Kategorier
Uncategorized Лотин алифбосида Шеърлар

Iblisning xandasi senmisan,G’iybat?!

Halima Ahmedova

O’glimga darsliklar

1. Tabiat darsi

Har bitta daraxtda bir dil yashaydi,
Tiqilgani sari o‘sadi ko‘nglim.
Ularga quloq sol, ularni tushun,
Daraxtlar aldashni bilmaydi, o‘g‘lim.

Jajji yuragingda kimning sog‘inchi,
Sezaman, ne qilay, boshqadir yo‘lim.
Senga dadangdan ham mehribon, yaqin,
Daraxtlar nomardlik qilmaydi, o‘g‘lim.

Jasur bo‘l, ko‘zingda ko‘rmay sira yosh,
Har qanday alamni ichingga yut jim.
Do‘stlardan azizroq, do‘stlardan baland,
Daraxtlar hech qachon sotmaydi, o‘g‘lim.

Qachondir barvasta yigit bo‘lursan,
Toleingni ko‘rib to‘lgaydir ko‘nglim.
Ulardan sadoqat sabog‘ini ol,
Daraxtlar xiyonat qilmaydi, o‘g‘lim.

2. Adabiyot darsi

Goho bo‘m-bo‘sh ko‘nglim oralab
Sudraladi kuzak shamoli.
Sarg‘aygan gul yaproklariga
Dilim chizar ishqning xayolin.

To‘kilmoqda tomchilab umr
Malaklarning gul kosasidan.
Men tug‘ilgan edim-ku bir kun
Yomgirlarning sirli sasidan.

Daraxt edim, egilmas daraxt,
O’sardim nur emganim sayin.
Yashil dunyo sog‘inchlarida
Bir kun xazon bo‘lmog‘im tayin.

Shoir edim, bebosh yuragim, –
Talashardi ruhim, samo, yer.
Men sendayin paytimda, o‘g‘lim,
Dalalarga o‘rgatardim she’r…

O’g‘lim, sendan boshqa kimim bor,
Ko‘zlaringda oqadi dilim.
She’rday Majnun kunlarim haqqi,
Sen dunyoni shoir qil, o‘g‘lim!

3. Matematika darsi

Men ancha bo‘sh edim, toliqar edim,
Aqlim chalkashtirib ketganda sonlar.
Hali ham qalbimni o‘rtaydi ba’zan –
Qalbi tenglamaga o‘xshash insonlar.

Sen esa miriqib yechasan misol,
Jajji barmoqlaring yayrab sanaysan.
Meni g‘amlarimdan ayirgin, desam,
Ishonib-ishonmay kulib qaraysan.

Hayot masalalar turkumi ekan,
Kimnidir kimidan ayirar o‘lim.
Kimdir ko‘paytirar cho‘ntakda cho‘g‘ni,
Sen qalbda cho‘g‘ingni ko‘paytir, o‘g‘lim.

Haqni nohaqlarga qo‘shib qo‘ymagin,
Kambag‘alni boydan ayirma hech vaqt.
Mening bilimdonim, kichik oqilim,
Senga nasib bo‘lsin men ko‘rmagan baxt.

Bir kun vujudimdan ayriladi jon,
Qay ildiz ostida chirqirar dilim.
O’shanda men sevgan bir tup rayhonni
Qoraygan qabrimga qo‘shib qo‘y, o‘g‘lim.

* * *

Kunday yorug‘ qorong‘uliqda
Oyning nafasiga yediring dilni.
Bedil bo‘lib kiring mastona –
Ma’yus xayoliga qaro sunbulning.
Kunday yorug‘ qorong‘ulikda
Kiprikda chizingiz tunning suratin.
Yiqilgan osmonga sekin shivirlang,
Tongda ochilguvchi g‘uncha hayratin.
Kunday yorug‘ qorong‘uliqda…

