Zebo Mirzo
VATAN
Ehtimol, o’ldirur bir kuni ko’rlar,
Tomiringda olov qoning bo’laman.
Jonbaxsh quchog’ingga jimgina singgan
Bir halol qurboning bo’laman.
Otamday rozi bo’l,
onamday sevgin,
Men ham senikiman, o’ksik qizingman.
Bag’ringda ming yillik toshlar to’sig’in
Yorib chiqayotgan bir ildizingman!
Hayqirmadim pastu balandda turib
Ammo tola nurddek o’tarkan yodim,
Ko’kka olib uchar ozod Ruhimni
Ko’ksimni qilichday kesgan faryodim!..
Yashayman eng so’ngsiz dardlaring bilan,
Hech kim yuragimga bo’lolmas qozi!
Hali mudrab yotgan dunyolaringni
Uyg’otib uchadi ruhim ovozi!
Men kimman?
Gamingga g’amdosh bo’lmasam,
Og’rimasam yorug’ qiynoqlaringdan?
Boshiga osmonni ko’targan tog’dek
O’sib chiqolmasam tuproqlaringdan?
Uzoq-uzoqlarga qarab angladim:
Qaydanman, qayonman va kimnikiman?
Ko’nglimniki edim va bir kun bildim,
Undan ham oldinroq Rabbimnikiman.
Hukm et, shahiding bo’lmog’im uchun
Jannat bog’larini tashlab kelurman.
Chorlasang, ortimdan butun bir xalqni
Hisor tog’laridek boshlab kelurman.
Sevmasang ham qattiq sevaveraman,
Chidayman xorlaring ta’na toshiga.
Shunchaki o’lmayman,
Shuncha ishq bilan
Ko’tarib o’lurman seni boshimga!
Bir oz ko’nglimniki bo’ldim- o’ksigan,
Rabbimniki edim, shubhasiz, biroq
Borim-yo’g’im bilan seniki edim,
Seniki bo’lurman, ey Ona tuproq!..
ALLA SOG’INCHI
(Xalq ohanglarida)
Yuragimning ostidami,
Yo ko’kda, tun pallasi.
(Sarvu suman soyasida
Hurlar aytar allasin)
Malaklarning qanotida
Nurday uxlar bir go’dak,
Eshitganday bo’laman
Shirin-shirin nafasin…
Ko’zlarining qorasinda
yulduzchalar miltirar…
Nomin aytsam, qalqib-qalqib,
Tanda jonim qaltirar.
Yeru osmon orasinda
Na mo’jiza, na tilsim.
Qodir Alloh, bu tilsimni
Dunyoga kim keltirar?
Orzumidi, armonmidi,
Xayolmidi, tush ko’rdim?
Kun chiqarga kulib boqdim,
Shunqor degan tush ko’rdim.
Samotog’dan boshin egib
Asta kelar bir yigit,
Sandoqida o’qi boru,
Qo’llarini bo’sh ko’rdim.
Ovga otgan o’qining chin
donasi men bo’layin,
Uzoqlardan izlab kelsa,
Yonasi men bo’layin.
Yo’llariga boshim qo’yib,
Yolvoraman, Xudoyim,
Shu yigitgta bir o’g’il ber,
Onasi men bo’layin…
Yuragimning ostidami,
Yo ko’kda, tun pallasi.
Sarvu suman soyasida
Hurlar aytar allasin,
Malaklarning qanotida
Nurday uxlar bir go’dak,
Eshitganday bo’laman
Shirin – shirin nafasin…
DOR
Sen – bo’g’zimga atalgan dorsan,
Peshonamga bitilgan qismat.
Men Xudodan maxfiy yo’llangan,
Qiyomatda ochilguvchi xat.
O’limiga tashna mahbusday,
O’limga zor ko’rdek zanjirband.
Intilaman, men senga, ammo
Sen balandsan,
Judayam baland!
Tiklanamn senga uzalib,
Suyalaman – yetmaydi qurbim.
O, boshimda tikilgan sirtmoq,
Talpinadi senga bor umrim!
Yo’q,
Lahzalik jazo yetmaydi,
Senga kerak min yillik javob.
Sening qadar yuksalgunimcha –
Umrim mening buyuk iztirob!
Qurbonlikka atalgan baxtday
So’ramayman: “Nechun?”, “Neha-man?”
Intilaman senga najotday,
Seni o’lim kabi sevaman!
Axir menga, bir menga zorsan,
Borlig’ing-da borlig’imga band.
Sen bo’g’zimga tortilgan dorsan,
Juda baland,
Judayam baland!
Manba: Ziyo.net