Kategorier
Лотин алифбосида Мақолалар

Qalblarni larzaga solgan hirgoyi

Dilmurod Quronov

Tog‘ay Murodni shaxsan tanish, hamsuhbat bo‘lish nasib etmagan, lekin uni yozuvchi sifatida taniganimga hiyla bo‘ldi. Yozuvchining «Oydinda yurgan odamlar» qissasini o‘qiganimda ismsiz bir taassurot ichida qolganimni eslayman: mazza qilib o‘qiganim rost-u, birovga aytib bergudek voqeasi yo‘qdek edi-da!.. Qahramonlari ham binoyidek-u, insho yozganingda «falonchiga o‘xshagim keladi» deydigan emas-da!..

Bu yanglig‘ taassurotning sababini keyinroq angladim: adabiyotimiz yangilanayotgan payt ekan, Tog‘ay Murod shu yangilanishni boshlaganlardan birisi — bizning adabiyot haqidagi tasavvurlarimizni yangilagan avlodning ilg‘orida borgan vakillaridan ekan…

I.

«Otamdan qolgan dalalar» nafaqat dolzarb mavzusi, balki badiiy jihatlari bilan-da adabiyotimizda jiddiy voqea bo‘ldi. Asarning o‘ziga xos qurilishi, betakror ifoda yo‘sini, tildagi jozib ohang, samimiyat — bularning bari uning muvaffaqiyatini ta’minlagan asosiy omillardir. Bir suhbatda asar xususida so‘z borib, «Otamdan qolgan dalalar» janr e’tibori bilan romanmi?» degan savolni o‘rtaga qo‘ygan edim. Ha, janrning risoladagi talablaridan kelib chiqilsa, bu savolni qo‘yish asoslidek. Zero, roman markazida inson taqdiri turgani holda u tugal maqsad emas, romaniy qahramon dunyoni badiiy idrok etish, dunyo haqidagi, uning joriy holati haqidagi yaxlit badiiy kontseptsiyani shakllantirish va ifodalash vositasi, xolos. Shunga ko‘ra, odatda romaniy qahramon — o‘z muhitiga sig‘mayotgan, muhit bilan ziddiyatga kirishgan, izlanayotgan shaxs sifatida namoyon bo‘ladi. Dehqonqulda esa bu xususiyatlar ko‘rilmaydi, u — kechagi kunini muhit izmida sassizgina yashab o‘tgan, endi kechmishini mushohada qilayotgan odam. Dehqonqulning to‘laqonli romaniy qahramon sifatida bo‘y ko‘rsatishiga rivoyaning birinchi shaxs tilidan berilgani monelik qilgan, ayni chog‘da, xuddi shu narsa — rivoyaning birinchi shaxsdan berilgani — asarda lirik ibtidoni kuchaytirgani ham yaqqol ko‘rinadi: asarning ko‘p o‘rinlarida voqeani tasvirlash (yoki narsa-hodisa, holatni tavsiflash) emas, ularga munosabat bildirish maqsadi yetakchilik qiladi. Bularning natijasi o‘laroq, asarda lirik ibtido salmoqli, badiiy jihatdan belgilovchi o‘rin tutadiki, «Otamdan qolgan dalalar» nasrda bitilgan romanik xarakterdagi «poema»dek, «doston»dek taassurot qoldiradi. Asardagi ifoda yo‘sini hamda voqelikni badiiy idrok etish usulining xalq dostonlariga eshligi uning muvaffaqiyatini ta’minlagan qo‘shimcha omil emasmikin?!..

