Gulandom Tog’ayeva (1972-yili tug’ilgan)
CHO’LPON
(salaflarga ergashib)
Shoir bo‘lib bo‘lmas aslo dunyoda,
Xiyonat qilmasa agar do‘stlaring.
Tobut ko‘tarmasang poyu piyoda,
Tashlab ketganida yaqin-o‘zlaring.
Hasad qilmasalar yozgan she’ringga,
Gazetni to‘ldirib qilmasa g‘iybat,
Dushmani kam odam kichik odamdir,
O, shunda holingdan qilaman hasrat.
Botqoqqa tushsa ham quyoshning nuri,
U quyoshligicha qolaveradi.
Shoirning qismati Yoritmoq faqat
Har kim o‘zicha nur olaveradi.
Shoir bo‘lib bo‘lmas aslo dunyoda,
Qon hidin tuymasang sut bilan qo‘shib.
Yuksakdan yaxshiroq ko‘rinar ekan
Bir-biriga o‘xshab-tobut va beshik.
Chalmay tur suringni bir pas, Isrofil,
Ulguray, elimga chin farzand bo‘lay.
Cho‘qqini ko‘rmasdan ketmasin g‘ofil,
Hasadgo‘y do‘stlarim bunda chaqiray.
Sirot ko‘prigiga o‘xshar she’riyat,
Unda so‘zlab bo‘lmas yolg‘ondan sira.
Mana, taxayyulning sharobiga boq,-
Kel, uni ichaylik qolib bokira.
G’uncha astaridan nastarin bir bo‘y,
Oyoqyalang chopgan o‘tloqdan bir kuy,
Va-Vijdon: Vatanin sevgan har shoir
Qoldirmog‘i kerak o‘zidan keyin.
Har so‘zing ibodat bo‘lmasa agar,
Har kuning elingga bir em bo‘lmasa.
Timsolda, misolda, har bir tashbehda,
Aytgan har so‘zingga sen teng bo‘lmasang,
Shoir bo‘lib bo‘lmas aslo dunyoda…
SHOIR UYQUSI
Bir nafas qalamni oldirib tin u,
Tush ko‘rdi, sanamlar shaydo qildilar.
Bir lahza to‘xtadi shiddat va orzu,
Zog‘lar bulbullikni da’vo qildilar.
U-chi sergak, tiyrak orlmoqda nafas,
Kipriklaridan ham oqar tuyg‘usi.
Da’vo qilishar-u navo qilishmas,-
Arslon uyqusidir shoir uyqusi!
Yashash nima o‘zi, tiriklik nima,
Hayratlanish nima abadiyatdan.
U-Tangri yuborgan oxirgi kema,
Oqibat axtarish sababiyatdan.
Tavhid niynasini jismima sanchib,
Tanning devoridan chiqmoq bo‘lar jon.
Biz dunyo sirrining tubiga yetdik,-
Umr- bu izhori dil uchun imkon.
***
Men yetib kelganda asrim poyiga,
Hikmat axtarardi so‘zdan dayrlar.
Dafna barglarini taqmoq o‘yida
Navbatda turardi ko‘pi shoirlar.
Barcha saralangan gul sari intiq,
Barchaga intiqdir bir parcha tuproq.
Unda so‘nib borar mingyillikebitik-
Oyoqlar tagida qolgan qizg‘aldoq.
Kutdim. Kutaverdim, yetmadi navbat,-
Hamma olar garchi nasibasini.
Men oyoq poyida qolgan gul uchun
Bag‘ishladim umrim sahifasini!
ONA HAQIDA SO’Z
Men onamni alishtirdim shaharlarga,
Qo‘llariga suv quymadim saharlarda.
Shoir bo‘lgin qizim,deya jo‘natuvdi,
Lek she’rlarim qolib ketdi daftarlarda.
Men onamni alishtirdim shaharlarga,
Umrim berdim vafosi yo‘q go‘zallarga.
U-chi borliq, yoshligini menga berdi,
Endi bir tish topolmaydi gavharlarga.
Men onamni alishtirdim shaharlarga,
Bir boychechak keltirmadim bahorlarda.
Men qiz bo‘lib ko‘ylagini bir yuvmadim,
Lek qoldirdim uni hijron-zaharlarda.
Men onamni alishtirdim shaharlarga,
Bir kuyuk non izin quvdim nahorlarda.
Bir ko‘rayin deya meni yo‘qlaganda
Dedim:” Vaqt yo‘q, kuting boshqa safarlarda!”
Bugun uni to‘shaklarda ko‘rib qonman,
Men qiz emas, o‘zin chaqqan bir ilonman,
Oyoqlarim shamoliga zor bo‘lganda
Shuhrat ketin quvib yurgan bir yomonman.