Bir yaproq shaklida, Allohim, aytgin,
Yam-yashil xayollar surdingmi?!
Ko’nglim kulbasini nigohing bilan
Sog’inch sohillari aro qurdingmi?!
Beorom chayqalar umr daryosi,
Talpinib ishqingga yetolmadim man.
Miskin qaldirg’ochday aylanib nechun
Ko’nglim kulbasidan ketolmadim man.
Xotira bog’lari bunchalar mahzun,
Olamdan o’tgan barg xazonmi edi.
Qaldirg’och ko’z yoshin ichib uyg’ongan-
Jo’nimdan o’tgan dard armonmi edi.
Qadim xarsangtoshday bunchalar og’ir
Ko’zlarim tubiga cho’kkan bu dunyo?
Sog’inib charchadim, sog’inib toldim,
Meni bu sohildan olib ket, daryo.
Bir yaproq shavqida Allohim, aytgin,
Yam-yashil xayollar surdingmi?!
Ko’nglim kulbasini nigohing bilan
Sog’inch sohillari aro qurdingmi?!

* * *

Qaynoq bo’sa ta’mi chiqdi yodimdan,
Yirtib tashlaganman ishqning xatini.
Buncha qo’msagayman, bilmayman nega,
Ona, qo’llaringiz haroratini.
Quvnoq davralardan qochaman sekin,
Sezmayman hayotning muhabbatini.
Injiq bola kabi sog’ingaydurman,
Ona, qo’llaringiz haroratini.
Go’zal bir tushdayin o’tdimi kunlar,
Tinglamayman tongning bashoratini,
Yo’lsiz sog’inch misol ichikdim bugun
Istab qo’llaringiz haroratini.
Karaxt soyamanmi, sezmayman nechun
O’tgan kunlarimning tilovatini?
Ayting, qay dunyodan tilab olayin,
Ona, qo’llaringiz haroratini.

* * *

Tongotarda uyg’oting meni,
Shudringlarni tinglayin bir oz.
Taskin beray yolg’iz daraxtga
Yuragimning titrog’iga mos.
Tongotarda uyg’oting meni,
O’qiy osmon ochgan kitobni.
Maysalarga yuzimni bosib,
Ular bilan kutay oftobni.
Tong, otarda uyg’oting meni,
Chalay suvlar qo’ng’irog’ini.
Kapalaklar uyidan topay
Bolaligim ko’zmunchog’ini.
Tong, otarda uyg’oting meni,
Qizg’aldoqni qo’yay erkalab.
Har giyohga, har bitta gulag
Go’zal tushdek boqayin yayrab.
Tong, otarda uyg’oting meni,
Ko’kdan so’ray ishqning yo’lini.
Ufqlarga ko’mib kelayin
Sarkash Halimaning ko’nglini.

* * *

Turnalar ovozi meni uyg’otdi,
Sarg’aygan bir ilinj o’rtabmi jonni.
Shamol qovurg’asin sindirib qo’ydi
Ustidan qah-qaha urgan xazonni.
Men uzoq uxladim, ko’zimda hamon
Quyoshsiz kechaning g’amgin uyqusi,
Qadim suvoriyday chopar to’rt tomon
Shamol yelkasida hayot qayg’usi…
Uyg’onib, men yo’lga tushaman sokin
Sudralib, sarg’aygan nurlar izidan,
Bemor dilni tashlab ketmoqchi edim,
Ammo o’tolmadim uning yuzidan.
Kuzak ohangiday kuy izlab mendan,
Bemor tomirlarim chertadi xudo.
Sillam qurib borar, tugamaydi yo’l,
Baxt bilan yashashga kechikdimmi yo?
Turnalar ovozi uyg’otdi meni…

* * *

Dada, to’g’ri, hech kimmasman.
She’rlar yozdim dil yig’latib.
O’taverdi umrim mening,
Tonglar otib, kunlar botib…
Chang bosgan shu ko’chalarning
Bir toshicha bo’lolmadim,
Ko’zingizda to’lib turgan
Ko’z yoshicha bo’lolmadim.
Tomirimga Alloh quydi
Qon o’rniga ishq degan may,
Shundan balki telbadurman,
Ayting, dada, nima qilay?
Odammanmi?
Atirgulning –
Bir xoricha bo’lolmadim,
Bog’imizning dilin yorgan,
Anoricha bo’lolmadim.
Men seniki desam hamki,
Tanimadi ona tuproq,
Ko’zlarimga begonaday
Boqayapti bugun qishloq,
Onam qabrin yopgan kuzning
Xazonicha bo’lolmadim.
Uyingizning devorlarin
Somonicha bo’lolmadim…
Dadajonim, hech kimmasman.