***

… romanning maqsadi dunyo haqidagi, uning joriy holati haqidagi yaxlit badiiy kontseptsiyani shakllantirish va ifodalash, romaniy qahramon shuning vositasi dedik. Shunga tayanib, «Otamdan qolgan dalalar» janrning risolaviy talablariga javob berishiga shubha ham bildirdik. Boshqa tomoni, axir, unda voqelikni qalbidan o‘tkazib, uning ta’sirida tug‘ilgan kechinmalarini, munosabatini ifodalayotgan lirik qahramon — Tog‘ay Murodning o‘zi bor-ku?!.. Dunyo bilan ziddiyatdagi, nasib etgan taqdiridan imkoni kengroq bo‘lganidan muhitga sig‘mayotgan, aniqrog‘i, elining bir asrdan ziyod muhit — mustamlaka tuzumiga sig‘may kelganini o‘zida namoyon etib turgan Tog‘ay Murodning o‘zi risoladagi romaniy qahramon emasmi?!..

***

«Otamdan qolgan dalalar»ni realistik asar deganimiz holda, unda realistik shartlilik darajasining yuqoriligi va bu narsa qat’iy realizm talablaridan jiddiy chekinishlarga olib kelganligini e’tirof etishga to‘g‘ri keladi. Bu nimalarda ko‘riladi? Avvalo, vaqtning shartliligi: 20-yillarda es tanigan bolakay 60-yillarda ham bolaligicha qoladi. Bugina emas, umuman asarda tasvirlangan (yoki eslatilgan, ishora qilingan) voqealar, tafsilotlar real xronologiyaga doim ham muvofiq kelavermaydi. Undagi qator obrazlar (mas., Ideologiya, kinochilar, mustamlakichilar va b.) realistik obrazlar sifatida emas, ko‘proq shartli, ramziy «maska» sifatida bo‘y ko‘rsatadi. Shunga o‘xshash, asarda haqiqiy familiyalari ostida harakatlanuvchi sho‘ro hukumatining taniqli arboblari (Poltortskiy, Kolesov, Uspenskiy va b.), murakkab taqdir egasi polkovnik Chanishevlarning bitta hayotiy holat — Aqrab qo‘rboshining qo‘lga olinishi doirasida tasvirlangani ham shartlilikdan o‘zga emas. Bulardan ko‘rinadiki, asarda mustabid tuzumning tom ma’nodagi realistik obrazi emas, uning shartli obrazi yaratiladi: o‘quvchining ko‘z oldida insoniylikdan butkul mahrum yovuzlik timsoli gavdalantiriladi. Asarning umumiy ruhini, «xiyla keskin – tendentsioz» ruhini belgilagan bu kabi usulning ( yovuzlik lagerining o‘ta shartliligiyu ezgulik lagerining hayotiy tasvirlanishi) ildizi ham aslida xalq og‘zaki ijodidan oziqlanadi…

***

… me’yordan ortgan tendentsiozlik — qusur, uning realizmga xos emasligi isbot talab qilmaydigan ayni haqiqat. Ammo «Otamdan qolgan dalalar» — davrning badiiy hujjati, unda jamiyatning mustamlakachilik barham topib, istiqlol ne’matiga noil bo‘lgan paytdagi ruhiyati akslangani ham bundan aslo kam bo‘lmagan haqiqat. Zero, unda hammamizning — «dehqon» («dehqon» — yer egasi demak emasmi?!) bo‘la turib «qul»likda umrguzaronlik qilgan sizu bizning kayfiyatimiz, parchalangan zanjirlar ustida turgancha kechmishimizga sog‘lom nazar solgan, mustabid tuzumni yanib turgan holatimiz akslangan. Donishmandlardan biri «Insoniyat o‘z o‘tmishi bilan kulib xayrlashadi» degan ekan. Asar yozilgan paytda na Tog‘ay Murod, na sizu biz o‘tmish bilan kulib, kulish qayda, xotirjam xayrlashishga ham qodir emas, negaki, istibdod zanjirlari qoldirgan yaralardan hali qon sizib turgandi. Shu ma’noda, «Otamdan qolgan dalalar» — uzoq yillar yig‘ilgan dardning misoli vulqonday otilishi, mustamlaka bilan xayrlashayotgan xalqning yig‘i-yo‘qlovi. Yo‘q, mustamlakaga kuyib emas, toptalgan qadri, g‘ururini o‘ylab chekkan nolasi; yurakni ezadigan, ruhni tushiradigan emas, aksincha, kishi ruhini yuksaltiradigan, qaddini tiklaydigan nola…