Bu savlatlar kimga kerak, bu davlatlar,
Ul hashamning bordir bir kun hasratlari.
Do‘stlar, bu yer qanday ko‘taradi,
Onasini zor qilganda farzvandlari.
Farzand hidi jannatlarga qorishiqdir,
Ona hidi bilan yo‘llar yorishiqdir.
Onajonim, men asli bir noshud bola,
Sening mehring hech tugamavs bir qo‘shiqdir!
Ul qo‘shiqni alishtirdim shaharlarga,
Duo qilgin, ona, meni saharlarda.
Oyog‘ingga oyoq bo‘lay, qo‘lingga qo‘l,
Axir seni topolmasman gavharlarga!
***
Qaysidir ko‘ngilni yig‘latadi may,
Qaysidir bulbulni xor qilar chaman.
Qanoti kesilgan bir qush bo‘lsam ham
Sening huzuringga uchaman.
Tog‘-dovon oshaman sudralib behush,
Nozik oyog‘imga kirsa ham tikan.
O’zga oshiqlarni ko‘rsang hamki tush,
Sening huzuringga uchaman.
Tashnadan qochadi ariqlarda suv,
So‘qirdan quyosh ham nurini ayar.
Sening huzuringga chopganim sayin
O’rtada masofa faqat kengayar.
Har tong g‘unchasini ko‘z-ko‘z qilar bog‘,
U-la topishay deb o‘zim yo‘qoldim.
Aybim–quchog‘ingdan izladim ardog‘,
Sen menga keraksan nondan ham oldin!
Men-yolg‘iz, men-noshud, ukparday vujud,
Zabardast tog‘larga urilsam ekan!
Shunda ham zarraga aylanib qolib,
G’uncha yaprog‘ingni quchaman.
Qizning qo‘llarini kutgan yalpizdek,
Inja diydoringga zorman,tashnaman.
Lablardan uzilgan eng tansiq so‘zdek-
Sening huzuringga uchaman…
SILSILA
Mening imkonimda “Vaqt “so‘zi nima,–
Safo tog‘larida Odam firog‘i.
Havo yig‘laganda ochilgan gullar,
Sening husningga o‘ch bu qadim yillar.
Qilichlar changgidan sarg‘aygan o‘tlar,
Jo‘ji qalpog‘ida qolib ketgan vaqt,
Maqbaralar uzra serajin tutlar–
Izlar bari o‘zin bo‘lsa ham karaxt.
Dunyo o‘zligini kutadi tongday,
Otlar dupuridan hayron qabrlar.
Makedon qo‘liga kirgan tikonday,
Hikmat axtarmishdir bunda har nelar.
To‘lqinlar qirg‘oqda yozadi tarix,
Oqcharloq patida o‘ynaydi nurlar.
Kavraklar hidiga cho‘milar borliq,
Pastda, huv uzoqda do‘nglar, o‘ngurlar.
Qumlarda singiydi burgut soyasi,
Tovlanar bobolar suv ichgan buloq.
Bilaman,yillarga siz hamsoyasiz,
Borliqda mavjudsiz mendan ham ko‘proq.
Koinot yuziga separ lahzani,
erni turtib chiqar qaydadir danak.
Misli chamanlarni etadi orzu,
Gulning mevalari to‘kilgan yo‘lak.
Gil-qumga, qum –toshga, xarsang-cho‘qqiga,–
Har ne aylanadi mohiyatiga.
Ismsiz dard kabi dilda silqigan
Hech kim tushunmas o‘z xosiyatiga.
Misoli sir kabi tug‘ilar inson,
Va buyuk sir bo‘lib ketar bearmon.
Eng uzun daqiqa, soniyalar jam–
G’alabaga bir dam yetmaydi hamon!…
Vaqt ketar arazlab,bizdan yuksalib,
Yo‘q, umas,o‘zimiz shaylanayapmiz.
Yo doston yo ertak,yo unutilib,
Azizim, tarixga aylanayapmiz!…
IZHOR
Bir daryoning suvin ichib bo‘ldik El,
Parcha etdan bitdi tomir-suyagim.
Ey shoirim, bu kunlarni ash’or qil,
“Yurtim”, deya ko‘tarildi iyagim.
Qizg‘aldoqdek dalasinda o‘smasam,
Kelarmidi jo‘shqin-jo‘shqin kuylagim.
Alpomishu Barchinlarni eslasam,
“Surxon”desam , hapqiraydi yuragim.
