh ushbu saripo bilan tan qo’riqchilarisiz va boshqa hamrohlarisiz bozor maydoniga bordi (darvoza skiflardan biror kishi shohni bunday libosdan ko’rmasligi uchun mahkamlangan edi). Shoh ellinlar urf-odatini qo’llabgina qolmay, shu bilan birga ellinlar odatiga ko’ra, qurbonlik ham qilgan edi. Bir oy, balki ko’proq, u shaharda qoldi, so’ngra yana skiflar kiyimini kiydi va shaharni tark etdi. Bunday holat bir necha bor takrorlandi. Skil hatto Borisfenda o’ziga qasr qurdirdi va mahalliy ayollardan biriga uylanib, uni shu uyga o’tqazdirdi.

Achinarlisi shundaki, Skilning achchiq qismati gap-so’zga aylandi. Bu voqyea quyidagi munosabat orqali yuz berdi: shoh yunon ma’budlaridan biri Dionis Vakxaga bag’ishlab tadbir o’tkazishga xohish bildirdi. Shunday qilib, bu tadbirni maxfiy tarzda o’tkazishga kirishayotganda ulkan hodisa sodir bo’ldi. Shohning borisfeniylar shahrida katta hashamatli devorlar bilan o’ralgan saroyi borligi ma’lum bo’ldi. Saroyning aylana devorlari oq marmardan yasalgan, sfinks – odam boshli sherlar va grifon-tuklari uzun ovchi it haykallari bilan o’ralgan edi. Tangri bu saroyni qulatdi va u yerdagi odamlar alanga ichida halok bo’ldilar. Shunga qaramasdan, Skil bag’ishlov marosimini o’tkazdi. Skiflar ellinlarni Vakxa jazavadorliklari uchun qoraladilar. Shoh vakxa marosimini o’tkazayotganida qaysidir borisfeniy skifga masxaramuz tarzda gap otdi:

– Siz skiflar bizning ustimizdan vakxaga sig’inadi, deb kulasizlar. Shu paytda bizni ilohiy jazava o’rab oladi. Endi esa sizning shohingizni ham shu tangri qurshab olganini bilasizmi? U nafaqat vakxaga yashirin sig’inadi, balki tangri yo’lidagi telbaga, aqlsiz odamga aylangan. Agar siz bunga ishonmasangiz, orqamdan yuringlar, men sizlarga shohlaringizni ko’rsataman!

Skif boshlig’i borisfeniyning orqasidan yurdi. U skiflarni yashirin tarzda shahar devorlaridan o’tkazdi va minoraga chiqardi. Skiflar o’z shohlarini vakxa jazavasini bajarayotgan olomon ichida ko’rib g’azablandilar. Minoradan tushib, o’z qo’shinlarining oldilariga kelishar ekan, ko’rganlarini aytib berdilar.

Shundan so’ng Skil yurtiga qaytar ekan, skiflar unga qarshi qo’zg’olon ko’tardilar, o’zlariga Teriyaning o’g’li Oktamasadni shoh deb e’lon qildilar. Skil skiflarning qo’zg’oloni va uning boisini eshitar ekan, Frakiyaga qochdi. Oktamasad uning qochganligini sezib, Frakiyaga yurish qildi, qo’shin hujumga tayyor turgan paytda Sitalk Oktamasadga chopar jo’natib, shunday dedi:

– Do’st do’stiga hujum qilishining boisi nima? Axir sen mening opamning o’g’li bo’lasan-ku?! Sening qo’lingda mening ukam ham bor. Uni menga ber, senga esa Skilni qaytaraman. Jangchilarimizni xavf-xatarga solmaylik.

Oktamasad Sitalkning taklifini qabul qildi va unga o’z tog’asini qaytarib berdi, o’z o’rnida Skilni ham qaytarib oldi. Sitalk o’z qo’shini bilan uzoqlashib ketdi. Oktamasad esa shu yerning o’zida Skilning boshini tanidan judo qildi.

Shunday qilib, skiflar o’z urf-odatlarini qattiq hurmat qilishgan, oralarida ajnabiy xalqlarning diniy urf-odatlariga sig’inadiganlar topilsa, ular shoh yoki gado bo’lishidan qat’iy nazar shafqatsiz munosabatda bo’lishgan.