***

«Otamdan qolgan dalalar»ning, umuman, Tog‘ay Murod nasrining tili o‘ziga xos, uslubi o‘ziga xos. Sirasi, ko‘nikib olmaguncha g‘alat ko‘rinsa ham, ehtimol. Ehtimoli nimasi, asli ham shunday-da!.. «Otamdan qolgan dalalar»ni o‘qiganda rahmatli bobomning So‘fi Olloyorni o‘qishi, o‘qishi emas, hirgoyi qilishini eslayman, beixtiyor hirgoyi qilishga o‘taman… Siz ham urinib ko‘ring-a, tilning nechog‘li jozib ekanini his qilasiz… Ha, darvoqe, tilingiz hirgoyi qilganida, qalbingiz some’ bo‘lsin: chanqovuz, nay nolalari ortidan elas-elas jang nog‘oralari — dovul sasini ilg‘aysiz, borgan sari bu sas kuchayib boradi…

***

… hozircha «Otamdan qolgan dalalar» tanqidchilikda ko‘proq g‘oyaviy-mazmuniy jihatlaridan kelib chiqib baholandi, uning poetik xususiyatlari, badiiy o‘ziga xosligini atroflicha o‘rganish, asarning jozibasini ta’min etgan omillarni ochib berish bugun va ertaning vazifasi bo‘lib turibdi. Shunga qaramay, bir gapni dadil aytish mumkin: «Otamdan qolgan dalalar»ning janrini roman deymizmi yo boshqami, unda voqelik realistik tasvirlangan deymizmi yo norealistik, yozuvchi munosabatini tendentsioz deymizmi va yo ob’ektiv — bulardan qat’iy nazar, u yurtimiz tarixining muayyan bosqichida vujudga kelgan badiiy fenomen, yaxshi va betakror asarligicha qolaveradi.

II.

… adabiyotimizni yangilagan avlod deb aytdik. Bu yangilanish, avvalo, insonga munosabatda yuz ko‘rsatdi. Endi insonni «buyuk g‘oya»ga aloqasi yo unga qilgan xizmatidan kelib chiqib baholash emas, uni bir inson sifatida anglash, dardu quvonchi, orzuyu armonlarini ko‘rsatishga intilish kuchaydi. Qarasak, atrofimizda yelib-yonib yo g‘ivirsib-tutab yurgan odamki bor, bari INSON ekan — har qaysisi olam ichra bir olam ekan. Tog‘ay Murod shu oddiy haqiqatni ko‘pchiligimizdan avvalroq anglagan, kal chavandoz yoki befarzand qariyalarning o‘y-tashvishlari, dard-armonlari, tuyg‘u-kechinmalari ancha-munchadan qolishmaydi, «kichik odam»larda-da katta qalb bo‘ladi, degan aqida bilan ijod maydoniga kirgan ekan …

***

Botir firqani ko‘pchilik «Qizil» deb so‘kadi, uning uchun faxr bo‘lgan ordenlarni uloqtirishni, e’tiqod qilib, yashab o‘tgan umrining mazmuni sifatida har vaqt yonida iftixor bilan olib yurgan partbiletini yoqishni talab qilishadi…

«Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi» romani xuddi shunday – minglab «botir firqalar» oyoq qo‘ygan zamin birdan yo‘qolib, o‘tmish va kelajak orasida muallaq turib qolgan bir davrda yozilgan…