* * *

Ummon menday bir g’aribdan
Kichik irmoqni qizg’anding,
Ajab bog’san, poyingdagi
Sariq yaproqni qizg’anding.
Tashna eding, dil qonimni –
Tutsam, simirdingu – qonding.
Tabibi Hoziqim, aytgil –
Nechuk darmonni qizg’anding.
Mening sarkash bu jonimda
Jununvor ohday uyg’onding,
Hayot, ochiq boshimga sen –
Bir soyabonni qizg’anding.
Men zor bo’lib umidingga –
Qo’lim cho’zsam yana yonding,
Hosilu mo’l dehqonsanu,
Hatto somonni qizg’anding.
Do’stimmisan yo g’animim,
Desam kulib, o’zdan tonding.
Ajal so’rab kelganida
Menday yomonni qizg’anding.
Ajab bog’san, poyingdagi
Sariq yaproqni qizg’anding…

* * *

Qirq bitta chirog’im, yonib – yonmadi,
Bahorni haydadim umidvor kuzdan.
Siz menga intilib – izlab yurganda,
Balki sezmay o’tdim yonginangizdan.
Ko’zlaringiz rangi kirar tushimga,
Sizni topaman deb yashadim tanho.
Yo’qlikning ortidan siz kelar yo’lga
Dilimni vujuddan ayladim judo.
Sizga asrab qo’ygan o’nta gulimni
Qaylargadir boshlab ketdimi xazon.
Sizni ko’rmay turib, sizdan ayrilsam
Menga alam qiladi yomon.
Balki xazonligim yoqmaydi sizga,
Menga sezdirmayin boqyapsiz karaxt.
Mening baxtli bo’lgim kelayapti juda.
Ayting, siz meniki bo’lmaysizmi, baxt?!

* * *

Ko’ngil uyin xarob etdik bilib-bilmay,
Qayg’ularni sharob etdik bilib – bilmay,
Yolg’onlarga javob etdik bilib-bilmay,
Gunohlarni tavob etdik bilib-bilmay.
Qiyomat mendadur, ey do’st.
Qiyomat sendadur, ey do’st.
Omonlik yo’q shamol qurgan imoratdin,
Olib bo’lgaymi ruhni hech bu g’oratdin,
Qachon kechdik birov uchun halovatdin,
Qochib bo’lmas bu ilohiy bashoratdan:
Qiyomat mendadur, ey do’st,
Qiyomat sendadur , ey do’st.
Daryo edik, bugun kelib ko’lmak bo’ldik,
Mansab uchun kimga poyu patak bo’ldik,
G’iybat, fisqu fasodlarga yo’lak bo’ldik,
Kimxob to’ndan yirtiq cho’pon bo’lak bo’ldik.
Qiyomat sendadur, ey do’st,
Qiyomat mendadur, ey do’st.

XAYOL

Atirgul bo’lsaydim agar men,
Belanib kulmasdim quyosh qoniga,
Sharrtta jo’nar edim hech kimga aytmay
Oshiq buloqlarning yoniga…
Men haqiqat bo’lsaydim agar,
Sanchilardim yolg’on po’stiga.
Dunyoning teng yarim pallasin
Boshlab borar edim dorning ostiga.
Men qadr bo’lsaydim mabodo,
Qasrlarda qoldirmasdim iz.
Ketmon chopgan dehqonga borib,
Men sizniki, derdim shubhasiz.
Men nelarni qilmadim orzu,
Umrim keldi xayolimga teng.
Dadam hayqirig’i buzdi xayolim:
“Halima, sen odam bo’lmading”.
Bir kun odam bo’lsaydim agar…