Qadimgi turkiylarning diniy e’tiqodlari va ularning badiiy adabiyotdagi ifodasini tahlil etish jarayonida quyidagi xulosalarga kelish mumkin:

1.Qadimgi turkiy xalqlar uzoq tarixiy o’tmishida ko’p diniy aqida va ta’limotlarga e’tiqod qo’ydilar. Shu sababli ham ularning islomgacha bo’lgan davrdagi diniy e’tiqodlarini faqat bir din ta’siri yoki qobig’ida tasavvur etib bo’lmaydi. Ahamiyatli tomoni shundaki, turkiy xalqlarning har bir diniy e’tiqodi hamda marosimlari ularning og’zaki, keyinchalik yozma adabiyotida ham o’z ifodasini topdi. Zotan, bunday tamoyil jahon xalqlari turmush madaniyatida ham chuqur ildiz otgan bo’lib, har bir diniy ta’limotning ifoda vositasi so’z, ifoda shakli badiiy ijodning ma’lum bir janri hisoblangan. Shu jihatdan qaraganda, qadimgi turkiy xalqlarning diniy tasavvurlari ifodalangan har qanday og’zaki yoki yozma shakldagi asarlar ularning adabiy yodgorligi ham hisoblanadi. Bunday tamoyil islom davri adabiyotida ham shakllangan edi. Shu bois Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg’oniy, So’fi Olloyor kabi faqat diniy-tasavvufiy g’oyalarni targ’ib qilgan shoirlarning asarlari, shuningdek, o’zbek adabiyoti tarixidagi Yusuf Xos Hojibdan hozirgi davrgacha (masalan, A.Oripovning «Haj daftari») badiiy adabiyotda ifodalangan diniy tasavvurlar ham xalqimizning ma’naviy boyligi sifatida o’z qadr-qimmatiga ega.

2. Diniy shakl va aqidalar hamma davrlarda insonning ma’naviy-axloqiy dunyosini shakllantirishga xizmat qilgan. Qadimgi turkiylar e’tiqod qo’ygan dinlar ham bundan mustasno emas. Masalan, totemizm insonni faqat biror hayvondan paydo bo’lishini eslatish va shu asosda unga e’tiqod qo’yish ruhini shakllantiribgina qolmaydi. Diniy e’tiqodlar ifodasini topgan asarlar shundan dalolat beradiki, inson shu hayvondagi kuch-qudrat, mehribonlik, sadoqatdan ibrat olishga chaqiriladi. Animizm ruhidagi asarlar insonda tabiatga, borliqqa mehr uyg’otadi. Yoki moniylik tavbanomalari inson tirikligida gunoh ishlardan o’zini saqlashiga chaqirishi uni komilikka, insoniylikga zid fazilatlardan qochishga o’rgatadi. Insonning o’z imkoniyatlarini ishga sola bilishi, ertangi kun mas’uliyatini sezishi va kelajakni anglay bilishi shomoniylik ruhidagi asarlarning bosh g’oyasi hisoblanadi. Demak, har bir diniy asar inson ma’naviy dunyosi, borliq haqidagi kechinmalari ifodasidir.

3.Badiiy adabiyotda mavzu doirasi cheklanilmaydi. Ijodkor xalq nima haqida mushohada yurita olsa, masalan, ijtimoiy, siyosiy, axloqiy-ma’naviy, intim, shu jumladan, diniy tasavvurlar adabiyotda shakllangan mavzulardir. Adabiyot – so’z san’ati. Shu sababli ham diniy ruhdagi asarlar yaratishda badiiy adabiyotga xos barcha tamoyillar, masalan, badiiy tasvir vositasi, janr imkoniyati, obraz yaratish usullaridan keng foydalaniladi. Shu jihatdan qaraganda, turkiy xalqlar adabiyotida diniy e’tiqodlar ta’sirida yuzaga kelgan asarlarni adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan mukammal o’rganish dolzarb masalalardan biridir. Ushbu tadqiqot dastlabki izlanishlar bo’lganligi sababli unda asosiy e’tibor islomgacha bo’lgan dinlar ta’sirida yuzaga kelgan turkiy adabiyotning manbalarini aniqlashga qaratildi, xolos.

Davomi bor
Манба:kh-davron.uz

This entry was posted in Асарлар, Лотин алифбосида. Bookmark the permalink.

Comments are closed.