Turkiy qavmlarning shakillanish davri og’zaki ijodi
Skiflar tarixi va ularning ijtimoiy hayoti bilan bog’langan rivoyatlar
Tarixiy manbalarga asoslanib, turkiy qabilalarning qadimda eng rivojlangani va jahon tarixida sezilarli iz qoldirganlarini kimmer va skiflar deb atashga asos bor. Kimmer va skiflarning turmush tarzi antik yunon manbalarida qalamga olingan. Gerodot «Tarix»ining to’rtinchi kitobi to’la skiflarga bag’ishlangan. Gomerning «Iliada» va «Odessiya» dostonlarida kimmerlar tasviri uchraydi. «Odessiya»ning rus tilidagi nashrlaridan birida yozilgan izohda «kimmeriylar greklarning tasavvuriga ko’ra uzoq Shimolda yashaydigan afsonaviy xalq. Odesseyning kemasi Okean daryosi bo’ylab shu joyga tushib qoladi. Mamlakatning joylashgan o’rni ma’lum emas», deb ta’kidlanishi noto’g’ridir. Kimmerlar Amudaryoning quyi bo’ylarida yashagan, keyinchalik Qora dengizning shimoliy sohillariga ko’chishganligi tarixiy manbalardan ma’lum.