* * *

Bergan har kuningni kechirdim jondan,
Yashash gunoh bo’lsa shudir gunohim.
Ismingni pichirlab qildim ibodat,
Mendan o’tgan bo’lsa kechir, Allohim.
O’zingni g’arq aylar ko’z yoshing deding,
Senga ont ichganman yig’lamaslikka.
Menga tupursalar yuragimni yeb,
Qanday chiday axir bunday pastlikka?!
Garchi qarg’amadim zaminni mushtlab,
Ularni men sening qahringga soldim.
O’zimdan charchagan o’zimni olib,
Munavvar nigohing ichra yo’qoldim.
Goho xazon bo’lib tushdim kaftingga
Do’zax otashini yoqqanda ohim.
Mayday dardim bilan huda-behuda
Men seni bezovta qildim, Allohim.
Endi tortinaman bir so’z demoqqa,
Tog’day og’irlashib bormoqda loshim.
Alloh, noming aytib yiqilsam bir kun –
Poyingga og’irlik qilmasmi boshim?
Bergan har kuningni kechirdim jondan…

* * *

Ko’z yoshingni artib ol deya,
Xazonini tutadi daraxt.
Meni kuzga topshirib qo’yib,
Sen qaylarda qolib ketding Baxt?
Buncha uzun nolishing, shamol,
Nega buncha titrayapsan, gul,
Nur va zulmat, gul va xazonning
Qismatiga to’ldingmi, ko’ngil.
Daraxt, menga boqma achinib,
Baxtsizmanmi, baxtning qasdida
Men o’zimni shunday yupatay
Yig’layotgan osmon ostida.

G’IYBAT

G’animlar davrasin gullatding uzoq,
It bo’lib chaynading ustixonimni.
O’ynab nurday toza tuyg’ularimni,
Yashashdan charchatding mening jonimni.
Halol daryolarim bulg’agan sensan,
Boshimga yo’q joydan yog’dirgan g’urbat,
Men-ku bor gunohim sevib yashadim,
Sen kimning haromi bolasi, g’iybat?!
Qo’ling qon,
Ko’plarni etgansn qurbon,
Yemirasan toshday sabrlarni ham.
Zerikkan chog’ingda o’yinchoq qilib
O’ynaysan tili yo’q qabrlarni ham.
Mudom yuraklarga boshqorong’usan,
Kezasan hasaddan bo’lib ikki qad
Sendan hazar qilar do’zax olovi,
Iblisning xandasi senmisan,G’iybat?!
Men sendan qo’rqmayman,
Garchi ayyorsan…
Ko’nglimni xudoga etganman tortiq.
Ayt-chi, Yaratganga yetarmi kuching?..
Endi sening bilan oramiz ochiq.

* * *

Hayvonot bog’ida temir qafasda
Bir bo’ri yashaydi, ko’zida hazar,
Kimdir non tashlaydi, yana kimdir go’sht,
Ortini o’girib qilmaydi nazar.
Tomoshabin hayron, non bersa agar,
Dumin likillatib qo’yar baliqlar.
Hatto so’laqmonday gavdasi bilan
Non berganga qulluq qilar ayiqlar.
Garchi madori yo’q, yemas hech narsa,
Xiralashib borar ko’zlarin nuri.
Tirnog’in qonatib tirnar devorni
Ozodlikdan umid uzmagan bo’ri.
Negadir ko’zimda halqalandi yosh.
Nogoh ravshan tortib qalbimning qo’ri.
Rost gap, odamligim esimdan chiqib,
Senga ta’zim qildim, ey mag’rur bo’ri.
Har gal eslaganda yuragim yonib,
Ko’zimga olovli ko’zing urilar.
Qonli tirnog’ingga arzimas hatto
Non talashgan odam – chiyabo’rilar.

* * *

Qadr degan bozorlarda meni arzon sotding, ey do’st,
Suyagimni davralarning itlariga otding, ey do’st.
Olloh slogan nazar edi, malakalardan xabar edi –
Gul ko’nglimning sirlaridan to’qib yotding, ey do’st.
Men nur dedim nigohingni, savob balsam gunohingni –
Yuzimga qoralar chaplab, yana kulib qotding, ey do’st.
Umidimni xarob aylab, ko’zimni makrda boylab,
Jonimga gulxanlar joylab, dil qonimga botding, ey do’st.
Halimani badnom etib, pinhon ajalini kutib,
Hasaddan zardoblar yutib, do’zaxni uyg’otding, ey do’st.