Haqiqiy baxt shu saroydek cho‘llarda,
Baxmal-baxmal adirlarda ko‘shk ekan.
Momolarim izlari bor yo‘llarda
Qishloq changi atir ekan, mushk ekan.
Ahmad fermer maktab qurar Surxonda,
Mamat duxtir “Qaro ko‘z”ni tinglaydi.
Toshtemiru Zoirlari omonda,–
Mardning ishin Xudo o‘zi o‘nglaydi!
Bir chigitga yillab ko‘zi qadalgan,
Bir boshoqdan rizq ko‘paytgan dehqonim!
Ibrohimu Qurbon ota atalgan,
Ergashbeklar tuzdi zafar qo‘rg‘oning!
Vaxshivorda yulduzlarga qo‘l cho‘zsam,
Boysun tog‘i yelkasini tutadi.
Arzir qancha yurtga mehr ko‘rgizsam,–
Ajdodlardan avlodlarga o‘tadi.
Erkin, Usmon, Sayyidlari omon yurt,
Alp-botirlar qo‘r tashlagan Surxonim1
Olloyorlar sevib nazar solg‘on yurt,
Sen-la to‘kis buyuk O’zbekistonim!
Qizg‘aldoqdek dalasinda o‘smasam,
Kelarmidi jo‘shqin-jo‘shqin kuylagim.
Alpomishu Barchinlarni eslasam,
“Surxon”desam , hapqiraydi yuragim!…
* * *
Irmoqlar qo‘shilsa, daryo bo‘ladi,
Ko‘ngillar qo‘shilsa kimyo bo‘ladi,
Bir kun mensiz ajib dunyo bo‘ladi
Alloh rozi bo‘lsin muhabbatimdan!
Kuyguligimmi bu suyguligimmi,
Yoki bu dunyodan to‘yguligimmi,
Men aytib qolayin deguligimni,
Alloh rozi bo‘lsin muhabbatimdan!
Sen shunday go‘zalsan, sohir go‘zalsan,
Hatto salomingga arzimaydi dil.
Bir nafasda yozgan she’ru g‘azalsan,
Bu she’r shoiridan ayrildi, achin!
Kimgadir sirliyu kimgadir oshkon,
Umrimni tark etib bormoqda bahor,
Men sendan davlatmas, so‘rovdim diydor,
Alloh rozi bo‘lsin muhabbatimdan!
Yulduz yig‘lagani oyga boradi,
Tog‘-tosh yig‘lagani soyga boradi,
Mening yig‘laganim qayga boradi,
Alloh rozi bo‘lsin muhabbatimdan!
* * *
Poezdlar jo‘nasa Surxondaryoga,
Men qayta kelman dunyoga!
Onajon, men qachon loyiq bo‘laman,
Men senga farzandman, degan da’voga?!
Qo‘llaringni tutib yorug‘ duoga,
Talpinasan mangu nurga, ziyoga,
Otajon, men qachon loyiq bo‘laman,
Men senga farzandman degaan da’voga?!
Gullar kulgichini eltib havoga,
Bolari ham uchar tubsiz fazoga.
Men bu shodligimni qayga eltayin,
Qashqadaryogami Surxondaryoga.
Sog‘inchlar boshlasa Surxondaryoga,
Men qayta kelaman dunyoga,
Vatanim, men qachon loyiq bo‘laman
Men senga farzandman, degan da’voga?!.
E’TIROF
(Yozuvchi Zoir Mamajonning “Gulxan atrofidagilar”qissasini o‘qib)
Bulutlardan baland undagi g‘urur,
Sohir yuragida bir Uyg‘oq vijdon.
Qalam yurgizganda qog‘ozga masrur
Surxon fenomeni Zoir Mamajon.
Qalam ham shunchaki yurmas ,do‘stginam,
Agar yuragingda bo‘lmasa hasrat,
Vatanga baxshida tuyg‘ularni ham
Qo‘ymasang gar yurak chetida asrab.
Gulxan lovillaydi , chirs-chirs yonarkan,
Har kim o‘z qilmishin eslaydi tuyqus.
Gulxan atrofida jam bo‘lish qiyin,
Uning shu’lasida ochiqdir ravish.
Eng gapdon, hayotda ishi beshlarni
Jim qila oladi bir kuni vijdon.
Bekorga qofiya emasdir unga
Surxon fenomeni Zoir Mamajon.
Ko‘zlari yonadi, qoshlar chimrilar,
U najib,zangori ertani sezar.
Oq qog‘oz shitirlar, unda so‘z suzar,-
Proza shoiri qalam yurgizar.
Qaniydi gulxandek vijdon poyida
Bir zum yig‘a olsa o‘zini odam.