Tog‘ay Murodning hech bir asarida «qizillik» ko‘rilmagan, u hech vaqt «qizil» bo‘lgan emas. Shunday ekan, u ham ko‘p qatori Botir firqani yerparchin qilsa, bundan o‘z vaqtida mo‘maygina siyosiy divident olaqolsa bo‘lmasmidi? Bo‘lmas ekanki, Botir firqada bir inson fojeasini ko‘rishga intilgan-da… chinakam san’atkor uchun g‘oya emas, inson birlamchi degan e’tiqod bilan qalam tebratgan-da, axir…

***

… «oldin bahor — oxir hazon bo‘ldi», nima bo‘lganda ham, Botir firqa umrini yashab o‘tdi: Botir qo‘shchi edi — «Botir firqa» bo‘ldi, so‘ngra «o‘rtoq Ehsonov» bo‘lib davr surdi: kimgadir yaxshilik qildi, kimgadir yomonlik; nimadir qurdi, nimanidir buzdi… — barini elga xizmat qilyapman, el uchun qilyapman, el saodati uchun qilyapman degan ishonchda qildi. Kun kelib, xizmatlari bir pul bo‘ldi: yov qochgach ko‘paygan botirlar uni «qizil» dedilar, millatning dushmani dedilar…

Axir, «siz kimning zurriyotini bozorga olib chiqqaningizni bilyapsizmi?» deya eshonzodalar fojeasiga kuygan ham, «Shugina bir… go‘dakni boqib bo‘lmay qoldimi?» deya el ahvolidan yuragi sel bo‘lgan ham, «aziz zotlarni bevasi, juda tabarruk zotlarni zurriyoti» deya ularni NKVDchilardan tilab olgan ham Botir firqa emasmi?! Qarang-a, Saidxo‘ja eshon honaqosi buzilganida: «El-yurt nafas yutdi. El-yurt suv sepmishday jimjit bo‘ldi. El-yurt aza tutdi», xolos… Botir firqa bir tadbir qilmoqchi bo‘lganida, «Faol zoti bor — o‘zini olib qochdi»,— bejiz emas. Botir firqa «yakkash o‘zi o‘yladi. Bir eskicha, bir yangicha o‘yladi. Eskicha bilan yangichani qo‘shib o‘yladi» va «yurak yutib… bir ishga qo‘l urdi»: honaqoning «mumtoz ustalar» yasagan darvoza-derazalarini o‘tinxonaga yashirdi…

«O’zingiz qanday bo‘lsangiz, sizga shundoq amirlar qo‘yilur» deyiladi muqaddas bitiklarda. Yashirib nima qildik, yov qochgach hammamiz-da botirlandik va… borki kulfatlar uchun aybni kechagi kunning yurt og‘alariga yukladik-qo‘ydik… O’zni aybdor his qilish og‘ir, o‘zgani ayblash oson — ko‘ngilni xotirjam etdik go‘yo. Tog‘ay Murodning bezovta qalbi bunga ko‘nmadi, ko‘nolmadi…