ISTAMA SEVGUVCHI DIL…

Istama sevguvchi dil, sen istagan yor mandadur,
Ishq uyida avliyo etgan qizil xor mandadur.

O’ynashur jon shu’lasida umrimi margi xazon,
Ul xazon kaftida yotgan do’zzaxiy zor mandadur.

Dayri mug’ savdosida may bo’lsa gar ko’ngil qoni,
Ich, g’amim sarxush bo’larsan mayxona bozor mandadur.

Haq agar oshuftadur, oshuftadur jonim mening,
Mansuri Xallojda ketgan sohiri zor mandadur.

Qayg’uning ehsonida yeldagi oshiq oy kabi,
Bemurod baxtni yopingan qayg’uchan attor mandadur.

Befasl o`tgan umr darvozasi dard zangidir,
So’ngagimi ichida yotgan beqalov qor mandadur.

Bu ko’ngil vayron etilgan chorasiz ishq shahridir,
Sen xiyonat toshin otgan Kabai-g`or mandadur.

O’ldimu ikki ko’zim qabrim bo’lib qoldi mening,
Ruhlar orzusida bezovta mozor mandadur.

Garchi jannat qayg’usi etmas meni devonahol,
Bir yorug’ qayg’u o’zim arosat devor mandadur.

Sen G’ulomsan qismati Shayxi Sa’non sandadur,
Hur balo dashtidagi ul zulfi zunnor mandadur.

* * *

Qachondir boshini urar toshlarga
Ismimni yo’qotib qo’ygan etim g’am
Qachondir osmonni ko’tarib turar
Olis er ostida ti turib yelkam

qachondir osmondan ertak so’zlaydi
Meni topib ma’yus yomg’irlar
Qachondir bog’larda ochilar gulday
mendan ortib qolgan ilohiy sirlar

Qachondir ko’ksimga botib ketadi
Men sevgan kimsaning og’ir oyog’i
Qachondir ko’zimda chirib tugaydi
Muhabbatning menga tutgan so’rog’i.

Qachondir falakning ostida yolg’iz,
kimnidir chorlaydi yig’lab gunohim.
Qachondir sen sevgan yo’lning boshidan
Ma’yus qaytib kelar g’arib arvohim.

Qachondir bu dunyo mening dilimdan
Telba oshiqlarga tutadi sharob.
Qachondir sen sevgan tuproq ostida
Mening umidlarim bo’ladi xarob.

* * *

Xayol kеchalari qismat bog’ida,
Yolg’izlikda adashgan manmu?
Olloh, kaftlaringda bir kuni
Maysa bo’lib egilamanmu?

Yomg’ir kabi yog’ilsa jonim,
Qaroqlarim bo’larmikin jom?
Tig’ urilgan bag’rim qoniga,
Yuragini chayarmu oqshom?

Mеn nur bo’lib o’psam jimgina,
Dil shahrining ertaklarini,
Tillarida so’zlashamanmu
Onam qabrin chеchaklarini?

Qushlar ko’zin qorachig’ida,
Asir etib ko’milgan manmu?
O, jahannam otashi, sandan
Qochib, sanga intilamanmu?

Ko’z yosh kabi silqigan jonni
Ichganida ichikkan diydor,
Dil qonidan man sarxush o’lsam,
Bandangmanmu, ayt, Parvardigor?!

Xayol kеchalari qismat bog’ida,
Yolg’izlikda adashgan manmu?!

* * *

Ko’zimda ingragay tunlar,
Ko’zim paymona istaydi.
Kеtarkan yor kabi kunlar,
Ko’ngil mayxona istaydi.

Rafiqi bеmurodim g’am,
Dilimni yig’lagay shabnam.
O’charkan jon aro bir sha’m,
So’zim so’zona istaydi.

Yaratgan, tеgdimi noring,
Qani g’unchang, qani xoring?
Tugarmu ko’hna bozoring,
O’zim vayrona istaydi.

Yonarsan, charxi vayronim,
Adashdi Nuhi to’fonim.
Sog’inch, bas, ichmagil qonim,
Ko’ngil mayxona istaydi.