“Men bashar hurmati ne ish qiloldim?!”-
Degan bir savolga o‘zin etsa jam.
Balki shunda hasad qovrilar o‘tda,
Balki shunda andak tozarar inson.
Yana o‘tga tashlar bir hovuch oltin-
Surxon fenomeni-Zoir Mamajon…
UCH SO‘ZU BITTA TASODIF
Ey sen tal’at, oy qamarga etdim qancha taayyunlar,
Gardun,osmon, fazo bo‘ldi jamolingdan taxayyurlar,
Asrlarning tuguni deb kezdim necha Surayyoni,
Qaytdi nochor ortiga ul qancha murg‘, qush va tayrlar.
Tegirmon, charx, kuvi ichra gardga aylandi bu bag‘rim,
Obu gil zahmati uzra tuzilmish asli dayrlar.
Oshiqlik bo‘rkini yech, deb qo‘yarlar boshima xanjar,
Zahar, taryoku og‘uni tutar sharbat deb g‘ayirlar.
Surud, kuy ,nag‘madek tarqaldi elda yashirin bu dardim,
Ishqim sotgan qamishlarga tiladim pok xayrlar.
Umidingni yo‘qotma hech, poyida maysa bo‘lsang ham,
Sarv, sanovbar arg‘uvoniyni har yerda xo‘b suyurlar.
Nizom, dastur, maqomingni o‘zingdan boshqadan so‘rma,
Ko‘z yumib ko‘zgu bo‘ldim men dilni aylabon sayrlar.
Mizrob, noxun, tirnoqbin-la chiqar toringdan sadokim,
Har kuygan oshiq yurakka davo deb ko‘z-yosh qo‘yurlar…
***
Shiddat-la kurtaklar bir o‘rik,
Misli o‘q- yaralar ko‘ksingni.
Axir kechagina yo‘qotding,
Bahorga munosib do‘stingni.
Kurtaklar sanchilar olovdek,
G’ururni qamchilar xotira.
Nish urgan har shirin nigohdan
Yuvilar har qancha kudurat.
Och tusli, qizg‘ishu, nim sarg‘ish,-
Hidlayman hikmatlar gulshanin.
Jasorat qilmoqqa cho‘zilgan
Qutlayman shu mitti qo‘lchani,-
G’unchani!…
UCHRASHUV
I
Qirlar kezdim. Ana, tanish o‘ngurlarim,
Uloq boqib yurar edim bir paytlari.
Yashirishib bori yutuq-qusurlarim,
Sollanadi yoshligimning daraxtlari
.
Esimdadir, kamon o‘ynab yoylar tortdim,
Shahd-la yerga qadaldi-ku bir dona o‘q.
O’shal o‘qdan o‘sdi bitta daraxtginam,
Bugun undan o‘tadigan baland tol yo‘q.
Hikmat shuki, bu tuproqda sharofat ko‘p,
O’qlar otsang ko‘klab ketar bulut bo‘yi.
Bujur toshga quloq tutib yig‘layapman,
Axir unda shovullaydi yoshlik kuyi.
Men chimlardan uy qurganda buzilgan in,
Esimdadir uni suvga belaganim.
Keldim bu kun o‘shal damlar uysiz qolgan
Chumolilar uchun uzr so‘ragani.
Tilmoch edim ariqlarga, yalpizlarga,
Chuchmomaning ko‘zlarini ko‘rar edim.
Yomg‘ir yog‘sa, u tog‘larda ovchi otgan
Kiyikning ko‘z yoshi edi , bilar edim.
Lolalarning kosasida uxlab yotgan
Shu’lalarning ortlaridan quvar edim,
Suvga ketgan onasini kutib yotgan
Xonqizini kaftlarimga yumar edim…
II
Orzulardan bugun yorug‘ peshonam,
Balki kimdir menga erur havasmand.
Dardim aytsam dildan eshitguvchim yo‘q,
Munis suhbatdoshim yo‘q erur faqat.
Uyim-joyim deydi dugonalarim,
Yangi zirak olsa aylashar hayrat.
Uni ko‘z-ko‘z etib charchamaydilar,
Faqat diydor uchun vaqt yo‘qdir g‘alat.
Shu bois boychechak tergani keldi,
O’zini qirlardan izlagan odam.
Qaniydi gullardek sochilgan dilni
Insonlar oldida etolsaydim jam.
Xayr, shovqinlarga belangan shahar,
Salom qattiqlashgan dilning elagi.
Sog‘ingan kuyimga jo‘r ovoz bo‘lgan
Ketma hech bahorim, suygan ertagim…..
Манба:Ziyo.uz