***

Bejiz emas, dedik… bejiz demadik… Botir firqa ochlikdan nobud bo‘lgan hamqishloqlari haqiga duo qilishga chog‘landi va shu on yonida NKVDchilar borligini eslab, sezib qolishmadimi deya hadikda qoldi… Botir firqa ocharchilikka qarshi g‘aroyib kurash usulini ko‘rib, «O’z el-yurtingiz emasmi, odamga picha botar ekan. Uncha-muncha malol kelar ekan» deya ojizgina e’tiroz qildi, dilidagining ozrog‘ini tiliga chiqardi. Biroq NKVDchilar bu «Sovet hukumatining buyrug‘i! Sovet hukumatining xohish-irodasi! Yoki sovet hukumatidan norozimisiz?» deya uni darhol o‘ziga keltirishdi: «Ana shunda, Botir firqa bir seskanib oldi»… Seskangani gunohmi? Darhol o‘zini o‘nglab, qaddini tik tutganicha «Yashasin, Sho‘ro hukumati!» deya tantanavor hayqirgani aybmi?.. Ayblashga haqlimizmi?.. Dadil bir narsa deyish qiyin: bu o‘rinda har kimning hukmi o‘zicha to‘g‘ridir, balki?!.. Ehtimol, biroq shu o‘rinda bir qiyos o‘tkazgim keldi. Murtadlik — dindan qaytish, eng og‘ir gunoh sanaladi. Shariatga ko‘ra, murtad o‘limga mustahiq. Lekin, agar kishi o‘lim xavfi oldida noiloj dindan qaytgan bo‘lsa, bu jazoga mustahiq emas; agar o‘lim xavfi oldida ham dinidan qaytmasa, o‘limni tanlasa, u shahid maqomidadir… Bu-da bir diniy qadriyat. Bas, mustabid tuzum qurboni bo‘lgan shahidlarga hurmatimiz shunga mos-u, omon qolganlarga munosabatimiz zid kelib qolmayaptimi?!.. Tog‘ay Murod qahramoniga evrilib ko‘rdi, Tog‘ay Murod qahramoniga yog‘ilgan ta’na-malomatlarni o‘z tanasida sinab ko‘rdi… Tog‘ay Murod qahramoniga evrilgan chog‘i taxminan shunday o‘yladi, shu boisgina bizning o‘y-mushohadalarimizni ham shu o‘zanga soldi, sola bildi…

***

Qabristonlarni ziyorat qilib turish buyurilgan bizga. Bejiz emas. Qabriston — o‘tmish bilan kelajakni tutashtirgan joy: hammamizning ajdodlarimiz shunda, hammamizning borar joyimiz — shu. Qabriston dunyoning foniyligini, inson umri juda qisqaligini, kishi o‘z amallari uchun ham o‘tmish, ham kelajak oldida birdek mas’ulligini eslatib turadi…

Botir firqa ruhiyatidagi burilish, yangilanishda qabriston ziyoratlari hal qiluvchi turtki bo‘ldi… Janozasiz ko‘milgan «raykom To‘raqulov» qabri boshidagi beo‘xshov tilovati, «ho‘ng-ho‘ng yig‘lab qo‘ya bergani… o‘kirib-o‘kirib yig‘lab qo‘ya bergani» — Botir firqaning tazarrusi, qo‘lidan kelgancha amallagan tavbasi.

Tilovat asnosi «o‘rtoq Yagoda qilichlaridan aylanib o‘tgan, Yejov o‘qlariga chap bergan, Beriya qamoqlaridan eson-omon o‘tgan» Botir firqa «urush-urush» o‘ynagan bolalarni KGB fahmlab dahshatga tushdi… Bejiz emas: «ilon chaqqan kishi ola arqondan qo‘rqadi»… zarb izlari kaltaklangan tanadan ketar-u, kaltaklangan ruhdan aslo ketmaydi. Botir firqa muttasil qo‘rquvda yashadi, shu qo‘rquv uni dilidagi norozilikni o‘ldirib yashashga ko‘niktirdi. Sobiq raykom To‘raqulovni partiyaviy dafn etish haqida partiyaviy topshiriq olganida, ko‘ngli bunga osongina ko‘ngan emas: tuni bilan uxlayolmay chiqadi, lekin… ertasi marhumni janozasiz ko‘mdiradi…

Insonda tanlov imkoniyati hamisha bor… Aytaylik, Botir firqada muttasil qo‘rquv ostida yashash yoki tik turib o‘lish imkonlari mavjud edi. Firqa birinchi imkonni tanladi. Tog‘ay Murod tanlash uning haqqi deb biladi, qoralamaydi — tasvirlab ko‘rsatadi: o‘quvchisi qarshisida tanlov imkoniyatini yaratib, e’tiqodiga sodiqligicha shahidlik yo‘lini tutganlar ko‘paysa deya umidlanadi…