* * *

Bеdil daraxtlarning tеlba qalblari,
Samoga umidsiz tikkanida ko’z:
Ma’yus mеzonlarda uchgan xayollar,
Biram afsonavash, biram dilafro’z.
Jannat sog’inchida, kuygan zaminday,
O’t qo’yib yashadim o’zimga o’zim,
Yillar sarg’aymoqda horg’in, bеnajot,
Saharlar uyg’onar bеso’z, bеto’zim,
Intiho ufurgan yillar ochadi
Olis xotiraning darchalarini,
Sеzaman bir qushcha tеrib еmoqda
Singan yuragimning parchalarini…
Rayhonlar ufurgan sirli oqshomlar
Ishqning sog’inchida kuygandik, dilim.
Majnuntol qo’yniga qo’l solgan oyning
Yorug’ azobini suygandik, dilim…
Xayrigul bargidеk titragan ruhning
Ozoda nafasin xo’playman bеun:
Siz mеni unutmang, siz mеni kuting,
Xazon, tushingizga kiraman bu tun…

* * *

Qo’y, yig’lama, dilim, bu tun,
Ich, bu g’amlar sharob asli.
Bir kun bizni olib kеtar,
Qaylargadir kuzak fasli.

Qo’y, yig’lama, dilim, bugun,
Bu dunyoda yo’qdur panoh.
Bir kun bizni boshlab kеtar,
Samolarga muqaddas moh.

Qo’y, yig’lama, dilim, bu tun,
Sog’inch taxir, sеvgi taxir.
Biz ko’rmagan falaklarda
Kutayotir zo’r ishq, axir.

Qo’y, yig’lama, dilim, bu tun,
Qonli ko’ylak kiydi osmon.
Bu dunyodan kеtar chog’i,
Yig’lamaydi hеch bir mеhmon.

Qo’y, yig’lama, dilim, bu tun,
Tonglar otar turna sasli.
Bir kun bizni olib kеtar,
Qaylargadir sеvgi fasli.

* * *

Bir kuni dilingdan mеn kеtsam agar,
Bulbul zaboninni olib kеtarman.
Sho’xchan qaldirg’ochlar qo’shiq aytguvchi
Baland osmoningni olib kеtarman.

Kеtsam, jahannamning sahrolarida,
Darbadar ruh kabi tanho-yu yakka.
Sеni muzlataman jodugar kabi,
So’ng osib kеtaman g’amgin falakka.

Kеtsam mеn – kuzakdan ortib qolgan g’am,
Ertaklari bir tun tugagan ayol –
Sеni shamollarga sochib kеtaman,
Xokisor xazonlar qismati misol.

Kеtsam, ishonchlarning yuraklarini,
Mеn uzib tashlayman itlarga mag’rur.
Toki, yovuz shubha olsin ayamay,
Yuragingdan ishonch, ko’zlaringdan nur.

Kеtsam, yolg’izgina boshimni olib,
Quyoshi yo’q tubsiz bir olam sari –
Sеni ko’zlarimda olib kеtaman,
Hayotni sеvmagan ajal singari.

Kеtsam…

* * *

Manam yo’l bilmagan oshiq,
Ajab savdoga o’xshayman.

Sha’mi jon ichida kuygan,
Shabi Layloga o’xshayman.

Sharobi nе edi bilmam,
Mayxo’r baloga o’xshayman.

Qamar jonda, shams qonda,
Nеchun yaldoga o’xshayman.

Bu ko’ngil maylida o’ldim,
Dag’i, rasvoga o’xshayman.

Ko’zingga surt gardi xokim,
Dilga davoga o’xshayman.

Ikki dunyo qochar mandin,
Olis samoga o’xshayman.

Yaproqlari nurdan bino,
Sirli hulvoga o’xshayman.

Bu dilni mеnga bеrdi ul,
Undan sadoga o’xshayman.

* * *

Sеn nеga kulasan?
Mеning dardlarimni anglamagan G’am!
Uni sеvaman, dеb, ichmadim qasam,
Shamollar tilida qo’shiqlar aytsam,
Sеn nеga kulasan?

Loyqa daryolarday loyqa tafakkur,
Chayqalsa dilimda bir shubha manfur,
Shirin qayg’ularga aytsam tashakkur,
Sеn nеga kulasan?

Uchdim, dеb mеn kirsam yеrning qa’riga,
Ko’rsatsam, jannat bor cho’ldan narida,
Bir kun aylanaman, dеsam, pariga,
Sеn nеga kulasan?

So’rasam: aytingiz, nеchanchi bahor,
Muhabbatga borsam, ayla, dеb, bеmor,
Qurigan og’ochdan tilasam mador,
Sеn nеga kulasan?

Mеning dardlarimni anglamagan G’am!
Mеn bir kun ko’zingda xok bo’lib cho’ksam,
Bu noshud hayotning ustidan kulsam,
Unga, sеvaman, dеb aytmasdan, o’lsam.
Sеn nеga yig’laysan?

* * *

Bir yorug’ kun kеlar…
Ko’ksimni tеshadi oyning nayzasi.
O’ychan yulg’unlarning ostida
Mеni ko’mib kеlar maysalar sasi.

Bir yorug’ kun kеlar…
Diydorlar vasliga to’yadi ko’zim,
Moviy iztirobning oydin tushiga –
Ufq ko’ylagida kiraman o’zim.

Bir yorug’ kun kеlar…
Mеni aldamaydi na hasrat, na baxt.
Xazonlarin bir-bir to’ka boshlaydi
Ildizi dilimda qurigan daraxt.

Bir yorug’ kun kеlar…
Ko’zlarim kulolning hajrida yonar.
Lablarim musallas nuri to’kilgan
Sog’arning sohira guliga do’nar.

Bir yorug’ kun kеlar…

* * *

O’tajakman bu dunyodan,
Dunyo mandan o’ta bilmas.
Rohiba – oy, rohib – xayol
Mani bunda tuta bilmas.
Mеn o’tarman, mungli-mungli
Manimdan so’ng ko’zlar qolur.
O’tarman ko’ksim arolab,
Yergacha ildizlar qolur.
Mеn o’tarman bir tun kabi,
Toshga to’la izlar qolur,
O’tajakman bu dunyodan.
Dunyo mandan o’ta bilmas,
Rohiba – oy, rohib – xayol
Mani bunda tuta bilmas…

VAQT

Xosiyat Rustamovaga

…Ishonmang, hayotda vaqt yo‘qdir,
Uni biz yaratdik,
deding entikib.
Rostdan shundaymikan, o‘yladim —
Olis ufqlarga ko‘z tikib…
Lahzalar sochilib yotibdi,
Maysalar, gullarda, daraxtda…
Kim tug‘ilib, kimdir o‘lyapti,
Tan olging kelmagan shu Vaqtda.
Bozor xaltalari yelkada,
Vaqt ketayapti ko‘chalarda jim.
O‘zin osib qo‘ydi bilmasdan —
Vaqtning yuragiga allakim.
Mozordagi har bitta qabr —
Ishdan chiqib zanglagan soat.
Yugurishdan charchab qolgan Vaqt
Shu makonda dam olar faqat.
Ammo kecha-kunduz tinmasdan,
Biz bilgan ilohiy Soatsoz
Zanglab ketgan qadim soatning
Millariga beradi pardoz.
Juda og‘ir Vaqt oyoqlari —
Shafqat qilmay yanchadi dilim.
Ishlab ketsa zanglagan Soat,
Keyin nima qilamiz, singlim?

SURATKASH KO‘ZIM

Qorachig‘i qadoq mehnatkash ko‘zim,
Suratga olasan borliqni tinmay.
Kichik chumolidan koinotgacha,
Suratin ishlaysan sen hech erinmay.
Bunchalar mohirsan, bunchalar hushyor,
Ishingni ko‘zini yaxshi bilasan.
Nafis suratlarni pardozlab yana
Ko‘nglimning uyiga sekin ilasan.
Sen olgan suratga qarab har kuni,
Yoniq she’rlar yozdim,
yuragimda cho‘g‘.
Shuncha she’rlar yozib,
shuncha she’r bitib,
Hali ham hayotni tushunganim yo‘q.
Yaxshiyam bilmaysan,
qaysidir bir kun —
Qazo darvozasi ochilgan mahal,
Yagona musavvir parvardigor deb,
Barcha suratlaring yirtadi Ajal.

Manba: Ziyo.net