***

… ma’ni deganlari juda serqirra narsa: qay tarafdan qarama, uning qator qirralari nigohingdan pinxon; qay tomondan qarasang, shunga mos qirralari ko‘z oldingda namoyon: hamma qirralarni birdan va birdek ko‘ra olish odam bolasining chekiga tushmabdi. Roman finalini o‘zimcha angladim, o‘zimcha mag‘zini chaqqan bo‘ldim…

Botir firqa ekkan chinorlar qo‘porib tashlandi, Botir firqa yaratgan bog‘ o‘rnidan Buyuk ipak yo‘li o‘tar bo‘ldi… Umr beiz ketdi — umr beiz ketmadi… el o‘sha chinorlar soyasidan baxra olgan, bog‘ mevalaridan elning og‘zi chuchigan… E-voh, soya o‘tkinchi, tot o‘tkinchi… — umr beiz ketdimi?.. Alhazar… bunaqada nafaqat Botir firqa, umuman, inson umri ma’nisiz, benaf bo‘lib chiqmaydimi?! Yo‘q, Botir firqa bunga ko‘nmaydi… aniqrog‘i, Tog‘ay Murodning bezovta qalbi bunga ko‘nmaydi, ko‘nolmaydi — u javob izlaydi, o‘rtanib javob izlaydi, yuragi yonib, jizg‘anak bo‘lib javob izlaydi… Izlagan — topadi: Botir firqa ham javob topdi, to‘g‘rirog‘i, uning vositasida Tog‘ay Murod javob topdi. Ruhiy iztiroblari adog‘ida o‘zi izlagan ma’niga yaqinlashgan Botir firqaning holatini ko‘ring:

«joni achidi… tani kuydi» — «tan-joni… shodlandi»

«ichi kuydi» — «ichi kuldi»

«ko‘zlarida qayg‘u bo‘ldi» — «ko‘zlarida bayram bo‘ldi»

Botir firqa o‘zi uchun «biz ekkan chinorlar… Buyuk ipak yo‘li bo‘ldi» degan haqiqatni kashf etdi, «biz endi Buyuk ipak yo‘lida yuramiz» deya faxr etdi. Avvalgi biz boshqa, keyingisi boshqa. Avval u o‘zini tamom ortiqcha sezgan, o‘zini eldan ajratgan edi — endi qo‘shilyapti, uni «qizil» deya chiqitga chiqarmoq bo‘lishgandi — chiqarolmadilar: «odamning chiqiti bo‘lmaydi»; uni songa qo‘shdilar — u qayta tirildi…

Ha, har qanday amal… ezgu niyat bilan qilingan amal-da o‘tkinchi, uning mahsuli-da o‘tkinchi, faqat EZGU NIYaTning o‘zigina sobit, shuning o‘zigina boqiy. Ezgu niyat — avlodlar orasidagi ko‘rinmas zanjir, ezgu niyat o‘tmish bilan bugun va ertani birlashtiradi — hammamizni, hech bir «chiqit»siz bitta tomirga mansub etadi. Ezgu niyat elni xalq, xalqni millat qiladi, ezgu niyat atrofida birlashsagina Buyuk ipak yo‘lida millatning yo‘li unadi… Tog‘ay Murod anglagan ma’ni — shu, to‘g‘rirog‘i, uning kaminaga ayon bo‘lgan qirrasi — shu…

III

Tog‘ay Murod ezgu niyatlarni diliga tugib ijod qildi…

Tog‘ay Murod ezgulik mavqeida mustaqim bo‘lishga intildi…

Tog‘ay Murod ezgulik urug‘larini qalblarimizga sochib ketdi…

O’zida polvonlarga xos tantilik, shoirlarga xos injalik, darveshlarga xos g‘aroyiblik, el-yurtiga farzandga xos beg‘araz muhabbatni jam etgan o‘zbekning katta adibidan meros ikki romanning qayta nashri barchamizga muborak bo‘lsin…

2007.

Манба: Quronovlar sahifasi.